background
logotype
image1 image2 image3

2-bosqich. 10-tur: Namoz hukmlari (Hanafiy mazhabida). 2-qism

II BOSQICH
10-tur: Namoz hukmlari-2-qism. (Hanafiy mazhabida)
Javoblar va izohlar


1. Namozning birinchi rukni “Harom qiluvchi takbir”( “Takbiri tahrima”) hisoblanadi, bunday deyilishiga sabab nima?
a) Bu takbirni aytib namozga kirilgandan so’ng, namozga taalluqli bo’lmagan amallar harom bo’lgani uchun 
b) Bu takbirni aytmasdan namozni boshlash harom bo’lgani uchun
c) a va b javoblar  
To’g’ri javob: Bu takbirni aytib namozga kirilgandan so’ng, namozga taalluqli bo’lmagan amallar harom bo’lgani uchun.
Izoh: Harom qiluvchi takbir, deyilishiga sabab uni aytib namozga kirishi bilan kishiga namozdan tashqarida qilib yurgan, namozga taalluqli bo’lmagan amallar harom bo’lgani uchundir. Takbirni “Allohu akbar” lafzi bilan aytish vojibdir. (“Tahorat va namoz hukmlari”. Abu Hanifa (rah.a) mazhablariga muvofiq. Tarjimon: Abror Abduazimov. Toshkent-2005) 

2. Agar bir namozda erkak kishi bilan ayol kishi safda barobar turib qolsa ularning namozi buziladimi?
a) Ha, ikkalasining ham namozi buziladi
b) Erkak kishining namozi buziladi, ayol kishining namozi buzilmaydi
c) Ayol kishining namozi buziladi, erkak kishining namozi buzilmaydi 
To’g’ri javob: Ayol kishining namozi buziladi, erkak kishining namozi buzilmaydi.
Izoh: Bitta namozda erkak kishi bilan ayol kishi safda barobar turib qolsa, ayolning namozi buziladi.(“Tahorat va namoz hukmlari”. Abu Hanifa (rah.a) mazhablariga muvofiq. Tarjimon: Abror Abduazimov. Toshkent-2005) 

3. Qur’oni karim suralarining bir oyatini zam sura qilib o’qisa bo’ladimi?
a) Yo’q, zam sura kamida 3 oyat bo’lishi kerak
b) Yo’q, zam sura 1 yoki 2 oyat emas, kichik sura bo'lsa to’liq o'qish kerak
c) Ha, agar bu oyat uzun bo’lsa 
To’g’ri javob: Ha, agar bu oyat uzun bo’lsa.
Izoh: Zam sura qisqa oyatlardan 3 oyat, uzun oyatlardan bir oyat bo’lishi kerak. (“Tahorat va namoz hukmlari”. Abu Hanifa (rah.a) mazhablariga muvofiq. Tarjimon: Abror Abduazimov. Toshkent-2005) 

4. Namozda sahv (xato) sajdasini vojib qiladigan amallardan bir nechtasi sodir bo’lsa, xato sajdasi necha marta qilinadi?
a) xato sajdasi bir marta qilinadi
b) 3 tadan ortiq xatoga yo’l qo’yilgan bo’lsa xato sajdasi ikki marta qilinadi
c) bu holatda xato sajdasi qilinmaydi, chunki namoz buziladi 
To’g’ri javob: Xato sajdasi bir marta qilinadi. 
Izoh: Sahv sajdasini vojib qiladigan amallardan bir nechasi sodir bo’lsa-da, sajdai sahv bir marta qilinadi.(“Tahorat va namoz hukmlari”. Abu Hanifa (rah.a) mazhablariga muvofiq. Tarjimon: Abror Abduazimov. Toshkent-2005) 

5. Tilovat sajdasini qilish uchun takbiri tahrima aytiladimi?
a) Ha, aytiladi
b) Yo’q, aytilmaydi
c) Aytilsa ham bo’ladi, aytilmasa ham 
To’g’ri javob: Yo’q, aytilmaydi.
Izoh: Tilovat sajdasini qilish uchun ham namozdagidek shartlar lozim bo’ladi. Faqat bunda takbiri tahrima bo’lmaydi. Tilovat sajdasini ikki takbir o’rtasida bir marta sajda qilish sunnatdir. Tik turgan holida takbir bilan sajdaga boradi va “Subhana Robbiyal a’lo” , deb uch marta tasbehlarni aytadi-da, yana qiyomga qaytadi va tik tirgan holida tilovat sajda duosini o’qishlik mustahabdir. (“Tahorat va namoz hukmlari”. Abu Hanifa (rah.a) mazhablariga muvofiq. Tarjimon: Abror Abduazimov. Toshkent-2005) 

