background
logotype
image1 image2 image3

5-bosqich. 6-tur: Rasululloh s.a.v.ning sifatlari

V BOSQICH
6-tur: Rasululloh s.a.v.ning sifatlari
Javoblar va izohlar


1. Rasululloh (sav) uzuklarini qaysi barmoqlariga taqqanlar?
a) o’ng yoki chap bosh barmoqlariga
b) o’ng yoki chap ko’rsatkich barmoqlariga
c) o’ng yoki chap o’rta barmoqlariga
d) o’ng yoki chap nomsiz barmoqlariga
e) Rasululloh (sav) uzuk taqmaganlar
To’g’ri javob: O’ng yoki chap nomsiz barmoqlariga.
Izoh: “Ul zotning uzuklari kumushdan bo’lib, o’ng yoki chap nomsiz barmoqlariga taqib yurardilar”. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Ruhiy tarbiya. Xulqlanish”. III kitob, 190-bet). 

2. Rasululloh (sav) Alloh taolo tomonidan o’zlariga buyurilmagan narsalarda kimga muvofiq ish qilishni ma’qul ko’rar edilar?
a) mushriklarga
b) majusiylarga
c) nasroniylarga
d) yahudiylarga
e) c va d javoblar to’g’ri
To’g’ri javob: c va d javoblar to’g’ri.
Izoh: “Ibn Abbos (r.a) dan rivoyat qilinadi: “Ahli kitoblar sochlarini tushirib yurar edilar. Mushriklar esa, boshlaridan farq ochar edilar. Rasululloh (sav) o’zlariga amr qilinmagan narsada ahli kitoblarga muvofiq ish qilishni yaxshi ko’rar edilar. Bas, Rasululloh (sav) peshona sochlarini tushirib yurdilar. Keyinroq farq ochdilar”. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Ruhiy tarbiya. Xulqlanish”. III kitob, 199-bet). 

3. Rasululloh (sav) qo’llarining ta’rifi keltirilgan qatorni ko’rsating.
a) xushbo’y
b) quyosh taftidek issiq
c) muzdan ham sovuq 
d) a va b javoblar to’g’ri
e) a va c javoblar to’g’ri
To’g’ri javob: a va c javoblar to’g’ri.
Izoh: “Abu Juhayfa (r.a) dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sav) havo isigan paytda Bath oga chiqdilar va tahorat qilib, namoz o’qidilar. So’ngra odamlar turib, u zotning qo’llarini ushlab yuzlariga surta boshladilar. Men ham u zotning qo’llarini tutib yuzimga bosdim. Qo’llari muzdan ham sovuq va hidlari miskdan xushbo’y edi”.
Jobir ibn Samura (r.a) aytadilar: “Nabiy (sav) bilan peshin namozini o’qidim. So’ngra u zot ahllariga chiqdilar. Men ham birga chiqdim. Ul zotni bolachalar qarshilab chiqishdi. Bas, u zot birma-bir ularning yuzlarini silay boshladilar. Mening ham yuzimni siladilar. Qo’llarida sovuqlikni va attorning xaltasidan chiqarganda qo’lida bo’ladigan xushbo’ylikni topdim”. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Ruhiy tarbiya. Xulqlanish”. III kitob, 203-bet). 

4. Rasululloh (sav) saxiylarning saxiysi haqida xabar berib aytgan so’zlarida o’z saxiyliklariga qanday ta’rif berganlar?
a) Men saxiylar saxiysiman !
b) Men odam bolasining eng saxiysiman !
c) Men sizlarning eng saxiyingizman !
d) Men esgan shamoldan ham saxiyroqman !
e) Men oqar daryodan ham saxiyroqman !
To’g’ri javob: Men odam bolasining eng saxiysiman.
Izoh: “Anas ibn Molik (r.a) dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sav): “ Sizlarga saxiylar saxiysining xabarini beraymi? Saxiylar saxiysi Allohdir. Men odam bolasining eng saxiysiman. Mendan keyin sizdan eng saxiyingiz ilm o’rganib, ilmini tara tgan odamdir. U qiyomat kuni yolg’iz o’zi bir ummat bo’lgan holida tiriltiriladi. Va jonini Alloh yo’lida saxiylik bilan tutgan kish idir”, - dedilar”. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Ruhiy tarbiya. Xulqlanish”. III kitob, 227-bet). 

