background
logotype
image1 image2 image3

3-bosqich. 6-tur: Ro’za hukmlari. 1-qism (Hanafiy mazhabida)

III BOSQICH
6-tur: Ro’za hukmlari. 1-qism (Hanafiy mazhabida)
Javoblar va izohlar


1. Ramazon oyinining ro’zasi qachon farz bo’lgan?
a) Payg’ambarlikning ikkinchi yili rajab oyida
b) Hijratning ikkinchi yili sha’bon oyida
c) Payg’ambar (a.s.) me’rojga chiqqan yillari namoz bilan birga farz qilingan
d) Qibla Ka’bai muazzamaga burilgandan keyin
e) b va d javoblar.
To’g’ri javob: b va d javoblar.
Izoh: Ramazon oyi ro’zasini tutmoq hijriy ikkinchi sanada farz qilingan. Aniqrog’i, hijriy ikkinchi sananing Sa’bon oyida, hijratdan 18 oy o’tgandan keyin va Qibla Ka’bai Muazzamaga burilgandan keyin farz qilingan. (“Kifoya”)

2. Ramazon oyi ro’zasini farz qiluvchi oyatlar qaysilar?
a) Baqara surasi, 183-185 oyatlar
b) Baqara surasi, 187-190 oyatlar
c) Qadr surasi,  1-5 oyatlar
d) Oli imron surasi, 80-85 oyatlar
e) Niso surasi, 92-oyat
To’g’ri javob: Baqara surasi, 183-185 oyatlar
Izoh: Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo'lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro'za tutish farz qilindi, sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo'lsa, sanog'i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo'lganidan ortiq fidya bersa), o'ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro'za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir. Ramazon oyi - odamlar uchun hidoyat (manbai) va to'g'ri yo'l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda hozir bo'lsa, ro'zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo'lsa, (tuta olmagan kunlar) sanog'i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og'irlikni xohlamaydi. Bu - hisobni to'ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishlaringiz va shukr qilishlaringiz uchundir. (Baqara surasi, 183-185-oyatlar. "Qur'oni karim". Abdulaziz Mansur tarjimasi)

3. Ro’zaning shar’iy istilohdagi ma’nosi nima?
a) subhdan to shomgacha ro’za niyati bilan yeyish, ichish va ayollarga yaqinlik qilishdan tiyilishga ro’za deyiladi.
b) mazkur ishlardan tashqari g’iybat, so’kinish va bo’htonlardan ham saqlanishga ro’za deyiladi.
c) faqatgina yeb-ichishdan saqlanish ro’za deyiladi.
d) a va b javoblar
To’g’ri javob: subhdan to shomgacha ro’za niyati bilan yeyish, ichish va ayollarga yaqinlik qilishdan tiyilishga ro’za deyiladi.
Izoh: Subhdan to shomgacha ro’za niyati bilan yeyish, ichish va ayollarga yaqinlik qilishdan tiyilishga ro’za deyiladi (“Muxtasar al-viqoya”. “Kitob as-savm”)

4. Ramazon ro’zasini nafl, qazo, nazr niyatlari bilan ham tutsa bo’ladimi?
a) Yo’q bo’lmaydi
b) Ha bo’ladi, mazkur niyatlar bilan tutilgan ro’za ham ramazondan hisob qilinaveradi, shu shart bilanki, ro’za tutuvchi shaxs muqim bo’lsa.
c) Ha bo’ladi, lekin safar va bemorlikda tutilgan ro’za uchun niyat tayin qilinishi shart.
d) Faqatgina nafl niyati bilangina joizdir.
e) b va c javoblar 
To’g’ri javob: b va c javoblar
Izoh: Ramazon ro‘zasini nafl niyati yoki umuman ro‘za niyati bilan tutish ham mumkin. Muayyan nazr, nafl ro‘za niyatining hukmi ham xuddi shunday. Lekin safarda va bemorlikda tutilgan ro‘za uchun qaysi ro‘zaga niyat qilayotganini aniqlab, tayin qilib qo‘yishi shart. («Muxtasar», «Olamgiriya»)

