background
logotype
image1 image2 image3

4-bosqich. 4-tur: Makka fathi. 2-qism

IV BOSQICH
4-tur: Makka fathi. 2-qism
Javoblar va izohlar


1. Makkaga kirarkanlar, Rasululloh s.a.v. tuyalariga kimni mindirib olgan edilar?
a) Anas ibn Molik r.a.ni
b) Abdulloh ibn Umar r.a.ni
c) Abdulloh ibn Ja’far r.a.ni
d) Usoma ibn Zayd r.a.ni
To’g’ri javob: Usoma ibn Zayd r.a.ni
Izoh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tuyalari ustida «Fath» surasini tilovat qilib borar edilar. U zotning ortlariga o‘zlarining ozod qilgan qullarining o‘g‘li Usoma ibn Zayd mingashib olgan edi. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

2. Rasululloh s.a.v. Makka fathi kuni Xolid ibn Validga o’z qo’shini bilan Makkaning qayeridan kirishi kerakligini aytdilar?
a) Abvodan
b) Kado’dan
c) Xajundan
d) Xayfadan
To’g’ri javob: Kado’dan
Izoh: Zubayr ibn Mut’im rivoyat qiladilar. Rasululloh s.a.v. o’sha kuni Xolid ibn Validga Makkaga yuqori qismi orqali, Kado’dan kirishni buyurdilar. (“Sahihi Buxoriy”)

3. Xazraj qabilasi Abu Sufyonning yonidan qaysi rangdagi bayroqni ko’tarib o’tdilar?
a) Oq
b) Qizil
c) Qora
d) Yashil
To’g’ri javob: Oq
Izoh: Xazraj qabilasi raisi oq bayroq ko’tarib Abu Sufyonning yonidan o’tdilar. (“Saodat asri qissalari”)

4. O’sha paytda Baytullohda nechta but bor edi?
a) 300 ta
b) 333 ta
c) 360 ta
d) 400 ta
To’g’ri javob: 360 ta
Izoh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Makkaga kirishlari bilan Baytullohga qarab yurdilar. O’sha paytda Baytullohning atrofida uch yuz oltmishta but bor edi. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

5. Ka’baning kaliti kimda turar edi?
a) Amr ibn Suhaylda
b) Ikrima ibn Abu Jahlda
c) Hakim ibn Hazomda
d) Usmon ibn Talhada
To’g’ri javob: Usmon ibn Talhada
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ka’baning ichidan qaytib chiqqanlaridan keyin yana Usmon ibn Tolhani chaqirib kalidni berdilarda:
«Uni abadiylikka olinglar. Uni sizga men berganim yo‘q. Uni sizga Alloh berdi. Uni sizdan faqat zolimgina tortib olishi mumkin», dedilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

6. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam chodirlarining qubbasi qanday rangda edi?
a) oq
b) yashil
c) qizil
d) ko’k
To’g’ri javob: qizil
Izoh: Rasulullohning qizil qubbalik chodirlarini ilgariroq kelganlar shu joyga qurishib, kutib turmoqda edilar. Chodirga tushib ozroq dam olganlaridan keyin shahar tomon jo‘nadilar. (“Tarixi Muhammadiy”)

7. Xotinining omonligidan keyin Islomni qabul qilgan kishi kim?
a) Abu Sufyon
b) Ikrima ibn Abu Jahl
c) Hubar ibn Asvad
d) Horis ibn Hishom
To’g’ri javob: Ikrima ibn Abu Jahl
Izoh: Ikrima ibn Abu Jahl Makka fath etilgandan keyin qochib ketdi. Uning xotini Ummu Hakim Makka fath etilishidan avval musulmon bo‘lgan edi. Ummu Hakim sarvari olamdan eri uchun omonlik olgach, izlab yo‘lga tushdi. Izlay-izlay nihoyat uni dengiz sohilida kemaga chiqmoqchi bo‘lib turganda topdi. "Men senga dunyodagi eng yaxshi, yangi odil odamdan omonlik olib keldim. O’zingni o‘zing juvonmarg qilmay men bilan birga yur", dedi Ummu Hakim. Ikrima xotinining gapiga ishonib Makkaga qaytib bordi. Payg‘ambar alayhis-salom uni ko‘rib: "Musulmon bo‘lib, bizga hijrat qilib kelgan odamni quchoq ochib kutib olamiz", deya o‘rinlaridan turib ketdilar. Ikrima imon keltirib, ilgarigi gunohlari uchun payg‘ambar alayhis-salomdan o‘ziga istigfor aytishlarini o‘tindi. Rasululloh uning iltimosini bajo keltirdilar. Shu kundan e’tiboran Ikrima islom uchun astoydil jon koyitadigan musulmonlardan biriga aylandi. (“Nur ul-yaqiyn”)