6. Shariatda “Ahli tartiblar” deb kimlar aytiladi?
a) vitrdan tashqari 6 vaqt namozni ketma-ket qazo qilmagan kishilar
b) vitrdan tashqari 6 vaqt namozni ketma-ket qazo qilgan kishilar
c) vitrdan tashqari 6 vaqtdan ko’p namozni qazo qilmagan kishilar 
To’g’ri javob: Vitrdan tashqari 6 vaqt namozni ketma-ket qazo qilmagan kishilar.
Izoh: Shariatda ahli tartiblar, degan martabadagi insonlar bo’lib, ular vitrdan tashqari olti vaqt namozni ketme-ket qazo qilmagan bo’lishadi. Shular qazo namozlarini o’qimoqchi bo’lishsa, tartibga rioya qilishlari kerak. Misol uchun ahli tartib kishi bomdod, peshin, asr, shomni uzr bilan qazo qilib qo’ygan bo’lsa, avval bomdodni, keyin peshinni, undan so’ng asrni, keyin esa shomni o’qishi vojib bo’ladi va hokazo. Agar bomdodning qazosini o’qimay peshinning qazosini o’qisa, peshin buziladi va bomdodning qazosini o’qigach, yana peshinni qaytadan o’qishi vojib bo’ladi.Ahli tartib vitrga ham rioya qiladi. Ya’ni uni o’qimasdan bomdodni o’qishi durust emas. Ammo, qaqchonki qazo namozlarining vaqti vitrdan tashqari olti vaqtga etsa, endi u kishidan tartibga rioya qilish vojibligi soqit bo’ladi. Shunda ham tartib bilan qazolarni o’qisa ma’qul, lekin xohlaganini oldin, xohlaganini keyin o’qishiga ixtiyori bo’ladi.(“Tahorat va namoz hukmlari”. Abu Hanifa (rah.a) mazhablariga muvofiq. Tarjimon: Abror Abduazimov. Toshkent-2005) 

7. “Ahli tartib” bo’lgan kishilning qazo namozlarining tartibiga rioya qilishi…
a) Farz
b) Vojib
c) Sunnat 
To’g’ri javob: Vojib.
Izoh: Shariatda ahli tartiblar, degan martabadagi insonlar bo’lib, ular vitrdan tashqari olti vaqt namozni ketme-ket qazo qilmagan bo’lishadi. Shular qazo namozlarini o’qimoqchi bo’lishsa, tartibga rioya qilishlari kerak. Misol uchun ahli tartib kishi bomdod, peshin, asr, shomni uzr bilan qazo qilib qo’ygan bo’lsa, avval bomdodni, keyin peshinni, undan so’ng asrni, keyin esa shomni o’qishi vojib bo’ladi va hokazo. (“Tahorat va namoz hukmlari”. Abu Hanifa (rah.a) mazhablariga muvofiq. Tarjimon: Abror Abduazimov. Toshkent-2005) 

8. Ahli tartib bo’lgan kishiga qanday holatda  tartibga amal qilish vojibligi soqit bo’ladi?
a) Vaqt ziq bo’lib qolganda qazoni o’qisa, o’z vaqtida o’qiladigan namoz ham qazo bo’lsa va qazo bo’lgan namozni esidan chiqarib qo’ysa
b) Vaqt ziq bo’lib qolganda qazoni o’qisa, o’z vaqtida o’qiladigan namoz ham qazo bo’lsa
c) Qazo bo’lgan namozni esidan chiqarib qo’ysa 
To’g’ri javob: Vaqt ziq bo’lib qolganda qazoni o’qisa, o’z vaqtida o’qiladigan namoz ham qazo bo’lsa va qazo bo’lgan namozni esidan chiqarib qo’ysa
Izoh: Tartibning vojibliga yana 2 holatda soqit bo’ladi:
1. Vaqt ziq bo’lib qolganda qazoni o’qisa, o’z vaqtida o’qiladigan namoz ham qazo bo’lsa, shunda tartib soqit bo’ladi va qazo bo’lmagan namozni oldin, qazo bo’lganini keyin o’qib qo’yadi.
2. Qazo bo’lgan namozni esidan chiqarib qo’ysa-da, keyingi namozni o’qisa ham tartib soqit bo’ladi. Misol uchun bomdodni qazo qilganligi esidan chiqib, peshinni o’z vaqtida o’qib qo’ysa, peshindan so’ng bomdodni o’qib qo’yadi. Peshinni esa qaytarib o’qimaydi. Ammo bomdodni qazo qilganligi yodida bo’laturib peshinni o’qigan bo’lsa, bu peshinni bomdodni qazosini o’qigandan so’ng qaytarib o’qib qo’yadi. Chunki bunda tartibga amal qilish soqit bo’lmagan hisoblanadi. (“Tahorat va namoz hukmlari”. Abu Hanifa (rah.a) mazhablariga muvofiq. Tarjimon: Abror Abduazimov. Toshkent-2005)