5. Quyidagilarning qaysi biri vojib ro’za hisoblanadi?
a) Kafforat ro’zasi
b) Nazr ro’zasi
c) Nafl niyati bilan tutib, keyin buzilgan ro‘za qazosi
d) Muharram oyining 9-10-kunlari ro’za tutish
e) a, b, c javoblar.
To’g’ri javob: Nafl niyati bilan tutib, keyin buzilgan ro‘za qazosi
Izoh: Vojib ro‘za nafl niyati bilan tutilgan va keyinroq buzilgan ro‘zalarning qazosidir. (“Nurul Izoh”)

6. Qaysi ro’zalar uchun tong otmasdan, tunda niyat qilish shart?
a) Ramazon ro’zasi, nafl ro’za
b) Qazo ro’zasi, kafforat ro’zasi
c) Tayin etilmagan nazr ro’zasi
d) b va c javoblar
e) a, b, c javoblar
To’g’ri javob: b va c javoblar
Izoh: Qazo ro‘zasi, kafforat uchun tutiladigan ro‘za, tayin etilmagan nazr ro‘zasi uchun tong otmasdan oldin tunda niyat qilish shart. («Muxtasar», «Niqoya»)

7. Alloh taolo Qur’oni karimda qasamning kafforati uchun necha kun ro’za tutishni buyurgan?
a) 1 kun
b) 3 kun
c) 5 kun
d) 7 kun
e) 30 kun
To’g’ri javob: 3 kun
Izoh: Qasamlaringizdagi behuda so'zlar uchun Alloh sizlarni javobgar qilmaydi, balki sidqidildan bog'lagan qasamlar (buzilgani) uchun sizlarni javobgarlikka tortadi. Buning kafforati (jarimasi) - oilangizni oziqlantirish uchun lozim taomlarning o'rtacha miqdorida o'nta miskinga taom berish yoki ularning kiyimlari yoxud bir qulni ozod qilishdir. Kimki (bularni) topa olmasa, uch kun ro'za tutish (mumkin). Ana shu ichgan (va buzgan) qasamlaringizning kafforatidir. Qasamlaringizni asrangiz! Alloh sizlarga O'z oyatlarini shunday bayon qiladi, toki shukr qilgaysizlar. (Moida surasi, 89-oyat. "Qur'oni karim". Abdulaziz Mansur tarjimasi)

8. Oshuro kunining yolg’iz o’zining ro’zasini tutish qanday amal hisoblanadi?
a) Makruhi tanzihiy
b) Sunnati zoida
c) Mandub yoki mustahab
d) Makruhi tahrimiy
e) Sunnati muakkada
To’g’ri javob: Makruhi tanzihiy
Izoh: Makruh ro’zani Hanafiy mazhabida “makruhi tanzihiy” deyiladi. Ular quyidagilardir: Oshuro kunining yolg’iz o’zining ro’zasini tutish. ("Kifoya")

9. Har oyda 3 kun ro’za tutish, dushanba va payshanba kunlari ro’za tutish, Sha’bon oyida ro’za tutish qanday amal hisoblanadi?
a) Nafl
b) Sunnati muakkada
c) Mandub yoki mustahab
d) Sunnati zoida
e) Muboh
To’g’ri javob: Mandub yoki mustahab
Izoh: Mandub yoki mustahab - Rasululloh (s.a.v.) bardavom tutmagan ixtiyoriy ro’za: Har oyda 3 kun ro’za tutish, dushanba va payshanba kunlari ro’za tutish, Sha’bon oyida ro’za tutish, har oydan 3 kun tutish, Shavvoldan 6 kun tutish va hkz. ("Kifoya")

