background
logotype
image1 image2 image3

Umar ibn Xattob r.a.

 

Bani Maxzum qabilasining eng obro‘li kishilaridan biri Hishom ibn Mug‘iyra Maxzumiyning qizi Xontama fil voqaeasidan o‘n uch yil o‘tgandan so‘ng o‘g‘il ko‘rdi. O'g‘liga Umar deb ism qo‘ydi. Bu Umar ibn Xattob ibn Nufayl ibn Abdul Uzzo ibn Raboh ibn Abdulloh ibn Qurt ibn Rizoh ibn A'diy ibn Ka'b ibn Lav'iy Qurashiydir. Umar ibn Xattob johilona hayot kechirayotgan qavm orasida o‘sib-ulg‘aydi. Yoshligida bundan boshqacha hayotni tasavvur qilolmas, qavm nimani odat qilgan bo‘lsa, shunga taqlid qilar, qimor o‘ynar, sharob ichib, ko‘nglini xushlardi. U shijoatli, rostgo‘y, omonotdor va ixlosi bilan boshqalarning havasini keltirardi. Yoshligidan jasorati, shijoati va zakiyligi bilan tanildi.

Umar Qurayshning yoshlari kabi amakisining o‘g‘li Zayd ibn Amr ibn Nufaylning qo‘ylarini boqib voyaga yetdi. Zayd Ibrohim alayhissalom dinida bo‘lib, Umarni ham bir necha marta shu dinga undab ko‘rdi. Umar uning aytgan so‘zlarini o‘ylab ham ko‘rmadi. Chunki Zaydning mustaqil bir fikrga ega bo‘lmay boshqalarga taqlid qilish odati borligini bilardi.

Quraysh qabilasi o‘zaro yoki boshqalar bilan urishib qolsa, Umarni vositachi qilib jo‘natar edi. Agar obro‘ talashish yoki faxrlanish kabi ishlarda nizolashib qolsa, Umarni qabila obro‘sini himoya qilishi uchun qabilaning faxri sifatida hakam qilib jo‘natar edilar.

Shunday qilib johiliyat davrida hakamlik qilish bilan tanilgan Umar ibn Xattob o‘n sakkiz yoshga yetganda Valid ibn Mug‘iyra bilan safarga chiqdi. Umar Validning tuyasiga qarar, yuklarini ko‘tarar va matolarini qo‘riqlar edi. Ular birgalikda Al-Balqo (Iordaniya sharqiy qismida) degan joyga yetib kelishdi. Shu yerda Rum donishmandlaridan biri bilan hamsuhbat bo‘ldi. U kishi bo‘ylari uzun va qarashlari tetik bolaga tikilib turib, undan so‘radi:

- Ey bola, isming Omir yoki Imron bo‘lsa kerak, yoki shunga o‘xshash.

Ibn Xattob unga:

- Mening ismim Umar, - dedi. Rumlik kishi aytdiki:

- Soningni menga ko‘rsat-chi?

Umar sonini ochib ko‘rsatdi. Shu payt u kishi Umarning oyoqlarining birida kaftdek keladigan qora xolni ko‘rib qoldi.

Rumlik kishi unga yana buyurdi:

- Ey Umar, boshingni ham ko‘rsat-chi?

Umar bosh kiyimini olgan vaqtida boshida sochi yo‘q edi.

Rumlik kishi Umarning o‘ng qo‘lini ushlab ko‘rdi. U chapaqay bo‘lib, o‘ng qo‘lida yaxshi harakat qilolmasdi. Rumlik kishi qidirgan narsasini topganday xursand holda shunday dedi:

- Ma'suma Maryam haqqi, sen arablar podshosi bo‘lasan. Umar bu gapdan kulib, men arablar podshosi bo‘lamanmi?, deya ajablandi. U hali podshoh bo‘lishni tasavvur ham qilolmasdi. Rumlik kishi undan kulishini sababini so‘rab qat'iylik bilan aytdi:

- Ma'suma Maryam haqqi, albatta, sen arablarnint podshosi bo‘lasan. Rum va Forsning hukmdoriga aylanasan.

Rumlik kishi xachiriga minib, Umarning ortidan ergashdi. Valid ibn Mug‘iyra olib keltan molini sotib, puliga atir-upa va kiyim-kechak xarid qildi. Rumlik kishi Umarning orqasidan Makkagacha soyadek ergashib keldi. U boshqa savol bermadi. Rohib qaytayotganida podshohlar qo‘lini o‘pgandek, Umarning qo‘lini o‘pib qo‘ydi.

 

* * *

Alloh azza va jalla arab diyoriga hidoyat va haq dinni yubordi. Umar ibn Xattob Nabiy alayhissalomning bu dinga da'vag qilayotganini ko‘rdi. Da'vatni yetkazish yo‘lida Rasululloh alayhissalom va u kishining sahobalari qattiq qiyinchiliklarga uchryotganiga Umar loqayd qaray olmasdi. Qolaversa, rostgo‘ylarning rostgo‘yi bo‘lgan payg‘ambar alayhissalom duo qildilar: - Ey Allohim, islomni aziz qilgin, o‘zingga mahbub bo‘lgan ikki kishining biri bilan islomni aziz qilgin: Umar ibn Xattob yoki Amr ibn Hishom (Abu Jahl).

Umar bir kuni choshgoh paytida Ka'baga yo‘l oldi. U yerda tog‘asi Abu Jahl Amr bin Hishom Ka'baning oldida turib: "Ey Quraysh jamoasi, Muhammad olihalaringizni haqorat qilayati, sizni ahmoqqa chiqarayapti va o‘tgan salaflaringizni do‘zaxga tushadi, deb da'vo qilayapti. Ogoh bo‘linglar, kimki Muhammadni o‘ldirsa, yuzta qizil va qora tuya, ming uqiya kumush va falon, falon narsa oladi", deb xitob qilayotganini ko‘rdi.

Shunda Umar uning yaqiniga borib aytdiki:

- Men shuni qilaman. Qurayshliklar so‘rashdi.

- Sen uni o‘ldirasanmi, ey Umar? Umar ha, deb javob berdi.

Umar ibn Xattob Qurayshning ulug‘lari bilan bu ishni qilish uchun ahdlashdi. Rasulullohni tezroq qatl qilish ishtiyoqida qilichini osib kamonlarini yelkasiga tashlab, yo‘lga tushdi.

Umar ketayotgan vaqtida qavmidan bo‘lgan Nuaym ibn Abdulloh Nuhamni uchratib qoldi. U islomni qabul qilsa-da, qavmidan qo‘rqqani uchun musulmonligini yashirib yurardi. U Umarning ko‘zidan bir yomonlikni payqadi, uning yuzini g‘azab va nafrat o‘rab olganini sezdi. Nuaym so‘radi:

- Qaerga ketayapsan, ey Ibn Xattob? Umar yo‘lida to‘xtab:

- Men quraysh xalqini ajratgan, ulutlarini nodonga chiqarib, olihalarini haqorat qilgan bir sobiiyni o‘ldirmoqchiman. Nuaym ibn Abdulloh uni shashtidan tushirish maqsadida:

- Allohga qasamki, nafsing seni aldab qo‘yibdi. Agar sen Muhammadni o‘ldirsang, Bani Abdu Mannof bolalari seni yer yuzida yurishingga qo‘yib qo‘yadi deb o‘ylaysan-mi?- dedi.

U qanday bo‘lmasin Umarni Rasululloh alayhissalomga aziyat yetkazish fikridan qaytarishni o‘ylardi.

U Umarga:

- Sen oldin o‘z oilangga qaytib ularni tuzat, - dedi. Umar ibn Xattob o‘ylanib qoldi. Gap nima xususda ekanini tushunmasdan: - Qaysi oilam haqida gapiryapsan, -dedi.

Nuham ibn Abdulloh aytdi:

- Kuyoving Said bilan singling Fotima islomni qabul qildi. Muhammadning diniga o‘tishdi. Sen avval ikkovi bilan gaplashgin.

Umar ibn Xattob yo‘lidan qaytib, g‘azablangan holda singlisi Fotimaning uyiga qarab ketdi. Singlisi uyida Habob ibn Art kuyovi bilan singlisi Fotimaga Qur'on oyatlari bitilgan sahifa - Toho surasini o‘qib berayotgan edi. Shu payt Umarning daragini eshitib Habobni tahmon orqasiga yashirishdi. Singlisi Fotima oyat bitilgan sahifani bir joyga yashirdi. Umar uyga kirib darhol so‘radi:

- Pichirlab nimani o‘qiyotgan edilaring, men uni eshitdim.

