background
logotype
image1 image2 image3

4-bosqich. 9-tur: Tabuk g’azoti. 2-qism

IV BOSQICH
9-tur: Tabuk g’azoti. 2-qism
Javoblar va izohlar


1. Rasululloh s.a.v. Tabuk g’azotiga qaysi kuni yo’lga chiqdilar?
a) Dushanba
b) Payshanba
c) Juma
d) Shanba
To’g’ri javob: Payshanba
Izoh: Ka’b ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam panjshanba kuni Tabuk g‘azotiga chiqdilar, (chunki) ul zot panjshanba kuni g‘azotga chiqmoqni xush ko‘rur erdilar». («Sahihi Buxoriy»)

2. Tabuk g’azoti yana qanday nom bilan yuritiladi?
a) Rum g’azoti
b) Al-Usra g’azoti
c) Al-Hijr g’azoti
d) At-Taymo’ g’azoti
To’g’ri javob: Al-usra g’azoti
Izoh: Abu Muso raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «O’rtoqlarim meni Janob Rasulullohdan ulov so‘ramoqqa yuborishdi, ul zot Al-Usra qo‘shini, ya’ni Tabuk g‘azoti haqida tashvishlanib o‘ltirgan erkanlar. Men: «Yo Rasulalloh! O’rtoqlarim meni ulov so‘rab kelgil, deb xuzuringizga yuborishdi»,— dedim. Ul zot: «Olloh taolo haqi, birorta ham ulov bera olmayman!» — dedilar g‘azablanib, lekin nega g‘azablanganlarini bilolmadim. (Sahihi Buhoriy 90-bet)

3. Abu Muso Ash’ariy qanday takilif bilan Rasululloh s.a.v. huzurlariga kelgan edi?
a) Rum ayollarining fitnasiga tushib qolishdan panoh tilab
b) O’zi va qabilasi uchun ot-ulov olishga
c) Munofiqlar to’planayotgan yahudiyning uyini yoqish taklifi bilan 
d) Tabuk g’azotida u va uning do’stlari qatnashishini aytish uchun
To’g’ri javob: O’zi va qabilasi uchun ot-ulov olishga
Izoh: Ey Ollohning rasuli, bizga ulov topib bering, - deyishdi. Aksiga olib, ortiqcha ot-ulovqolmagan edi.
- Vallohi, sizlarni bironta ulovga mindirolmayman, - deb javob qildilar. Ko‘zlarda yosh bilan tarqalishdi. Bu ko‘zyoshlar payg‘ambarlar sultoni bilan g‘azotda birga bo‘la olmaslik alami yurakka qilgan xurujining natijalari edi.
Yana bir guruh insonlar ichlaridan bittalarini vakil qilib, Rasulullohga (s.a.v.) borishga qaror qilishdi. Oldingilarga berilgan javobdan xabarlari yo‘q edi bularning. Abu Muso Ash’ariy ham qabilasi nomidan xuddi shu masalada Janobimiz bilan uchrashdi va u ham do‘stlariga oldingiday javobni yetkazishga majbur bo‘ladi. (“Saodat asri qissalari” 4-kitob, 156-bet)
 
4. Tabuk g’azotida Rasululloh s.a.v. qarshi reja tuzgan 12 ta munofiqning ismini Payg’ambar a.s. kimga aytganlar?
a) Hech kimga aytmadilar
b) Abu Bakr r.a.ga aytdilar
c) Ummu Salama r.a.ga atdilar
d) Huzayfa r.a.ga aytdilar
To’g’ri javob: Rasulullohning sirlari sohibi Huzayfa r.a.ga aytdilar
Izoh: Ammor ham, Abu Huzayfa ham hech birini ilg‘ay olishmadi. Payg‘ambarlar sarvari (s.a.v.):
- Ularni ilg‘adilaringmi? - deb so‘radilar.
- Yo‘q, ey Ollohning rasuli, ilg‘ayolmadik. Ammo tuyalaridan ba’zilarini taniganday bo‘ldik, - deyishdi. Saldan keyin Janobimiz (s.a.v.) Abu Huzayfa bilan yolg‘iz qolib, bu munofiqlarning ismlarini unga bittama-bitta aytib berdilar va:
- Aslo birovga aytako‘rma! - deb ogohlantirdilar.
Bundan buyon Abu Huzayfa sir xumi o‘laroq yashayajak, payg‘ambarlar sultoniga juda yaqin odamlarga ham bu mavzuda hech narsa aytmayajak. (“Saodat asri qissalari” 4-kitob)

