background
logotype
image1 image2 image3

4-bosqich. 3-tur: Makka fathi. 1-qism

IV BOSQICH
3-tur: Makka fathi. 1-qism
Javoblar va izohlar


1. Payg’ambar s.a.v. sahobalarga safar tadorigini ko’rishni buyurdilar. Makkaga otlanganliklari sirini kimga aytgandilar? 
a) Hech kimga qayerga ketayotganlarini aytmadilar.
b) Abu Bakr r.a.ga aytdilar.
c) Ummu Salama r.a.ga aytdilar.
d) Rasululloh s.a.v.ning siri sohibi Huzayfa r.a.ga aytdilar.
To’g’ri javob 1: b) Abu Bakr r.a.ga aytdilar.
Izoh: Payg‘ambar alayhis-salom esa sahobalarga safar tadorikini ko‘rishni buyurdilar. Makkaga otlanganliklarini faqat Abu Bakrga aytdilar. "Ey Rasululloh, qurayshlar bilan o‘rtamizda imzolangan shartnoma bor-ku", dedi Abu Bakr ajablanib. "Ha, bor, dedilar Rasululloh. — Lekin qurayshlar shartnomani buzishdi-ku". (“Nur ul-yaqiyn”).
To’g’ri javob 2: a) Hech kimga qayerga ketayotganlarini aytmadilar.
Abu Sufyon ketgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madina atrofidagi butun qabilalardan askarga chaqirdilar. Lekin qayerga borishlarini hech kimga aytmadilar, sir tutdilar. (“Tarixi Muhammadiy”)

2. Hotib ibn Abu Balta’a Rasululloh (s.a.v.)ning Makkaga maxfiy yurishlarini Qurayshga bildirish maqsadida bir ayolni qancha mablag’ evaziga yollaydi?
a) 27 dinor, 2 ta tuya.
b) 20 dinor, 1 ta ot.
c) 10 dinor va 1 ta to’n.
d) 15 dinor va 2 ta tuya. 
To’g’ri javob: 10 dinor va 1 ta to’n.
Izoh: Odamlar Rasululloh (s.a.v.)ning Makkaga yurish qilishlaridan boxabar bo’lganlarida Banu Asadning ittifoqdoshi Hotib ibn Abu Balta’a al-Badriy Qurayshni ogoh etish uchun maktub yozdi. 10 dinor evaziga bir ayolni yolladi va unga to’n kiydirdi.Unga: Xatni bor imkoning qadar yashirgin hamda posbonlar turgan yo’llardan yurmagin deb qattiq tayinladi. Ayol maktubni topib olishlaridan qo’rqib, uni soch o’rimlari orasiga yashirdi. (“Sayyidimiz Muhammad s.a.v.”)

3. Hotib ibn Abu Balta’a Rasululloh (s.a.v.)ning Makkaga maxfiy yurishlarini Qurayshga bildirish maqsadida bir ayolni Makkaga jo’natdi. Rasululloh s.a.v. uning ortidan yuborgan sahobalar orasida javobdagi qaysi birlari yo’q edi?
a) Ali ibn Abu Tolib r.a.
b) Miqdod r.a.
c) Zubayr ibn Avvaom r.a.
d) Abu Marsad r.a.
e) Hammalari bor edi.
To’g’ri javob: 1 Hammalari bor edi.
Izoh: Shundan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga Hotibning qilgan ishi haqida osmondan xabar nozil bo‘ldi. U zot Aliy, Miqdod, Zubayr ibn Avvom va Abu Marsad al-G’anaviyni ayolning izidan jo‘natdilar. Ularga: «Boringlar, Xox degan bir boqqa yetganlaringda bir ayolni topasizlar, unda Qurayshga yozilgan maktub bor», dedilar. (“Rohiyq al-maxtum”)
To’g’ri javob: 2 Abu Marsad r.a.
Payg‘ambar alayhissalom Hazrati Ali, Zubayr ibn Avom va Miqdodlarni chaqirib, tezda yo‘lga otlaninglar, sizlarga bir bog‘ duch keladi, u yerdan bir ayolni topasizlar, unda xat bor, o‘sha xatni olib qaytinglar, dedilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