Fotima bilan kuyovi: - Nimani eshitdintiz, shunchaki gaplashib o‘tiribmiz degandek hayron bo‘lishdi. Umar ibn Xattob aytdi:

- Menga ikkalangizni ham Muxammad diniga ergashganingiz xabari yetdi, - deya kuyovi Saidning yuziga bir musht tushirdi. Fotima erini himoya qilmoqchi bo‘lganida uni ham yuziga urib jarohat yetkazdi. Singlisi yuzidan qon oqdi. Fotima bilan kuyovi uning bu ishidan jahli chiqib, haqiqatni oshkor qilishdi:

- Ha, shunday biz islomni qabul qildik. Allohga va uning Payg‘ambariga iymon keltirdik. Jaholat botqog‘idan chiqib saodat yo‘liga kirdik, har xil toshlardan yasalgan but sanamlarga sig‘inishdan qutildik. Endi nima qilsang qil!

Umarning mushtidan keyin Fotimaning yuzidan oqayotgan qon uni achinarli ahvolga keltirib qo‘ygandi. Singlisining ahvoli unga qattiq ta'sir qildi. Qo‘rqib qaltirab turgan singlisini bag‘riga bosib oldingidan yumshab dedi:

- Hozirgina o‘qiyotgan sahifalaringni menga beringlar. Muhammad keltirgan narsa nima ekanini ko‘rmoqchiman.

Fotima binti Xattob akasidagi o‘zgarishni ko‘rib aytdiki:

- Uni sizga berishdan qo‘rqamiz. Umar ibn Xattob dedi:

- Lotga qasamki, qo‘rqma, men uni o‘qigandan keyin, albatta, qaytarib beraman.

Fotima binti Xattob akasining iymon keltirishidan umid qilib dedi:

- Ey akajon, bu Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ga nozil qilingan Allohning kitobidir, uni betahorat holda qo‘lga ushlab bo‘lmaydi.

Umar ibn Xattob o‘rnidan turib g‘usl qilib keldi. Shundan keyin singlisi Fotima qo‘lidagi sahifani unga berdi. Akasi sahifaga qarab shunday yozuvlarni o‘qiy boshladi: "Bismillahir rohmanir rohim. To, Ha. (Ey Muhammad alayhissalom), Biz sizga bu Qur'onni qiynalib jafo chekishingiz uchun emas, balki (Allohdan) qo‘rqadigan kishilarga pand-nasihat bo‘lsin uchun nozil qildik. (U) yerni va yuksak osmonlarni yaratgan Zot tomonidan nozil qilingandir. (U Zot) Uz Arshiga o‘rnashgan Rahmondir. Osmonlardagi, yerdagi va ularning orasidagi hamda tuproq ostidagi bor narsa Uningdir" (Toha, 1-6).

Umar bu oyatlarni o‘qirkan, birdan yuzini qo‘rquv egalladi va o‘z holiga qaytdi. Qalbini ajib bir muloyimlik o‘rab olayotganini his qilar singlisi va kuyovi esa bu holatni zo‘r hayajon va qo‘rquv bilan kuzatishardi. Umar hayrat va muloyimlik bilan dedi:

- Bu kalom naqadar go‘zal va ulug‘.

Buni eshitib turgan Habbob ibn Arat berkingan joyidan chiqdi, uning oldiga qo‘rqmasdan yaqinlashib aytdi:

- Allohga qasamki, ey Umar, Alloh azza va jalla seni tanladi. Rasululloh alayhissalomning da'vatiga seni tanladi. U zot ikki kishining haqqiga duo qilganlarini eshitdim. Rasuli akramning: "Allohim, o‘zingga mahbub bo‘lgan ikkisining biri bilan islomni aziz qilgin: Umar ibn Xattob yoki Amr ibn Hishom", deganlariga guvohman. Rasulullohning duolari sen uchun bo‘lgan deya umid qilaman.

Umar amakisining o‘g‘liga aytdiki:

- Ey Said, meni Muhammadning oldiga boshla, men Islomni qabul qilaman.

Xabbob ibn Arat Umarning so‘zi rost ekanini bildi va unga aytdi:

- Hozir u kishi bir qancha sahobalari bilan Arqamning hovlisida o‘tiribdi.

Umar qilichini olib, Arqamning hovlisiga qarab jo‘nadi. Uning hovlisiga kelib eshigini taqillatdi. Umarning ovozini eshitib Bilol ibn Raboh o‘rnidan turib borib eshik tirqishidan qaradi va Umarni ko‘rib shoshganicha orqasiga qaytdi.

- Yo Rasululloh, bu Umar ekan. Qilichi bilan kelibdi. Buni eshitib Hamza ibn Abdulmuttolib o‘rnidan qo‘zg‘aldi:

- Unga izn bering, agar yaxshilikni xohlab kelgan bo‘lsa, bizdan yaxshilik topadi. Agar yomonlikni xohlab kelgan bo‘lsa, qilichi bilan o‘zini chopamiz.

Bilol Umarning kirishi uchun eshikka borib ruxsat berdi. U eshikdan kirgach, to‘g‘ri Rasuli akram alayhissalomning oldilariga yo‘l oldi. Rasululloh o‘rinlaridan turib Umarni o‘tirishga taklif qildilar.

- Seni bu yerga nima keltirdi, ey Ibn Xattob, Allohga qasamki, senda johillik alomatlari nihoya topganini va Alloh senga yuborgan falokatni yo‘qolganini ko‘rayapman.

Umar ibn Xattob bir titrab aytdiki:

- Yo Rasululloh, men oldingizga Allohga va uning rasuliga, Alloh huzuridan kelgan narsaga iymon keltirgani keldim.

Nabiy alayhissalom takbir aytib yubordilar. Chunki Rasulullohning kechalari Robbisiga qilgan duolari ijobat bo‘lgan edi. Mana shu kundan boshlab Islom Umar bilan yanada shuhrat topadi, musulmonlarning kuch qudrati ortadi.

Hovlidagi barcha musulmonlar Umar ibn Xattob islom diniga kirganidan quvonishdi. Nabiy alayhissalom unga qarab dedilar:

- Alloh seni hidoyatga boshladi.

Umar ibn Xattob islomga kirganini e'lon qilishni istadi. Shu yerda turgan jamoatdan so‘radi:

- Bu xabarni qaysi bir qurayshlik yetkazadi? Ba'zi sahobalar aytishdi:

- Jamil ibn Muammar.

Umar ibn Xattob Arqamning hovlisidan chiqib, odamlardan Jamil ibn Muammarni so‘rab topdi. Umar unga:

-Men dinimni o‘zgartirdim, - dedi.

Jamil ibn Muammar ishonmasdan so‘radi:

- Sen diningni o‘zgartirdingmi? -Ha.

Jamil ovozini baland qilib qichqirdi:

- Ey xaloyiq, ogoh bo‘ling, Umar ibn Xattob boshqa dinga o‘tibdi.

Uning orqasida turgan Umar gapini tuzatib dedi:

- Yolgon aytyapti, men islom diniga kirdim va Allohdan boshqa hech qanday iloh yo‘q, Muhammad Allohning Rasuli ekaniga iymon keltirdim.

Odamlar Umarni o‘rab oldi. Ular bilan bir-birini o‘ldirib qo‘ygudek darajada tortishdi. Hatto quyosh chiqib tepaga keldi. Charchab o‘tirib qolgan Umarning teppasiga makkalik mushriklar kelishdi. Shunda ularga qarata dedi:

- Nima qilsalaring qilinglar. Biz uch yuz kishi bo‘lsak ham Makkadan yo biz chiqib ketamiz, yo sizlar chiqib ketasiz.

Ular bir-birlari bilan munozara qilib turgan mahal Umarning tog‘asi Os ibn Voil Sahmiy qaydandir paydo bo‘lib qoldi.

U gap nimada ekanligini tushunmay nima qilyapsizlar, deb so‘radi. Odamlardan biri dedi:

- Umar dinini o‘zgartirdi. Os ibn Voil dediki:

- Bas qilinglar, har kim o‘ziga bir ishni ixtiyor qilsa, nimayam qilasizlar? Birodarlaringiz Bani Odiy qabilasi xuddi shunday islomga kirayotganini ko‘rmayapsizlarmi? Umarni o‘z holiga qo‘yinglar.

