background
logotype
image1 image2 image3

5-bosqich. 4-tur: Rasululloh s.a.v.ning ayollari

V BOSQICH
4-tur: Rasululloh s.a.v.ning ayollari
Javoblar va izohlar


1. Oisha r.a. o’z qarindosh ayollarining to’yini qaysi oyda bo’lishini mustahab sanar edilar? Nima uchun?
a) Shavvol oyida, Payg’ambar s.a.v. bilan nikohlari shu oyda bo’lgani sababli
b) Ramazon oyida, Payg’ambar s.a.v. bilan Hadija r.a.ning nikohlari shu oyda bo’lgani sababli
c) Zulhijja oyida, Fotima r.a. va Ali r.a. nikohlari shu oyda bo’lgani sababli 
d) Safar oyida, Payg’ambar s.a.v. bilan Ramla binti Abu Sufyonning nikohlari shu oyda bo’lgani sababli
To’g’ri javob: Shavvol oyida, Payg’ambar s.a.v. bilan nikohlari shu oyda bo’lgani sababli
Izoh: Abu Ubayd ibn Musanna aytadilar: “Oisha onamiz r.a. o’z qarindosh ayollarining to’yi shavvolda bo’lishini mustahab sanar edilar. Rasululloh alayhi va sallam shavvolda meni o’z nikohlariga oldilar, shavvolda men bilan birga yashashni boshladilar, u zotning qay ayollari mendan ko’ra nasibaliroq, der edilar.” (“Hadis va Hayot”, 25 juz’, 64 bet).

2. Payg’ambar s.a.v. uylanmoqchiliklarini aytganlarida qaysi ayol uchta sabab bilan nikohga ro’yhushlik bermagan?
a) Ummu Salama r.a; rashk, yoshlari kattaligi va farzandlari sababli
b) Savda binti Zam’a r.a; rashk, yoshlari kattaligi va semizliklilari sabbali
c) Ramla binti Abu Sufyon r.a; rashk, farzandlari va orada katta masofa borligi sababli
d) Sofiya binti Huyay r.a; rashk, farzandlari va yoshlari kattaligi sababli
To’g’ri javob: Ummu Salama r.a; rashk, yoshlari kattaligi va farzandlari sababli
Izoh: “Ey Allohning Rasuli, sizga rag’bat qilmasligim mumkin emas, lekin men juda rashkchi ayolman, sizga yoqmaydigan narsa mendan sodir bo’lib, Allohning azobiga duchor bo’lmay, deb qo’rqaman. So’ngra yoshim katta bo’lib qoldi, buning ustiga, bollalarim bor”, dedim. Rasululloh alayhis salom: “Sen aytgan rashkni Alloh tezda ketkazadi. Yosh to’g’rida gapirsang, mening ham yoshim bir yerga borib qoldi. Bolalaring bo’lsa , ular mening ham bolalarim’, dedilar. (“Hadis va Hayot”, 25 juz’, 219 bet).

3. Rasululloh (s.a.v.) ning ayollaridan biri ko'pincha: "Meni qanchalik yaxshi ko'rasiz deb so'rardilar, "Arqonning tugunidek" deb javob berardilar u zot. Rasululloh (s.a.v.)ning "Arqon tugunidek" muhabbatlari sohibasi kim edi?
a) Sofiya (r.a)
b) Hafsa (r.a)
c) Ummu Salama (r.a)
d) Oisha (r.a)
e) Savda binti Zam'a (r.a)
To'g'ri javob: Oisha (r.a)
Izoh: "Ko'pincha Oisha onamiz Rasuli Akramdan: "Meni qanchalik yaxshi ko'rasiz?" - deb so'rar edi. U kishi: "Arqonni tugunidek" deb javob berardilar. "Ey Rasululloh, siz aytgan tugun qanaqa bo'ladi?" - derdi Oisha (r.a). "Tugundek tugun", - derdilar tabbasum bilan. (Abdulhamid Tahmoz, "Oisha (r.a) - Payg'ambarimiz (s.a.v.) ning suyukli ayoli").

