background
logotype
image1 image2 image3

Xandaq g'azoti

Bani Nazir qabilasi surgun qilinib, yurti musulmonlarga qolgach, ularning fikri zikri qanday bo'lmasin musulmonlardan o'ch olish, tug'ilib o'sgan joylarni qaytadan qo'lga kiritish bilan band bo'ldi. Bir guruh alamzada Makkaga borib, quraysh qabilasini musulmonlarga qarshi qayradi, agar jangovor yurish boshlansa, hamma jihatdan ularga yordam berajaklarini aytib o'z yo'rig'iga solishdi.

Qutquchilar bunga qanoat qilmay G'atafon qabilasiga o'tib, ularni ham Muhammad alayhis-salomdan o'ch olishga undashdi. G'atafon qabilasi quraysh jangovor yurishga tayyorgarlik ko'rayotganini eshitib, bajonu dil rozilik bildirishdi. Abu Sufyon boshchiligida to'rt ming kishilik qo'shin to'plandi, Usmon ibn Talxa Abdariy ularga a'lambardor bo'ldi. Rasululloh mollarini boqish uchun sero't yaylovlarni berib, qilgan yaxshiliklariga yomonlik bilan javob qaytargan Uyayna ibn Hisnni ming otliq askar bilan, Horis ibn Afv Murriy boshchiligida bani Murra qabilasidan to'rt yuz kishi Abu Sufyonga kelib qo'shildi. Sufyon ibn Abd Shams boshchiligidagi bani Salim qabilasidan yetti yuz kishi, shuningdsk Abu Mas'ud ibn Ruhayla boshchiligida bani Ashja qabilasi hamda Tulayha ibn Xuvaylid Asadiy boshchiligida bani Asad qabilalari yoppasiga mushriklar bayrog'i ostida saf chekishdi. Musulmonlarga qarshi otlanganlarning soni o'n mingdan oshib kstdi.

Bu xabarni eshitgan payg'ambar alayhis-salom o'z sarkardalarini yigib, shahar darvozalarini tambalab mudofaada turib jang qilish kerakmi yoki dushmanning istiqboliga chiqish lozimmi degan masalada mashvarat o'tkazdilar. Salmon Forsiy dushmanning yo'liga xandaq kovlashni taklif etdi. Bu taklif shu paytgacha tajriba qilib ko'rilmagan yangilik edi. Rasululloh Madinaning Sharq va Shimol tomonlariga xandaq qazishni buyurdilar. Shaharning qolgan ikki tomoni quyuq xurmozor, bog'-rog'lar va zich imoratlar bilan o'ralgani uchun yov bu tarafdan bostirib kelishi dargumon edi. Asbob-uskuna yetishmasligi hamda oziq-ovqat tanqisligi tufayli ish juda sekin siljir, odamlarni ruhlantirish uchun rasullohning o'zlari ham hamma qatori ishladilar. Tuproq tashiyotgan Abdulloh ibn Ravoha zavqlanganidan she'r to'qib yubordi:

Robbimiz sen bo'lmasang, topmas edik hidoyat,
Bilmas edik nimadir zakot, namoz-ibodat.
Baxsh aylagin bizlarga xotirjamlik, jasorat,
Olishganda yov bilan ato etgin matonat.
Zulm qildi mushriklar, saklar bizga adovat,
Dinimizdan qaytarsa, qilmaymiz hech itoat.
Musulmonlar qo'shini shaharga kiraverishdagi Sal' tog'i etagiga joylashishdi. Ularning soni uch ming bo'lib, muhojirlarga Zayd ibn Horisa, ansorlarga Sa'd ibn Uboda bayroqdor bo'ldi. Quraysh va ularga ergashib kelganlar Madinaning g'arbi-shimolidagi Jurab bilan G'azobaning oraligiga, G'atafon qabilasi Uhudga kelib tushishdi. Xandaq qazilib, yo'li to'silganidan xabar topgan mushriklar musulmonlarga kamondan o'q ota boshlashdi, lekin bunday usul bilan ularni yengolmasligini anglab, qoni gupurgan bir guruhi otlarini sakratib xandaqning bu tomoniga o'tishdi. Ali ibn Abutolib qilich urib Amr ibn Vadni o'ldirdi, Navfal ibn Abdulloh xandaqqa yiqilib bo'yni qayrilib ketdi, Sa'd ibn Muozning bilagiga o'q tegib, tomirini uzib yubordi. Qolganlar orqalariga qochib, xandaqning u tomoniga o'tib olishdi. O'q otish kechgacha to'xtovsiz davom etdi. Hatto musulmonlarning namozlari qazo bo'ldi. Mushriklar kechasi hujum qilib qolishi mumkinligini hisobga olib, xandaq atrofiga qo'riqchilar qo'yildi. Kun qattiq sovuq bo'lishiga qaramay rasululloh ham xandaqning bir chetida poyloqchilik qildilar. U kishi sahobalarga nusrat, g'alaba va yaxshilik bashorat qildilar.