Mushriklar xuddi Umarni tilka-pora qilib tashlaydigandek o‘qrayib tarqaldi.

Hamza ibn Abdulmuttalib islom diniga kirgandan so‘ng uch kun o‘tib Umar islomni qabul qildi. Bu paytda islomni qabul qilgan musulmonlar soni» bor-yo‘g‘i o‘ttiz to‘qqiz nafar edi.

Shundan so‘ng Umar tog‘asi Abu Jahlning eshigini taqillatdi. U tog‘asining Rasululloh alayhissalomga Makka ahlining ichida eng katta dushman ekanini bilardi.

Ichkaridan, kim u, degan ovoz keldi. Umar ibn Xattob

-man, dedi.

Abu Jahl tanish ovozdan xursand bo‘lib, uni uyiga taklif qildi:

- Xush kelibsan, ey jiyan, bir ish bilan keldingmi? Hazrati Umar darhol muddaoga ko‘chib qo‘yaqoldi:

- Sizga bir xabarni aytgani keldim.

Abu Jaxl ichida, Umar Muhammadni o‘ldirgan bo‘lsa, bu yerga yuzta urg‘ochi tuya so‘rab kelgan, degan o‘yga bordi. Jiyanining bu tashrifidan xursandligini bildirish uchun:

- Nima xabar?- deya so‘radi.

- Men dinimni almashtirdim.

- Shunday qildingmi? -Ha.

Abu Jahl bir oz o‘ylanib turib aytdi:

- Bunday qilolmaysan.

Hazrati Umar tog‘asi ishonmayotganini sezib:

- Men Allohga va Muhammad Uning rasuli ekaniga iymon keltirdim. U keltirgan narsalarni tasdiqladim, -dedi.

Abu Jahl o‘zini ichkariga olib eshikni yopa turib aytdiki:

- Alloh seni ham, olib kelgan xabaringni ham mendan uzoq qilsin.

 

* * *

Umar ibn Xattob islomni qabul qilganidan keyin Jabroil alayhissalom Rasuli akram alayhissalomning huzurlariga tushib:

- Ey Muhammad, osmon ahli Umarning islomga kirganidan xursand bo‘lishdi, - dedi.

Musulmonlar Umar islomni qabul qilgunga qadar Baytul Haromda tinch va xotirjam holda namoz o‘qiy olmas edilar. Hazrati Umar aytdi:

- Ey Allohning rasuli, biz tirik qolsak ham, halok bo‘lsak ham haq emasmizmi?

Rasuli akram alayhissalom bunga javoban aytdilar:

- Ha, shunday, nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, sizlar tirik holda ham, o‘lgan holda ham to‘g‘ri yo‘ldasizlar.

Umar ibn Xattob buni eshitib:

- Unda nimadan berkinamiz? Sizni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, men endi qaysi bir majlisda mushriklar bilan birga o‘tirib qolsam, qo‘rqib-pisib yurmasdan, Islomni oshkora yetkazaylik. Ka'bada namoz o‘qib islomning buyukli gini ko‘rsataylik. Sizni haq bilan yuborgan zotga qasamki, bugundan boshlab hech kim Allohga yashirin holda ibodat qilmaydi, - dedi.

Rasul alayhissalom sahobalari ikki saf bo‘lib chiqdilar. Hazrati Hamza bir saf boshida, Umar ibn Xattob yana bir safning boshida borar, qilichini chiqarib baland ovoz bilan shunday der edi:

- Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad Uning rasulidir. Rasululloh alayhissalom sahobalari Masjidul Haromga kirishdi. Ka'bani tavof qilishdi. Tinch xotirjam holatda namoz o‘qib qaytishdi.

Buni ko‘rib mushriklar qalbini qahr-g‘azab va qayg‘u egalladi. Bir-biriga past ovozda pichirlab aytishdi:

- Bu qavm (musulmonlar) bizdan insof qilishni so‘rayapti.

Rasululloh alayhissalom qaytganlaridan so‘ng Hazrati Umarga shunday xushxabarni aytdilar:

- Batahqiq, sen haq bilan botil orasini ajratding, ey Foruq.

Umar islomni qabul qilgan vaqtda 26 yoshli yigit edi. Foruq musulmon bo‘lganini oshkora qilgan birinchi sahobiy bo‘ldi va uning bu dinga kirishi musulmonlar uchun katta yordam va xursandchilik bo‘ldi.

 

* * *

Yasribliklar Payg‘ambarimiz alayhissalom oldilariga kelib, u kishini himoya qilish va hijrat qilgan musulmonlarga yordam berish uchun bay'at bera boshladi. Shundan so‘ng Nabiy alayhissalom ashoblariga Makkadan Yasribga hijrat qilish uchun ruxsat berdilar. Ansoriylar muhojirlarni o‘z birodarlaridek qarshi oldilar. Bu birodarlik shu darajada ediki, muhojirlar ularning uyida o‘zlarini o‘z uyidek, shahrida o‘z shahridek emin-erkin his qildilar.

Rasululloh alayhissalom qurayshliklar sezib qolmasligi uchun yashirin holda yo‘lga chiqdilar.

Lekin Umar bunday qilmadi. U Yasribga hijrat qilishdan oldin Quraysh boshliqlari oldiga borib, bir o‘zi hijrat qilishini ko‘pchilik oldida ochiqdan-ochiq e'lon qildi. Go‘yoki u bu bilan Yasribga hijrat qilishdan oldin ularni ogohlantirib qo‘yayotgandek edi. Umar qilichini taqib, sadog‘ini yelkasiga osdi. Quraysh sayyidlari oldidan o‘tib, Ka'baga bordi. Yetti marta tavof qilib maqo-mi Ibrohimda ikki rakat namoz o‘qidi. So‘ng ular to‘planib turgan joyga borib shunday dedi:

- Qaysi biringiz onasini farzandidan ayirishni yoki farzandi yetim, xotini beva bo‘lib qolishini istasa, mana bu vodiyning orqasida menga uchrasin.

Shundan so‘ng Umar Yasrib tarafga ketdi. Uning orqasidan biron kishi borishga jur'at qilmadi.

Umarul Foruq musulmonlarning e'tiborli kishisiga aylandi. Muhojirlar va ansorlarning hurmat-ehtiromiga birday sazovor bo‘ldi. Albatta Umarning shaxsiyatida shunday hurmat-e'tibor va izzat-ehtiromga loyiq jihatlar juda ko‘p edi. Agar u ko‘rinmay qolsa, musulmonlar xavotirga tushar, hozir bo‘lsa, ko‘zlar sevinchga to‘lar va qalblar xotirjam bo‘lar edi. Umar Payg‘ambarimizning eng yaqin kishilaridan biriga aylandi. Go‘yoki u Nabiy alayhissalomning soyalaridek edi, desak xato bo‘lmaydi. Umarul Foruq Rasululloh alayhissalomga qarab, so‘zlarini eshitib to‘ymas, sahobalar ichida u kishiga eng ish tiyoqmand kishi bo‘lib qoldi.

Rasululloh alayhissalom aytdilarki:

- Alloh haqni Umarning tili va qalbiga joyladi. Yana Nabiy alayhissalom dedilarki:

- Alloh Umarga rahm qilsin, u haqni gapiradi, bir ishni qilsa, haq uchun qiladi va bir ishni tark qilsa, haq uchun tark etadi. Bundan boshqasi emas.

Hazrati Umar Habibimiz alayhissalom bilan birga Badr va Uhud jangida ishtirok etdi.

Bir kuni Umar ibn Xattob ba'zi sahobalar bilan Imomul xayr alayhissalom huzurlarida o‘tirgan edi. Oldilariga kiyimiga gard qo‘nmagan, sochlari qop-qora bir kishi keldi. Safar alomatlari ham bilinmaydigan bu kishini Rasulluloh alayhissalom ashoblaridan hech birlari tanimadi. U kishi Rasululloh alayhissalomning to‘g‘rilariga kelib o‘tirdi. Tizzalarini tizzalariga tekkizib, ikki qo‘lini ikki sonlari ustiga qo‘yib so‘radi:

- Ey Muhammad, Islom nima? Mustafo alayhissalom dedilar:

-Allohdan o‘zga iloh yo‘q deb guvohlik berishing va men Allohning elchisi ekanimga iymon keltirishing, namoz o‘qishing, zakot berishing, ramazon ro‘zasini tutishing va qodir bo‘lsang Baytullohni ziyorat qilishingdir.

