background
logotype
image1 image2 image3

Ba'zi joylarda «Bibi seshanba» degan marosim o‘tkaziladi. Shu Islomda bor narsami?

Savol: Ba'zi joylarda «Bibi seshanba» degan marosim o‘tkaziladi. Shu Islomda bor narsami?

Javob: Shariatimiz buyurgan marosimlar ichida «Bibi seshanba» degani yo‘q. Ammo ayrim joylardagi «otinlar» surpa yozib, Bibi seshanbadan tilaklaringizni so‘ranglar, deb buyurishadi. Bu mutlaqo dinimizga zid. Sababi - tilak va iltijo Bibi seshanbaga emas, Allohga qilinadi. Faqat Allohgina gunohlarni kechadi, hojatlarni ravo qiladi.

Tabaroniyning «Al-muj'amul kabir» kitoblarida shunday yozilgan: Rasululloh (s.a.v.) zamonlarida mo‘minlarga ozor berish bilan mashhur bir munofiq bor edi. Abu Bakr Siddiq (r.a.) bir kuni: «Turinglar, Rasululloh (s.a.v.)dan bizni bu munofiqdan qutqarishlarini so‘raylik», deganlarida Rasululloh (s.a.v.): «Mendan madad so‘ralmaydi, madad Allohdan so‘raladi», dedilar.  Agar Payg‘ambardek zoti bobarokot shunday desalar, Bibi seshanbadan yordam kutish qandoq bo‘libdi. Fatvolarda aytilishicha, «Kim Allohdan boshqalarga Allohga xos narsani joiz ko‘rsa kofirdir». Abu Yazid Bastomiy esa, «Maxluqning maxluqdan panoh so‘rashi go‘yo g‘arq bo‘layotgan odamning ikkinchi g‘arq bo‘layotgan odamdan madad so‘rashiga o‘xshaydi», deganlar.

Har kuni besh vaqt namozimizda Alloh taologa «Sengagina ibodat qilib, Sendangina madad so‘raymiz» deb yolborsagu yana ana shunday bid'at marosimlarni o‘tkazib yursak, bu - aqidamiz to‘g‘ri emasligini ko‘rsatadi.

Dinda savolim bor


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.