4. Hotib ibn Abu Balta’aning xiyonat qilishiga sabab nima edi?
a) Munofiqlik, qurayshga yaxshi ko’rinish.
b) Makkada qolgan mol-mulklarini saqlab qolish.
c) Makkadagi yaqinlarini himoya qildirish.
d) b va c.
To’g’ri javob: 1 c) Makkadagi yaqinlarini himoya qildirish.
Izoh: Hotib: «Yo Rasululloh, menga (kufr yo murtadlik hukmini chiqarishga) shoshilmang. Qasamki, men Alloh va Rasuliga iymon keltiruvchiman, murtad ham bo‘lmadim, dinimni ham o‘zgartirmadim. Lekin, men Qurayshga kelgindiman, ularning aslidan emasman. Mening qarindosh-urug‘im va ahli-oilam ular qo‘li ostida. Quraysh ichida ularni himoya qiladigan biror yaqin kishim yo‘q. Sizning atrofingizdagi boshqa kishilarning esa u yerda himoya qiladigan kishilari bor. Shuning uchun men ularga shu yo‘l bilan yaqinlarimni himoya qildirishni istagan edim», dedi. (“Rohiyq al-maxtum”)
To’g’ri javob: 2 b va c.
— Yo, Rasulalloh, mening bu qilgan ishimda shoshmagaysiz. Men Allohga va uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan kishidurman, shu yo‘ldan chiqmadim, dinimdan qaytmadim. Lekin o‘zim Quraysh urug‘idan emasman. Alar ichida oilalarim bordur, o‘zim hijrat qilib Madinaga kelganimda ularni qoldirib chiqmish erdim. Quraysh ichida meni oilamni himoya qilguvchi qarindosh-urug‘larim yo‘qdur. Mendan boshqa Makkadan kelgan muhojirlarning ul joyda talon-bulondan saqlaguvchi qavmu qarindoshlari ko‘pdir. Shuning uchun, Yo Rasululloh, Qurayshga shu xatni yozib, xizmat qilur bo‘lsam, buning orqasida qolgan narsalarim saqlanib qolgaymu deb, shu ishni qildim. (“Tarixi Muhammadiy”)

5. Makka fathiga safar qachon boshlandi?
a) Hijratning 8-yili Ramazonning 10-kuni.
b) Hijratning 8-yili Ramazonning 1-kuni.
c) Hijratning 8-yili Ramazonning 7-kuni.
d) Hijratning 8-yili Ramazonning 14-kuni.
To’g’ri javob: a) Hijratning 8-yili Ramazon oyining 10-kuni.
Izoh: Sakkizinchi hijriy muborak ramazon oyining o‘ninchi kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam 10 000 (o‘n ming) sahobadan tashkil topgan qo‘shin bilan Madinadan Makkaga qarab yo‘lga chiqdilar. (“Rohiyq al-maxtum”)

6. Makka safariga yo’lga chiqqan qurollik askarlar soni nechta edi?
a) 10000
b) 15000
c) 7000
d) 12000
To’g’ri javob: 10000
Izoh: Atrofdan yig‘ilib kelgan qurollik askarlarga Madinadagi sahobalar qo‘shilib, sonlari o‘n mingga yetdi. (“Tarixi Muhammadiy”)

7. Rasululloh s.a.v. u haqda: “Hamzaning o’rinbosari bo’ladi, deb umid qilaman” degan sahoba kim edi?
a) Abu Sufyon ibn Harb r.a.
b) Abdulloh ibn Abu Umayya r.a.
c) Qusam ibn Abbos r.a.
d) Abu Sufyon ibn Horis r.a.
To’g’ri javob: Abu Sufyon ibn Horis r.a.
Izoh: Shundan so‘ng Abu Sufyon Ibn Hosrisning islomiy hayoti juda go‘zal kechdi. Aytishlaricha, u Islomni qabul qilgan kunidan boshlab uyalganidan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yuzlariga tik boqmagan ekan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham uni yaxshi ko‘rardilar, unga jannat bashoratini berganlar va: «U Hamzaning o‘rinbosari bo‘ladi, deb umid qilaman», deganlar. Vafoti yaqinlashganda: «Menga yig‘i-sig‘i qilmanglar, Allohga qasamki, men Islomni qabul qilganimdan beri tilimdan yomon so‘z chiqmadi», degan ekan (“Zodul ma’od”).