U kishi:

- To‘g‘ri aytding, - dedi.

Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobalari xotamul anbiyodan savol so‘rab, yana o‘zi tasdiqlayotgan bu kishiga ajablanib qarashdi.

U kishi yana so‘radi:

- Ey Muhammad, iymon nima?

Hodiyul bashir zot alayhissalom aytdilar:

- Allohga va Uning farishtalariga, payg‘ambarlariga, kitoblariga qiyomat kuniga, yaxshilik va yomonlik Allohdan ekaniga iymon keltirmog‘ing.

U kishi yana, to‘g‘ri aytding, deb tasdiqladi. Suhbatni kuzatib turgan sahobalar yana ajablanishdi. U kishi yana so‘radi:

- Ey Muhammad, ehson nima?

Olamlarga rahmat uchun yuborilgan zot javob berdilar:

- Allohni ko‘rib turgandek ibodat qilmog‘ing, agar sen uni ko‘rmasang ham albatta, U seni ko‘rib turadi.

- Qiyomat vaqti qachon?-deb so‘radi haligi kishi. Havodan olib gapirmaydigan zot alayhissalom shunday dedilar:

- U haqda so‘ralayotgan kishi so‘rovchidan bilguvchiroq emas.

U kishi aytdiki:

- Uning alomatlari bormi?

- Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, och, yalang‘och, kambag‘al va cho‘ponlarning bir-biridan o‘zish uchun imorat qurishi.

Ushbu savollarni bergan kishi turib ketganidan so‘ng Rasululloh alayhissalom Umar ibn Xattobdan so‘radi:

- Bu kishi kimligini bilasanmi?

Hazrati Umar o‘zi savol berib, o‘zi tasdiqlagan kishining kimligini bilmas, oldin ham u zotni ko‘rmagan edi.

U aytdiki:

- Alloh va Uning rasuli biluvchiroq.

Xotamul anbiyo alayhissalom - U Jabroil edi. Sizga diningizdan ta'lim bergani keldi, dedilar.

 

* * *

Bir quni Rasululloh alayhissalom Foruqning oppoq ko‘ylak kiyib yurganini ko‘rib so‘radilar:

- Kiyiming yuvylganmi yoki yangimi?

- Yuvilgan,- deb javob berdi.

Ulug‘ xulq sohibi bo‘lgan zot alayhissalom aytdilar:

- Yangisini kiy, maqtovli holda yasha va shahid holda vafot qil.

Yangi ko‘ylak kiyganda Umar: "Menga avratimni berkitadigan kiyim kiygizgan va xilqatimni chiroyli qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin", der edi.

 

* * *

Umar Xandaq kuni va Hudaybiya sulhini tuzishda Nabiy (s.a.v.) bilan birga edi.

Umar ibn Xattob bir kuni Rasulullohning huzurlarida Quraysh ayollarining ko‘p savol so‘rab ovozlarini baland qilib gapirayotganini qo‘rib qoldi. Ular Umarning ovozini eshitib, o‘zlarini panaga olib jim qolishdi. Bu holni ko‘rib Xotamul anbiyo (s.a.v.) tabassum qildilar.

Umar:

- Ey nafsining dushmanlari, Rasulullohdan qo‘rqmay, mendan qo‘rqyapsizlarmi? - dedi.

Allohning elchisi (s.a.v.) aytdilar:

- Ey Umar, agar yo‘lda shayton senga duch kelib qolsa, yo‘lini o‘zgartirib boshqa yo‘ldan ketgan bo‘lardi.

Rasululloh (s.a.v.) Umar ibn Xattobni otasining nomi bilan qasam ichganini eshitib aytdilar:

- Albatta, Alloh ota-bobolaring nomi bilan qasam ichishdan qaytardi.

Abu Hafsa deydi:

- Bu so‘zni eshitganimdan so‘ng hech qachon bunday qasam ichmadim.

Bir kuni peshin payti Rasululloh (s.a.v.) masjidga xursand holda kirib keldilar. U yerda sahobalar o‘tirishgan edi. Rasululloh (s.a.v.) Umarga qarab dedilar:

- Men bugun tushimda ko‘ylak kiygan kishilarni ko‘rdim. Ularning kiyib olgan kiyimlari ko‘kraklariga ham yetmas, ba'zilariniki esa undan ham teparoqda edi. Keyin Umarni ko‘rdim. Uning ko‘ylagi yergacha yetib turardi.

Sahobalar so‘rashdi:

- Uni qanday ta'vil qilasiz, yo Rasululloh? Havodan olib gapirmaydigan Rasuli akram aytdilar:

- Dinga yo‘ydim.

Albatta, Umar islomni mukammal ushladi. U kishi "rido"sini kiyganida boshdan-oyoq berkitar edi. Shundan so‘ng Xotamul anbiyo (s.a.v.) aytdilar:

- Men bir kuni tush ko‘rdim. Tushimda menga bir qadah sut berildi. Undan ichganimda tirnoqlarimga qadar oqib borganini sezdim. Shundan so‘ng o‘zimdan ortib qolganini Umarga berdim.

Rasulullohdan so‘rashdi.

- Buni nima deb ta'vil qildingiz, yo Nabiyyulloh. Abul Qosim (s.a.v.) aytdilar:

- Ilmga yo‘ydim.

Umar ibn Xattob Hotamul anbiyo (s.a.v.) bilan Umraning qazosida, Makka fathida, Hunayn g‘azotida va Toif qamalida birga qatnashdi.

Bir kuni Umarul Foruq Rasululloh alayhissalomning haj qila olmasliklari ma'lum bo‘lganidan so‘ng, umra qilishga izn so‘radi. Nabiy alayhissalom izn berib aytdilar:

- Ey birodarim, duo qilganingda bizni unutma. Aziz birodar, qarang butun olamga rahmat qilib yuborilgan zot Umarga shunday deb turibdilar. Alloh u zotning avvalgi-yu oxirgi gunohlarini kechirib qo‘ygani holda Umarning Ka'ba oldidagi duosiga nima muhtojligi bor?

Umar qachon bu so‘zni eslasa: "Bu dunyoda men uchun eng sevimli narsa menga u zotning: "Ey birodar", degan so‘zlaridir", derdi.

Ha, bu so‘z butun bashariyat sayyidi tarafidan odamlar bir-biriga o‘zaro birodar ekanini tasdiqlovchi muborak shahodatdir. Ana shu so‘z Umarning ulug‘ligiga ham dalolat qiladi. Umar shu birodarlik ahlidandir.

Umarul Foruq bahs-munozara qilishga muhtoj bo‘lgan ishlarda tortishar, ba'zan hukmini bilmaydigan ishlar bo‘lsa, darhol hukm chiqarmas, faqat Nabiy alayhissalom keltirgan hukmlar bilan qanoatlanuvchi edi.

Umar ibn Xattob Ka'badagi Hajarul asvadni o‘pib, xuddi unga xitob qilayotgandek dedi:

- Sen foyda ham, zarar ham bermaydigan oddiy toshsan. Allohga qasamki, Rasululloh alayhissalom seni o‘pganlarini ko‘rmaganimda seni o‘pmas edim.

Bir kuni choshgohda Rasululloh (s.a.v.) masjidda ba'zi sahobalar bilan o‘tirganlarida shunday dedilar:

- Tushimda jannatda yurganimni ko‘ribman, bir ayol shu yerdagi qasr yonida tahorat olardi. Men undan: "Bu qasr kimniki", deb so‘radim. "Umarniki", deb javob berdi. Shunda men seni rashkchi ekaningni eslab, darrov ortimga burildim.

Umar ibn Xattob yig‘lab dedi:

- Sizdan ham rashk qilamanmi, ey Allohning rasuli?

 

* * *

Umar ibn Xattob Toifdagi Ajz degan joyda musulmonlar qo‘shiniga amir bo‘lib borgan va Tabuk g‘azotida Nabiy (s.a.v.) bilan birga hamrohlik qildi.

Kunlardan birida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom bilan suhbat qurib o‘tirganlarida Foruq masjidga kirib keldi. Jabroil (a.s.) aytdilar:

- Bu sening birodaring Umar ibn Xattob emasmi? Rasululloh (s.a.v.) aytdilar:

- Ha, mening birodarim. Yerda bo‘lganidek osmonda ham ismi bormi?