5. Quyidagi holatlarning qay biri Rasululloh (sav) ning uxlashlariga mone’lik qilar edi?
a) Fotima (r.a) ko’rib kelmagunlaricha uhlamas edilar;
b) nabiralari Hasan va Husaynni ko’rib kelmagunlaricha uhlamas edilar;
c) biror kasal odamni ko’rib kelmagunlaricha uhlamas edilar;
d) qo’llarida dinor yoki dirham bor bo’lsa, uni tarqatmagunlarich uhlamas edilar;
e) a va b javoblar to’g’ri
To’g’ri javob: Qo’llarida dinor yoki dirham bor bo’lsa, uni tarqatmagunlaricha uxlamas edilar.
Izoh: “Nabiy (sav) odamlarning eng saxiysi bo’lganlar. U kish ining huzurlarida dinor yoki dirham bo’lsa, uxlashga yotmaganlar. Agar biror narsa ortib qolsa va uni bergani odam bo’lmasa, o’sha narsadan qutulmagunlaricha, muhtoj odamga bermagunlaricha uxlamaganlar”. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Ruhiy tarbiya. Xulqlanish”. III kitob, 188-bet). 

6. Rasululloh (s.a.v.)ning go’zal sifatlaridan biri yosh bolalarga nihoyatda mehribon edilar. Ularni erkalatar, yig’lab qolmasligi uchun harakar qilardilar. Hatto namoz chog’i, bir bolakayni qiyomga tursalar ko’tarib olar, sajdaga borsalar qo’yib qo’yar edilar. Rasululloh (s.a.v.)ning namoz chog'i ham bag’irlarida mehrlarini tuygan ushbu bolakay kim edi? 
a) Nevaralari Hasan
b) Nevaralari Husayn
c) Asmoning farzandi Abulloh ibn Zubayr
d) Nevaralari Umoma 
e) Nevaralari Ummu Kulsum
To’g’ri javob: Nevaralari Umoma
Izoh: Qatoda al-Ansoriy rivoyat qiladilar, Rasululloh (s.a.v.) qizlari Zaynab va kuyovlari Abulosning farzandi Umomani ko’tarib namoz o’qir edilar. Sajda qilgana qo’yar, qiyomga tursalar ko’tarib olar edilar. (Sahihi Buxoriy, Sahihi Muslim). 

7. Rasululloh s.a.v. vafot etganlarida u zotning soch va soqollariga oq tushganmidi?
a) Oq tushgandi, sochlarining yarmi, soqollarining hammasi oqargandi.
b) Soch va soqollarida yigirmata ham oq tola yo’q edi.
c) Soch va soqollarining to’rtdan biri oqargandi.
d) U zotning sochlari Uxud jangidan so’ng oqara boshlagandi.
e) a va d javoblar to’g’ri.
To’g’ri javob: Soch va soqollarida yigirmata ham oq tola yo’q edi.
Izoh: Anas ibn Molik rivoyat qiladilar: “… Bas Alloh u zotni vafot qildirganida soch va soqollarida yigirmata ham oq tola yo’q edi” (Buxoriy, Muslim rivoyati, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Rasululloh s.a.v.”) 

8. Rasululloh s.a.v.ning qilichlarining sopi nimadan edi?
a) Temirdan
b) Oltindan
c) Kumushdan
d) Yog’ochdan
e) Misdan 
To’g’ri javob: Kumushdan
Izoh: Anas r.a.dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh s.a.v.ning qilichlarining sopi kumushdan edi”. (Abu Dovud, Termiziy, Nasaiy rivoyatlari, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Rasululloh s.a.v.”) 

9. Rasululloh s.a.v. qaysi sahoba haqiga “Allohim, uni dinda faqih qilgin!” deya duo qilgan edilar?
a) Abdulloh ibn Umar
b) Abdulloh ibn Abbos
c) Abdulloh ibn Zubayr
d) Abdulloh ibn Abu Bakr
e) Abdulloh ibn Mas’ud
To’g’ri javob: Abdulloh ibn Abbos
Izoh: Ibn Abbos r.a.dan rivoyat qilinadi: “Nabiy s.a.v. xaloga kirdilar. Men u zotga tahorat suvi quyib qo’ydim. Ul zot chiqqanlarida:
“Buni kim quydi?” deb so’radilar?.
Xabar berildi.
“Allohim, uni dinda faqih qilgin!” dedilar” (Buxoriy, Muslim rivoyati, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Rasululloh s.a.v.”) 

10. Rasululloh s.a.v. qaysi sahobaning qiroati haqida, “Senga Oli Dovudning mizmor (nay)laridan bir mizmor senga berilgan” deganlar?
a) Abdulloh ibn Mas’ud
b) Ka’b ibn Molik
c) Abu Muso Ash’ariy
d) Sa’d ibn Muoz
e) Muoz ibn Jabal
To’g’ri javob: Abu Muso Ash’ariy
Izoh: Abu Muso r.a.dan rivoyat qilinadi: 
“Rasululloh s.a.v. Abu Musoga:
“Kecha sening qiroatingni eshitayotganimni ko’rganingda edi. Batahqiq, Oli Dovudning mizmor (nay)laridan bir mizmor senga berilganda”, dedilar”. (Termiziy rivoyati, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Rasululloh s.a.v.”) 