8. Musulmon qo’shini Makka va Madina oralig‘idagi Abvo degan joyga yetganlarida Makkadan hijrat qiloib, musulmonlarga qo’shilgan Abdulloh ibn Abu Umayya Rasulullohga qanday qarindosh edi?
a) Amakilari Horisning o’g’li.
b) Ammalari Sofiyaning o’g’li.
c) Ammalari Otikaning o’g’li.
d) Ammalari Ummu Hakimning o’g’li.
To’g’ri javob: Ammalari Otikaning o’g’li.
Izoh: Makka va Madina oralig‘idagi Abvo degan joyga yetganlarida yo‘lda kelayotgan ikki kishi ko‘rindi. Uning birisi Abu Sufyon ibn Horis edi, u Rasulullohning amakilari Horis ibn Abdulmuttalibning o‘g‘li bo‘lib, yana Payg‘ambarimiz bilan emakdosh ham edi.
Ikkinchisi esa ammalari Otikaning o‘g‘li Abdulloh ibn Abi Umayya edi. (“Tarixi Muhammadiy”)

9. Rasululloh s.a.v. qaysi manzilda qo’shinga ro’zalarini ochishni buyurdilar?
a) Abvoda.
b) Qudaydda.
c) Mahruz-zahronda.
d) Juhfada.
To’g’ri javob: Qudaydda.
Izoh: Qo‘shin yo‘lida davom etib Qudayd degan joyga kelganda payg‘ambar alayhis-salom sahobalarning ochlikdan behad qiynalib ketishganini ko‘rib og‘iz ochishni buyurdilar, o‘zlari ham ovqatlandilar. (Nur ul-yaqiyn”)

10. Rasululloh s.a.v. Fotima vodiysida kimni lashkar qo’riqchilariga bosh etib tayinladilar?
a) Umar ibn Hattob r.a.ni
b) Ali ibn Abu Tolib r.a.ni
c) Zubayr ibn Avvom r.a.ni
d) Xolid ibn Valid r.a.ni
To’g’ri javob: Umar ibn Hattob r.a.ni
Izoh: So‘ng yurishni davom ettirib, xufton mahali Marruz-Zahronga – Fotima vodiysiga – borib to‘xtadilar. Lashkarga gulxan yoqishni buyurdilar, o‘n mingta gulxan yoqildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Umar ibn Xattob roziyallohu anhuni lashkar qo‘riqchilariga bosh etib tayinladilar. (“Rohiyq al-maxtum”)

11. Abu Sufyonni Rasululloh s.a.v. huzurlariga kim olib keldi?
a) Umar ibn Hattob r.a.
b) Abbos ibn Abdulmuttalib r.a.
c) Hakim ibn Hazom
d) Xolid ibn Valid r.a.
To’g’ri javob: Abbos ibn Abdulmuttalib r.a.
Izoh: Abbos ibn Abdulmuttolib musulmon holida ahli ayoli bilan Makkadan chiqib askarga kelib qo‘shilgan edi. U qorong‘ida Abu Sufyonni izlab topdi va:
«Mana, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar bilan keldilar. Qurayshning holiga voy!» dedi. U musulmonlardan birortasi Abu Sufyonni o‘ldirib qo‘ymasin deb shoshilib uni xachiriga mingashtirib olib Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib keldi. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

12. Islom lashkari qaysi kuni Mahruz-zahronni tark etib, Makkaga yo’l oldi?
a) Ramazon oyining 14-kuni
b) Ramazon oyining 17-kuni
c) Ramazon oyining 19-kuni
d) Ramazon oyining 22-kuni
To’g’ri javob: Ramazon oyining 17-kuni
Izoh: Shu kuni – 8-hijriy ramazon oyining o‘n yettinchisi, seshanba kuni – tong paytida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Marruz-Zahronni tark etib, Makkaga yo‘l oldilar. (“Rohiyq al-maxtum”)

13. Makka fathida Rasululloh s.a.v.ning bayroqdorlari kim bo’ldi?
a) Zubayr ibn Avvom r.a.
b) Abu Ubayda r.a.
c) Ali ibn Abu Tolib r.a.
d) Xolid ibn Valid r.a.
To’g’ri javob: Zubayr ibn Avvom r.a.
Izoh: Zubayr ibn Avvomni chap qanotga bosh qilib tayinladilar, u Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bayroqdori bo‘ldi. (“Rohiyq al-maxtum”)

14. Makkaga kirayotgan Ansor qo’shining bayroqdori kim edi?
a) Sa’d ibn Muoz r.a.
b) Muoz ibn Jabal r.a.
c) Avf ibn Molik r.a.
d) Sa’d ibn Uboda r.a.
To’g’ri javob: Sa’d ibn Uboda.
Izoh: Sa’d ibn Uboda ansorlarning bayroqdori edi. (“Rohiyq al-maxtum”)