8. Musulmonlar qasosidan qo’rqib o’zini dengizga g’arq qilmoqchi bo’lgan kishi kim?
a) Safvon ibn Umayya
b) Horis ibn Hishom
c) Hubar ibn Asvad
d) Ikrima ibn Abu Jahl
To’g’ri javob: Safvon ibn Umayya
Izoh: Yashirinib olgan Safvon ibn Umayya musulmonlarning qasosidan qo‘rqib o‘zini dengizga g‘arq etmoqchi bo‘ldi. Amakisining o‘g‘li Umayr ibn Vahib payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga kelib: "Ey ollohning payg‘ambari, Safvon o‘z qavmining boshlig‘i. Oldin qilgan gunohlaridan qo‘rqib o‘zini suvga g‘arq etmoqchi. Sen saxovat bilan hamma odamning gunohidan kechyapsan, unga ham omonlik bergin", deb o‘tindi. "Mayli, amakivachchanga borib ayt, gunohidan kechdim", dedilar Rasululloh. (“Nur ul-yaqiyn”)

9. Ka’ba ustida birinchi marta azon aytgan sahoba kim?
a) Abdulloh ibn Ummi Maktum
b) Abu Mahzura
c) Bilol ibn Raboh
d) Sa’d al-Quraz
To’g’ri javob: Bilol ibn Raboh
Izoh: Kechagi qora qul bugun Islom sharofati ila Allohning uyi ustida turib Allohning madhiyasi bo‘lmish azonni o‘zining jarangdor ovozi ila baralla aytgan birinchi va yagona odam bo‘ldi. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

10. Rasululloh s.a.v. Ummu Honi’ binti Abu Tolibning uyiga kirib necha rakaat namoz o’qidilar?
a) 2 rakaat.
b) 4 rakaat.
c) 6 rakaat.
d) 8 rakaat.
To’g’ri javob: 8 rakaat.
Izoh: Keyin o‘zlari Ummu Hone’ binti Abu Tolibning uyiga kirib sakkiz raka’at namoz o‘qidilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

11. Rasululloh s.a.v. Makkada necha kun turdilar?
a) 25 kun
b) 21 kun
c) 19 kun
d) 17 kun
To’g’ri javob: 19 kun
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkada o‘n to‘qqiz kun turdilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

12. Rasululloh s.a.v. mushriklarning “Zul xasla” ibodatxonasini buzioshga kimni yubordilar? 
a) Xolid ibn Validni
b) Sa’d ibn Zaydni
c) Amr ibn Osni
d) Jobir ibn Abdullohni
To’g’ri javob: Jobir ibn Abdullohni
Izoh: U zot sollallohu alayhi vasallam Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhuni mushriklarning «Zul xasla» nomli ibodatxonasini buzishga yubordilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

13. Rasululloh s.a.v. Makkaga kimni hokim qilib tayinladilar?
a) Safvon ibn Umayya
b) Hakim ibn Hazom
c) Suhayl ibn Amr
d) Itob ibn Usayd
To’g’ri javob: Itob ibn Usayd
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkani tark etishlaridan oldin yigirma yoshlar atrofidagi Itob ibn Usayd roziyallohu anhuni bu maqaddas shaharga amir qilib ta’yinladilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

14. Rasululloh s.a.v. Makkada muazzin etib kimni qoldirdilar?
a) Abdulloh ibn Ummi Maktum
b) Abu Mahzura
c) Bilol ibn Raboh
d) Sa’d al-Quraz
 To’g’ri javob: Abu Mahzura
Izoh: Bir kuni shular ichidan Abu Mahzura degan yigit o‘z odaticha Hazrati Bilolni do‘rab azon aytganida Rasululloh eshitib qoldilar. Qarasalar uning ovozi yoqimli ekan, uni chaqirtirib kishi yubordilar. U ham bu ishim uchun o‘limga chaqirildim, deb qo‘rqib keldi. Oldilariga kelgach, uning manglayini, ko‘ksini qutlug‘ qo‘llari bilan silagan edilar, ko‘nglida iymon nuri yoridi. So‘ngra azon aytishni unga o‘rgatdilar: — Mana endi sen aniq azonchi bo‘lding. Shu kundan boshlab, Makka xalqiga azon o‘qib turgin, — dedilar. (“Tarixi Muhammadiy”)

15. Rasululloh s.a.v.ga atalgan qasidasi uchun ustlaridagi hirqalarini kimga yechib berdilar?
a) Ka’b ibn Zuhayr
b) Suhayl ibn Amr
c) Hasson ibn Sobit
d) Ka’b ibn Molik
To’g’ri javob: Ka’b ibn Zuhayr
Izoh: Taniqli shoir Ka’b ibn Zuhayr biron himoyachi va dalda beruvchi odam topolmay qattiq azobda qoldi. Payg‘ambar alayhis-salom Makkadan qaytganlaridan keyin Madinaga kelib islom diniga kirdi va rasulullohning huzurlarida mashhur "Qasidai burda"ni o‘qidi. Qasida shu yerga yetganda Rasululloh s.a.v. ustilaridagi to‘nlarini yechib, shoirning yelkasiga tashladilar. (“Nur ul-yaqiyn”).

