background
logotype
image1 image2 image3

5-bosqich. 2-tur: Vidolashuv haji

V BOSQICH
2-tur: Vidolashuv haji
Javoblar va izohlar


1. Haj farz bo’lganidan so’ng Rasululloh (s.a.v.) qilgan ilk va o’z navbatida so’ngi hisoblanadigan haj qanday nom bilan yuritiladi?
a) Hajjatul-islom, Hajjatul-vado’
b) Hajji tamom
c) Hajji kamol
d) Yuqoridagi barcha javoblar to’g’ri
To’g’ri javob: Yuqoridagi barcha javoblar to’g’ri 
Izoh: Islom dinida haj farz bo’lganidan so’ng  Rasululloh (s.a.v.)ning birinchi qilgan hajlari  Hajjatul-islom nomini olgan. Bu hajda u zot ummatlari bilan xayrlashganlari uchun “Hallatul-vado’” deb ham yuritiladi. Unda Alloh Taoloning Moida surasi 3-oyati nozil bo’lgani uchun mazkur Haj “Hajjatul-tamom” va “Hajjatul-kamol” nomlarini ham olgan.
(Alixonto’ra Sog’uniy “Tarixi Muhammadiy”, Rashid Rizo “Sayyiduna Muhammad (s.a.v.)”).

2. Payg'ambarimiz (s.a.v.) haj safariga otlanganlarida Madinada o'rinlariga kimni qoldirib ketadilar?
a) Abdulloh Ummu Maktum r.a.ni
b) Abdulloh ibn Umar r.a.ni
c) Abu Dujona Ansoriy r.a.ni
d) Usmon ibn Abu Tolha Abdariy r.a.ni
To’g’ri javob: Abu Dujona Ansoriy r.a.ni
Izoh: Rasululloh zulqa’da oyining yigirma beshinchisi, ya’ni shanba kuni Madinada o‘rinlariga Abu Dujona Ansoriyni qoldirib yo‘lga chiqdilar. (“Nurul yaqiyn”)

3. Rasululloh (s.a.v.) qaysi sahobaga: “Siz men bilan endi ko’risholmasligingiz mumkin, balki mening masjidim va qabrim yonidan o’tarsiz” degan edilar?
a) Muoz ibn Jabal
b) Xolid ibn Valid
c) Abdulloh ibn Mas’ud
d) Ubay ibn Ka’b
To’g’ri javob: Muoz ibn Jabal. 
Izoh: Rasululloh (s.a.v.)ning qalblaridagi ichki bir tuyg’u u zotga dunyodagi vazifalari nihoyalab borayotgani haqida xabar bergandek bo’ldi. Binobarin, 10-hijriyda Muoz (r.a.)ni Yamanga kuzatayotganlarida aytgan so’zlari orasida: “Ey Muoz, siz men bilan endi ko’risholmasligingiz mumkin, balki mening masjidim va qabrim yonidan o’tarsiz”, degan so’zlar bor edi. Shunda, Muoz Rasululloh (s.a.v.)dan ajrab qolishini o’ylab yig’lagan edi (Ar-rahiq al-maxtum. Safiyurrahmon Muborakfuriy).

4. Rasululloh (s.a.v.) hajga qachon safarga chiqdilar?
a) Zulqa’da oyining 15-chisida.
b) Zulqa’da oyining 25-chisida.
c) Zulhijja oyining 5-chisida.
d) Zulhijja oyining 8-chisida.
To’g’ri javob: Zulqa’da oyining 25-chisida.
Izoh: Rasululloh (s.a.v.) hajga zulqa’da oyining yigirma beshinchi kunida safarga chiqdilar. (Ibn Hishom. “As-siyra an-nabaviya”).

5. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga vidolashuv hajida qancha odam ishtirok etgan?
a) 70 000 kishi
b) 100 000 kishi
c) 200 000 kishi
d) 300 000 kishi
To’g’ri javob: 100 000 kishi
Izoh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga vidolashuv hajida yuz ming kishi ishtirok etgan. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

6. Vidolashuv hajida borib kelguncha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tuyalarini yetaklovchi bo‘lgan sahoba kim edi?
a) Jobir ibn Abdulloh r.a.
b) Anas ibn Molik r.a.
c) Abu Hurayra r.a.
d) Usoma ibn Zayd r.a.
To’g’ri javob: Jobir ibn Abdulloh r.a.
Izoh: Jobir ibn Abdulloh vidolashuv hajida borib kelguncha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tuyalarini yetaklovchi bo‘lganlar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

