background
logotype
image1 image2 image3

3-bosqich. 9-tur: Haybar g’azotidan keyingi voqealar

III BOSQICH
9-tur: Haybar g’azotidan keyingi voqealar 
Javoblar va izohlar


1. Rasululloh SAV Xaybarga ketayotib Roji’ degan joyda to’xtadilar va taom buyurdilar. Ushbu taomning nomi nima edi?
a) Tirid
b) Hiys
c) Sariy
To’g’ri javob: Sariy
Izoh: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam taomlarni jamlashga amr qildilar. Faqat tolqondan iborat taom jamlandi. Undan sariy nomli taom tayorlanib odamlarga tarqatildi. (“Hadis va hayot”. “Nubuvvat va risolat”).

2. Rasululoh SAV Haybarda: «Ertaga bayroqni, albatta, Alloh va Uning Rasuli yaxshi ko‘radigan kishi oladir. Unga fath nasib bo‘ladir», dedilar. Ertasi kuni bayroqni kimga topshirdilar?
a) Abu Bakr Siddiqqa
b) Umar ibn Hattobga
c) Ali ibn Abu Tolibga
To’g’ri javob: Ali ibn Abu Tolibga
Izoh: «Ertaga bayroqni, albatta, Alloh va Uning Rasuli yaxshi ko‘radigan kishi oladir. Unga fath nasib bo‘ladir», dedilar. Katta sahobalarning har biri o‘sha odam o‘zi bo‘lishini umid qila boshladilar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hazrati Ali roziyallohu anhuni chaqirdilar. O’sha paytda hazrati Ali roziyallohu anhuning ko‘zlari og‘rib qolgan edi. Hazrati Ali keldilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining ko‘zlariga tuflagan edilar, xuddi xasta bo‘lmagandek bo‘lib qoldilar. U zot bayroqni u kishiga berdilar. (“Hadis va hayot”. “Nubuvvat va risolat”).

3. Safiya r.a. onamiz qaysi qal’ada asir olindilar?
a) Nazor
b) No’im
c) Alqamus
To’g’ri javob: Alqamus
Izoh: Shundoq bo‘lib, Xaybar qal’alari ketma-ket musulmonlar qo‘liga o‘ta boshladi. Biroq bular ichida fath bo‘lmagan yana uch qal’a qoldi. Alarning eng kuchlik, ishonchlik qal’alari ersa Alqamus nomli bo‘lib, bu qal’ada yahud raislarining oilalari, yana har turli qimmatbaho mollari saqlanmish edi. Rasululloh bu qal’a ustida yigirma kun qattiq qamal qilib turdilar. Oxiri Hazrati Ali qo‘lidan bu ham fath bo‘ldi. Onamiz Safiya shu qal’adan asir olingan edi. (“Tarixi Muhammadiy”)

4. Haybar jangida Hazrati Ali yenggan yahudiy bahodiri kim edi?
a) Mihrab (Marhab)
b) Yosir (Yasir)
c) Yusha’ (Yasha’)
To’g’ri javob: Mihrab (Marhab)
Izoh: Ali roziyallohu anhu «al-Qamus» qo‘rg‘oni tomon yurdilar. U kishining qarshisiga yahudiylarning mashhur pahlavoni Mihrab she’r aytib chiqdi. Ikki pahlavon orasida ayovsiz jang boshlandi. Ikki lashkar ikki tomonda bu shiddatli jang nima bilan tugashini kutib turar edi. Yakkama yakka olishayotganlar esa bir-birlariga berayotgan zarbalarni borgan sari kuchaytirib borar edilar. Hazrati Ali payt poylab turib Mihrabning qoq miyasiga shiddatli zarba urdilar. Yahudiyning boshiga kiygan dubulg‘asi va unga qo‘shilib boshi ham ikkiga bo‘linib ketdi. Musulmonlar «Allohu Akbar» sadolari ostida «al-Qamus»ni fath etdilar. (“Hadis va hayot”. “Nubuvvat va risolat”).