4. Rasululloh (s.a.v.) bilan bobolari bir bo'lgan mo'minlar onasi kim edi?
a) Ummu Habiba (r.a)
b) Sofiya (r.a)
c) Zaynab binti Jahsh (r.a.)
d) Oisha (r.a)
e) b va c javoblar to'g'ri
To'g'ri javob: Zaynab binti Jahsh (r.a)
Izoh: "Zaynab binti onamiz (r.a) Rasululloh (s.a.v.) ga: "Ey Allohning Rasuli, men sizga uch narsa bilan erkaman. Ayyollaringizdan birortasi u narsalar ila erka bo'la olmaydilar:
- Mening bobom va sizning bobongiz bitta.
- Meni sizga Alloh azza va jalla osmondan nikohlagan.
- Oramizdagi elchi Jabroil (a.s) bo'lgan". (“Hadis va hayot”, 25-juz, 268-b).

5. Rasululloh (s.a.v.) Sofiya (r.a) ga uylanib Madinaga qaytganlarida u kishini Horisa ibn No'monning uyiga tushiradilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.) ning qaysi ayollari niqoblangan holda Sofiyani ko'rgani kelishadi?
a) Zaynab binti Jahsh (r.a), Hafsa (r.a)
b) Ummu Salama (r.a)
c) Juvayriya (r.a)
d) a, b va c javoblar to'g'ri 
e) a va c javoblar to'g'ri
To'g'ri javob: a va c javoblar to'g'ri.
Izoh: "Ummu Sinan Aslamiya (r.a) dan rivoyat qilinadi: "Madinaga yetib kelganimizda uylarimizga tushmadik. Sofiya bilan uning manziliga tushdik. Uning kelganini eshitib muhojir va ansorlarning ayollari kirib kela boshlashdi. Nabiy (s.a.v.) azvojidan to'rttasini: Zaynab binti Jahsh, Hafsa, Oisha, Juvayriyani niqoblangan holda kelganlarini ko'rdim. Zaynabning Juvayriyaga: "Ey binti Horis, bu joriya Rasululloh (s.a.v.) ning huzurlarida bizdan g'olib keladi deb o'ylayman", deganini, Juvayriya esa: "Yo'q, bu erining oldida nasiba topmaydigan ayyollardan", deganini eshitdim. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, "Nubuvvat xonadoni xonimlari". Hadis va hayot, 25-juz, 298-b).

6. Rasululloh (s.a.v.) ga e'tikof o'tirishda birinchi bo'lib ergashgan mo'minlar onasi kim? 
a) Savda binti Zam'a (r.a)
b) Oisha (r.a)
c) Hafsa (r.a)
d) Zaynab binti Jahsh (r.a)
e) a va b javoblar to'g'ri
To'g'ri javob: Zaynab binti Jahsh (r.a)
Izoh: "Zaynab binti onamiz (r.a) e'tikof o'tirishda ham Rasululloh (s.a.v.) ga birinchi ergashgan kishi hisoblanadilar. Buxoriy, Muslim va boshqalar Oisha (r.a) dan rivoyat qiladi: "Payg'ambar (s.a.v.) qachon e'tikof o'tirishni iroda qilsalar, bomdodni o'qib e'tikof joyga kirar edilar. U zot kapa qurishga amr qildilar. Bas, qurildi. Ramazonning oxirgi o'nligida e'tikofni iroda qilgan edilar. Zaynab ham o'ziga kapa qurishga amr qildi. U qurildi. Payg'ambar (s.a.v.) ning undan boshqa zavjalari ham o'ziga kapa qurishga amr qildilar va qurildi". (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, "Nubuvvat xonadoni xonimlari". Hadis va hayot, 25-juz, 267-b).