11. Rasululloh s.a.v. itob qilsalar nima der edilar?
a) Unga nima bo’ldi? Peshonasiga tuproq!
b) Unga nima bo’ldi? Boshi egilgur!
c) Unga nima bo’ldi? Alloh rahmat qilgur!
d) Rasulullo s.a.v. itob qilmasdilar.
To’g’ri javob: Unga nima bo’ldi? Peshonasiga tuproq!
Izoh: Anas r.a.dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh s.a.v. fahshchi ham, la’natchi ham, so’kuvchi ham emas edilar. Itob qilsalar: “Unga nima bo’ldi? Peshonasiga tuproq”, der edilar. (Buxoriy rivoyati, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Rasululloh s.a.v.”) 

12. Qaysi qatorda Rasululloh s.a.v.ning ismlari keltirilgan?
a) Ahmad, Mohiy, Oqib, Amiyn, Rasul, Nabiy.
b) Muqaffiy, Zahuk, Fotih, Qattol, Qusam.
c) Ummiy, Mustafo, Mubashshir, Mutavakkil, Nazir.
d) Nabiyyur-rahmat, Xotimun nabiyyin, Sirohul-munir, Qosim.
e) a, b, c, d javoblar to’g’ri.
f) a va c javoblar to’g’ri.
To’g’ri javob: a, b, c, d javoblar to’g’ri.
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ismlari: Muhammad, Ahmad, Mohiy (Yo‘q qilguvchi - Alloh u bilan kufrni yo‘q qiladi), Oqib (So‘nggi – Undan keyin payg‘ambar kelmaydi), Amiyn (Omonatdor), Ummiy (Savodsiz), Rasul, Nabiy, Shohid, Zahuk (Sertabasssum), Fotih, Qattol (Islom diniga qurol bilan qarshi chiqqanlarni o‘ldirguvchi), Qusam (Barcha yaxshiliklarni o‘zida jamlagan), Mustafo(odamlarning Sarasi), Mubashshir (Bashorat beruvchi), Bashir (Bashorat beruvchi), Mutavakkil ( Allohga tavakkul qilgan), Muqaffiy (O’zidan avvalgi payg‘ambarlar hidoyatiga Izdosh), Nazir (Ogohlantiruvchi), Nabiyyur-rahmah (Rahmat payg‘ambari), Nabiyyut-Tasviyah (Inson huquqini taqvodan boshqa barcha narsalarda teng ko‘rgan payg‘ambar), Nabiyyul-malhamah (Jang payg‘ambari (janglarda shaxsan ishtirok etgan payg‘ambar)), Qosim (adolat bilan taqsimlovchi), Abdulloh (Allohning bandasi), as-Sirojul-Muniyr (porlagan Chiroq), Sayyidu valadi Odam (Odam farzandlarining Sayyidi), Sohibu livail-Hamd (Qiyomatda tikiladigan Hamd bayrog‘ining Egasi), Sohibu Maqomil-Mahmud (Maqtalgan Maqom Egasi), ad-Do’iy ilallohi biiznih (Alloh yo‘liga Alloh izni bilan Chorlovchi), Xotimun-nabiyyin (Oxirgi Payg‘ambar) va boshqa ismlar («at-Tabaqot» 1/ 83, 84; «Daloilun-nubuvvah» 1/ 151 – 161). 
 
13. Quyida keltirilgan sifatlardan Rasululloh (s.a.v.)ga tegishli bo’lmagan qatorni aniqlang.
a) O’rta bo’yli, yelkalari keng
b) Sochlari ko’p bo’lib, elkalariga tushib turgan
c) Ul zot qabz qilinganlarida soch va soqollarida yigirmata ham oq tola yo’q edi
d) Yurganlarida tikka yurar edilar
To’g’ri javob: Yurganlarida tikka yurar edilar
Izoh: “Rasululloh (s.a.v.) o’rta bo’yli, elkalari keng, sochlari ko’p bo’lib, elkalariga tushib turadigan kishi edilar”, “Ul zot qabz qilinganlarida soch va soqollarida yigirmata ham oq tola yo’q edi”. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ruhiy tarbiya. 3-kitob, 193 bet).