7. Rasululloh s.a.v. Maqomi Ibrohimda ikki rakaat namoz o’qidilar. Ikki rakaatda qaysi suralarni qiroat qildilar?
a) Kafirun, Ixlos.
b) Falaq, Nos
c) Kavsar, Ixlos.
d) Fath surasi so’nggi, Hashr surasi so’nggi.
To’g’ri javob: Kafirun, Ixlos.
Izoh: So‘ngra Ibrohim alayhissalomning maqomlariga bordilar. «Va maqomi Ibrohimdan namozgoh tutinglar»ni qiroat qildilar. Keyin maqomni o‘zlari bilan Baytning orasida qildilar. Ikki rak’atda «Qul yaaa ayyuhal kafiruun» bilan «Qul huvallohu ahad»ni qiroat qildilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

8. Rasululloh s.a.v. vidolashuv xutbasini qaysi ulovlariga minib qildilar?
a) Azboa
b) Qasvo
c) Yarfa’
d) Bayzo
To’g’ri javob: Qasvo
Izoh: Quyosh (qiyomdan) oqqanda U zot Qasvoni olib kelishga amr qildilar. Unga minib vodiyning o‘rtasiga bordilar. Bas, odamlarga xutba qildilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

9. Rasululloh s.a.v. Arafotda vidolashuv xutbasini o’qigan kun qaysi edi?
a) Dushanba
b) Chorshanba
c) Juma
d) Shanba
To’g’ri javob: Juma
Izoh: Bomdod namozini o‘qib juma kuni Arafotga qarab yurdilar. Ana shu yili «hajji akbar» bo‘ldi. Hojilar juma kuni Arafotda bo‘lsalar, «hajji akbar»ni topadilar. (“Tarixi Muhammadiy”)

10. Arafotda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning so‘zlarini baland ovozda odamlarga yetkazib turgan sahoba kim edi?
a) Umar ibn Hattob r.a.
b) Bilol ibn raboh r.a.
c) Ubay ibn Ka’b r.a.
d) Rabi’a ibn Umayya r.a.
To’g’ri javob: Rabi’a ibn Umayya r.a.
Izoh: Arafotda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning so‘zlarini Rabi’a ibn Umayyya ibn Xalaf baland ovozda odamlarga yetkazib turgan edi. (“Rohiyq al-maxtum”)

11. Rasululloh (s.a.v) bir sahobani kutib ifoza (Arofatdan qaytish) ni kechiktirdilar. Bu esa ba'zilarning noroziligiga sabab bo'ldi. Rasululloh (sav) kimni kutgan edilar?
a) Ali ibn Abu Tolib (r.a) ni;
b) Abu Bakr (r.a) ni;
c) Usoma ibn Zayd (r.a) ni;
d) Fazl ibn Abbos (r.a) ni;
e) Sofiya (r.a) ni;
To'g'ri javob: Usoma ibn Zayd.
Izoh: "Rasululloh (sav) Usoma ibn Zaydni deb ifozani (Arafotdan qaytishni) kechiktirdilar. Uni kutib turdilar. Bas bir burni pachoq qora g'ulom keldi. Ahli Yaman "Hali shuni deb tutilib turdikmi?", dedilar". (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, "Peshqadamlar roziyallohu anhum". Hadis va hayot, 24-juz', 80-b).

12. Ali (r.a) "Vidolashuv haji" ga Yamandan keldilar. Ali (r.a) bilan kelgan kishilar Rasululloh (sav) ga u zotdan shikoyat qildilar. Ali (r.a) dan qilingan bu shikoyatning sababi nima edi?
a) Makkaga tezroq yetish niyatida safar davomida ularning xordiq chiqarishlariga izn bermaganlari uchun;
b) Makkaga tezroq yetish niyatida kechasi ham yurishga buyruq berganlari uchun;
c) Namozda faqat Ixlos surasini qiroat qilganlari uchun;
d) Odamlarning oldiga chiroyli bo'lib boraylik deb kiyib olgan yangi kiyimlarni yechishga buyruq berganlari uchun;
e) Qurbonlik tuyalarini ular o'rtasida teng taqsim qilmaganlar uchun.
To’g’ri javob: Odamlarning oldiga chiroyli bo'lib boraylik deb kiyib olgan yangi kiyimlarni yechishga buyruq berganlari uchun.
Izoh: "Ungacha vaqtinchalik amir odamlarning oldilariga bir holda bormaylik, ko'rganlarning ko'zlari quvonsin, deb kishilarning hammasiga yuklardan yangi va ziynatli kiyimlarni olib kiyishga amr bergan edi. Hammalari yaqin orada yo'q kiyimlarni kiyib, ko'rganning ko'zini o'ynatadigan bo'lib turganlarida Ali ibn Abu Tolib (r.a) kelib qoldilar. Bu holni ko'rib u kishining hushlari boshlaridan uchadi. Darhol amirga: "Sho'ring qursin, bu nima!?" dedilar. "Makkadagi birodarlari huzurlariga borsalar, deb navkarlarga yaxshi kiyimlarni kiygazib qo'ydim", dedi amir.  "Sho'ring qursin ularni Rasululloh (sav) ko'rmaslaridan yechintir", dedilar hazrati Ali ibn Abu Tolib (r.a). Hammalari yangi kiyimlarini yechdilar. Ammo hazrati Ali (r.a) ning ularga nisbatan qilgan bu ishlaridan noroziliklarini "yechmadi" lar. Uni ko'ngillariga tugib qo'ydilar. Makkai Mukarramada Rasululloh (sav) huzurlariga kirganlarida vaqtini topib, Ali ibn Abu Tolib (r.a) ustilaridan shikoyat qildilar va bo'lib o'tgan qissani so'zlab berdilar". (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, "Usmon va Ali roziyallohu anhumo". Hadis va hayot, 22-juz', 252-253 b).

