background
logotype
image1 image2 image3

4-bosqich. 8-tur: Tabuk g’azoti. 1-qism

IV BOSQICH
8-tur: Tabuk g’azoti. 1-qism
Javoblar va izohlar


1. Rasululloh (sav) Hiraql rumliklardan katta qo’shin to’playotgani haqidagi xabarni eshitib, sahobalarga Rumga qarshi g’azotga tayyorlanishni buyurdilar. Manbalarda kelishicha ushbu g’azotga chiqishlarining yana bir sababi nima edi?
a) Ba’zi arab qabilalarining rum askarlari safiga qo’shilishi;
b) Zayd ibn Horisaning o’chini olish;
c) Ja’far ibn Abu Tolibning o’chini olish;
d) Abdulloh ibn Ravohaning o’chini olish;
e) Barcha javoblar to’g’ri
To’g’ri javob 1: Ja’far ibn Abu Tolibning o’chini olish.
Izoh: Rasululloh (sav) Hiraql rumliklar va o’ziga qarashli arab qabilalaridan qo’shin to’playotganini eshitib, ularga qarshi g’azotga otlandilar. Yana Ja’far ibn Abu Tolibning o’chini olish uchun ham deyiladi. (Sulaymon ibn Muhammad al-Luhaymid, “Al-Anvar fi siyrat an-nabiy al-muxtor”. 53-bet)

2. Tabuk qayerda joylashgan?
a) Madina bilan Shomning qoq o’rtasida joylashgan
b) Shom bilan Vodil Quroning orasida joylashgan
c) Madina bilan Vodil Quro orasida joylashgan
d) Madinadan 20 kunlik uzoqda joylashgan
To’g’ri javob 1: Shom bilan Vodil Quroning orasida joylashgan.
Izoh: Tabuk Shom bilan Vodil Quroning orasida joylashgan joydir. (Rashid Rizo, “Sayyidina Muhammad s.a.v”. 344-bet)
To’g’ri javob 2: Madina bilan Shomning qoq o’rtasida joylashgan
Izoh: "Uzoq va xorituvchi bir yurishdan so'ng Islom qo'shini Madina bilan Shomning naqd o'rtasida Tabuk deyiluvchi joyga yetib keldi". ("Hazrati Payg'ambarimiz va islom dini", 142-bet)

3. Payg'ambar (s.a.v) islom lashkarlari bilan Tabuk jangiga otlanayotganida 2 kishi: "Bani Asfarga qarshi urushish turli arboblarning bir-birlari bilan urushiga teng, deb o'ylaysizlarmi? Allohga qasamki, bizga xuddi ertaga arqonga bog'langan holingiz ko'rinyapti", deb mo'minlarni qo'rqitadi. Mazkur kishilar kim edi?
a) Ubay(yoki Abdulloh) ibn Sulul va Gulas ibn Robiy'
b) Solim ibn Maqis va Abul Hasan ibn Habbor
c) Qusva ibn Hanzala va Asvad ibn Simok
d) Vodiy'a ibn Sobit va Muxashsho ibn Humayr
To’g’ri javob: Vodiy'a ibn Sobit va Muxashsho ibn Humayr
Izoh: Nabiy s.a.v. Tabuk g’azotiga jo’nayotganlarida bir guruh munofiqlar, jumladan, Vodi’a ibn Sobit va Muxashsho ibn Humayr ham birga edilar. Ular bir-birlariga: “Bani Asfarga qarshi urushish turli arboblarning bir-birlari bilan urushiga teng deb o'ylaysizlarmi? Allohga qasamki, bizga xuddi ertaga arqonga bog'langan holingiz ko'rinyapti” deb qo’rqitdilar. (“Hadis va hayot” 19-juz, 423-bet)

4. Munofiqlar kimning uyiga to'planib, musulmonlarni Tabukdan qaytarishga harakat qildilar?
a) Abu Uqaylning
b) Abu Hanzalaning
c) Suvaylimning
d) Abu Ya'loning
e) Abdulloh ibn Salulning
To’g’ri javob: Suvaylimning
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ba’zi munofiq odamlar Suvaylim ismli yahudiyning uyiga to‘planib olib, Tabuk g‘azotida odamlarni Rasulullohdan sollallohu alayhi vasallam ortda qolishga chaqirayotganlari ma’lum bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘sha yerga bir guruh sahobalar bilan Tolha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhuni yubordilar va ularga Suvaylimning uyiga o‘t qo‘yib yuborishga amr qildilar. Tolha roziyallohu anhu amrni bajo keltirdi. (“Hadis va Hayot: Nubuvvat va Risolat”)

