background
logotype
image1 image2 image3

Masjidga har kuni boramiz, ammo uning odoblarini bilmaymiz. Bu haqda qanday ko‘rsatmalar bor?

Savol: Masjidga har kuni boramiz, ammo uning odoblarini bilmaymiz. Bu haqda qanday ko‘rsatmalar bor?

Javob: Masjid musulmonlar e'tiqodining ko‘zgusidir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deydilar:«Masjidga (ko‘ngli) bog‘langan kishini ko‘rsangiz, uning imoniga guvohlik bering».

Parvardigori Olam Kalomi majidida marhamat qiladi:«Allohning masjidlarini Allohga va oxirat kuniga imon keltirganlargina obod etadi».

Mufassirlar masjidni obod etishni uning nuragan joylarini tuzatish, supurib-sidirish, pok tutish, yoritish, ibodatlarni unda ado etish va uni noloyiq narsalardan asrash, deb tushuntiradilar.

Masjidlar pok va muborak makondir. Binobarin, uning qadrini pasaytiruvchi va pokligiga putur yetkazuvchi har qanday ish va harakat makruhdir. Masjidga yoqimsiz hidli narsalarni iste'mol qilib kirish, ichkarida dunyoviy so‘zlarni so‘zlash, ovoz ko‘tarish, savdo-sotiq qilish, yo‘qolgan narsalarni surishtirib jar solish, zaruratsiz masjid hovlisidan o‘tish kabi hatti-harakatlardan saqlanish lozim.

Masjid ichida faqat unga taalluqli narsalargina saqlanishi mumkin («Halabi Kabir»).

Masjid fanosi (masjidga tutash, yo‘l bilan undan ajralmagan hovli) masjid hukmidadir («Radd ul-muxtor»).

Masjid uchun berilgan yer xolis Alloh mulkiga aylanadi. Banda o‘z yerini masjid uchun ajratgach, yer o‘zining haqiqiy egasiga qaytadi. Barcha narsaning haqiqiy moliki Alloh taolodir («Hidoya»)

Masjid yeriga ekilgan daraxt masjid haqqidir («Hulosatul fatovo»). Yer daromadidan, avvalo, masjid imorati ta'miriga sarflanadi. Ortgan mablag‘ uning ma'naviy imorati - imom va boshqa xodimlarga belgilangan miqdorda taqsimlanadi («Radd ul-muxtor»).

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.