9. Namozning har raka’tida fotiha surasini o’qish...
a) Farz
b) Vojib 
c) Sunnat 
To’g’ri javob: Vojib.
Izoh: Namozning har raka’tida fotiha surasini o’qish vojibdir. (“Ibodati islomiya”, Ahmad Hodiy Maqsudiy)

10. Namozning har qa’dasida tashahhud (attahiyat) ni o’qish...
a) Farz
b) Vojib 
c) Sunnat
To’g’ri javob: Vojib.
Izoh: Namozning har ra’katida tashahhud, ya’ni attahiyatni abduhu va rasuluhugacha o’qish vojib.(“Ibodati islomiya”, Ahmad Hodiy Maqsudiy)

11. Namozda biror farzni kechuktirsa yoki vojibni esdan chiqarib tark qilsa sajdai sahv (xato sajdasi) qilish...
a) Farz
b) Vojib
c) Bunda namoz buziladi, qaytadan o’qish kerak
To’g’ri javob: Vojib.
Izoh: Namozda biror farzni kechuktirsa yoki vojibni esdan chiqarib tark qilsa sajdai sahv (xato sajdasi) qilish vojib. (“Ibodati islomiya”, Ahmad Hodiy Maqsudiy)

12. Ikki sajda orasida biroz o’tirish...
a) Sunnat
b) Mustahab
c) Vojib
To’g’ri javob: Vojib.
Izoh: Ikki sajda orasida biroz o’tirish vojib. (“Ibodati islomiya”, Ahmad Hodiy Maqsudiy)

13. Bir salom bilan namozni tugatish...
a) Mustahab
b) Makruh
c) Harom 
To’g’ri javob: Harom.
Izoh: Bir salom bilan namozni tugatish harom. (“Ibodati islomiya”, Ahmad Hodiy Maqsudiy)

14. Janoza namozida...
a) oyoq kiyim bilan namozni o'qisa bo'laveradi.
b) oyoq kiyimni yechib, uning ustida namozni o'qish a'loroq.
c) oyoq kiyimini yechib, joynamozda o'qish lozim.  
To’g’ri javob: oyoq kiyimni yechib, uning ustida namozni o'qish a'loroq.
Izoh: Janoza namozini ham boshqa namozlar kabi pok joyda ado etish shartdir. Najas ustida turib o‘qilgan namoz durust bo‘lmaydi. Odatda oyoq kiyimlar bilan har xil joyda yurilganidan ularning najasdan xoli bo‘lishi ehtimoldan yiroq. Shuning uchun janoza namozida imomdan boshqa odamlar joynamozda turmaganliklari uchun oyoq kiyimlarini yechib, uning ustiga oyoqlarini bosib turishlari kerak. Bunda oyoq kiyimi ikki qavat kiyim hukmiga o‘tadi. Qavilmagan ikki qavat kiyimning bir qavati nopok bo‘lsa, ikkinchi pok qavatida namoz o‘qish joizdir («Muxtasar ul-viqoya», «Hadiyyatus su’luk»).

15. Masjidda jamoat namozi o'qib bo'lindi. Ba'zi kechga qolganlar orqadagi safda namozlarini davom ettirayaptilar. Imomning orqaga o'girilib, ularga yuzlanib duo qilishi mumkinmi?
a) Bu hol makruh amaldir.
b) Bu hol harom amaldir.
c) Ha, imom orqaga o'girilib, jamoatga qarab duo qilsa bo'ladi.
To’g’ri javob: Bu hol makruh amaldir.
Izoh: Jamoat namozi tugaganidan so‘ng, garchi kechikib kelganlar hali namoz o‘qiyotgan bo‘lsalar-da, ularga yuzlangan holda duo qilish makruhdir. Namoz o‘qiyotgan kishiga, u qaysi safda bo‘lsa-da, yuzlanib o‘tirish makruh bo‘ladi. («Radd ul-muxtor»).
 
16. 1) hayz va nifosdagi va 2) junub odam azonga javob qaytarsa bo'ladimi?
a) 1) Javob qaytarmaydi; 2) Javob qaytarmaydi.
b) 1) Javob qaytarmaydi; 2) Javob qaytarishi lozim.
c) 1) Javob qaytarishi mumkin; 2) Javob qaytarishi mumkin.   
To’g’ri javob: 1) Javob qaytarmaydi; 2) Javob qaytarishi lozim.
Izoh: Hayz va nifosdagi ayol azonga javob qaytarmaydi. Ammo junub kishi azonga javob qaytarishi lozim («Radd ul-muxtor»).