5. Tabuk g’azoti uchun Usmon ibn Affon (r.a) qancha dinor xayr-ehson qildilar?
a) 1000 dinor
b) 2000 dinor
c) 3000 dinor
d) 4000 dinor
To’g’ri javob: 1000 dinor
Izoh: Abdurahmon ibn Samura (r.a) aytadi: “Usmon ming dinorni yengiga solib keltirib, Nabiy (sav) “Qiyinchilik” urushiga tayyorlanayotganlarida qo’ynilariga to’kdi. Nabiy (sav) ning qo’ynilaridagini u yoq-bu yoqqa ag’darib turib, ikki marta:
“Bugundan keyin Usmonga nima qilsa ham, zarar qilmaydi”, deganlarini ko’rdim”. Termiziy rivoyat qilgan. (Hadis va hayot: “Usmon va Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhumo”. 22-juz, 35-bet)

6. Tabuk g’azoti uchun Usmon ibn Affon (r.a) ehson qilgan dinorlar qancha oltinga teng bo’lgan?
a) 4 kg dan ortiq
b) 8 kg dan ortiq
c) 12 kg dan ortiq 
d) 16 kg dan ortiq
To’g’ri javob: 4 kg dan ortiq
Izoh:Abdurahmon ibn Samura (r.a) aytadi: “Usmon ming dinorni yengiga solib keltirib, Nabiy (sav) “Qiyinchilik” urushiga tayyorlanayotganlarida qo’ynilariga to’kdi. Nabiy (sav) ning qo’ynilaridagini u yoq-bu yoqqa ag’darib turib, ikki marta:
“Bugundan keyin Usmonga nima qilsa ham, zarar qilmaydi”, deganlarini ko’rdim”. Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: O’sha vaqtning dinori 4 grammdan ortiq sof oltin bo’lishini hisobga oladigan bo’lsak, hazrati Usmon ibn Affon (r.a) o’sha daf’a Payg’ambar (sav) ning qo’ynilariga to’rt kilodan ortiq sof oltinni to’kkanlari ma’lum bo’ladi. (Hadis va hayot: “Usmon va Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhumo”. 22-juz, 36-bet)

7. Rasululloh s.a.v.dan jihodga borish uchun ulov so’ragan sahobalar qanday nomlandi?
a) “Ulovsizlar”
b) “Yig’loqilar”
c) “Oyoq-yalanglar”
d) “Chirmashuvchilar”
To’g’ri javob: “Yig’loqilar”
Izoh: Keyin musulmonlar ichida «yig‘loqilar» nomini olgan bir guruh sahobalar kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan jihodga borish uchun ulov so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga:
«Men sizlarni ko‘taradigan narsa topa olmadim», dedilar. Ular ko‘zlaridan yoshlari marjon-marjon to‘kilib ortlariga qaytdilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

8. Jihodga borish uchun ulov topolmay ko’z yosh qilganlardan Abdurrahmon ibn Ka’b va Abdulloh ibn Mig’falga o’z suv tashiydigan tuyasini bergan sahoba kim?
a) Ibn Yamin ibn Umayr r.a.
b) Abu Uqayl r.a.
c) Abdurrahmon ibn Avf r.a.
d) Sibo’ ibn Urfuta r.a.
To’g’ri javob: Ibn Yamin ibn Umayr r.a.
Izoh: Ibn Yamin ibn Umayr ibn Ka’b an-Nazriy haligi yig‘laganlardan Abdurrohman ibn Ka’b va Abdulloh ibn Mig‘falni ko‘rib, nimaga yig‘layapsizlar, deb so‘radi. Ular:
«Rasulullohning sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bizga ulov berishlarini so‘ragan edik, u kishida bizni mindiradigan narsa yo‘q ekan. O’zimizda ham jihodga chiqadigan hech narsamiz yo‘q», deyishdi. 
Shunda u ikkovlariga suv tashiydigan tuyasini va bir muncha xurmo berdi. Ikkovlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan jihodga bordilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