13. Safar davomida Abu Bakr Rasululloh (s.a.v.) bilan ikkovlarining yemaklarini yuklagan tuya yo’qolib qolganida qaysi sahoba tuyani tutib keltirgan?
a) Abu Talha
b) Jobir ibn Abdulloh
c) Safvon ibn Muattal
d) Uqba ismli qul
To’g’ri javob: Safvon ibn Muattal
Izoh: Hazrati Abu Bakr tuyani tutib keltirgan odamga minnat tuyg’ulari-la boqdi. Oisha onamiz darrov u kishini tanidi. Bani Mustaliq safaridan qaytishda adashib yo’lda qolib ketganida uni topib keltirgan va afsuski, har xil mish-mishlar chiqishiga sabab bo’lgan Safvon ibn Muattal edi bu odam (Saodat asri qissalari, 4-kitob).

14. "Har bir narsa mukammal bo'lgandan so'ng, unga nuqson yetish boshlanadi." Ushbu so'zlarning muallifini toping?
a) Abu Bakr r.a
b) Umar ibn Hattob r.a
c) Usmon ibn Affon r.a
d) Ali ibn Abi Tolib r.a
To’g’ri javob 1: Umar ibn Hattob r.a
Izoh: Senga nima bo'ldi, ey Umar, nechuk yig'lamoqdasan? deb so'raldi. Shunda Hazrati Umar: Har bir narsa mukammal bo'lgandan so'ng, unga nuqson yetish boshlanadi. Men bu oyatni Payg'ambarimiz (s.a.v)ning vafotlari yaqinlashganida belgi deb bilmoqdaman dedilar. (Hadis va Hayot 21-juz 227-bet)
To’g’ri javob 2: Abu Bakr r.a
Izoh: - Nima bu ko‘zyoshlari, ey Abu Bakr?.. Nimaga yig‘layapsan? - deb so‘radilar.
- Yig‘layapman, chunki kamol zavolni taqozo etadi.
Modam din kamoliga yetibdi, modam vazifa tamom bo‘libdi, demak, endi ko‘chish hozirligini ko‘rish qolibdi. Har bir o‘tadigan singari sarvari koinot (s.a.v.) ham ko‘chish tayyorgarligini boshlayajaklar. Hazrati Abu Bakr bilan hazrati Umarni (Olloh ikkalalaridan ham rozi bo‘lsin) yig‘latgan narsa mana shunaqa tuyg‘ular edi. (“Saodat asri qissalari”)

15. Rasululloh s.a.v. o’z qo’llari bilan nechta tuyani bo’g’izladilar?
a) 40 ta
b) 70 ta
c) 63 ta
d) 100 ta 
To’g’ri javob: 63 ta
Izoh: Keyin qurbonlik so‘yiladigan joyga bordilar. Oltmish uchta tuyani o‘z qo‘llari bilan bo‘g‘izladilar. (“Rohiyq al-maxtum”)

16. Rasululloh (s.a.v.) Hajjatul vado’da o’z ahllari (oilalari) nomidan qanday qurbonlik amalga oshirdilar?
a) 100 ta tuya 
b) 20 ta sigir
c) 1 ta tuya
d) 1 ta sigir
To’g’ri javob: 1 ta sigir
Izoh: Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «… Nahr kuni uyimga ko‘p mol go‘shti tashlab ketishdi. Men sababini so‘raganimda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam barcha ayollari nomidan bir sigir qurbonlik qilganlarini aytishdi». (Sahihi Buxoriy, As-siyra an-nabaviyya)