10. Quyidagilardan qaysi biri makruhi tahrimiy hisoblanmaydi?
a) Navro’z bayrami kuni ro’za tutish 
b) Ramazon va Qurbon hayiti kuni ro’za tutish
c) Tashriq kunlari ro’za tutish
d) Taqiqlangan kunlarigina tutmay, yilning qolgan kunlarining hammasida ro’za tutish 
e) Yuqoridagi javoblarning barchasi.
To’g’ri javob: Taqiqlangan kunlarigina tutmay, yilning qolgan kunlarining hammasida ro’za tutish
Izoh: Bir yilning barcha kunlarida, hatto taqiqlangan kunlarida ham qoldirmay ro‘za tutish makruhdir. Ammo taqiqlangan kunlari tutmay, qolgan kunlari tutsa makruh emas. Shuningdek, iftorlik qilmasdan bir necha kun nafl ro‘za tutish ham makruhdir. Nafl ro‘zaning eng afzali bir kun tutib, bir kun tutmaslikdir. («Olamgiriya», «Xulosa»)

11. Shak kuni “Agar bugun Ramazonning birinchi kuni bo‘lsa, Ramazon ro‘zasi, bo‘lmasa nafldir” deb niyat qilib ro’za tutsa bo’ladimi?
a) Agar bu ro’zasi Sha’bonning oxirida tutgan 2-kun ro’zasi bo’lsa, bo’laveradi. 
b) Bunday niyatda ro’za tutib bo’lmaydi.
c) Bunday niyatda ro’za tutish mumkin.
To’g’ri javob: Bunday niyatda ro’za tutib bo’lmaydi.
Izoh: Yavmi shakda har turli ro‘za makruhdir. Biroq niyat qilinganida taraddud ko‘rsatilmay tutilgan nafl ro‘za makruh emas. Ya’ni, bu kunda "Ramazonning birinchi kuni bo‘lsa, Ramazon ro‘zasi, bo‘lmasa nafldir" tarzida niyat qilib ro‘za tutmaslik kerak. (“Nurul Izoh”)

12. Hanafiy mazhabiga ko’ra: ro’zador bir ipni yutsa ro’zasi ochiladimi?
a) ha, ochiladi, chunki ro’zani qorin bo’shlig’iga kirgan har qanday narsa ochadi.
b) agar ipning bir uchi tashqarida bo’lsa va mazkur ipni qaytadan chiqarilsa, ochilmaydi
c) agar ip oshqozonga yetib bormasa, ochilmaydi
d) b va c javoblar
To’g’ri javob: agar ipning bir uchi tashqarida bo’lsa va mazkur ipni qaytadan chiqarilsa, ochilmaydi
Izoh: Ro’zador bir ipni yutsa, agar ipning bir uchi tashqarida bo’lsa va mazkur ipni qaytadan chiqarilsa, ro’za ochilmaydi (“al-Mabsut lis-Saraxsiy”. “Kitob as-savm”)

13. Kunduzi uxlayotgan ro’zador uyqusirab, suv ichib qo’ysa, ro’zasi ochiladimi?
a) Ro’zasi ochilmaydi.
b) Ro’zasi ochiladi, qazosini tutib beradi.
c) Ro’zasi ochiladi, qazo va kafforat vojib bo’ladi.
d) Agar ichgan suvi 1 tomchidan oz bo’lsa, ochilmaydi. 
To’g’ri javob: Ro’zasi ochiladi, qazosini tutib beradi.
Izoh: Kunduzi uxlayotgan ro‘zador uyqusirab, suv ichib qo‘ysa, ro‘zasi ochiladi. Kafforatsiz, faqat qazosini tutib beradi. («Olamgiriya», «Qozixon»)

