background
logotype
image1 image2 image3

4-bosqich. 1-tur: Mu'ta g'azoti

IV BOSQICH
1-tur: Mu’ta g’azoti
Javoblar va izohlar


1. Mu’ta jangi qachon bo’lib o’tdi?
a) 8-hijriy yil, jumodul-avval oyida
b) 8-hijriy yil, jumodus-soniy oyida 
c) 8-hijriy yil, rajab oyida
d) 9-hijriy yil, muharram oyida
To’g’ri javob: 8-hijriy yil, jumodul-avval oyida
Izoh: Bu urush Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hayotliklarida musulmonlar olib borgan eng og‘ir jang va eng qonli to‘qnashuv sifatida tarixga kirdi. U 8-hijriyning jumodul-uvlo oyida – 629-milodiyning avgust yoki sentyabrida – bo‘lib o‘tdi va nasroniy o‘lkalarni fath etishga tayyorgarlik va debocha bo‘lib qoldi. (“Rohiyq al-maxtum”)

2. Rasululloh s.a.v. Busrodagi Rum hokimiga kimni elchi qilib yuborgan edilar?
a) Salama ibn Akva’ r.a.
b) Horis ibn Umayr r.a.
c) Muhammad ibn Salama r.a.
d) Sobit ibn Aqram r.a.
To’g’ri javob: Horis ibn Umayr r.a.
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Busrodagi Rum tomonidan ta’yinlangan hokim Sharhabiyl ibn Amr al-G’assoniyga al-Horis ibn Umayr al-Azdiyni elchi qilib yubordilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

3. Mu’ta g’azotiga musulmonlardan necha kishi chiqdi?
a) 2500 kishi
b) 3000 kishi
c) 4000 kishi
d) 4200 kishi
To’g’ri javob: 3000 kishi
Izoh: Elchi va choparlarni o‘ldirish eng qabih jinoyatlardan sanalar, bunday qilish urush e’lon qilish bilan barobar, balki undan-da ortiqroq ish hisoblanardi. Ushbu xabar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga juda qattiq ta’sir qildi va ularga qarshi uch ming kishilik qo‘shin hozirladilar. Bu juda katta qo‘shin bo‘lib, Ahzob jangidan boshqa biron jang uchun hali bunchalik ko‘p sonli qo‘shin jamlamagan edilar. (“Zodul-ma’od”, “Rohiyq al-maxtum”)

4. Musulmonlarga qarshi to’plangan qo’shining umumiy soni qancha edi?
a) 50000
b) 100000
c) 200000
d) 120000
To’g’ri javob: 200000
Izoh: Rumliklar o‘zlari yuz ming aksar yig‘dilar. Ularning Shomdagi ittifoqdoshlari va nasroniy arab qabilalari ham yuz ming askar to‘pladilar. Shu ikki yuz ming askar bilan musulmonlarni yo‘q qilib tashlash qasdida edilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

5. Rasululloh s.a.v. musulmonlar qo’shini amiri etib kimni tayinladilar?
a) Xolid ibn Valid r.a.
b) Ali ibn Abu Tolib r.a.
c) Umar ibn Hattob r.a.
d) Zayd ibn Horisa r.a.
To’g’ri javob: Zayd ibn Horisa r.a.
Izoh: Uch ming kishilik lashkarga Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuni amir etib ta’yinladilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

6. Musulmonlarning Mu’ta qo’shini amiriga Rasululloh s.a.v. qanday rangli bayroq berdilar?
a) Oq
b) Yashil
c) Qizil
d) Qora
To’g’ri javob: Oq
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qo‘shinga Zayd ibn Horisani amir qilib tayinladilar va: «Agar Zayd halok bo‘lsa Ja’far, Ja’far halok bo‘lsa Abdulloh ibn Ravoha amir bo‘ladi», dedilar. Oq rangli bayroq tikib, uni Zayd ibn Horisaga berdilar. (“Rohiyq al-maxtum”)

7. Mu’ta g’azotida amir bo’lgan sahobalar ketma-ketligini aniqlang.
a) Zayd ibn Horisa – Ja’far ibn Abu Tolib – Abdulloh ibn Ravoha – Xolid ibn Valid
b) Zayd ibn Horisa – Abdulloh ibn Ravoha – Ja’far ibn Abu Tolib – Xolid ibn Valid
c) Zayd ibn Horisa – Ja’far ibn Abu Tolib – Abdulloh ibn Ravoha – Sobit ibn Aqram - Xolid ibn Valid
d) Abdulloh ibn Ravoha - Zayd ibn Horisa – Ja’far ibn Abu Tolib – Xolid ibn Valid
To’g’ri javob: Zayd ibn Horisa – Ja’far ibn Abu Tolib – Abdulloh ibn Ravoha – Xolid ibn Valid
Izoh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuni amir etib ta’yinlar ekanlar: «Agar Zaydga bir gap bo‘ladigan bo‘lsa odamlarga Ja’far ibn Abu Tolib bosh bo‘lur, agar Ja’farga bir gap bo‘ladigan bo‘lsa Abdulloh ibn Ravoha», dedilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