15. Rasululloh (s.a.v.) o’z bayroqlarini Hajun degan joyga o’rnatishga amr qildilar. Keyin ushbu bayroq o’rnatilgan joyda qanday tadbir amalga oshirildi?
a) “Muaskar ar-ra’ya” nomini olgan musulmon harbiy jamloq joylashtirildi.
b) “Masjid ar-ra’ya” nomi bilan atalgan masjid bino qilindi.
c) “Buston ar-ra’ya” nomi bilan mashhur katta bir bog’ barpo etildi
d) Makkaga ziyoratga keluvchilarning “ar-Ra’ya” nomini olgan qo’nalg’asi bo’lib qoldi.
To’g’ri javob: “Masjid ar-ra’ya” nomi bilan atalgan masjid bino qilindi.
Izoh: Rasululloh (s.a.v.) o’z bayroqlarini Hajun degan joyga o’rnatishga amr qildilar. Al-Halabiy o’zining “Siyra” nomli asarida aytishiga ko’ra uhbu bayroq o’rnatilgan joyda “Masjid ar-ra’ya” nomi bilan atalgan masjid bino qilindi. (“Sayyidimiz Muhammad s.a.v.”)

16. Xolid ibn Valid qo’shini bilan urushgan qurayshliklardan nechtasi halok bo’ldi?
a) 14 ta
b) 20 ta
c) 24 ta
d) 77 ta
To’g’ri javob: 24 ta
Izoh: Faqat Xolid ibn Validga o‘z odamlari bilan kelayotgan tomonda qarshilik ko‘rsatildi. Bir guruh mushriklar urush qilgani chiqishdi. Ularning ichida Ikrima ibn Abi Jahl va Safvon ibn Umayyalar ham bor edi. Xolid roziyallohu anhu va uning odamlari ularga qarshi urush qildilar. Bu jangda Qurayshliklardan yigirma to‘rt, Huzayldan to‘rt kishi halok bo‘ldi. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va Risolat”)

17. Xolid ibn Validning qo’shinida musulmonlardan kimlar halok bo’ldi?
a) Iyos ibn Avs, Bahhos ibn Sa’laba
b) Sobit ibn Amr, Jubayr ibn Ilyos
c) Kurz ibn Jobir, Xunays ibn Xolid
d) Horis ibn Qays, Habib ibn Asvad
To’g’ri javob: Kurz ibn Jobir, Xunays ibn Xolid
Izoh: Xolidning guruhi yo‘lda uchragan mushriklarni tinchitib boraverdi. Uning guruhidagi musulmonlardan Kurz ibn Jobir al-Fihriy bilan Xunays ibn Xolid ibn Rabi’a halok bo‘ldi. (“Rohiyq al-maxtum”)

18. Rasululloh s.a.v. piyoda va qurolsiz kishilarga kimni bosh qildilar?
a) Zubayr ibn Avvom r.a.
b) Abu Ubayda r.a.
c) Muhammad ibn Maslama r.a.
d) Xolid ibn Valid r.a.
To’g’ri javob: Abu Ubayda r.a.
Izoh: Abu Ubaydani piyodalarga va qurolsiz kishilarga bosh qildilar, unga Batni Vodiyni egallashini, Makkaga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilarida kirib borishini buyurdilar. (“Rohiyq al-maxtum”)

19. Qaysi onalarimiz Makka fathida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga hamrohlik qilishdi?
a) Oisha va Ummu Habiba r.a.lar
b) Ummu Salama va Sofiya r.a.lar
c) Oisha va Ummu Salama r.s.lar
d) Maymuna va Ummu Salama r.a.lar
To’g’ri javob: Maymuna va Ummu Salama r.a.lar
Izoh: Ummu Salama bilan Maymuna payg‘ambar alayhis-salomga hamroh bo‘lib, birga safarga chiqishgan edi. (“Nur ul-yaqiyn”)

20. Makka shahri qaysi kuni fath bo’ldi?
a) Ramazon oyining 20-kuni, jum’a.
b) Ramazon oyining 17-kuni, seshanba.
c) Ramazon oyining 16-kuni, dushanba.
d) Ramazon oyining 15-kuni, yakshanba.
To’g’ri javob: Ramazon oyining 20-kuni, jum’a.
Izoh: Rasulullohning yonlarida Hazrati Abu Bakr Siddiq Fath surasini o‘qib kelmoqda edilar. Ramazonning yigirmanchi kuni, sakkizinchi hijriy yilda Makka shahri fath bo‘lib, juma kuni ertalab Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahar ichiga kirdilar. (“Tarixi Muhammadiy”)


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.