14. Ro’zador tishi orasida qolgan bitta guruch donasini yutsa ro’zasi ochiladimi?
a) Ro’zasi ochiladi, qazosini tutib beradi.
b) Agar uni chaynasa, mazasini bilmasa-da, ro’zasi ochiladi.
c) Agar uni chaynab yutganida mazasini sezsa, ro’zasi ochiladi.
d) a va b javoblar
To’g’ri javob: Agar uni chaynab yutganida mazasini sezsa, ro’zasi ochiladi.
Izoh: Tishlari orasida qolgan taom qoldiqlarini yutsa, ular no‘xotdan katta bo‘lmasa, ro‘zasi ochilmaydi. Ammo og’zidan tashqariga chiqarib, so‘ngra qayta og‘ziga solib yutsa, no‘xotdan kichik bo‘lsa ham ro‘zasi ochiladi. Kafforat vojib bo‘lish-bo‘lmasligida ixtilofli fatvolar mavjud. Vojib bo‘lmasligiga Abullays Samarqandiy (rh.)dan rivoyat bor. 
Tish orasidagi bir dona kunjutni yutib yuborsa, kichik bo‘lgani uchun ro‘zasi ochilmaydi. Ammo uni og‘zidan chiqarib, so‘ngra yana qayta og‘ziga solib yutsa, ro‘za ochiladi. Kafforat vojib bo‘lish-bo‘lmasligida ixtilof bor. Agar tish orasidagi bir dona kunjutni chaynasa, ro‘zasi ochilmaydi. Lekin chaynab yutganida tomog‘ida uning mazasini sezsa, ro‘zasi ochiladi. Boshqa har qanday taom, don yoki boshqa chaynalgan kichik narsalar shu qoidaga qiyos qilinaveradi. («Olamgiriya», «Xulosa», «Muxtasar», «Qozixon», «Fathul-Qadir») 

15. Tishning milkidan chiqqan qonni so’lak bilan birga yutib yuborsa ro’za ochiladimi?
a) Ro’zasi ochiladi, qazosini tutib beradi.
b) Qaraladi: agar qon ortiq bo’lsa, ochiladi. 
c) Qaraladi: agar qon bilan so’lak barobar bo’lsa, ochiladi.
d) Qaraladi: agar qon bilan so’lak barobar bo’lsa, ochilmaydi.
e) b va c javoblar
To’g’ri javob: b va c javoblar
Izoh: Qonni yutib yuborsa, kafforatsiz qazoning o‘zini tutadi. Tishlarning milkidan chiqqan qonni so‘lak bilan qo‘shib yutib yuborsa, qon bilan so‘lakdan qaysi biri ortiq yoki kam miqdorda bo‘lishiga qaraladi. Agar qon ortiq bo‘lsa yoki so‘lak bilan barobar bo‘lsa, ro‘za ochiladi. Bordi-yu, so‘lak ortiq bo‘lsa, ochilmaydi. («Olamgiriya», «Zahiriya»).

16. Quyidagi qaysi holatda ro’za ochiladi?
a) Erkak yoki ayolning shahvat qo‘zg‘aydigan joyga tikilib qolib, shahvat suvi chiqishi.
b) Tomog’iga chivin, pashsha kirishi.
c) Og‘zini suv bilan chaygandan keyin qolgan suv yuqini og‘iz so‘lagiga-qo‘shib yutib yuborishi
d) Kichik toshni yutib yuborsa.
e) barcha javoblar to’g’ri.
To’g’ri javob: Kichik toshni yutib yuborsa.
Izoh: Odatda yeyilmaydigan - tosh, tuproq, danak, paxta, hashak, qog‘oz kabi narsalarni yutib yuborsa, ro‘zasi ochiladi. Lekin kafforatsiz, faqat qazosini tutib beradi.
Og‘zini suv bilan chaygandan keyin qolgan suv yuqini og‘iz so‘lagiga-qo‘shib yutib yuborsa, shuningdek, dimog‘iga kelgan burun suyuqligini tomog‘iga tortib yuborsa, ro‘zasi ochilmaydi.
Erkak yoki ayolning shahvat qo‘zg‘aydigan joyga tikilib qolib, shahvat suvi chiqishi ro’zani buzmaydi.
Tomog‘iga chang, tutun, pashsha, chivin kabi narsalar kirsa ro‘zasi ochilmaydi. Shuningdek, ehtilom bilan ham ro‘za ochilmaydi. («Muxtasar», «Olamgiriya», «Nur ul-Izoh», «Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa»)