Ozginagina qiyinchilikka chidamagan munofiqlar darrov nolishga tushib: "Olloh taolo bilan uning rasuli yolg'on gapirib, bizni laqillatishgan ekan. Uy-joyimiz ochiq-sochiq qolgan, dushman bostirib kelsa, bor budimizdan ayrilamiz", deb qaytib ketishdi. Musulmonlarning holi og'irlashdi. Muhosara madinalik qo'l uchida kun kechiradigan kambag'allarning holini tang qildi. Shaharda yashovchi bani Qurayza yahudiylari qaltis vaziyatda do'stlik shartnomasini buzib, musulmonlarni battar tang ahvolga solib qo'yishdi.

Bani Nazir qabilasining boshlig'i Huyay ibn Axtab bani Quriyzaning oqsoqoli Ka'b ibn Asadning yoniga kelib shayton misol vasvasga soldi, ularni musulmonlarga qarshi urushishga undab, Muhammadga ergashganlarning kuni bitib qolganini, makkaliklar erta-indin Madinaga bostirib kirishini bashorat qildi. Yahudiylar uning yetoviga yurib dushmanga aylanishdi. Bu shumxabarni eshitgan payg'ambar alayhis-salom Madinada qolgan ayollar bilan bolalarni asrash uchun Muslima ibn Aslamni ikki yuz odamga, Zayd ibn Horisani uch yuz edamga bosh qilib jo'natdilar. Vaziyatni o'rganib kelish uchun yuborilgan Zubayr esa yahudiylarning chindan ham yaiyati buzulganiga amin bo'ddi. "Ular sira tap tortmay Muhammad alayhis-salom bilan musulmonlar sha'niga tosh otishardi. Zubayr ko'rgan-bilganlarini rasulullohga ro'y-rost aytib berdi. Musulmonlar safiga qo'rquv oralab, yuraklarini vahm bosdi. Chekka-chekkada qurshab turgan dushmanning tahdidi yetmaganidek orqadagilarning xiyonati ularni butunlay gangitib qo'ydi, imoni zaiflar hatto xudoning qudratiga ham shubha bildirdilar, munofiqlar esa har xil bo'lmagur vasvaslarni aljirashga tushishdi.

Payg'ambar alayhis-salom Uyaynaga odam yuborib G'atafon qabilasini fikridan qaytarish uchun Madinada bor oziq-ovqatning uchdan birini berib, kelishishni tuzmoqchi bo'ldilar, biroq ansorlar: "Biz johil paytimizda g'atafonlar ninamizni olisholmagan edi, kelib-kelib islomga kirganimizda rizqimizga sherik bo'lishadimi", deb bu fikrga qo'shilmadilar. Olloh taolo biror qavmga yordam berishini istasa, kutilmagan biron narsani sabab qilib, g'alabaga erishtiradi. Dinida sobit odamlarga parvardigori olam juda katta iltifot ko'rsatdi: quraysh, g'atafon va yahudiy qabilalarining hamfikr yaqini Nuaym ibn Mas'ud Ashjaiy payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga kelib: "Ey rasululloh, mening musulmon bo'lganimni hech kim bilmaydi. Senga foydam tegadigan biron ish buyurgin", dedi. "Yolg'iz odamning qo'lidan nima ham kelardi, - dedilar rasululloh. - Sen bir amallab dushmanni orqaga qaytarishning chorasini topgin. Urushda hiyla-nayrang ishlatish mumkin".