5. Islomiy qo‘shin Tabukka qarab borar ekan, yo‘lda Hijrdan – xarsang toshlarni kesib o‘zlariga uylar solib olgan Quro vodiysidan – o‘tdilar. Bu yerda itoatsiz qaysi qavm halokatga uchragan edi?
a) Od
b) Samud
c) Lut
d) Madyan
To’g’ri javob: Samud
Izoh: Islomiy qo‘shin Tabukka qarab borar ekan, yo‘lda Hijrdan – xarsang toshlarni kesib o‘zlariga uylar solib olgan Samud qavmi diyori bo‘lmish Quro vodiysidan – o‘tdilar. U yerdagi quduqdan suv ichmoqchi bo‘lganlarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Uning suvidan ichmanglar, tahorat ham olmanglar! O’sha suvdan xamir qorgan bo‘lsangiz, uni tuyalarga berib yuboringlar, undan o‘zlaringiz yemanglar!», deb buyurdilar va Allohning payg‘ambari Solih alayhissalomning tuyalari suv ichgani keladigan quduqdan suv tortib ichishga buyurdilar. (“Rohiyq al-maxtum”)

6. Musulmonlar qavmi Tabuk chashmasidan Rasululloh s.a.v. mo’jizalari bilan to’yib suv ichdilar. Shunda Rasululloh s.a.v. kimga «Ey …, agar umring uzun bo‘lsa, mana shu atroflarni bog‘-rog‘ bilan to‘lganini ko‘rasan», dedilar?
a) Muoz ibn Jabal r.a.ga
b) Sa’d ibn Muoz r.a.ga
c) Muoz ibn Horis r.a.ga
d) Muoz ibn Amr r.a.ga
To’g’ri javob: Muoz ibn Jabal r.a.ga
Izoh: Tabukka yaqin qolganida: «Inshoolloh, ertaga Tabuk chashmasiga yetib borasizlar. Unga choshgoh mahalidagina yetib borasizlar. Kim avval yetib borsa, to men bormagunimcha uning suviga qo‘l tekkizmasin!», dedilar. Muoz aytadi: «Biz borganimizda ikki kishi avvalroq yetib kelgan ekan. Buloqdan oyoq kiyimning ipidek ingichka bo‘lib, ozgina suv oqib chiqayotgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam haligi ikkovidan: «Buloq suviga tegdilaringmi?», deb so‘radilar. Ular: «Ha», deyishdi. Ularni koyib, Alloh istaginicha so‘zlarni aytdilar. So‘ng buloqdan hovuchlarida oz-ozdan suv olib, bir oz miqdorda suv to‘plab, u bilan yuz-qo‘llarini yuvdilar, keyin uni buloqqa qaytarib to‘kkan edilar, undan to‘lib-toshib suv chiqa boshladi. Hamma shu suvdan bahramand bo‘ldi. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey Muoz, agar umring uzun bo‘lsa, mana shu atroflarni bog‘-rog‘ bilan to‘lganini ko‘rasan», dedilar. (“Sahihi Muslim”)

7. Rasululloh (sav) Tabukka yetib kelganlarida nima qildilar?
a) Allohdan g’alaba ato qilishini so’rab 2 ra’kat hojat namozi o’qidilar;
b) Allohdan g’alaba ato qilishini so’rab 4 ra’kat hojat namozi o’qidilar;
c) Uzun xutba o’qidilar;
d) a va c javoblar to’g’ri
To’g’ri javob: Uzun xutba o’qidilar.
Izoh: Rasululloh (sav) Tabukka yetib kelganlarida uzun xutba o’qidilar. (Sulaymon ibn Muhammad al-Luhaymid, “Al-Anvar fi siyrat an-nabiy al-muxtor”. 53-bet)