14. Rasululloh (s.a.v.)ning muborak sochlari qanday edi?
a) Sochlari to’lqin sifat bo’lib, ikki quloqlari bilan elkalari o’rtasida turardi
b) Juda jingalak ham, juda yumshoq ham emas edi, quloqlarining yarmiga tushib turgan
c) Ikki quloqlarining yumshoq yeriga tushib turgan
d) A va C javoblar to’g’ri
e) Barcha javoblar to’g’ri
To’g’ri javob: Barcha javoblar to’g’ri
Izoh: “Sochlari to’lqin sifat – juda jingalak ham, juda yumshoq ham emas edi. Ikki quloqlari bilan elkalari o’rtasida turardi”. Boshqa rivoyatda: “Quloqlarining yarmiga”, “Ikki quloqlarining yumshoq yeriga”, deyilgan. Bundan Rasululloh (s.a.v.)ning muborak sochlari yangi oldirilgan va o’sgan payti e’tiboridan, ba’zi vaqtlarda quloqlarining ust qismida, ba’zi vaqtda quloqlarining yumshoq joyiga barobar va ba’zida elkalariga tegib turadigan holatlar bo’lgani kelib chiqadi. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ruhiy tarbiya. 3-kitob, 198 bet).

15. Rasululloh (s.a.v.)nig taomdagi axloqlari qaysi qatorda to’g’ri ko’rsatilgan?
a) Agar ishtahalari tortsa yerdilar, ko’ngillari tusamasa, yemas edilar
b) Hech qachon, hech qanday taomni ayblamadilar
c) Yonboshlagan holda yemaganlar
d) Uchta barmoqlari bilan yer edilar va qo’llarini artishdan oldin yalar edilar
e) Barcha javoblar to’g’ri
To’g’ri javob: Barcha javoblar to’g’ri
Izoh: “Nabiy (s.a.v.) hech qachon, hech qanday taomni ayblamadilar. Agar ishtahalari tortsa yerdilar. Ko’ngillari tusamasa, tark qilar edilar”, Nabiy (s.a.v.) “Men yonboshlagan holimda yemayman” dedilar, “Nabiy (s.a.v.) uchta barmoqlari bilan yer edilar va qo’llarini artishdan oldin yalar edilar”. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ruhiy tarbiya. 3-kitob, 233-235 betlar). 

16. Rasululloh (s.a.v.)ning qo’l-oyoqlari qanday edi?
a) Uzun
b) Kalta
c) Yo’g’on
d) Ingichka
e) A va D javoblar to’g’ri
To’g’ri javob: Yo’g’on
Izoh: “Rasululloh (s.a.v.) novcha ham emas, pakana ham emas, qo’l-oyoqlari yo’g’on, boshlari katta, a’zolari katta, ko’krak junlari uzun edilar”. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Rasululloh (s.a.v.). 22-bet).

17. Rasululloh s.a.v. bashoratlariga ko’ra, iymon ham bora-bora qaysi shaharda to’planadi?
a) Makka
b) Madina
c) Yaman
d) Shom
e) Quddus
To’g’ri javob: Madina
Izoh: Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ilon o‘z inida kulcha bo‘lib yashirinib olgani singari iymon ham bora-bora Madinada to‘plang‘aydir»,- dedilar».
 
18. Rasululloh s.a.v.dan “Eng izzat-ikromli odam kim?” deb so’ralganda u zotni qaysi payg’ambarni e’tirof etganlar?
a) Ibrohim a.s.
b) Muso a.s.
c) Yusuf a.s.
d) Iso a.s.
e) Muhammad a.s.
To’g’ri javob: Yusuf a.s.
Izoh: Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Yo Rasulalloh Eng izzat-ikromli odam kim?» — deyishdi. Ul zot: «Eng taqvodor odamdur», — dedilar. «Biz sizdan bu haqda so‘rayotganimiz yo‘q», — deyishdi. Ul zot: «Yusuf nabiyyulloh», — dedilar».
 
19. Rasululloh s.a.v. kimga «Sen mening oldimda Horunning Muso alayhissalom oldilarida tutgan o‘rinlari kabi o‘rin tutmog‘ingga rozi bo‘lmaysanmi?!» deganlar?
a) Umar r.a.
b) Hamza r.a.
c) Ali r.a.
d) Abbos r.a.
e) UAbu Bakr r.a.
To’g’ri javob: Ali r.a.
Izoh: Ibrohiym ibn Sa’dning otalari rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hazrat Aliga: «Sen mening oldimda Horunning Muso alayhissalom oldilarida tutgan o‘rinlari kabi o‘rin tutmog‘ingga rozi bo‘lmaysanmi?!» — dedilar».
 
20. Rasululloh s.a.v. Qur’oni karimni o’rganinglar deya tavsiya etgan Abu Huzayfaning ozod qilingan quli kim edi?
a) Solim
b) Salama
c) Kilob
d) Ashja’
e) Abdulloh
To’g’ri javob: Solim
Izoh: Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Qur’onni (avvalo) Abdulloh ibn Mas’uddan, (so‘ng) Abu Huzayfaning ozod qilgan quli Solim, Ubay ibn Ka’b va Mu’oz ibn Jabaldan o‘rganingizlar!» — deb aytganlarini eshitdim».


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.