Jabroil (a.s.) aytdilar:

- Sizni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, uning ismi osmonda yerdagidan mashhurroqdir. Uning ismi osmonda Foruq, yerda esa Umardir.

Kunlarning birida Rasululloh alayhissalom Qubo masjidiga Abu Bakr, Umar, Usmon ibn Affon va Ali (r.a.)lar bilan birga bordilar. Masjidda ba'zi ansoriy va muhojir sahobalar bor ekan. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar:

- Sizlar mo‘minmisizlar?

Qavm jim bo‘lib qoldi. Xotamul anbiyo yana so‘radilar:

- Sizlar mo‘minmisizlar?

Umar ibn Xattob aytdi:

- Yo Rasululloh, albatta, ular mo‘mindirlar, men ham ulardanman.

Rostgo‘ylarning rostgo‘yi Payg‘ambar alayhissalom aytdilarki:

- Qazoyi qadarga iymon keltirasizlarmi?

Ular: "Ha", deb javob berishdi. Nabiy (s.a.v.) aytdilar:

- Balo va musibatlarga sabr qilasizlarmi? Ular yana: "Ha" deb javob berishdi. Yaxshiliklar imomi (s.a.v.) aytdilar:

- Ne'mat va yaxshilikka shukr qilasizlarmi? Ular tag‘in: "Ha", deyishdi.

- Ka'baning Rabbiga qasamki, ular mo‘mindirlar. Mo‘min kishi mana shunday bo‘ladi. Foruq hamma vaqt sabr qiluvchi, shukr qiluvchi va rozi bo‘luvchi bandalar-dan bo‘lgan.

Umar ibn Xattob Hajjatul vado' kuni Rasululloh bilan birga bo‘ldi. Rasululloh (s.a.v.) Makkadan Madinaga qaytganlaridan so‘ng kasal bo‘lib yotib qoldilar. Keyin ruhlari Rofiqul A'lo sari yo‘l oldi. Umar ibn Xattob bundan juda qattiq qayg‘uga botdi.

 

* * *

Umar ibn Xattob Rasulullohning (s.a.v.) xalifasi Abu Bakrni eng og‘ir va qiyin vaziyatda himoya qildi. Bu vaqtda musulmonlar Rasululloh vafotidan mahzun holatga tushib nima qilishlarini bilmasdan, es-hushlarini yo‘qotib qo‘ygandi. Rasulullohning vafotlari musulmonlarni shunday holga keltirib qo‘ygan edi. Foruq birinchilardan bo‘lib Abu Bakr Siddiqga bay'at berdi. Boshqa musulmonlar ham unga ergashib, Abu Bakrga bay'at berishdi.

Abu Bakr u bilan qiyin paytlarda maslahatlashar, hattoki biror ishni qilishni xohlasa, uning fikriga qarar edi. Ayrim kishilar Abu Bakrning oldiga borib: "Allohga qasamki, bilmay qoldik, xalifa senmi yoki Umar?" deb so‘rar edi. Siddiq aytardiki:

- Agar u buni xohlasa (kifoya).

Abu Bakr Umarni musulmonlarga qozi etib tayinlanganidan keyin u kishining davlat ishlarida yordam beradigan va maslahat qiladigan vaziriga aylandi. Umar Islom xalifaligining eng obro‘li kishilaridan biri hisoblanib, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham u bilan maslahatlashib turar edilar.

Aqro ibn Tamimiy va Uyayna ibn Hasson Firoziylar qabila ahliga so‘zi o‘tadigan boy kishilar bo‘lib, Nabiy alayhissalom davrlarida bir muncha imtiyozlarga ega edilar. Bir kuni ular Abu Bakrning oldiga kelishdi va:

- Ey Rasulullohning xalifasi, bizning qabilada bir yer bor, u yer sho‘r, na o‘t-o‘lan o‘sadi, na undan boshqa foyda bor. Rasululloh (s.a.v.) ham bizga o‘z ulushlarimizni berib turar edilar. Agar ma'qul ko‘rsangiz, shu yerni bizga ajratib bering, - dedilar.

Abu Bakr bunga ijozat berib, yerni ikkoviga xatlab berdi. Bir qancha kishini guvoh qildi. Bu guvoxlar ichida Umar ibn Xattob yo‘q edi. Aqro bilan Uyayna Foruqning uyiga borishdi. Umarga o‘sha qog‘ozni ko‘rsatishdi. Hazrati Umar uni o‘qiy turib, qo‘liga tupirdi-da qog‘ozdagi yozuvlarni o‘chirib tashladi. Aqro bilan Uyaynaning bundan jahli chiqib aytishdi:

- Allohga qasamki, biz bilmay qoldik, qaysi biringiz xalifa, umi yoki sen?

Umarni yomon so‘zlar bilan haqorat qilishdi. Foruq shunda aytdi:

- Rasululloh (s.a.v.) sizlar bilan birodar va ittifoq bo‘lgan vaqtda musulmonlar kuchsiz va ozchilik edi. Sizlarni Islomga muhabbati oshsin degan maqsadda rag‘batlantirib turar edilar. Endi Alloh Islomni aziz qildi. Jo‘nanglar, boshqa qo‘ringmanglar. Allohdan qo‘rqinglar va Uning haqlariga rioya etinglar.

Aqro ibn Habis bilan Uyayna ibn Hasson Abu Bakrning oldiga borib, Umardan norozi bo‘lganini aytishdi:

- Allohga qasamki, biz bilmay qoldik, senmi xalifa yoki umi?

- Agar u xohlasa, bunga loyiq.

Abu Hafsa (r.a.) bundan g‘azablandi va Abu Bakrning oldiga kelib so‘radi:

- Siz bo‘lib bergan yer kimniki ekanini menga ayting, u siznikimi yoki musulmonlarnikimi?

- Albatta, musulmonlarniki.

- Unda bu yerni ikkalasiga berishga sizni nima majbur qildi?

- Men oldimdagilar bilan maslahat qildim va ular menga shu maslahatni berishdi, senga shuni yetkazdim. Albatta, sen bu masalada mendan biluvchiroq ekansan. Sen haqsan.

 

* * *

Abu Bakr Siddiq kasal bo‘lib yotib qoldi. Shunda maslahat uchun Abdurahmon ibn Avf bilan Usmon ibn Affonni chaqirib Umar ibn Xattobni" xalifa etib tayinlashini bildirdi. Ularning ikkisi ham Abu Bakrning bu fikrini ma'qulladilar. Shundan so‘ng Abu Bakr Usmon ibn Affonga Umarning xalifa bo‘lgani haqidagi qarorni yozib qo‘yishni buyurdi va hazrati Umarga odam yuborib bunday dedi:

- Ey Umar, sen yoqtirmaydigan narsa yomondir va sen yoqtiradigan narsa yaxshidir. Ba'zi yomon ko‘rilgan narsa yaxshilikni yomon ko‘rsatib, yomonlikni yaxshi ko‘rsatadi.

Umar ibn Xattob aytdiki:

- Menda bu narsaga hojat yo‘q. Xalifa bo‘lishni xohlamayman.

- Lekin ularning senga hojatlari bor.

 

* * *

Abu Bakr (r.a.) vafot etgach, musulmonlar Foruqga bay'at berdilar. Bu vaqtda Hazrati Umar 55 yoshda edi. Umar ibn Xattobga bay'at berib bo‘lishgandan keyin musulmonlardan so‘radi:

- Abu Bakrni Rasulullohning xalifasi deb chaqirardik. Meni qanday chaqirasizlar?

- Biz seni Rasululloh xalifasining xalifasi deb chaqiramiz.

- Rasulullohning xalifasining xalifasi... bu juda uzun. Mug‘iyra ibn Sho‘‘ba Saqafiy boshqa fikrni taklif qildi:

- Sen amirimizsan, biz mo‘minlarmiz, sen esa amirul mo‘mininsan.

Mug‘iyra ibn Sho‘‘baning taklifini barcha musulmonlar birdek ma'qullashdi.

Umar ibn Xattob birinchi bo‘lib amirul mo‘minin nomini oldi. Bu voqea hijratning 13-yili jumodul oxir oyiga to‘g‘ri keladi.