7. Hadija r.a. tomonlaridan Rasululloh s.a.v.ga yuborilgan sovchi kim edi?
a) Amr ibn Asad
b) Varaqa ibn Navfal
c) Abu Tolib
d) Nafisa binti Munayya
e) Maysara
To’g’ri javob: Nafisa binti Munayya
Izoh: Ibn Sa’d r.a. “Taboqot” nomli kitobida Nafisa binti Munayyadan rivoyat qiladilar: “Hadija binti Xuvaylid azmu qarorli, kuch-quvvatli, sharafli ayol edi….
Bir kuni Hadija binti Xuvaylid meni Muhammadning oldiga uning karvoni ila Shomdan qaytib kelganidan so’ng kishi bilmas yubordi. Men borib:
“Ey Muhammad, seni uylanishingga nima mone’lik qiladi?” dedim.
“Uylanish uchun qolimda hech narsa yo’q”, dedi.
“O’sha narsadan kifoyalansang va jamol, mol, sharaf va o’z tengingga da’vat qilinsang, xo’p deysanmi?” dedim.
“Kim o’zi u?” dedi.
“Hadiyja”, dedim.” (“Nubuvvat xonadoni xonimlari” 26-bet)
 
8. Qaysi mo’minlar onasi o’z singlisini Rasululloh s.a.v.ga taklif etadi? Bunga javoban Rasululloh s.a.v. “Na qizlaringiz va na singillaringizni menga taklif qilmangiz! Mening ularga uylanishim mumkin emas, Alloh taolo buni harom qilgan” deydilar.
a) Oisha binti Abu Bakr
b) Safiya binti Xoris
c) Ramla binti Abu Sufyon
d) Zaynab binti Jahsh
e) Hafsa binti Umar
To’g’ri javob: Ramla binti Abu Sufyon
Izoh: Ummu Habiba rivoyat qiladilar: «Yo Rasulalloh, Abu Sufyon qizi bo‘lmish singlimga uylaningiz!» — dedim. Ul zot: «Sen shuni istaysanmi?»—dedilar. Men: «Ha, sizga bul xususda qarshilik qilmayman, men singlimning baxtimga sherik bo‘lmog‘ini xohlayman!»—dedim. Ul zot: «Bu menga mumkin ermas»,— dedilar. Men: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo haqi, biz sizni Abu Salamaning «gavhar» qiziga uylanmoqchisiz deb gapirib yuribmiz»,— dedim. Ul zot: «Abu Salamaning qiziga?»—dedilar, Men: «Ha»,— dedim. Ul zot: «Hatto u mening qo‘l ostimda parvarish topmayotgan bo‘lganida ham, bu menga mumkin ermas, chunki u mening emishgan akamning qizi bo‘lib, Suvayba men birlan Abu Salamani emizgandur. Menga (ilgarigi erlaringizdan bo‘lgan) qizlaringiz birlan singillaringizni taklif qilmangizlar!» — dedilar». (Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy “Al jomi’ as-sahih” 3 juz. Nikoh kitobi, 388-bet. Toshkent 1994)

9. Avvalgi eri bo’lmish Ibn Xuzofa as-Sahmiy vafotidan so’ng qaysi onamiz Rasululloh s.a.v.ga nikohlandilar?
a) Zaynab binti Jahsh
b) Hafsa binti Umar
c) Savda binti Zam’a
d) Juvayriya binti Horis
e) Sofiya binti Huyay
To’g’ri javob: Hafsa binti Umar
Izoh: Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hazrat Umar kuyovlari Ibn Xuzofa as-Sahmiy Madinada vafot etib, qizlari Hafsa tul qolgan kezlarda bunday deb aytgan erdilar: «Usmon ibn Affonni uchratib, ul kishiga: «Agar istasangiz, Hafsani sizga nikohlab beraman»,— dedim. Usmon: «Bir o‘ylab ko‘raychi»,— dedi. Men bir necha kecha kutdim. Keyin, Usmon menga uchrab: «Shu kunlarda uylana olmaydirganga o‘xshayman»,— dedi. So‘ng, men Abu Bakr Siddiqni uchratib: «Agar istasangiz, Hafsani sizga nikohlab beraman»,— dedim». (Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy “Al jomi’ as-sahih” 3 juz. Nikoh kitobi, 405-bet. Toshkent 1994)