5. Rasululloh SAV xiyonat qilgan yahudiy Kinona ibn Rabe'ni o'ldirish kimga buyurdilar?
a) Mahmud ibn Maslamaga
b) Muhammad ibn Maslamaga
c) Abu Dujonaga
To’g’ri javob: Muhammad ibn Maslamaga
Izoh: So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni Muhammad ibn Maslamaga berdilar, Ibn Maslama uni No’im qal’asi devori tagida o‘tirganida boshiga tegirmon toshi tashlanib, halok qilingan inisi Mahmud ibn Maslamaning qasosiga qatl qildi. (“Rohiyqul maxtum”)

6. Xaybar g’azotidan avval Anas ibn Molikning onasi Ummu Sulaym r.a. Rasululloh SAVga bir necha adad Azq nomli hurmo bergan edilar. Keyin Rasululloh SAV ularni kimga berdilar?
a) Jobir ibn Abdullohga 
b) Ummu Aymanga
c) Abdulloh ibn Mas’udga
To’g’ri javob: Ummu Aymanga
Izoh: Mashhur sahobiy Anas ibn Molik roziyallohu anhuning onalari Ummu Sulaym roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bir necha adad Azq nomli xurmo bergan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni o‘zlarining ozod qilgan cho‘rilari Ummu Aymanga bergan edilar. U zot Ummu Sulaymga xurmolarini qaytarib berib, Ummu Aymanga har bir xurmo uchun o‘ntadan boshqa xurmo berdilar. (“Hadis va hayot”. “Nubuvvat va risolat”)

7. Vodil-quro qayerda joylashgan edi?
a) Madina va Makka o’rtasida
b) Madina va Shom o’rtasida
c) Madina va Yaman o’rtasida
To’g’ri javob: Madina va Shom o’rtasida
Izoh: Vodil-quro Madina va Shom joylashgan vodiy bo’lib, ko’p qishloqlardan iborat bo’lgani uchun “qishloqlar vodiysi” nomini olgan. (“Sayyidimiz Muhammad s.a.v.”).

8. Vodil-quro g’azotidan so’ng yahudiylarning qaysi qabilasi rasululloh SAV bilan o’z ixtiyorlari bilan sulh tuzdilar?
a) G’atafon
b) Fidk
c) Tiymaa
To’g’ri javob: Tiymaa
Izoh: Xaybar, Fidk va Vodil Quroda bo‘lgan hodisalardan xabardor bo‘lgan Tiymaa yahudiylar o‘z ixtiyorlari bilan sulh so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ular bilan sulh tuzdilar. (“Hadis va hayot”. “Nubuvvat va risolat”)

9. Rasululloh SAV qazo umrasi safariga qaysi oyda chiqdilar?
a) zulqa’da
b) zulhijja
c) safar
To’g’ri javob: zulqa’da
Izoh: Yettinchi hijriy yilning Zulqa’da oyida, ya’ni, rosa bir yildan so‘ng Hudaybiyada ishtirok etgan sahobalar bilan umraga otlandilar. (“Hadis va hayot”. “Nubuvvat va risolat”)

10. Rasululloh SAV qazo umrasi safariga chiqqanlarida Madinada o’rnilariga kimni qoldirdilar?
a) Abu Zarr G’iforiyni
b) Abdulloh ibn Ummu Maktumni
c) Siba’ ibn Urfutani
To’g’ri javob: Abu Zarr G’iforiyni
Izoh: Xudaybiya shartnomasiga binoan bir yil to‘lgach payg‘ambar alayhis-salom o‘z o‘rnilariga Abozarr G’iforiyni tayinlab, o‘tgan yilgi umraning qazosini ado etish uchun sahobalarni olib Makkaga otlandilar. (“Nurul yaqiyn”)

11. Rasululloh SAV qazo umrasi safarida o’zlari bilan qurbonlik uchun nechta tuya oldilar?
a) 40 ta
b) 60 ta
c) 70 ta
To’g’ri javob: 60 ta
Izoh: Zul Hulayfa degan joydan ihrom bog‘lab, qurbonliklarini ham haydab oldilar. 
Rivoyatlarda kelishicha, o‘shanda Rasulullohning o‘zlari oltimishta tuya olgan ekanlar. (“Hadis va hayot”. “Nubuvvat va risolat”)