Amirul mo‘minin Umar Abu Bakrning uyiga bordi. U kishining ayoli Asmo binti Amiysdan so‘radi:

- Abu Bakr Rabbiga qanday ibodat qilardi, o‘z nafsiga qanday muomalada bo‘lardi?

Asmo binti Amiys aytdi:

- U kishi sahar vaqti turar, tahorat qilib namoz o‘qirdi. Namoz o‘qiy turib, yig‘lab Qur'on tilovat qilardi, yig‘lab sajda qilardi va yig‘lab duo qilardi. Shu vaqtda uyning ichi va tashqarisida yangi pishirilgan jigar hidi ufurib ketardi.

Umar yig‘lab aytdi:

- Ey Ibn Xattob, sen unga o‘xshaysanmi? Batahqiq Abu Bakr Siddiq ibodat qilishda, uning ahkomlari va yo‘l-yo‘rig‘ida rabboniy kishi bo‘lgan. Vaholanki, hazrati Umar ham xuddi Alloh azza va jallani ko‘rib turgandek ibodat qilardi.

Agar amirul mo‘minin yaxshi rohat va farog‘atda yashashni xohlasa va muboh ne'matlardan bahramand bo‘lishni istasa, albatta, buni qilar va hech kim unga mone' bo‘lolmas edi. Islom dini va musulmonlarning kuch qudrati, shon shuhrati va rivojlanishi uchun qilgan xizmatlari bilan bunga loyiq edi. Lekin nafsini yengib, oddiylik va faqirona yashashni ixtiyor qildi.

Umarul Foruq nafsini tergab yashar, ozgina uxlar, quvvat bo‘ladigan darajada ozgina ovqatlanar, dag‘al kiyim kiyar edi. Ahli oilasi uning bu holiga rahmi kelib aytardi:

- O'zingizga rahm qiling. Biroz uxlab oling,- desa Umar aytardi:

- Agar kechasi uxlasam, nafsimni halok qilaman, kunduzi uxlasam ra'iyatni halok qilaman.

 

* * *

Sa'd ibn Abu Vaqqos Kisro podshohligiga qarashli shaharlar va hududlarni fath qildi. Kisroning kiyim va bisotlarini Rasulullohning shahriga yubordi. Umar ibn Xattob bu narsalarga qarab shunday dedi:

- Bu qavm oldin hukmdor edi, endi esa xor bo‘ldi. Amirul mo‘minin Umar Kisroning kiyimlari va nafis javohirlar bilan bezatilgan tojiga qaradi. Kisroning qilichi qabzasidan tutib aytdi:

- Kisroning qilichini o‘ziga zarar qilib, manfaatli etmagan Allohga hamd bo‘lsin.

Shunda amirul mo‘minin tabassum qildi. Balki uning tabassum qilishiga sabab, yoshligida uchragan rumlik kishining: "Sen hali arab, rum va forsning hukmdori bo‘lasan", degan so‘zlarini eslagandir.

Umar hovlisiga kirganida yamoq solingan kichkina gilamchaga ko‘zi tushdi. U bir quloch chiqar yoki chiqmas edi. Ayolidan so‘radiki:

- Mana bu senikimi?

- Abu Muso Ash'ariy uni bizga hadya qildi.

- Abu Muso? Bu narsani menga keltiribdimi? Abdulloh ibn Qays uning uyiga oldinroq yetib bordi.

Umarning yuzini g‘azab buluti o‘rab olganini ko‘rdi. Sarosimaga tushib dedi:

- Shoshilmang, amirul mo‘minin.

Foruq gilamchani Abu Musoga qarab otdi va:

- Buni menga hadya etishga nima majbur qildi? Buni ol, bizning unga hojatimiz yo‘q- dedi.

 

* * *

Umar xutba o‘qiladigan joyda turib so‘radi:

- Agar men sizlarga adolat qilishdan boshimni bursam, nima deb javob qilasizlar?

Bir kishi aytdiki:

- Agar shunday bo‘lsa, qilich bilan tuzatamiz. Amirul mo‘minin Umar aytdiki:

- Mendek obro‘li kishini-ya?

- Ha, sizday obro‘li amir bo‘lsa ham.

Abu Hafsa xursand bo‘lib dedi:

- Alloh rahm qilsin. Orangizda meni egri yo‘ldan qilichi bilan to‘g‘irlab turadigan kishilarni yaratgan Allohga hamd bo‘lsin.

Binobarin, Foruqni ham Rasulullohning sahobalari yaxshilikka buyurib, yomon ishlarni qilmaslikka ogohlantirib turar, lekin bundan Umar g‘azablanmas va ularga shunday deb aytardi:

- Ayblarimni yuzimga aytgan kishilarga Allohning rahmati bo‘lsin.

Ka'bul Axbor amirul mo‘mininning majlisiga keldi. (U kishi yahudiy olimlaridan bo‘lib, islomni qabul qilgan edi.) Foruq u kishiga dedi:

- Menga o‘lim haqida aytib ber.

Ka'bul Axbor o‘limni sifatlab shunday dedi:

- O'lim xuddi bir kishining ichiga kirgan g‘ujanak tikanga o‘xshaydi. So‘ng bu tikanni bir kishi qattiq tortadi. Shu tikandan uzilgani uzilib, qolgani qolib ketadi.

Foruq o‘limni doim eslab yurar, qudratli va jabbor Zotniyag xuzuriga borganda bo‘ladigan savol javobdan juda qo‘rqardi.

 

* * *

Umar roziyallohu anhu tanqid va qarshi fikrdan qo‘rqmas, shu ikkisini o‘z o‘rnida yo‘lini yoritadigan mash'ala sifatida qabul qilardi. Hazrati Umar bir kuni minbarga ko‘tarilganlaridan so‘ng shunday dedi:

- Endi ayollar mahrini qirq uqiyadan ziyoda qylmanglar. Kimki shundan ziyoda qilsa, ortiqchasi baytul molga o‘tkaziladi.

Musulmonlar orasida o‘tirgan bir ayol turib aytdi:

- Bunday qilishga haqqing yo‘q, ey amirul mo‘minin.

- Nima uchun? Ayol shunday dedi:

Chunki eshituvchi va Olim Zot Alloh: "Agar bir xotinnn qo‘yib, boshqa bir xotinga uylanmoqchi bo‘lsangizlar, avval-gnsiga sanoqsiz molu dunyoni (mahr qilib) bergan bo‘lsangiz-da undan biron narsani qaytarib olmangazlar! Uni olish bo‘hton va ochiq gunoh bo‘lgan holida olasizlarmi?" (Niso, 20) degan.

Ayolning bu so‘zlaridan Faruq g‘azablanmadi, unga zug‘um ham qilmadi. Balki qat'iylik bilan dedi:

- Ayol to‘g‘ri aytdi, Umar xato qildi.

Umar shiddati va qattiq qo‘lligiga qaramasdan, erkak yoki ayolning og‘ziga "qapqoq" qo‘ymasdi. Balki hammasini o‘z fikrini shijoat bilan bildira olishga qo‘yib berardi.

Choshgoh vaqtida Umar ibn Xattob musulmonlar bilan gaplashib o‘garganlarida bir kishi Hazrati Umarning so‘zini bo‘lib:

Allohdan qo‘rq, ey Umar, - dedi. Foruq unga hech narsa demadi. Lekin majlisda o‘tirganlardan biri haligi kishiga do‘q qilib dedi:

- Ovozingni o‘chir, amirul mo‘mininga ham shunday deysanmi?

Oddilligi va haqiqatparvarligi bilan qiyomatgacha nomi o‘chmaydigan buyuk Umar tanbeh bergan kishiga shunday dedi:

- Qo‘y uni, agar Allohdan qo‘rqish haqida gapirmasangiz, siz uchun yaxshilik bo‘lmaydi, agar u haqda eshitmasak, bizda yaxshilik bo‘lmaydi.

 

* * *

Hijratning o‘n sakkizinchi yili odamlar qattiq ocharchilik va qiyinchilikda qolishdi. Qurg‘oqchilik va qahatchilik boshlandi. Bu yilni Ramoda yili deb nomlashdi.

Bir kuni amirul mo‘minin tuya so‘yib go‘shtini Madina ahliga taqsimlashni buyurdi... So‘ngra uyiga qaytdi. Uning oldiga pishirilgan tuyaning o‘rkachi va jigarini olib kelishdi. Go‘sht juda ham yoqimli hid taratardi. Umar go‘shtga tegmasdan so‘radi:

- Buni qaerdan oldilaring?