8. Janobimizning: "Ey Abdulloh! Bir g'azotga chiqqaningda o'tli hastalikka chalinib o'lasan-da, shahid bo'lasan… Yoki uloving seni yiqitib bo'yning sinadi va o'lasan-da, shahid bo'lasan…", degan kunlaridan beri doim ikki holdan birini kutib yurgan va Tabukda bu martabaga yetishgan Abdulloh ibn Zulbijodayni qaysi qabila vakili edi?
a) Bani Asfar
b) Muzayna
c) G'ifor
d) Huzayl
To’g’ri javob: Muzayna
Izoh: … - sen kimsan? – deb so’radilar Rasuli akram s.a.v.
- Muzayna qabilasidan Abdul Uzzo bo’laman…
- Sening isming bugundan boshlab Abdulloh Zulbijadayn bo’lsin? – deb marhamat qildilar Rasululloh s.a.v. 
… - Ey, Allohning payg’ambari, men shahid bo’lishni orzu qilardim.
- G’azotga chiqqaningda haroratli bir xastalik senga yopishadi-da, o’lasan va shahid bo’lasan. Uloving seni yiqitadi-da, bo’yning sinib o’lasan va shahid bo’lasan… (“Saodat asri qissalari”, 4-kitob, 231-232-betlar)

9. Rum lashkari  nima sababdan va qayerdan ortiga qaytib ketdi?
a) Rum askarlariga qo’shilgan arab qabilalari tarqab ketgani sababli Tabukka 3 kunlik yo’l qolganda ortiga qaytib ketdi;
b) Urush qilishga qo’rqib, Dimashqdan qaytib ketdi;
c) Rasululloh (sav) qaytib ketganilari haqidagi xabarni eshitib, Vodil Quro’dan qaytib ketdi;
d) Hiraql tushida Rasululloh (sav) uni mag’lub qilganlarini ko’rdi va urush qilishga yuragi dov bermay Dimashqdan qaytib ketdi;
e) Hiraql tushida Rasululloh (sav) uni mag’lub qilganlarini ko’rdi va urush qilishga yuragi dov bermay Vodil Qurodan qaytib ketdi;
To’g’ri javob: Urush qilishga qo’rqib, Dimashqdan qaytib ketdi.
Izoh: Rasululloh (sav) askar tortib Tabukkacha bordilar. O’sha yerda Rum podshosi u zotning yo’lga chiqqanlarini eshitib, urush qilishga yuragi dov bermay, Dimashqdan qaytib ketganligi haqida xabar keldi. Payg’ambar (sav) Alloh taologa hamd aytib, ortga qaytdilar. (Hadis va hayot: “Usmon Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhumo”. 22-juz, 39-bet)

10. Rasululloh (s.a.v) Tabukda turganlarida buzib tashlash uchun amr qilgan Vadd buti qaysi qabilaga tegishli edi?
a) Bani Kalb
b) Bani Kinda
c) Bani Vadd
d) Bani Asfar
To’g’ri javob: Bani Kalb
Izoh: Rasululloh s.a.v. Tabukda turganlarida Xolid ibn Validni Davmatul Jandaldagi mashhur but Vaddni buzib tashlash uchun yubordilar. U Bani Kalb urug’ining buti edi. (“Hadis va hayot” 24-juz, 397-bet)

11. Ma’lumki, nihoyatda muhtoj bo’lgani sabab g’azotlarda qatnasha olmaganlar 7 kishilik guruh bor edi. Ular ichida birginasi “Badr” g’azotida qatnashgan edi. U kim?
a) Ulba ibn Zayd (r.a.)
b) Solim ibn Umayr (r.a.)
c) Irboz ibn Soriya (r.a.)
d) Salma ibn Saxr (r.a.)
To’g’ri javob: Solim ibn Umayr (r.a.)
Izoh: Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga “Yig’loqilar” nomini olgan yettilik keldi. Ular Solim ibn Umayr (r.a.), u Badrda ishtirok etgan, Haramiy ibn Amr, Ulba ibn Zayd, Abu Laylo Abdurrahmon ibn Ka’b, Amr ibn Ataba, Salma ibn Saxr, Irboz ibn Soriya edilar. (“Mag’oziy”). 