9. Rasululloh s.a.v. “Alloh …ga rahmat qilsin, yolg‘iz yuradi, yolg‘iz o‘ladi, yolg‘iz tiriladi” deb marhamat qilgan sahoba kim edi?
a) Abu Zarr G’iforiy r.a.
b) Abu Xaysama r.a.
c) Umayr ibn Vahb r.a.
d) Abu Hurayra r.a.
To’g’ri javob: Abu Zarr G’iforiy
Izoh: Abu Zarr roziyallohu anhu ham ortda qoldi. Uning tuyasi yurmay qolgan edi. Odamlar: «Ey, Allohning Rasuli, Abu Zarr ortda qoldi», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:  «Uni tek qo‘yinglar, unda biror yaxshilik bo‘lsa, Alloh uni sizlarga yetishtiradi. Agar unday bo‘lmasa, Alloh sizni undan qutqargan bo‘ladi», dedilar. 
Abu Zarr tuyasini yurishini kutib turdi. Yuravermagach, tuyaning ustidagi narsalarni oldida yelkasiga ko‘tarib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam izlaridan yurib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir joyda dam olgani to‘xtadilar. Musulmonlardan birlari uzoqdan kelayotgan odam qorasini ko‘rib: «Ey, Allohning Rasuli, bir odam yolg‘iz piyoda kelmoqda», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Abu Zarr bo‘lsaydi», dedilar. Odamlar sinchiklab qarab, uning Abu Zarr ekanini tanidilar va: «Ey, Rasululloh, Allohga qasamki, o‘sha odam Abu Zarr», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 
«Alloh Abu Zarrga rahmat qilsin, yolg‘iz yuradi, yolg‘iz o‘ladi, yolg‘iz tiriladi», dedilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

10. Tabuk g’azoti uchun bor molini keltirgan, ahli oilasi uchun bir dirham ham olib qolmagan sahoba kim edi?
a) Abu Bakr siddiq r.a.
b) Umar ibn Hattob r.a.
c) Usmon ibn Affon r.a.
d) Abdurrahmon ibn Avf r.a.
To’g’ri javob: Abu Bakr siddiq r.a.
Izoh: Abu Bakr Siddiq bor molini – ya’ni, 4000 (to‘rt ming) dirham – keltirib berdi, ahli-oilasi uchun Allohu Rasulidan boshqa narsani qoldirmadi. Buni u hammadan birinchi bo‘lib olib kelgan edi. (“Rohiyq al-maxtum”)

11. Rasululloh s.a.v.: "Ey bor Xudoyo, ...dan rozi bo'lgin, men undan roziman" dedilar. Bu o'rinda Rasululloh s.a.v. kimning nomini tilga oldilar?
a) Usmon ibn Affon
b) Abdurahmon ibn Avf
c) Abu Uqayl
d) Abu Bakr
To’g’ri javob: Usmon ibn Affon
Izoh: Xayr ehson qiluvchilar peshqadami Usmon ibn Affon r.a. edilar. U kishi hech kim qilmagan xayr ehson qildilar. U kishining bu saxiyligini taqdirlab Rasululloh s.a.v. "Ey bor Xudoyo Usmondan rozi bo'lgin, men undan roziman" dedilar. (“Hadis va Hayot: Nubuvvat va Risolat”)

12. Rasululloh s.a.v. Madinaga kimni xalifa qilib qoldirdilar?
a) Abdulloh ibn Ummu Maktum r.a.
b) Zayd ibn Horisa r.a.
c) Muhammad ibn Maslama r.a.
d) Numayla al-Laysiy r.a.
To’g’ri javob: Muhammad ibn Maslama r.a.
Izoh: Qo‘shinning tayyorgarligi shu tarzda amalga oshirilgach, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga Muhammad ibn Maslama al-Ansoriyni xalifa qilib qoldirdilar, ayrimlar Sibo’ ibn Urfutani xalifa qilganlar ham deyishgan. (“Rohiyq al-maxtum”)