URUSHDAGI NAYRANG

Nuayim ibn Ma'sud ahdiga bevafolik qilgan Qurayza yahudiylarning yoniga bordi. Ular bilan azaldan yaqin bo'lgani uchun yahudiylar Nuayimni izzat-ikrom bilan kutib olishdi. "Ey bani Qurayza xalqi! Mening sizlarga do'stligimni va sadoqatimni yaxshi bilasizlar, - dedi Nuayim. - Men sizlarga muhim bir gapni aytib qo'yish uchun keldim. Faqat uni hech kimga og'zingizdan gullab qo'ymasligingiz kerak. - Yahudiylarning oqsoqollari sir saqlashga va'da berishgach, gapida davom etdi. - Bani Qaynuqo' bilan bani Nazir qabilalari yurtidan haydalib, mol-mulki, uy-joyi musodara qilinganidan xabaringlar bor. Quraysh bilan G'atafon qabilalarining shart-sharoiti boshqa; ular qulay fursat kelsa urushadi, mag'lub bo'lishsa o'z yurtiga qaytib ketishaveradi, yutqizadigan hech narsalari yo'q. Sizlar anavi odam (payg'ambar alayhis-salom demoqchi) bilan bir joyda yashaysizlar, yaxshi kuninglarga ham, yomon kuninglarga ham ular sherik. Mabodo urushsanglar musulmonlarni yengamiz, deb o'ylaysizlarmi? Menga qolsa sizlar Quraysh bilan G'atafon qabilasining eng mo'tabar odamlaridan yetmish nafarini garovga olib, ittifoqdoshlaringiz qaltis vaziyatda tashlab qochmasligiga ishonch hosil qilganingizdan keyingina bu urushda qatnashishingiz kerak. Yahudiylar uning fikrini ma'qullab, do'stona maslahati uchun qayta-qayta minnatdorchilik bildirishdi.

Nuaym esa, bu yerdan chiqib to'ppa-to'g'ri Quraysh kattalarining huzuriga kirib bordi. "Mening sizlarga do'st ekanimni, hurmatim cheksizligini isbotlab o'tirishning hojati yo'q. Do'st ekanimni isbotlash uchun sizlarga bir maslahat bilan keldim, faqat bu gap o'rtamizda qolsin, tashqariga chiqmasin, dedi. Quraysh kattalari sir saqlashga ont ichishgach, Nuayim gapida davom etdi. - Bani Qurayza yahudiylari sizlarga ishonmaydi, agar urushda yengilsak, baribir, qurayshlar bizga yordam bermay tashlab qochishadi, deb Muhammad bilan tuzgan shartnomasini buzganiga afsuslanib o'tirishibdi. Ular sizlardan bir guruh odamni garovga olib Muhammadga topshirishmoqchi, buning evaziga musulmonlardan bani Nazir qabilasining o'z yurtiga qaytishiga izn olishmoqchi. Erta-indin bani Qurayza odam yuborib sizlarga shart qo'yadi. Ehtiyot bo'linglar, ularning nayrangiga uchmanglar".

Quraysh kattalari bu gapga ishonishini ham, ishonmasligini ham bilmay boshi qotdi. Bu orada Nuayim bani G'atafon qabilasiga o'tib qurayshlarga aytgan gaplarini takrorladi. Ularning safida sarosima paydo bo'ldi. Abu Sufyon Nuayimning gapi rost-yolg'onligini sinab ko'rish uchun bani Qurayzaga odam yuborib, ertaga urushga otlanishni buyurdi. Bani Qurayza oqsoqollari: "Biz shanba kuni urushmaymiz, boshimizga tushgan hamma sho'r ishlar shanba kuni qon to'kkanimizning kasofatidan. Qolaversa, bizni arosatda tashlab ketmasligingizning kafolotiga bir guruh odamingizni garovga berib qo'ymaguningizcha urushga chiqmaymiz", deyishdi.