12. Rasululloh(s.a.v) g'azotdan qaytganidan keyin  Allohdan shahidlikni so'rab duo qilgan Abdurrahmon kim edi?
a) Gulas ibn Robiy'
b) Qusva ibn Hanzala
c) Muxassho ibn Humayr
d) Abdurrahmon ibn Ka'b
To’g’ri javob: Muxassho ibn Humayr
Izoh: Ushbu oyatda, avf qilinadi, degani Muxashsho ibn Xumayrdir. U Abdurrahmon ismini oldi va Allohdan shahid bo’lishni va qayerda o’lganini bilinmasligini so’radi. (“Hadis va hayot” 19-juz, 423-bet)

13. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Xolid ibn Validni Davmatul Jandal hokimi Ukaydirni tutib, fath etib kelishga necha otliq bilan jo’natdilar?
a) 100
b) 240
c) 420
d) 500
To’g’ri javob: 420
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Xolid ibn Validni 420 otliq bilan Duvmatul Jandal hokimi Ukaydir huzuriga yubordilar va unga: «Siz uni sigir ovlayotgan holda topasiz», dedilar. (“Rohiyq al-maxtum”)

14. Sulh shartnomasiga muvofiq Dovmatul Zandal hokimi Ukaydir qancha tuya beradigan bo’ldi?
a) 1000 ta 
b) 2000 ta 
c) 3000 ta
d) 4000 ta
To’g’ri javob: 2000 ta 
Izoh: Sulhga ko’ra u 2000 ta tuya, 800 bosh qul-cho’ri, 400 ta sovut, 400 ta nayza berdi va jizya to’lashga rozi bo’ldi. (“Rohiqul Maxtum”)

15. Tabukda Ayla hokimi janob Rasululloh s.a.v.ga oq hachir hadya qildi. Javob Rasululloh s.a.v. bunga javoban unga nima tortiq qildilar?
a) Qizil tuya
b) Ipak kiyim
c) Oq rido
d) Qizil xamisa
To’g’ri javob: Oq rido
Izoh: … Tabukka yetganimizda Janob Rasululloh: «Shu kecha qattiq shamol qo‘zgaladirg‘on ko‘rinadir, bittangiz ham turmangiz! Kimning tuyasi bo‘lsa, bog‘lab qo‘ysin!»,- dedilar. Biz tuyalarni bog‘lab qo‘ydik. Keyin, qattiq shamol qo‘zg‘aldi. Bir kishi o‘rnidan turgan erdi, shamol uchirib ketib, Tay’ tog‘iga olib borib tashladi. (Shamol tingach) Ayla podshosi Nabiy sallallohu alayhi va sallamga bitta oq xachir hadya qilib yubordi. Janob Rasululloh Ayla podshosiga elchisi orqali rido (kiyim) tortiq qilib, «Dengiz sohilida odamlari birlan shay bo‘lib tursin!» degan mazmunda noma ham bitib, berib yubordilar... (“Sahihi Buxoriy”)

16. Tabuk g’azoti kuni o’zi yollagan xizmatkor bilan urushib, uning qo’lini tishlab olgan va kurak tishidan ayrilib Rasululloh s.a.v.ga ko’rsatgan sahoba kim edi? 
a) Lumayd So’idiy r.a.
b) Mug’iyra ibn Shu’ba r.a.
c) Ya’lo ibn Umayya r.a.
d) Abu Humayd r.a.
To’g’ri javob: Ya’lo ibn Umayya r.a.
Izoh: Ya’lo ibn Umayya raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga Tabuk g‘azotiga chiqdim. (Keksaligim boisidan ulovim va narsalarimga qarab yursin, deb) bir kishini o‘zimga xizmatkorlikka yolladim. (U mendan o‘zining xizmat haqi qanchaligini so‘radi). Men: «Uch dinor», — dedim. Shunda u (achchig‘lanib) bir kishi birlan (ya’ni, Ya’loning o‘zlari birlan) urishib ketdi. Natijada, urushayotganlarning biri (ya’ni, Ya’loning o‘zlari) ikkinchisining qo‘lini tishlab oldi. Qo‘li tishlangan kishi (ya’ni, yollangan kishi) tishlab olgan kishining og‘zidan qo‘lini tortib olgan erdi, uning kurak tishi sug‘urilib chiqdi. Keyin, (tishi sug‘urilib chiqqan kishi) Janob Rasulullohning qoshlariga borib, tishini (oldilariga) quydi. Shunda ul zot: «Qo‘lini senga uzatsa, ayg‘ir kabi tishlab olasanmi?!» — dedilar». (“Sahihi Buxoriy”)