12. Rasululloh SAV qazo umrasi safarida qurol-aslahalarni qayerda qoldirdilar?
a) Marriz Zahronda
b) Botni Ya’jijda
c) Hijri Ismoilda
To’g’ri javob: Botni Ya’jijda
Izoh: Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassallom Marriz-Zahronga kelib, haramning belgilari ko‘rinadigan joyga tushdilar va qurol aslahalarini Botni Ya’jij degan joyga yuborib, o‘zlari ahdnomada shartlashilganidek, qilichlarini qinida saqlagan holda Makkaga qarab yurdilar. (“Hadis va hayot”. “Nubuvvat va risolat”)

13. Qazo umrasi kuni Rasululloh SAVning tuyalari yuganidan tutib, qasida o’qigan sahoba kim edi?
a) Abdulloh ibn Ravoha r.a.
b) Hasson ibn Sobit r.a.
c) Ka’b ibn Molik r.a.
To’g’ri javob: Abdulloh ibn Ravoha r.a.
Izoh: Abdulloh ibn Ravoha al-Ansoriy roziyallohu anhu Rasulullohning tuyalarini yuganidan tutib:
«Muhammad Rasuli bo‘lgan Zot ismi bilan,
Dinidan o‘zga din yo‘q bo‘lgan zot ismi bilan!»
deb boshlanuvchi qasidani o‘qigan holda kelar edi. (“Hadis va hayot”. “Nubuvvat va risolat”)

14. Rasululloh SAV xaybardan qaytayotganlarida Hamza r.a.ning qizlari U kishiga ergashdi. Shunda u qizchani o’z kafolatiga olishda 3 kishi talashishdi. Rasululloh SAV kimning foydasiga hukm qildilar?
a) Ali ibn Abu Tolibning
b) Ja’far ibn Abu Tolibning
c) Zayd ibn Horisaning
To’g’ri javob: Ja’far ibn Abu Tolibning
Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkai Mukarramadan chiqmoqchi bo‘lib turganlarida shahidlarning sayyidi Hamza roziyallohu anhuning qizlari U zotga ergashib, amaki, amaki, deb kelib qoldi. Uni hazrati Ali yugurib borib qo‘lidan tutib Fotimai Zahroning oldilariga olib borib, amakingning qizini ol, dedilar. Hazrati Fotima qizchani ko‘tarib oldilar. O’sha yerda qizchani o‘z kafolatiga olish haqida Ali, Ja’far va Zaydlar talashib ketishdi;
Ali roziyallohu anhu:
«Men uni oldim. U amakimning qizi», dedi.
Ja’far roziyallohu anhu bo‘lsa:
«U mening amakimning qizi. Xolasi xotinim», dedi.
Zayd roziyallohu anhu o‘z navbatida:
«U mening birodarimning qizi», dedi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Xola onaning o‘rnidadir, deb uni xolasiga berish haqida hukm chiqardilar. Shu bilan birga qizchani kafolatiga olish uchun talashgan sahobalariga iliq so‘zlar aytdilar; Hazarati Aliga:
«Sen mendansan, men sendanman», dedilar. Ja’far ibn Abu Tolibga:
«Mening xalqimga va xulqimga o‘xshading», dedilar. Zayd roziyallohu anhuga esa:
«Sen birodarimiz va mavlomizsan», dedilar. (“Hadis va hayot”. “Nubuvvat va risolat”)

15. Xaybar g’azotidan so’ng Bashir ibn Sa’d boshligida yuborilgan sariyalarni belgilang.
a) Havozin va Mayfaa sariyyasi.
b) Bani Murra va G’atafon sariyyasi
c) Bani Kilob va Bani Murra sariyyasi
d) b va c javoblar
To’g’ri javob: Bani Murra va G’atafon sariyyasi
Izoh: Yana shu yili Sha’bon oyida Bashir ibn Sa’dni o‘ttiz kishiga boshliq qilib, Fadak nohiyasida Bani Murra qabilasi ustiga yubordilar.
Yana shu yili Xaybar atrofida yashaydigan G‘atafon qabilasi Madinaga chopul (hujum) qilmoqchi bo‘lib, Uyayna ibn Hisn qo‘l ostiga to‘planmishlar edi. Bu xabar Rasulullohga yetgach, Bashir ibn Sa’dni boshchi qilib uch yuz kishilik askarni alar ustiga yubordilar. (“Tarixi Muhammadiy”)