8. Abdulloh ibn Ravoha Mu’ta jangiga ketishdan oldin nima uchun yig’ladi?
a) Rasululloh s.a.v.dan ayrilayotganini bilib.
b) Do’zax zikr etilgan oyatni tafakkur qilib.
c) Ga’zotda shahid ketajagiga bashoratni eshitib.
d) Mujohidlarga jannat ato etilishi haqidagi oyatni eslab.
To’g’ri javob: Do’zax zikr etilgan oyatni tafakkur qilib.
Izoh: Islomiy qo‘shin yo‘lga chiqishi oldidan odamlar yig‘ilib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning amirlari haqlariga duo-u salomlar yo‘lladilar. Shunda qo‘shinning qo‘mondonlaridan biri Abdulloh ibn Ravoha yig‘lab yubordi. Undan yig‘isi sababini so‘rashganda: «Allohga qasamki, men hayoti dunyoni yaxshi ko‘rganimdan yoki sizlardan ayrilishni istamaganimdan yig‘lamadim. Lekin, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Allohning Kitobidan do‘zax zikr etilgan: «Sizlardan har biringiz unga tushguvchidirsiz. (Bu) Parvardigoringiz (amriga binoan) vojib bo‘lgan hukmdir» (Maryam: 71) oyatini o‘qiganlarini eshitdim. Unga tushganimdan keyin qaytib chiqa olamanmi, yo‘qmi, bilmayman. Shuning uchun yig‘lamoqdaman», dedi. (“Zodul-ma’od”, “Rohiyq al-maxtum”)

9. Ma’onda ikki kun qolib ketgan musulmon askarlarini olg’a intilishga shijoatlantirgan buyuk sahobiy kim edi?
a) Ja’far ibn Abu Tolib r.a.
b) Abdulloh ibn Ravoha r.a.
c) Umar ibn Hattob r.a.
d) Zayd ibn Horisa r.a.
To’g’ri javob: Abdulloh ibn Ravoha r.a.
Izoh: Ikki kundan keyin Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu kishilarni shijoatlantirib:
«Ey, qavm! Allohga qasamki, siz qo‘rqayotgan narsa, o‘zingiz talab qilib chiqqan narsa-shahidlikdir. Biz odamlarga qarshi son bilan yoki kuchu ko‘plik bilan urushmaymiz. Biz faqatgina Alloh bizni mukarram kilgan ushbu din bilan urushamiz. Qani jo‘nanglar! Ikki yaxshilikdan biri; zafar yoki shahidlikdan boshqa narsa bo‘lmaydi!» dedi.
Odamlar dadil turib yo‘lga tushdilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

10. Mu’tada musulmonlar qo’shini o’ng qanotiga kimni qo’yildi?
a) Xolid ibn Valid r.a.
b) Amr ibn Os r.a.
c) Qutba ibn Qatoda r.a.
d) Uboda ibn Molik r.a. 
To’g’ri javob: Qutba ibn Qatoda r.a.
Izoh: Dushman yaqinlashib kela boshlagach, musulmonlar orqaroq qaytib, Mu’ta degan joyda qarorgoh tikdilar va urushga hozirlana boshladilar. O’ng qanotga Qutba ibn Qatoda al-Uzriyni, chap qanotga Uboda ibn Molik al-Ansoriyni qo‘yildi. (“Rohiyq al-maxtum”)

11. Ja’far ibn Abu Tolib r.a. Mu’tada necha yoshlarida shahid bo’ldilar?
a) 28
b) 33
c) 36
d) 39
To’g’ri javob: 33
Izoh: Urushda u kishining o‘ng qo‘li kesilib ketdi. Shunda u kishi bayroqni chap qo‘li bilan ko‘tardilar. Chap qo‘li ham kesilgan edi bayroqni ikki kesilgan qo‘lning qolgan qismi ila ko‘tardilar. Oxiri shahid bo‘ldilar. O’shanda Ja’far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu o‘ttiz uch yoshda edilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