13. Rasululloh s.a.v. qayerga askargoh qurdilar? 
a) Vodil quroga
b) Qubo yaqiniga
c) Saniyyatul vado’ga
d) Hijr yaqiniga
To’g’ri javob: Saniyyatul vado’ga
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Saniyyatul Vado’ nomli joyga askargoh qurdilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

14. Tabuk g’azotiga chiqqan musulmon qo’shini soni qancha edi?
a) 20000 mingga yaqin
b) 25000 mingga yaqin
c) 30000 mingga yaqin
d) 40000 mingga yaqin
To’g’ri javob: 30000 mingga yaqin
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘ttiz mingga yaqin kishi bilan yo‘lga chiqdilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

15. Islom lashkarlari Tabuk g'azotiga otlanayotganda qo'shin safida qancha ot-ulov bor edi?
a) 10000 ot va 12000 tuya
b) 8000 ot va 10000 tuya
c) 12000 ot va 16000 tuya 
d) 6000 ot va 10000 tuya
To’g’ri javob: 10000 ot va 12000 tuya
Izoh: Rasululloh s.a.v. 9-hijriy sananing Rajab oyidan besh kun qolganda Tabuk janggiga chiqdilar… Islom lashkarining o’ng ming oti, o’n ikki ming tuyasi bor edi. (“Hadis va hayot” 24-juz, 397-bet)

16. Tabuk g’azotida bayroqdor bo’lgan sahobalar yozilgan qatorni ko’rsating.
a) Abu Bakr Siddiq (r.a), Zubayr ibn Avvom (r.a), Abu Tolha (r.a), Usayd ibn Huzayr (r.a);
b) Umar ibn Xattob (r.a), Amr ibn Os (r.a),  Jobir ibn Abdulloh (r.a), Habbob ibn Munzir (r.a);
c) Abu Bakr Siddiq (r.a), Zubayr ibn Avvom (r.a), Usayd ibn Huzayr, Habbob ibn Munzir (r.a)
d) Abdurohman ibn Avf (r.a), Xolid ibn Valid (r.a), Usayd ibn Huzayr (r.a), Habbob ibn Munzir (r.a)
To’g’ri javob: Abu Bakr Siddiq (r.a), Zubayr ibn Avvom (r.a), Usayd ibn Huzayr, Habbob ibn Munzir (r.a)
Izoh: Rasululloh (sav) Saniyatul Vado’dan Tabukka qarab yo’lga chiqqanlarida tug’ va bayroqlar bog’ladilar. O’z bayroqlarini Abu Bakr (r.a) ga, tug’larini Zubayr (r.a) ga, Avs tug’ini Usayd ibn Huzayr (r.a) ga, Hazraj tug’ini Habbob ibn Munzir (r.a) ga topshirdilar. Shuningdek har bir qabilaga bayroq yoki tug’ berdilar. (Rashid Rizo, “Sayyidina Muhammad sav”. 346-bet)

17. Tabuk g’azotida Rasululloh (sav) ning bayroqdorlari kim edi?
a) Abdurohman ibn Avf (r.a)
b) Umar ibn Xattob (r.a)
c) Abu Bakr Siddiq (r.a)
d) Amr ibn Os (r.a)
To’g’ri javob: Abu Bakr (r.a).
Izoh: Rasululloh (sav) Saniyatul Vado’dan Tabukka qarab yo’lga chiqqanlarida tug’ va bayroqlar bog’ladilar. O’z bayroqlarini Abu Bakr (r.a) ga, tug’larini Zubayr (r.a) ga, Avs tug’ini Usayd ibn Huzayr (r.a) ga, Hazraj tug’ini Habbob ibn Munzir (r.a) ga topshirdilar. Shuningdek har bir qabilaga bayroq yoki tug’ berdilar. (Rashid Rizo, “Sayyidina Muhammad sav”. 346-bet)