17. «Boshqalar esa, gunohlarini e’tirof qildilar, ular yaxshi va yomon amalni aralashtirib qilganlardir», degan oyati kimning qilmishi haqida nozil bo'lgan?
a) Abu Luboba va uning sheriklari haqida.
b) Tabukka bormagan munofiqlar haqida.
c) Qo'shindan ortda qolib ketganlar haqida.
d) Masjidi Ziror voqeasi haqida.
To’g’ri javob: Abu Luboba va uning sheriklari haqida.
Izoh: Bu oyatning nozil bo‘lish sababi haqida Ibn Jarir Tabariy roziyallohu anhu Ubayd ibn Salmondan qilgan rivoyatda quyidagilarni aytadi: 
«Az-Zahhokdan Allohning: «Boshqalar esa, gunohlarini e’tirof qildilar, ular yaxshi va yomon amalni aralashtirib qilganlardir», degan oyati to‘g‘risida quyidagilarni eshitdim: 
«Bu oyat Abu Luboba va uning sheriklari haqida nozil bo‘lgan. Ular Tabuk g‘azotiga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan birga bormay ortda qoldilar.  (Hadis va Hayot: Nubuvvat va Risolat)

18. Qaysi qabila bilan mahsulotning to’rtdan birini hiroj tariqasida berishga kelishildi?
a) Jarbo’
b) Mino
c) Ayla
d) Yuhanno
To’g’ri javob: Mino 
Izoh: Mino aholisi musulmonlarga mahsulotining to‘rtdan birini berish sharti bilan kelishim imzolandi. (Nurul yaqin 135-bet)
 
19. Masjidi Ziror kimning buyrug’i bilan qurildi?
a) Ubay iobn Salulning
b) Abu Omirning
c) Vodiy’a ibn Sobitning
d) Yahudiy Suvaylimning
To’g’ri javob: Abu Omirning
Izoh: Shunda Abu Omir ansoriylar ichidagi o‘z qavmidan bo‘lgan munofiqlarga xat yozib, askar bilan kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yengishini aytdi. Ularga turli va’dalar berdi. Hamda ularga biror markaz bo‘ladigan joy qurishni buyurdi. Toki undan xat olib boradiganlar o‘sha joyda uchrashsinlar. Keyinroq o‘zi kelganda ham o‘sha maskan kuzatish joyi bo‘lsin. 
Bu xatdan keyin haligi munofiqlar Qubo masjidi yaqinida bir masjid qura boshladilar. (Hadis va Hayot: Nubuvvat va Risolat)

20. Qur’oni karim oyatlari ila tavbalari qabul qilingan uch kishi kim edi?
a) Ka’b ibn Molik, Murora ibn Rabi’, Hilol ibn Umayya.
b) Vodiy’a ibn Sobit, Muxashsho ibn Humayr, Abu Luboba.
c) Abu Laylo Abdurrahmon ibn Ka’b, Amr ibn Ataba, Salma ibn Saxr.
d) Solim ibn Umayr, Haramiy ibn Amr, Ulba ibn Zayd.
To’g’ri javob: Ka’b ibn Molik, Murora ibn Rabi’, Hilol ibn Umayya.
Izoh: Ammo, uch nafar chin mo‘minlar – Ka’b ibn Molik, Murora ibn Rabi’ va Hilol ibn Umayya – esa to‘g‘risini, ya’ni hech qanday uzrsiz qolishganini aytishga qaror qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalarni bu uch kishi bilan gaplashishdan man qildilar. Ulardan batamom aloqalar uzib qo‘yildi, ularga nisbatan musulmonlarning muomalalari o‘zgardi. Yer ham ularni sig‘dirmay qoldi, keng yer ko‘zlariga tor bo‘lib, juda og‘ir va tang ahvolda qoldilar. Jazo choralari boshlanganidan qirq kun o‘tgach, ularga ayollaridan ham chetlanish buyurildi. Faqat ellik kundan keyingina Alloh taolo ularning tavbalarini qabul qilib, oyat nozil qildi. (“Rahiyq al-maxtum”)


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.