background
logotype
image1 image2 image3

Gohida «Falonchiga ko‘z tegibdi», degan gaplarni eshitib qolamiz. Ko‘z tegishi bor narsami?

Savol: Gohida «Falonchiga ko‘z tegibdi», degan gaplarni eshitib qolamiz. Ko‘z tegishi bor narsami?

Javob: Islom dini ko‘z tegishini bor, deb hisoblaydi. Chunki bu haqda Rasuli akramdan (s.a.v.) bir necha hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Imron ibn Husaynning aytishicha, Rasululloh (s.a.v.): «Ko‘z tekkan va chayon chaqqandan boshqaga dam solish yo‘q», deganlar. Ubayd ibn Rifoat az-Zuraqiyning rivoyat qilishicha, Asmo' binti Umays unga shularni aytgan: «(Men) «Yo Rasululloh! Ja'farning bolalariga tez-tez ko‘z tegadi, ularga dam solaymi?» dedim. Rasululloh: «Ha, agar taqdirdan oldin biron narsa keladigan bo‘lsa, o‘sha ko‘z tegishidir», dedilar».

Haqiqatan o‘tmishda (hozirda ham) yurib ketayotgan odamni «yiqita oladigan», soppa-sog‘ odamning mazasini bir pasda qochirib qo‘yadigan, hayvonlar o‘limiga sabab bo‘ladigan, hattoki toshni ham yora oladigan «ko‘zli» odamlar bo‘lgani sir emas. Zamonaviy fan buni kishida manfiy bioquvvatning kuchliligi bilan izohlaydi.

Xo‘sh, ko‘z tegishi bor narsa ekan, undan qaysi yo‘l bilan najot topish mumkin? Ayrimlar qilayotganday ko‘zmunchoqlar, tumorlar osib olish, isiriq tutatish, ko‘z tikanni ilib qo‘yish bilan ko‘z tegishdan panoh topib bo‘lmaydi. Ko‘z tegishning «muolajasi» haqida Rasulullohdan rivoyat qilingan hadislar borki, bularni bilib qo‘yish zarur. Anas ibn Molikning rivoyat qilishlaricha, Rasululloh (s.a.v.) chayon chaqqanda, ko‘z tekkanda va yonboshga mayda yarachalar toshganda dam solishga ruxsat berganlar. Abu Sa'id al-Xudriyning rivoyat qilishlaricha, Rasuli akram (s.a.v.) jinlardan qo‘rqishda va ko‘z tekkanda dam solardilar, Falaq va An-nos suralari nozil bo‘lgach, shularni o‘qib dam solganlar. Ibn Abbosning aytishlaricha, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deganlar: «Agar biron narsa taqdirdan oldin keladigan bo‘lsa, o‘sha narsa ko‘z tegishidir va agar sizdan «g‘usl qiling», deb talab qilsalar, g‘usl qiling». (G‘usl qilganda tekkan ko‘z bekor bo‘ladi).

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.