17. Masjidda iqomatni yurib aytsa bo'ladimi?
a) Iqomatni yurib aytsa bo'ladi.
b) Bo'lmaydi. Bu hol sunnatga xilofdir.
c) Iqomatni yurib aytish makruhdir.
To’g’ri javob: Bo'lmaydi. Bu hol sunnatga xilofdir.
Izoh: Iqomat azon kabi bir joyda turib aytiladi. Namozni kutayotgan jamoat esa, iqomatning «Hayya ‘alassolah!» lafzlari aytilgandagina turishlari kerak. («Hidoya»).

18. 1) Junub va 2) Mushrik kishi masjiga kirsa bo'ladimi?
a) 1) masjidga kirishi makruh; 2. kirsa bo'ladi.
b) 1) kirib bo'lmaydi; 2. faqatgina pok holida kirishi mumkin.
c) 1) masjidga kirishi mumkin; 2. kirishi makruh.
To’g’ri javob: 1) masjidga kirishi makruh; 2. kirsa bo'ladi.
Izoh: Junubni masjidga kirishdan qaytarishdan maqsad uni tezroq g‘usl qilib pok bo‘lishga undashdir. Mushrik masjidga kirishdan qaytarilsa, iymondan uzoqlashadi. Shuning uchun mushrik masjidga kirishdan qaytarilmaydi. (Ashboh va Nazoir).

19. Quyidagi hukmlardan qaysi biri noto'g'ri?
a) Agar imom ikki martadan ortiq sajda qilib qo‘ysa, jamoat buni qilmaydi.
b) Agar imom to‘rt rakatdan so‘ng tashahhud o‘qib turib ketsa, qavm turmaydi. Agar beshinchi rakatga sajda qilmay, tashahhudga qaytsa, imom bilan qo‘shilib salom beradi. Agar imom qaytmasa, jamoatning o‘zi salom berib tugatadi.
c) Agar imom janoza namozida to‘rttadan ziyod takbir aytsa, qavmning namozi buziladi.
To’g’ri javob: Agar imom janoza namozida to‘rttadan ziyod takbir aytsa, qavmning namozi buziladi.
Izoh:To‘rt holatda jamoat imom qilganini bajarmaydi. Bular quyidagilar:
1. Agar imom ikki martadan ortiq sajda qilib qo‘ysa, jamoat buni qilmaydi.
2. Iyd namozlarida imom to‘rt takbirdan ko‘proq takbir aytsa, jamoat bunday qilmaydi.
3. Agar imom janoza namozida to‘rttadan ziyod takbir aytsa, qavm bunday qilmaydi.
4. Agar imom to‘rt rakatdan so‘ng tashahhud o‘qib turib ketsa, qavm turmaydi. Agar beshinchi rakatga sajda qilmay, tashahhudga qaytsa, imom bilan qo‘shilib salom beradi. Agar imom qaytmasa, jamoatning o‘zi salom berib tugatadi.
Agar imom to‘rtinchi rakatdan so‘ng tashahhud o‘qimay, beshinchi rakatga turib ketsa, qavm o‘tirib tashahhud o‘qisa, ammo imom qaytmay, beshinchi rakatga sajda qilsa, hammaning namozi buziladi.("Dinda savolim bor")

20. Quyidagi hukmlardan qaysi biri noto'g'ri?
Juma namoziga takbir aytilganda yetib borgan kishi...
a) oldingi to‘rt rakat sunnatni o'qimaydi.
b) Juma namozining oldingi to‘rt rakat sunnatining ikki rakatini o‘qiganida imom xutbani boshlab qolsa, sunnat namozini ikkinchi rakatida tugatib, xutbaga quloq soladi.
c) o‘qilmagan oldingi to‘rt rakat sunnat juma namozining farzidan so‘ng ham qazo qilib o‘qimaydi. 
To'g'ri javob: Juma namozining oldingi to‘rt rakat sunnatining ikki rakatini o‘qiganida imom xutbani boshlab qolsa, sunnat namozini ikkinchi rakatida tugatib, xutbaga quloq soladi.
Izoh: Bunday holda oldingi to‘rt rakat sunnat o‘qilmaydi. Imomga iqtido qilinadi. Zero, juma namozining xutbasi va farzi orasida namoz o‘qish makruhdir. U o‘qilmagan oldingi to‘rt rakat sunnat juma namozining farzidan so‘ng ham qazo qilib o‘qilmaydi («Durrul Muxtor»).


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.