background
logotype
image1 image2 image3

Musulmon kishi rashkli bo‘lishi mumkinmi, bu gunoh sanalmaydimi?

SavolMusulmon kishi rashkli bo‘lishi mumkinmibu gunosanalmaydimi?

JavobInsonning o‘z haqqiga boshqaning sherik bo‘lishini yomon ko‘rishi rashkdir. Rashk muhabbatdan kelib chiqadi. Rashk erkakka ham, ayolga ham birday yaxshi sifat va oliy xislat hisoblanadi.

Shubhasiz, ayol rashk qiladi. U eri ustiga xotin olmoqchi bo‘lganida qattiq g‘azablanadi. Bu undagi tabiiy hol. U eriga tanho o‘zi egalik qilishni istaydi. Zero, uni sevadi. Sevmasa edi, parvo qilmasdi.

Kundoshni qabul qilolmaydigan ayolning ko‘pxotinlikka ruxsat bergan shar'iy hukmni rad etishi mumkin emas. Uning kundoshni qabul qila olmasligi rashk tufaylidir. Ammo shar'iy hukmni rad etishi yo inkor qilishi g‘ofillikdan yo adashishdan o‘zga narsa emas. Shariat hukmini ikkilanmay qabul qiladigan, barcha yaxshilik va hikmat shariat hukmida ekanligiga ishonadigan ayol soliha, muslima ayoldir. Bu narsa ayolning eriga rashkiga va kundoshni yomon ko‘rishiga ta'sir etmaydi.

Alloh taolo mo‘min bandalariga jannatda ato etadigan hurilar xususida ham musulmon ayollarga shu gaplarni aytamiz. Musulmon ayol rashk qilib, mo‘minlar uchun jannatda hurilar borligini inkor qilishi yo yoqtirmasligi mumkin emas. Chunki u, birinchidan, eri bilan jannatda bo‘lishi yo bo‘lmasligini bilmaydi. Ikkinchidan, jannatda dunyoda bo‘lganidek rashk bo‘lmaydi. Uchinchidan, Alloh taolo ayollarga ham biz tafsilotini bilmaydigan, ularni rozi etadigan ne'matlar ato qilgandir. Ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan, inson xotiriga kelmagan ne'matlar bordir jannatda. Sajda surasining 17-oyati mazmuni shunday: «Hech bir shaxs qilgan ishlarining mukofoti uchun ularga hozirlangan ko‘z quvnar narsalarni bilmaydi».

Mo‘min va mo‘mina istagan ne'matlarini va ko‘ngillari tusagan narsani jannatda topadilar va to‘la rozi bo‘ladilar. Ular jannat ne'matlariga va Alloh taolo rahmatiga yetish uchun faqat solih amal qilishlari kerak, xolos.

Erkak ahli va nomusini himoya qilishi kerak, bu narsa unga vojibdir. Nomus va sharafni rashk etish erkak burchidir. Bu rashk Alloh rozi bo‘lmagan narsaning oilada bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Xotini va qiziga rashk qilgan er ularni begona erkaklar oldida yalang‘ochlanishiga, sharmandalik va hazil-mutoyiba qilishiga, ular bilan aka-uka yo farzanddek muomala qilishiga chiday olmaydi.

Asrimizda bu rashkni bachkanalik, qattiqqo‘llik, mutaassiblik va yana nimalardir deb atalishi g‘alatidir. Insonlarning bugungi kunda G'arbning yomon odatlari asiriga aylanganini eslasak, taajjubimiz yo‘qoladi. G'arbda «ayb», «nomus» va «sharaf» nimaligiga uncha e'tibor qilishmaydi. Zero, buzilgan, shahvoniy jamiyatning sifati shunday. Bu holatga havasmandlar nomus, sharaf va hurmatni asrashga asoslangan bizning islomiy axloqimiz bilan qovusha olmaydilar.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.