17. Rasululloh (sav) qurbonlikdan forig' bo'lgach sartaroshni chaqirtirdilar. Unga o'ng taraflarini tutdilar, u sochlarini oldi va uni odamlarga bir-ikki toladan bo'lib berdilar. So'ngra chap taraflarini oldi. Rasululloh (sav) uni kimga berdilar?
a) Abu Bakr (r.a) ga;
b) Umar (r.a) ga;
c) Xolib ibn Valid (r.a) ga;
d) Talha ibn Ubaydulloh (r.a) ga;
e) Zayd ibn Sahl (r.a) ga.
To'g'ri javob: Zayd ibn Sahl.
Izoh: "Rasululloh (sav) qurbonlikdan forig' bo'lgach sartaroshni chaqirtirdilar. Unga o'ng taraflarini tutdilar, u sochlarini oldi va uni odamlarga bir va ikki toladan bo'lib berdilar. So'ngra chap taraflarini oldi. Uni Abu Talha (Zayd ibn Sahl) ga berdilar". (Sofiy ar-Rohman al-Muborakfuriy, "Ravzatul anvar fi siyrat an-Nabiy al-muxtor". 202-b).

18. Rasululloh (s.a.v.) muborak boshlarining peshona tomondan olingan sochlari qaysi sahobaga berildi?
a) Abdulloh ibn Mas’ud
b) Xolid ibn Valid
c) Ali ibn Abi Tolib
d) Abu Talha
To’g’ri javob: Xolid ibn Valid
Izoh: Peshona tomonidan olingan sochlarni Xolid ibn Valid so’radi. “Allohning qilichi” nomini olgan bu ulug’ sahobiyning istagi qondirildi (Saodat asri qissalari, 4-kitob).

19. Quyida keltirilgan oyatlarning qaysi biri Hajjatul vado’da nozil bo’lgan?
a) Baqara surasining 281-oyati
b) Moida surasining 3-oyati
c) Nasr surari
d) b va c javoblar to’g’ri
e) a, b va c javoblar to’g’ri
To’g’ri javob 1:   a, b va c javoblar to’g’ri
Izoh: Baqara surasining 281-oyati Hajjatul vado’da Minoda nozil bo’ldi. Moida surasining 3-oyati juma kuni Arafotda nozil bo’ldi. Nasr surasi Minoda nozil bo’ldi, u oxirigi nozil bo’lgan sura hisoblanadi. (Tafsiri Qurtubiy, Tafsiri Jalolayn)
Abu Dovud hasan sanad bilan Sarro’ bint Nahbondan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ru’us kuni (tashriq kunlarining ikkinchisi) bizlarga xutba qilib: «Bu tashriq kunlarining o‘rtasi emasmi?!», dedilar. Bu kundagi xutbalari ham xuddi qurbonlik kunidagi xutbalaridek bo‘ldi. Bu xutbalarini «Nasr» surasi nozil bo‘lishi ortidan qildilar. (Rohiyq al-maxtum)
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam vidolashuv hajini ado etaroq Arafot turarkanlar Alloh taolo U zotga Moida surasidagi: «Bugungi kunda Men sizning diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim», oyatini nozil qildi. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)
To’g’ri javob 2:   b va c javoblar to’g’ri
Izoh: Allohga qaytariladigan kuningizdan qo'rqing. So'ngra har bir jon qilganiga yarasha to'liq oladur. Ularga zulm qilinmas. (Baqara, 281)
Qur'on ilmlari bilan shug'ullangan ulamolar ushbu oyati karima Alloh tushirgan oyatlar ichida eng oxirgi oyat ekanligini bayon qilganlar. Ibn Jurayjning aytishlaricha, Payg'ambar alayhissalom ushbu oyati karima nozil bo'lgandan so'ng 9 kun yashaganlar, xolos. (“Tafsiri Hilol”)

20. Rasululloh (s.a.v.)ning Hajjatul vada’da vafot etgan ulovlari qaysi javobda to’g’ri ko’rsatilgan?
a) Qasvo
b) Duldul
c) Murtajiz
d) Ya’fur
To’g’ri javob: Ya’fur
Izoh: Rasululloh (s.a.v.)ning Ya’fur nomli eshaklari bo’lib, u Hajjatul vado’da o’ldi. ( Rashid Rizo “Sayyiduna Muhammad (s.a.v.).


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.