10. Rasululloh s.a.v. kimga uylanganlaridan keyin hijob oyati nozil bo’ldi?
a) Juvayriya binti Xoris
b) Oisha binti Abu Bakr
c) Maymuna binti Horis
d) Zaynab binti Jahsh
e) Zaynab binti Xuzayma
To’g’ri javob: Zaynab binti Jahsh
Izoh: Payg’ambarimiz s.a.v. Zaynab binti Jahshga uylanganlarida valiymani nikoh kechasining ertasiga qilgan ekanlar. Bu uylanish hodisasidagi eng mashhur voqealardan biri hijob oyatining nozil bo’lishi edi. (Hadis va hayot 25-juz. “Nubuvvat xonadoni xonimlari” 258-bet. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Sharq” nashriyoti 2007.)

11.  “… ayollari qanday yaxshi, ularning ilm olishidagi shijoatlariga ibolari to’sqinlik qilmaydi”. Ushbu hadis kimdan hamda kimlar haqida rivoyat qilingan? 
a) Oisha r.a, Ansor ayollari
b) Ummu salama r.a, Habashiston ayollari
c) Juvayriya r.a, Bani Mustaliq ayollari
d) Hafsa r.a. Quraysh ayollari
To’g’ri javob: Oisha r.a, Ansor ayollari. 
Izoh: Rasululloh (s.a.v)dan Ansorlardan bo’lmish Asma ismlik ayol shaxsiy masalalar borasida savollar so’rab, tegishli ilmlarga ega bo’ladi. Shunda Oisha (r.a) Ansor ayollarining ilmga olishga bo’lgan shijoati oldida ibolari to’sqinlik qilmasligini ko’rib hayron qoladi. (Sahih Muslim 3-kitob, 649-hadis) 

12. Oisha onamiz Rasululloh (s.a.v.)dan nechta hadis rivoyat qilganlar?
a) 2120
b) 1840
c) 2210
d) 2410
To'g'ri javob: 2210.
Izoh: Oisha onamiz Rasululloh (s.a.v.)dan 2210 ta hadis rivoyat qilganlar va bu sohada Abu Hurayradan so'ng turadilar (Hadis va Hayot 25 juz 137 b).

13. Az-Zuhriy aytadilar: “Agar Rasululloh (s.a.v.)ning barcha ayollarining ilmini va jamiki ayollarning ilmini to’plab turib …ning ilmiga solishtirsa, uning ilmi afzaldir”. Nuqtalar o’rnini to’ldiring.
a) Xadicha binti Xuvaylid
b) Savda binti Zam’a
c) Oisha binti Abu Bakr
d) Hafsa binti Umar
To’g’ri javob: Oisha binti Abu Bakr
Izoh: Az-Zuhriy aytadilar: “Agar Rasululloh (s.a.v.)ning barcha ayollarining ilmini va jamiki ayollarning ilmini to’plab turib Oishaning ilmiga solishtirsa, Oishaning ilmi afzaldir” (Hadis va Hayot 25 juz “Sayyida Oisha binti Abu Bakr fazllari” bo’limi).

14. Xadicha r.a. vafotlaridan keyin Rasululloh (s.a.v.)ga xotin bo’lgan birinchi ayol kim?
a) Ummu Salama
b) Savda binti Zam’a
c) Oisha binti Abu Bakr
d) Hafsa binti Umar
To’g’ri javob: Savda binti Zam’a
Izoh: Savda binti Zam’a Xadicha r.anho vafotlaridan keyin Nabiy (s.a.v.)ga xotin bo’lgan birinchi ayol edi (Hadis va Hayot 25 juz “Savda binti Zam’a fazllari” bo’limi).

15. Rasululloh (s.a.v.) zavjai mutohharalaridan qaysi birlari “Ummul masakin” (Miskinlarning onasi) nomini olgan?
a) Xadicha binti Xuvaylid
b) Savda binti Zam’a
c) Zaynab binti Xuzayma
d) Zaynab binti Jahsh
To’g’ri javob: Zaynab binti Xuzayma
Izoh: Zaynab onamizning laqablari “Ummul masakin” (Miskinlarning onasi) edi. U kishi miskinlarga ko’p yaxshilik qilganlari sababidan mana shu nomni olgan edilar (Hadis va Hayot 25 juz, “Zaynab binti Xuzayma fazllari” bo’limi).