16. Makka fathidagi xutbani Rasululloh s.a.v. kimga yozib beringlar, deganlar?
a) Abu Qatoda r.a.ga
b) Abu Shoh r.a.ga
c) Abu Hurayra r.a.ga
d) Abu Said r.a.ga.
To’g’ri javob: Abu Shoh r.a.ga
Izoh: Yaman ahlidan bo‘lgan Abu Shoh ismli bir kishi turib: «Yo Rosululloh, (ushbu xutbani) menga yozib bering» degan edi, u zot: «Abu Shohga yozib beringlar» dedilar. (“Sahihi Buxoriy”)

17. Qaysi sahobiy Makka fathi kuni o'z otasini Rosululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga yetaklab kelib: "Alloh unga ajr berishini istadim. Men o'z otamni Islomga kelishidan ko'ra Abu Tolibni Islomga kelishidan ko'proq xursand bo'lar edim. Bu ila ko'nglingiz quvonsin, ey Allohning Rasuli!" degan edi?
a) Abu Bakr siddiq roziyallohu anhu
b) Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu 
c) Amr ibn Os roziyallohu anhu
d) Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu
To’g’ri javob: Abu Bakr siddiq roziyallohu anhu
Izoh: Imom Tabaroniy va Imom Bazzorlar Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: "Makka fathi kuni Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu o'z otasi Abu Quhofa roziyallohu anhuni Rosululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga yetaklab keldi Shunda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qariyani o'z uyida tark qilsang bo'lar edi. Biz uning huzuriga borar edik" dedilar. Shunda abu Bakr Siddiq roziyallohu yuqorida keltirilgan jumlalarni aytganlar. ("Hadis va Hayot" 21-juz "Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo") 

18. Makka fathida Rasululloh sallollohu alayhi vasallam Xolid ibn Valid boshchiligida bir guruh sariyani tashviqot uchun Tuxamaning pastki tarafiga yubordilar. Urush qilmaslikni alohida ta'kidladilar. Ammo tushunmovchilik bo'lib urush chiqdi va ba'zi odamlar halok bo'ldi. Shunda Nabiy sallollohu alayhi vasallam qatl bo'lganlarning hunini to'lash vazifasini kimga yukladilar?
a) Abbos ibn Abdulmuttolib roziyallohu anhuga 
b) Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuga 
c) Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga
d) Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga
To’g’ri javob: Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga
Izoh: Yuqoridagi voqea yuz bergach Rosululloh sallollohu alayhi vasallam Ali karramallohu vajhahuni huzurlariga chorlab: " Ey Ali! Anavi qavmning oldiga chiq! Ularning ishlariga nazar sol! Johiliyatning barcha ishlarini ularning oyoqlari ostiga tashla!" dedilar Nabiy sallollohu alayhi vasallam qatl bo'lganlarning hunini to'lash uchun yetarli mol ham berdilar. Ali karramallohu vajhahu bu navaviy topshiriqni ham a'lo darajada bajarib qaytdilar. ("Hadis va Hayot" 22-juz " Usmon va Ali ibn Abu Tolib Roziyallohu anhumo")

19. Rasululloh s.a.v. va musulmonlarga ozor bergan mushriklardan qaysi birlari o’ldirildi? 
a) Ibn Xatol, Maqis, Horis.
b) Maqis, Habbor, Ibn Hatol.
c) Sora, Horis, Maqis.
d) Abi Sarh, Ibn Hatol, Maqis.
To’g’ri javob: Ibn Xatol, Maqis, Horis.
Izoh: Ibn Xatol Ka’baning pardasiga osilib olgan edi. Bir kishi kelib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga buni aytganida: «O’ldir!», dedilar. U borib, uni o‘ldirdi.
Maqis ibn Subobani esa Numayla ibn Abdulloh o‘ldirdi. Maqis avval musulmon bo‘lgan, keyin bir ansoriyga tajovuz qilib, uni o‘ldirgan va murtad bo‘lib, mushriklarga kelib qo‘shilgan edi.
Horis Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga Makkadaliklarida ko‘p ozor bergandi, uni Aliy qatl qildi. (“Rohiyq al-Maxtum”)

20. O’limga hukm qilinganlardan qaysi biri Usmon r.a.dan omonlik oldi?
a) Ibn Xatol
b) Abi Sarh
c) Maqis
d) Habbor
To’g’ri javob: Abi Sarh
Izoh: Bulardan Ibn Abi Sarhni Usmon roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldilariga olib kelib, omonlik tilab, jonini saqlab qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ashoblaridan biron kishi turib, uni o‘ldirishini istab, bir muddat unga omonlik bermay turdilar, keyin Islomini qabul qildilar. Chunki, u avval Islomni qabul qilib, hijrat ham qilgan, keyin murtad bo‘lib, Makkaga qaytib ketgan edi. (“Rohiyq al-Maxtum”)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.