- Bugun so‘yilgan tuyaning go‘shtidan, - dedi uydagilar. Abu Hafsa taomni oldidan surib aytdi:

- Bay-bay, voliylik qandayam yomonki, o‘zim yaxshi taomlarni yesam-da, odamlarga suyaklarini qoldirsam.

So‘ngra xodimini chaqirib unga:

- Ey Aslam, mana bu idishingni ko‘tar. Menga non bilan zaytun yog‘i keltir, - dedi.

Umar ibn Xattob o‘zini musulmonlardan biri hisoblardi. Shuningdek, Alloh azza va jalla Umarni musulmonlarga voliy qilganida javobgarlik va mas'uliyatdan boshqa narsani ziyoda qilmaganini va bu mansabni suiste'mol qilish imtiyozi berilmaganini yaxshi bilardi.

Agar xalq och qoladigan bo‘lsa, ularning avvalgisi o‘zi bo‘lar, agar to‘q bo‘ladigan bo‘lsa, to‘q bo‘lgan kishilarning oxirgisi bo‘lardi.

U kishi aytardiki:

- Agar ularga yetgan narsa menga yetmasa, odamlar sha'ni, hurmat-e'tibori menga qanday ham yordam bersin.

Hazrati Umar musulmonlar go‘sht va yog‘ topolmagan paytlar zaytun yog‘idan boshqa narsa yemas edi. Zaytun yeyverganidan hattoki ichaklari og‘rib quldurardi. Shunda amirul mo‘minin kaftini qorniga qo‘yib shunday der edi:

- Ey qorin, modomiki, puling yaxshiroq yog‘ sotib olishga yetmas ekan, mana shu zaytunga sabr qilasan.

 

* * *

Foruq nasabini Nabiy (a.s.) bilan bog‘lashni xohladi. Shu masalada Hazrati Alining oldiga borib, qizi Ummu Gulsumni o‘ziga so‘radi. Ali ibn Abu Tolib:

- Qizimni Ja'farning o‘g‘liga bermoqchi edim (ya'ni Ja'far ibn Abu Tolibning o‘g‘liga), - dedi.

Amirul mo‘minin Umar dedi:

- Ey Ali, qizingni menga nikohlab ber, Allohga qasamki, agar yer yuzida unga loyiq kuyov bo‘lsa, men unga munosibman.

Umarning so‘zlari Ali (r.a.)ga muvofiq keldi va:

- Men senga qizimni berdim, ey mo‘minlar amiri, - dedi. Foruq xursand bo‘lib, Rasululloh (s.a.v.)ning qabrlari bilan minbar qarshisida o‘tirgan muhojirlar oldiga keldi. U yerda Usmon, Zubayr, Talha ibn Abdulloh, Abdurahmon ibn Avf va bir qancha sahobiylar o‘tirishgan edi. Amirul mo‘minin ularga qarab aytdi.

- Meni uylantiringlar. Ular hayron bo‘lib so‘radilar:

- Kimga, ey amirul mo‘minin? Foruq aytdi:

- Alining qiziga.

 

* * *

Foruqning odilligi xalq orasida yoyildi. Kechalari raiyat ahvolidan xabar olish uchun bir o‘zi aylanib chiqar yoki xizmatkori Aslamni o‘ziga sherik qilib olar yoki biror sahoba bilan aylanar edi. Ayniqsa, kechasi raiyatning nimaga muhtoj yoki muhtoj emasligi aniq bilinardi. Bir kuni Rasululloh alayhissalom shahri atrofida aylanib yurgan Foruq xaroba kulba oldida bir kishini ko‘rdi. Undan xotini homilador ekanini va hozir to‘lg‘oq tutayotganini bildi. Ayolning oldida eridan boshqa yordam beradigan kishi yo‘q edi. Hazrati Umar tezda uyiga qaytib, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning nabiralari bo‘lgan ayoli ummu Gulsumga aytdi:

- Senga musibat yetgan kunda Allohning himoyasida bo‘lishni xohlaysanmi?

- Albatta ey mo‘minlarning amiri. Foruq aytdi:

- Bir bechora ayolni to‘lg‘oq tutyapti, uning oldida hech kim io‘q.

Ummu Gulsum amirul mo‘mininning so‘ziga shunday javob qaytardi:

- Ha, bu yaxshi ish, agar borishni xohlasangiz. Foruq ayoli bilan tug‘ilajak go‘dak uchun kerak bo‘ladigan ozuqa, suv va o‘rash uchun bir bo‘lak kiyimlik ham oldi. Amirul mo‘minin bir yelkasiga qozoni, bir yelkasiga unni ko‘tarib, ayoliga meni orqamdan yur, dedi.

Er-xotin kulba oldiga kelishdi. Hazrati Umar Ummu Gulsumga ayol yotgan uyni ko‘rsatib ishora qildi. Ummu Gulsum to‘lg‘oq tutayotgan ayolga yordam berish uchun ichkariga kirib ketdi. Amirul mo‘minin o‘tirib o‘choq yasadi, ustiga qozonni qo‘yib, tagiga o‘t yoqdi va taom pishira boshladi. Umarni ichida mamnun bo‘lib, kuzatib turgan homilador ayolning eri o‘z-o‘ziga shunday der edi: "Mana bu kishi Umar ibn Xattobdan ko‘ra xalifalikka haqliroq ekan".

Ichkaridan chaqaloq ovozi eshitildi. Hazrati Umarga Ummu Gulsum quvonganidan:

- Ey amirul mo‘minin, otasini o‘g‘il ko‘rgani bilan muborak eting.

A'robiy amirul mo‘minin degan so‘zni eshitganida dahshat va hayratdan haykaldek qotib qoldi. Bu kishi Umar ibn Xattobmi? A'robiy u kishiga yuzlanganda amirul mo‘mininning soqollari orasidan tutun burqsir edi. Be-harakat bo‘lib qolgan a'robiyga qarab:

- Nimaga qotib qolding, bu yoqka kel, - dedi. Foruq qozonni ko‘tardi-da, kulba yaqiniga borib xotinini chaqirdi:

- Ey Ummu Gulsum, qozonni ol, ayolning qornini to‘ydir.

Ummu Gulsum ayolni ovqatlantirgandan so‘ng qozonni qaytarib uzatdi. Hazrati Umar a'robiy oldiga kelib aytdi:

- O'zing ham yeb ol, ko‘p qiynalding.

Shundan keyin amirul mo‘minin ayoli bilan uyga ketdi.

 

* * *

Bir kishi Misr voliyi Amr ibn Os ustidan amirul mo‘minin oldiga shikoyat qilib keldi. Da'vo qilishicha, voliy ot poygasini tashkil qilgan. Musobaqada da'vogar voliyning o‘g‘li Muhammad ibn Amrni quvib o‘tgan.

Muhammad ibn Amr otning oldiga kelib, uning egasiga tashlangan bir qamchi tushirib:

- Otingga qara, men voliyning o‘g‘liman, - deb po‘pisa qilganini bildirdi.

Bu gap Amr ibn Osga yetib borganda jabr ko‘rgan kishini amirul mo‘mininga shikoyat qilib borishidan qo‘rqib bir oz vaqt hibsda saqlab turgan. Lekin u hibsdan qutilib Madinaga boradi va bo‘lgan voqeani yetkazadi.

Shikoyatchining so‘zlarini eshitgan Umar g‘azabdan o‘rnidan turib ketdi. Amrni Madinaga olib kelish uchun Misrga odam yubordi. Amr ibn Os bilan o‘g‘li Madinaga yetib keldi... Mana shu qasosni deb.

Foruq:

- Misrlik qaerda?, - deb chaqirdi. Bir kishi:

- Mana u, ey amirul mo‘minin, - deb javob qildi. Foruq uning oldiga borib qo‘liga darrani berib dedi:

- Mana bu qamchi bilan voliyning o‘g‘lini ur. Misrlik kishi Muhammad ibn Amrni holdan toyguncha urdi. Shu yerda hozir bo‘lgan kishilar qani to‘xtay qolsa, deb turishardi. Lekin juda katta bir davlatning rahbari bo‘lgan Amr ibn Os o‘g‘lini jazodan saqlay olmadi. So‘ngra amirul mo‘minin Umar misrlikka qarab aytdi:

- Bu qamchi bilan Amrning ham yaltir boshiga ur, Allohga qasamki, uning o‘g‘li hokimning o‘g‘li bo‘lgani uchun seni urgan.