16. Xaybar g’azotidan so’ng hijratning 8 yili (628 melodiy) Najdning Banu Kilob qabilasiga yuborilgan sariyya kimning sariyyasi edi?
a) Abu Bakr sariyyasi
b) Umar ibn Xattob sariyyasi
c) Bashir ibn Sa’d al-Ansoriy sariyyasi
To’g’ri javob: Abu Bakr sariyyasi
Izoh: Xaybar g’azotidan so’ng hijratning 8 yili (628 melodiy) Najdning Banu Kilob qabilasiga Abu Bakr sariyyasi yo’l oldi. Ularning bir qanchasi asir olindi. (“Sayyidimiz Muhammad s.a.v.”).

17. Quyidagi sahobalarning qaysi birlarining kunyalari Abu Ruqiyadir?
a) Uboda ibn Somit r.a.
b) Molik ibn Sinon r.a.
c) Tamiym Doriy r.a.
d) Jundub ibn Junoda r.a.
e) Usmon ibn Talha r.a.
To’g’ri javob: Tamiym Doriy r.a.
Izoh: Tamiym ibn Avs ibn Horija Doriy, kunyalari Abu Ruqiyadir (“Hadis va hayot”. “Iymon va Islom”)

18. Quyidagi sahobalarning qaysi birlarining kunyalari Abu Abdurrahmon bo’lmagan?
a) Muoz ibn Jabal r.a.
b) Jarir ibn Abdulloh r.a.
c) Abdulloh ibn Mas’ud r.a.
d) Abdulloh ibn Umar r.a.
e) Muoviya ibn Abu Sufyon r.a.
f) b va e
g) a, b va e
To’g’ri javob: Jarir ibn Abdulloh r.a.
Izoh: Muoz ibn Jabal ibn Amr Ansoriy Hazrajiy, kunyalari Abu Abdurrahmon.
Abdulloh ibn Mas’ud ibn G’ofil al-Huzamiy, kunyalari Abu Abdurrahmon
Ismlari Abdulloh, kunyalari Abu Abdurrahmon, otalari Umar ibn hattob, onalari Zaynab binti Maz’undir.
Jarir ibn Abdulloh ibn Jobir Bajaliy, kunyalari Abu Amr. (“Hadis va hayot”. “Iymon va Islom”)
Муовия ибн Абу Суфён р.а.нинг кунялари Абу Абдурраҳмондир. («Ҳадис ва ҳаёт», 3-жуз, «Ният, ихлос, илм»)

19. Quyidagi sahobalardan qaysi biri qibtiylardan edilar?
a) Abu Azza r.a.
b) Abu Muso r.a.
c) Abu Rofe’ r.a.
d) Abu Najd r.a.
e) Abu Jandal r.a.
To’g’ri javob: Abu Rofe’ r.a.
Izoh: Abu Rofe’ qibtiylardan edilar. Rasululloh s.a.v.ga amakilari Abbos hadya qilgan qullardan edilar. (“Hadis va hayot”. “Iymon va Islom”)

20. Rasululloh s.a.v.: “Men ilmning shahri bo’lsam, … eshigidir” deb kimni marhamat qilganlar?
a) Abu Bakr Siddiq r.a.
b) Umar ibn Xattob r.a.
c) Ali ibn Abu Tolib r.a.
d) Abu Hurayra r.a. 
e) Abdulloh ibn Mas’ud r.a.
To’g’ri javob: Ali ibn Abu Tolib r.a.
Izoh: Rasululloh s.a.v.: “Men ilmning shahri bo’lsam, Ali eshigidir” deb aytdilar. (“Hadis va hayot”. “Iymon va Islom”)


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.