16. Alloh taolo qaysi onamiz haqida: “Unga raj’at qil, u ko’p ro’za tutuvchi, kechasi ko’p namoz o’quvchi ayoldir, u jannatdagi xotiningdir” deb Rasululloh (s.a.v.)ga vahiy yuborgan?
a) Oisha binti Abu Bakr
b) Hafsa binti Umar
c) Zaynab binti Xuzayma
d) Safiya binti Xuyay
To’g’ri javob: Hafsa binti Umar
Izoh: Alloh taolo u zotga vahiy yuborib: “Hafsaga raj’at qil, u ko’p ro’za tutuvchi, kechasi ko’p namoz o’quvchi ayoldir, u jannatdagi xotiningdir” degan (Hadis va Hayot 25 juz “Hafsa binti Umar fazllari” bo’limi).

17. Rasululloh (s.a.v.) zavjai mutohharalaridan 84 yoshda, eng so’ng vafot etgan onamizning ismini toping:
a) Oisha binti Abu Bakr
b) Safiya binti Xuyay
c) Hafsa binti Umar
d) Juvayriya binti Horis
e) Hind binti Abu Umoma
To’g’ri javob: Hind binti Abu Umoma
Izoh: Ummu Salama (asl ismlari Hind binti Abu Umoma) onamiz hijriy ellik to’qqizinchi sanada, sakson to’rt yoshlarida vafot etdilar. U kishi mo’minlarning onalari ichida eng so’ng vafot etgan zotdirlar (Hadis va Hayot 25 juz, “Ummu Salama fazllari” bo’limi).
  
18. Quyida ko’rsatilgan Ummul-mu’minin (mo’minlar onasi)dan qaysi birlarining ismlari “Barra” bo’lgan, Rasululloh (s.a.v.) bu ismdan qaytarib boshqa ism bilan ataganlar.
a) Maymuna binti Horis
b) Juvayriya binti Horis
c) Zaynab bint Jahsh
d) Barcha javoblar to’g’ri
To’g’ri javob: Barcha javoblar to’g’ri
Izoh: Juvayriya(r.a.)ning ismlari Barra edi. Rasululloh (s.a.v.) Juvayriya deb o’zgartirdilar. Zaynab bint Jahsh (r.a.)ning ismlari Barra edi Rasululloh (s.a.v.) Zaynab deb o’zgartirdilar. Maymuna onamizning ismlari Barra bo’lgan Rasululloh (s.a.v.) Maymuna deb almashtirdilar. (Sahihi Muslim, Nubuvvat va risolat)

19. Rasululloh s.a.v dan oldin ul zotning ayollaridan kimlar olamdan o’tgan?
a) Maymuna bint al-Horis va Zaynab bint Huzayma
b) Ummu Salama va Xadicha r.a
c) Xadicha r.a va Zaynab bint Huzayma
d) Xadicha bint Xuvaylid va Zaynab bint al-Horis
To’g’ri javob: Xadicha r.a va Zaynab bint Huzayma
Izoh: Rasululloh s.a.v oila qurgan ayollar soni o’n bitta bo’lib, o’zlaridan oldin ulardan ikkitasi Xadicha bint Xuvaylid va Zaynab bint Xuzaymalar vafot etgan. (As-Siyra an-Nabaviya, 461-bet.)

20. Rasululloh s.a.v ning ayollari orasida qurayishlik bo’lganlari soni nechta?
a) 11 ta
b) 3 ta
c) 9 ta
d) 6 ta
To’g’ri javob: 6 ta
Izoh: Rasululloh s.a.v ning ayollari orasida qurayishlik bo’lganlari soni 6 tadir. Ular: Xadicha r.a, Oisha r.a, Hafza r.a, Ummu Habiba r.a, Ummu Salama r.a, Savda bint Zam’a lardir. (As-Siyra an-Nabaviya, 462-bet.)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.