18. Tabuk safariga Rasululloh (sav) bilan birga chiqmagan, so’ngra vijdoni qiynalib yo’lga chiqqan va  Rasululloh (sav) Tabukka yetib borganlarida qo’shinga yetib olgan sahobiy Abu Xaysamaning ismi nima?
a) Abdulloh ibn Xaysama as-Solimiy
b) Abdulloh ibn Xaysama al-Avsiy
c) Molik ibn Qays ibn Nujayd
d) Qays ibn Molik ibn Anas
To’g’ri javob: Abdulloh ibn Xaysama as-Solimiy.
Izoh: Abdulloh ibn Xaysama as-Solimiy – Abu Xaysama Solim ibn al-Xazraj qabilasidan.
Ibn Hibbon aytadilar: U Tabuk qissasi haqidagi Ka’b ibn Molik hadisida zikri kelgan Abu Xaysamadir. (Ibn Hajar al-A’sqaloniy: “Al-Isoba fi tamyiz as-sahoba”. 4-juz, 66-bet)
Abu Xaysamaning zikri Ka’b ibn Molik rivoyat qilgan uzun hadisda kelgan. Ushbu hadisda aytilishicha: … Tabukda uzoqdan bir  kishi ko’rindi. Rasululloh (sav) “Abu Xaysama bo’lsa edi”, dedilar. U Abu Xaysama edi.
Voqidiy aytadilar: Bu Abu Xaysamaninig ismi Abdulloh ibn Xaysamadir. (Ibn Hajar al-A’sqaloniy: “Al-Isoba fi tamyiz as-sahoba”. 7-juz, 93-bet)

19. Tabuk g’azotiga imkoni yo’qligi uchun chiqa olmagan va buning evaziga uning moli va joniga aziyat bergan barcha musulmonlardan roziligini aytib Allohga duo qilgan sahobiy kim va uning bu duosi qanday natija berdi?
a) Uqba ibn Zayd, Rasululloh (sav) Alloh uning duosini ijobat qilganini va sadaqa sifatida qabul bo’lganini aytdilar;
b) Utba ibn Zayd, Rasululloh (sav) uning duosi sadaqa sifatida qabul bo’lganini aytdilar;
c) Ulba ibn Zayd, Rasululloh (sav) Alloh uning duosini ijobat qilganini va jihodga chiqqanlar bilan barobar savobga ega bo’lishini aytdilar;
d) Ulba ibn Zayd, Rasululloh (sav) uning duosi sadaqa sifatida qabul bo’lganini aytdilar;
e) c va d javoblar to’g’ri
To’g’ri javob: Ulba ibn Zayd, Rasululloh (sav) uning duosi sadaqa sifatida qabul bo’lganini aytdilar.
Izoh: Ulba ibn Zayd ham Rasululloh janobimizdan ot-ulov masalasida rad javobini olganlardan edi… Xufton namozidan keyin hamma uyquga chekinganida u o’rnidan turdi. Namoz o’qidi. So’ngra qo’llarini ko’tardi:
“… Bugungacha molimga va badanimga zarar bergan, shaxsimni ranjitgan hamma musulmonlarga haqqim halol bo’lsin.
Rasululloh (sav) bomdod namozini o’qib berganlaridan so’ng musulmonlarga o’giridilar.
Bu kecha sadaqa bergan kishi qani? – deb murojaat qildilar.
Savol javobsiz qoldi. Ikkinchi marta so’radilar. Shunda Ulba oyoqqa qakqqdi
– Xizmatingizga tayyorman ey Allohning rasuli, men bu yerdaman,  – dedi.
– Mujdalar bo’lsin senga! Jonimni qo’lida tutib turgan Allohga qasam, sening bu ishing maqbul bir sadaqa sifatida baholandi,  – deb marhamat qildilar”. (Ahmad Lutfiy, “Saodat asri qissalari”. 4-kitob, 265,266-betlar)

20. Tabuk g’azotida Abdurahmon ibn Afv (r.a) Rasululloh (sav) ga imom bo’lib namoz o’qish baxtiga muyassar bo’ldilar. Bu qaysi namoz edi?
a) Bomdod namozi
b) Peshin namozi
c) Asr namozi
d) Shom namozi
e) Xufton namozi
To’g’ri javob: Bomdod namozi.
Izoh: Tabuk safari asnosida Rasululloh (sav) hojatlari bilan bo’lib namozlardan biriga kechikdilar. U bomdod namozi edi. (Sulaymon ibn Muhammad al-Luhaymid, “Al-Anvar fi siyrat an-nabiy al-muxtor”. 54-bet)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.