Quraysh bilan G'atafon qabilalari Nuayim rost gapirganiga ishonch hosil qilishdi, o'rtaga nifoq tushib, bir-birlaridan shubhalana boshlashdi. Payg'ambar alayhis-salom Xudoga yolborib iltijo qildilar: "Qur'onni nozil etguvchi, bandalaridan zudlik bilan hisob oluvchi yaratgan egam, mushriklarni mag'lub qilgin! Ey Olloh, ularni maglub qilgin! Bizni ularning ustidan g'olibu muzaffar aylagin!"

Olloh taolo rasulullohning duosini ijobat qilib, yarim kechasi dushmanlar ustiga sovuq bo'ron yubordi. Musulmonlar bilan yahudiylar birlashib hujumga o'tishidan qo'rqqan mushriklar chekinish harakatiga tushishdi. Payg'ambar alayhis-salom dushman safidagi sarosimani ko'rgach, sahobalarga: "U yoqda nimalar bo'lyapti? Qaysi biringiz borib ahvolni bilib kelasiz?" dedilar. Hech kimdan churq etgan sado chikmadi. Rasululloh savolni uch qayta takrorlab javob ololmagach, Huzayfa ibn Ya'monga: "Nega gapimni eshitib turib javob bermayapsan?" dedilar. Huzayfa: "Ey Rasululloh, sovuq jonimdan o'tib, gapirishga chog'im kelmayapti", deya javob qaytardi. "Payg'ambarning ehtiyoji uchun ahvolni bilib kelgin", dedilar sarvari olam. Huzayfa rasulullohning ehtiyoji uchun jonini tahlikaga qo'yib, dushman shoshilinch qaytmoqchi bo'layotganini aniqlab keldi.

MUSHRIKLARNING MAG'LUB BO'LISHI

Mushriklarni shu qadar vahima bosgan ediki, ularning lashkarboshisi Abu Sufyon oramizga dushman qo'shilib qolmasin, deb hammani qo'l ushlashib yurishga buyurdi va birinchilar qatori tuyasining jilovini yecha boshladi. Qochishni lashkarboshining o'zi boshlab bermohchiligini ko'rgan Safvon ibn Umayya uning yo'lini to'sib: "Hammaga boshliq bo'la turib juftakni rostlab qolmoqchimisan?"- dedi. O'z qilmishidan uyalgan Abu Sufyon chekinishni buyurdi. Musulmonlar hujum hilib qolmasin, degan xavotirda Xolid ibn Valid boshchilidagi bir guruh sarbozga safning orqasini qo'riqlab borishni buyurdi. Shu bilan Olloh taolo musulmonlarni arab mushriklari bilan yahudiylardan tarkib topgan katta qo'shinning hujumidan asrab holdi, agar parvardigor ularga iltifot va marhamat ko'rsatmasa vaziyat keskinlashib, ko'p odamning yostig'i qurishi muqarrar edi.

Zulqa'da oyida yuz bergan bu voqea Qur'oni karimdagi Ahzob surasining 9-13-oyatlarida haqli ravishda yaratganning ne'mati deb ataladi: "Ey mo'minlar, Ollohning sizlarga bergan ne'matini eslanglar! O'shanda ustingizga lashkar bostirib kelgan edi, biz ularga bo'ron va sizlarga ko'rinmaydigan qo'shin (farishtalarni) yubordik. Olloh sizlarning qilgan ishlaringizni ko'rib turdi. O'shanda ular yuqoridan ham, pastdan ham (bostirib) kelgan, (qo'rquvdan) ko'z oldingiz qorong'ilashib, o'pkangiz bo'g'zingizga tiqilib qolgan. Olloh haqida har xil xayollarga borgan edinglar, shu joyda mo'minlar sinalgan va qattiq sarosimaga tushgan edi. Shu lahza munofiq va dillarida qudratlari borlar Olloh va uning payg'ambari bizga quruq va'dalarni berishgan ekan, deyishardi. Shu asnoda ulardan bir guruhi: "Ey yasribliklar, bu yerda turmay qaytib ketinglar," derdi. Ulardan yana bir guruhi uy-joyimiz ochiq-sochiq (qolgan) deb ruxsat so'rashdi. Ularniig uy-joyi ochiq-sochiq emas, faqat qochib (qolishnigina) ko'zlashgan".


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.