17. Ro’zador kishi ko’ziga dori tomizganda ro’zasi ochiladimi?
a) Ro’zasi ochiladi.
b) Agar dorining mazasi tomog’ida bilinsa ochiladi.
c) Ro’zasi ochilmaydi.
To’g’ri javob: Ro’zasi ochilmaydi.
Izoh: Badanning tabiiy teshikchalaridan (ikki maxrajdan boshqa) kirgan moy, suv kabi narsalar bilan ro‘za ochilmaydi. Ko‘ziga dori tomizganda garchi tomog‘ida uning mazasi bilinsa ham ro‘za ochilmaydi. («Olamgiriya», «an-Nahr»)

18. Ikki tomchi ko’z yoshi yoki yuzdan oqqan ikki tonchi ter og’izga kirib, tomoqdan o’tib ketsa, ro’za ochiladimi?
a) Ro’zasi ochilmaydi.
b) Bir tomchi o’tsa ochilmaydi, 2 tomchi o’tsa ochiladi.
c) 2 tomchidan ziyod bo’lib, og’zida shor’likni sezsa ham ochilmaydi, chunki bu tashqaridan emas, ichkaridan chiqqan suyuqlikdir.
d) Ro’zador garchi uxlayotgan yoki kasallik yuzasidan shu holat yuz bersa ham ro’za ochiladi.
To’g’ri javob: Ro’zasi ochilmaydi.
Izoh: Bir-ikki tomchi ko‘z yoshi yoki yuzidan oqqan ter og‘ziga kirib, tomog‘idan o‘tib ketsa, ro‘zasi ochilmaydi. Ammo bu miqdordan ziyod bo‘lib, og‘zida ko‘pgina sho‘rlikni sezsa ro‘zasi ochiladi. («Olamgiriya», «Xulosa»).

19. Quyidagilardan qaysi biri ro’zador uchun makruh emas?
a) Og‘izni tupukka to‘ldirib yutish.
b) Erining xulqi yomonligidan taomning tuzini totib ko‘rish
c) Og‘izga ta’m beradigan hech qanday moddasi bo‘lmagan saqich chaynash
d) Jinsiy aloqaga mayl qilishidan amin bo‘lmagan paytida o‘pishish.
e) Yuqoridagilarning barchasi makruh.
To’g’ri javob: Erining xulqi yomonligidan taomning tuzini totib ko‘rish
Izoh: Uzrsiz taom tuzini totib ko‘rish, bozordan meva sotib olayotganda tanlash uchun totib ko‘rish makruh ishlardandir. Uzrli bo‘lsa, makruh emas. Masalan, erining xulqi yomonligidan taomning tuzini totib ko‘rishga majbur bo‘lsa, xo‘jayinning urushishidan qo‘rqib, bozor mevalarini totib ko‘rib xarid qilsa, makruh emas. Shuningdek, yosh bolaga ovqatni chaynab beradigan odam yo‘qligidan ro‘zador bo‘la turib, o‘zi chaynab berishi uzr hisoblangani uchun makruh sanalmaydi. («Olamgiriya», «an-Nahr al-foiq»)

20. Quyidagi qaysi holatlarda kafforat lozim emas?
a) uzumning bir dona urug’ini chaynab yutish
b) dori bo’lsin deb biron narsa ichish
c) odatda yeyilmaydigan daraxt barglarini tanovul qilish
d) suygan kishisining tupugini yutish
e) yuqoridagilarning barchasi
To’g’ri javob: odatda yeyilmaydigan daraxt barglarini tanovul qilish
Izoh: Uzumning bir dona urug‘ini chaynab yutsa, ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi. Chaynamay yutsa, faqat qazo vojib bo‘ladi.
Daraxt barglari ichida tok bargi kabi yangi unib chiqqan paytida yoki har doim yeyiladiganlari bor. O’shalardan yeb qo‘ysa, ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi. Agar odatda yeyilmaydigan daraxt yoki giyoh barglaridan yesa, ro‘zasi ochiladi. Lekin ro‘za qazosini tutadi, kafforat lozim emas. («al-Bahr», «Olamgiriya», «Tabyin»)


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.