12. Musulmonlar shahida a’lo Ja’far ibn Abu Tolib r.a. ko’ksidan-tanalaridan qilich va nayzaning nechta jarohatini topdilar? 
a) 50 dan ortiq
b) 70 dan ortiq
c) 90 dan ortiq
d) 100 dan ortiq
To’g’ri javob: 90 dan ortiq
Izoh: Ibn Umar aytadi: «Men ham o‘sha g‘azotda bor edim. Ja’far ibn Abi Tolibni qidirib, o‘lganlar orasidan topdik. Uning jasadida to‘qsondan ortiqroq qilich va nayza asarlarini topdik. Al-Amriyning Nofe’dan qilgan rivoyatida: «Bularning hammasini uning jasadining oldi tarafida topdik», deb qo‘shimcha qilingan. (“Sahihul Buxoriy”, “Rohiyq al-maxtum”)

13. Nima uchun Ja’far ibn Abu Tolib r.a. “Ja’far at-tayyor” deb atalgan?
a) Mu’ta jangida ikki qo’lidan ajragani uchun.  
b) Jang maydonida shiddatli jang qilib, qushdek uchgani uchun.
c) Tez yugurgani, qushdek uchgani uchun.
d) Ikki qo’li uzun bo’lgani uchun.
To’g’ri javob: Mu’ta jangida ikki qo’lidan ajragani uchun.  
Izoh: So‘ng bayroq Ja’far ibn Abi Tolibning qo‘liga o‘tdi. Egar ustida jang qilish qiyinlashib qolgach, otidan sakrab tushib, unga qilich tortib yubordi, so‘ng yana shiddat bilan jangga kirib ketdi. Dushman qilichi uning bayroq tutgan o‘ng qo‘lini chopib tashlagan edi, bayroqni chap qo‘li bilan tutib qoldi. Chap qo‘li ham kesilib ketgach, bayroqni azudlari (qo‘lning chig‘anoqdan yelkagacha bo‘lgan qismi) bilan bag‘riga bosganicha tik tutib turdi. To shahid bo‘lgunicha shu zaylda turib berdi. Aytishlaricha, bir rum askari uni qilichi bilan urib, ikki bo‘lakka bo‘lib tashlagan ekan. Alloh taolo jannatda unga ikki qanot ato etgan bo‘lib, u o‘sha qanotlari bilan istagan joyiga uchib yuradi. Shuning uchun ham u Ja’far at-tayyor (uchuvchi Ja’far) va Ja’far zul-janohayn (ikki qanotli Ja’far) deb ataldi. (“Rohiyq al-maxtum”)

14. Abdulloh ibn Ravoha amir bo’lgach, jangga kirishib ketadi. Shunda amakivachchasi bir go’shli suyak olib kelib, ibn Ravohaga uzatadi. Shunda u…
a) shunday paytda taom yeyish menga harom deya jangni davom ettiradi.
b) go’shtni yeyayotgan paytda dushman askari kelib, qo’lini kesib tashlaydi.
c) go’shni boshqa och askarlarga berishini aytadi.
d) go’shtdan bir tishlab, so’ng tashlab yuboradi va yana jangga kirishadi.
To’g’ri javob: go’shtdan bir tishlab, so’ng tashlab yuboradi va yana jangga kirishadi.
Izoh: Ja’far ibn Abu Tolib roziyallohu anhu shahid bo‘lganlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavsiya qilganaridek bayroqni Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu olib olg‘a tashlandi. U kishi otidan tushib bayroqni ko‘targan holda jang qila boshladi. Amakivachchasi uning yoniga kelib bir oz go‘shti bor bir suyakni uzatib: «Bir oz tamaddi qilib ol! Bu kunlarda ko‘p charchading» dedi. U go‘shtdan bir tishladi. Ammo uni darohol tashlab yubordi-da, turib qilichini olib yana jangga kirdi. Dushman tomon sherdek tashlandi. Vaqti soati yetib Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu ham shahidlar safiga qo‘shildi. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

