background
logotype
image1 image2 image3

Yaqinda bir dugonamning folbinga borib, erini o‘ziga «isittirib» kelganini eshitib qoldim...

Savol: Yaqinda bir dugonamning folbinga borib, erini o‘ziga «isittirib» kelganini eshitib qoldim. Shunaqa ishlarga shariatda ijozat bormi?

Javob: Ko‘pgina kishilar sehru-joduga qo‘l urib, uni faqatgina harom ish deb hisoblaydilar. Ammo uning kufr ekanligidan ogoh emaslar. Shuning uchun aksari shirk va noto‘g‘ri so‘zlar bilan ko‘zbog‘lashlarni, erni ayolga (yo aksincha) isitish, sovutishni va hokazolarni o‘rganishga qiziqadilar. Vaholanki ular aynan sehrdir.

Shariatimizda sehrgarlikning jazosi qattiq. Chunki sehrgar Alloh taoloni inkor etgan yo unga kufrona ish qilgan hisoblanadi. Binobarin Payg‘ambarimiz (s.a.v.) sehrni yetti mashhur halok etuvchi ulkan gunohlar qatorida sanaganlar. Mo‘min kishi dunyo va oxiratda pushaymon bo‘ladigan ishlardan saqlanmog‘i lozim. Rasulullohdan (s.a.v.): «Sehrgarning jazosi qilich bilan chopishdir», deyilgan naql bor. Bajala ibn Abada aytadiki, hazrati Umar umrlarining oxirgi yilida «Barcha sehrgar eru-ayolni o‘ldiring» deb bizlarga xat yubordilar.

Sehrgarlik haqida yana quyidagi hadisi shariflar vorid bo‘lgan: «Uch kishi jannatga kirmaydi: aroqxo‘r, qarindoshchilikni uzgan va sehrni tasdiqlagan kishilar» (Imom Ahmad rivoyati).

«Jodu, ko‘zmunchoq va sehr (issiq-sovuq) shirkdir». Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati.

Ruqo - ya'ni har xil tagi puch so‘zlar bilan «duoxonlik» qilish ham man etilgan. Ammo Qur'oni  karim oyatlaridan o‘qib o‘ziga yoki boshka birovga dam solish -shariatimizda bor narsa, Payg‘ambar (s.a.v.) sunnatlaridan.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.