Amr ibn Os qo‘rqib ketganidan ko‘zlari javdirab dedi:

- Ey amirul mo‘minin, shundoq ham yetarli bo‘ldi, meni kechiring.

Misrlik aytdiki:

- Ey amirul mo‘minin, meni urgan kishini urib bo‘ldim.

Foruq misrlik kishiga dedi:

- Allohga qasamki, sen uni urmoqchi bo‘lsang, toki o‘zing qo‘ymaguncha sen bilan uning orasiga hech kim tushmaydi.

Hazrati Umar Amr ibn Osdan g‘azablanib dedi:

- Ey Amr, kachondan beri odamlarni qul qilib olding, ularni onalari hur qilib tug‘ishmaganmi?

Amirul mo‘minin unga o‘zidan oldin biron hokim aytmagan, bir umr esdan chiqmaydigan so‘zni aytgan edi.

 

* * *

Bir juma kuni amirul mo‘minin Rasul alayhissalom minbarlariga xutba o‘qish uchun ko‘tarildi. Xutba o‘qiyotib, birdan xutbadan boshqa yoqqa burilib dedi:

- Ey Soriya ibn Hasson, toqqa, toqqa, zolim bo‘rilardan qutilish uchun toqqa qarab yur.

Bu so‘zdan odamlar bir-biriga qarashdi. Ali ibn Abu Tolib:

- Rost aytdi, Allohga qasamki, albatta u aytgan so‘zidan chiqadi,-dedi.

Foruq namozni ado etib bo‘lganidan so‘ng Ali ibn Abu Tolib so‘radi:

- Xutba o‘qiyotganingizda sizga biror narsa bo‘ldimi? Amirul mo‘minin aytdiki:

- Nima ekan u?

Ali ibn Abu Tolib aytdi:

- Xutba o‘qiyotganda, ey Soriya, toqqa toqqa qarab yur, zolim bo‘rilardan qutilish uchun toqqa qarab yur, degandek bo‘ldingiz?

Amirul mo‘minin aytdi:

- Men shunday dedimmi? Abul Hasan (r.a.) aytdi:

- Ha, bu gapni masjidda jam bo‘lgan mo‘minlarning hammasi eshitishdi.

Amirul mo‘minin Umar aytdi:

- Xayolimdan o‘tdiki birodarlarimiz otliq holda mushriklar darasidan o‘tib borishardi, agar yo‘llarida to‘g‘ri yursalar, mushriklar g‘olib bo‘lar, agar toqqa chekinsalar, mushriklar qo‘ygan pistirmadan o‘tib orqa tarafdan zarba berar va g‘olib bo‘lardi. Agar to‘g‘ri o‘tib ketganlarida, halok bo‘lishardi. Shunda men sen eshitgan narsani aytdim.

Bir oydan so‘ng bir xabarchi fath xushxabari bilan keldi. U o‘sha kuni o‘sha vaqtda tog‘dan o‘tayottanida Umar ibn Xattobning ovoziga o‘xshash bir ovoz: "Ey Soriya, toqqa, toqqa", deganini eshitganini esladi va toqqa tomon ko‘tarilib, Alloh fath ato etganini aytdi.

Albatta, Umarul Foruq halol va nurli kishi bo‘lib, uning nigohi minglab chaqirim naridagi narsani aniq va yorqin tarzda ko‘rib turardi. Shuning uchun ham do‘sti Soriyani ogohlantirgan edi. Bas, u bu gapni yaqinida turgandek qabul qilgan. Bu musulmonlar uchun ochiq-oydin nusrat bo‘ldi.

 

* * *

Bir kishi amirul mo‘mininning oldiga kelganda undan so‘radi:

- Isming nima?

U kishi

- Alanga! - deb javob berdi. Hazrati Umar so‘radi:

- Kimning o‘g‘lisan?

- Cho‘g‘ning o‘g‘li.

- Otang kimning o‘g‘li?

- Olovning o‘g‘li.

- Otangning otasi kimning o‘g‘li?

- Yong‘inning o‘g‘li.

- Qaysi manzildansan? .

- Olov dengizidanman. Amirul mo‘minin Umar aytdi.

- Senga voy bo‘lsin, ahlingga olov yetib, uy-joylaringni yoqib yubordi.

Haligi kishi Umarning oldidan chiqib qabilasi oldiga ketdi. Ularning hammasini yonish ichida qolganini ko‘rdi. U kishi aytgan nomlar hammasi o‘t-olovning ma'nosini berar edi.

 

* * *

Umarul Foruq nihoyatda hushyor, zukko va xalq ruhiyatini bilguvchi kishi edi. U aytardi:

- Bizlar uchun sevimlirog‘ingiz tashqi ko‘rinishingiz go‘zalrog‘ingizdir, gapirganingizda nutqi ravon va rost so‘zlaguvchilaringiz...

Amirul mo‘minin Umarning huzurida aytilgan ochiq iboralar boshqalarga hukm bo‘lishga kifoya qilmasdi.

Bir kuni Foruq bir kishi boshqa bir kishiga maqtab turganini eshitib qoldi. U kishi:

- Falonchi juda sodiq kishi, - dedi. Amirul mo‘minin undan so‘radi:

- Sen u bilan bir kun bo‘lsa ham safarda bo‘lganmisan? U kishi:

- Yo‘q, - dedi. Umar yana so‘radi:

- Orangizda bir kun bo‘lsa ham xusumat bo‘lganmi? Yana u: "Yo‘q", deb javob qildi.

Amirul mo‘minin undan yana so‘radi:

- Biror kun unga bir narsani omonat berganmisan? Haligi kishi boshini chayqab: "Yo‘q", dedi. Shunda Umar (r.a.) aytdilar:

- Sen uni bilmas ekansan. Ehtimol, sen uning masjidda boshini ko‘tarib-tushirib turganini ko‘rgandirsan.

 

* * *

Abu Muso Ash'ariy amirul mo‘minin Foruqga xat yozdi: "Sizdan bizga xatlar keladi, ammo yozilgan xatlarning sanasi ko‘rsatilmagan".

Amirul mo‘minin odamlarni mashvarat uchun jamladi. Ba'zilar aytishdiki:

- Nabiy (a.s.)ga vaxiy yuborilgan vaqtdan boshlasak. Abu Hafsa (r.a.) aytdi:

- Yaxshisi Rasululloh (s.a.v.) hijrat qilgan kundan boshlaylik. U zotning hijrati haq bilan botilning orasini ajratdi.

 

* * *

Majusiy Abu Lulu' amirul mo‘minin Umar fors yerlarini fatx, qilgan vaqtlarida Madinaga asir qilib keltirilgan edi. Shu paytgacha Islomni qabul etmagan Abu Luluning xayolini qasos olish fikri chulg‘ab olgan edi. U amirul mo‘mininning bomdod namoziga kelishini sabrsizlik bilan kutardi. Hazrati Umar imomlikka o‘tganlaridan so‘ng yovuz maqsadini amalga oshirish uchun qulay fursat yetganini angladi. Amirul mo‘mininga tashlanib ko‘kraklariga bir necha bor xanjar sanchdi. Musulmonlarning ham bir nechtasini yarador qiladi. Qutilib ketishiga ko‘zi yetmaganidan so‘ng zahar surtilgan xanjar bilan o‘zini o‘ldiradi. Hazrati Umar qotilning musulmonlardan bo‘lmay bir majusiy ekanligini bilganlaridan so‘ng Allohga hamd aytdi. Ulug‘ sahobiy va davlat arbobi Payg‘ambarimiz alayhissalom duo qilganlaridek shahidlik martabasiga erishdi.

Bu zulhijja oyining to‘rtinchi kuni, Hijratning 23-yili sodir bo‘ldi. Hazrati Umar 10 yilu, olti oyu to‘rt kun davlatni boshqardi. Shahid bo‘lganida 63 yoshda edi. Umarul Foruq do‘stlari Rasululloh (s.a.v.) va Abu Bakrning yonlariga - Oisha onamizning hujrasiga dafn qilindi.

 Abdulaziz Shanaviyning "Rasulullohning izdoshlari" kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2008) olindi.
Tarjimon: Ilhom Elmurodov


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.