15. Xolid ibn Valid r.a. Mu’tada qanday harbiy xiyla ishlatdi?
a) Kechasi turli joylarda olov yoqib, musulmonlar soni ko’paygani ma’lum qilindi.
b) Askarlarning o’rni almashtirildi, kechasi ovoz chiqarib, yangi kuchlar kelgani ma’lum qilindi.
c) Kechasi dushman askarlari uxlab yotganida yoppa jangga kirishildi.
d) Xufya elchilar tomonidan ko’plab arab qabilalari musulmonlarga birikish uchun kelayotgani haqida xabar tarqatildi.
To’g’ri javob: Askarlarning o’rni almashtirildi, kechasi ovoz chiqarib, yangi kuchlar kelgani ma’lum qilindi.
Izoh: Kechasi Xolid ibn Valid roziyallohu anhu Islom lashkari turgan joyning orqa tomoniga ko‘pchilik jangchilarni turli joylarga o‘rnashtirdi. Keyin ularga xuddi orqadan madad kuchlari yetib kelgandek ovoz chiqarishni amr qildi. Jangchilar o‘z amirlarining amrini a’lo darajada bajardilar. Shu bilan birga Xolid ibn Valid roziyallohu anhu yana boshqa bir harbiy hiyla ham ishlatdi. Askarning o‘ng tomonini chap tomonga, ort tomonini old tomonga almashtirdi. Ertalab rumliklar tamoman boshqacha askarni ko‘rdilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

16. Mu’ta g’azotida Xolid ibn Valid r.a.ning nechta qilichi sindi?
a) 10 ta
b) 7 ta
c) 9 ta
d) 5 ta
To’g’ri javob: 9 ta
Izoh: Xolid ibn Valid: «Mu’ta g‘azotida mening qo‘limda to‘qqizta qilich sindi, faqat Yaman qilichi butun qoldi»,— deydilar. («Sahihi Buxoriy»)

17. Mu’ta g’azotida Rasululloh s.a.v. Xolid ibn Valid r.a.ni qanday nomladilar?
a) Sayfulloh
b) Asadulloh
c) Nasrulloh
d) Fathulloh 
To’g’ri javob: Sayfulloh
Izoh: Anas ibn Molik raziyallohu anhudan naql qilinadi: «Payg‘ambar alayhissalom Zayd, Ja’far va Ibn Ruvohaga ne bo‘lajagini ular o‘ldirilgani haqida xabar kelmasidan burun bunday deb bashorat qildilar: «Bayroqni Zayd qo‘liga oldi, shahid bo‘ldi, so‘ng Ja’far oldi, shahid bo‘ldi, keyin ibn Ravoha oldi, shahid bo‘ldi, (shunda ikki ko‘zlaridan yosh quyilib ketdi), so‘ng bayroqni Ollohning qilichlaridan biri qo‘liga olib erdi, musulmonlar g‘alaba qozondilar». («Sahihi Buxoriy»)

18. Mu’ta g’azotida musulmonlardan necha kishi shahid bo’ldi?
a) 33
b) 70
c) 24
d) 12
To’g’ri javob: 12
Izoh: O’sha kuni musulmonlardan jami o‘n ikki kishi shahid bo‘ldi. (“Rohiyq al-maxtum”)

19. Mu’ta g’azotidan qaytayotgan sahobalarni Madina ahli kutib oldi va ularni “Qochqoqlar!” deb atashdi. Rasululloh s.a.v. esa qanday atadilar?
a) Qayta hujum qiluvchilar
b) G’oziylar
c) Fotihlar
d) G’oliblar
To’g’ri javob: Qayta hujum qiluvchilar
Izoh: Musulmonlar Islom lashkarining shonli zafarlariga o‘rganib qolishgan edilar. Shuning uchun ham Mo‘‘tadagi urush ularga Islom lashkarining mag‘lubiyati bo‘lib ko‘rindi. Ular qaytib kelayotgan jangchilar ustidan tuproq sochib: «Qochqoqlar! Allohning yo‘lida qochdinglar!» deb baqira boshladilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q! Ular inshaalloh karrorlar-qayta hujum qiluvchilar», dedilar. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)

20. Mu’ta g’azoti uchun quyidagi ta’riflardan qaysi biri mos tushadi?
a) Arabiston yarimorolidan tashqarida arablardan boshqalar bilan birinchi to’qnashilgan jang.
b) Rasululloh s.a.v. hayotlik chog’larida amalga oshirilgan eng uzoq masofadagi g’azot.
c) Bu g’azotga shu paytgacha eng ko’p qo’shin jamlandi.
d) Shu paytgacha musulmonlardan eng ko’p shahid berilgan g’azot bo’ldi.
To’g’ri javob: Arabiston yarimorolidan tashqarida arablardan boshqalar bilan birinchi to’qnashilgan jang.
Izoh: Mo‘ta jangi musulmonlarning Arabiston yarim orolidan tashqarida arablardan boshqalar bilan birinchi bor to‘qnashuvi edi. (“Hadis va hayot: Nubuvvat va risolat”)


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.