Vahiyning boshlanishi
Rasululloh kamolot cho'qqisi bo'lmish qirq yoshga yetganlarida Olloh insoniyatni jaholat zulmatidan ma'rifat oydinligiga chiqarish uchun u kishini bashoratchi va ogohlantiruvchi payg'ambar qilib tanladi. Munajjim Mahmud Poshoning aniqlashicha, bu voqea melodiy 610 yil 2-oyining boshida yuz bergan. Vahiy dastlab o'ngidan keladigan tushlardan boshlangan. Bu tushlar haddan tashqari aniq xuddi o'ngida sodir bo'lgandek ravshan edi. Olloh o'z bandasini har bir ishga bosqichma-bosqich tayyorlab, kamolotga yetkazadi. Farishtadan ilk vahiyni qabul qilish odam bolasi uchun g'oyat mushkul edi. Shu bois rasululloh Ollohga yuzlanish uchun dunyoning ishlariga qo'l siltab, xalqdan uzilib, yolg'izlikni ixtiyor etdilar. Tanholik kishining ruhini poklaydi. Payg'ambar alayhis-salom Makka yaqinidagi Hiro g'orida talay kunlarni tanholikda o'tkazdilar. Bunday holat ba'zan o'n kun, ba'zan biror oyga cho'zilar, sarvari olam bobokaloni Ibrohim alayhis-salom diniga binoan istiqomat qilardilar. Istiqomatdan qaytgach, Xadichaning yonida bir necha kun bo'lib, navbatdagi uzlatga hozirlik ko'rardilar. Bunday istiqomat to ilk daf'a payg'ambarlik vahiysi kelguncha davom etdi. Kunlarning birida rasululloh tog' tepasida turganlarida to'satdan ro'paralarida bir odam paydo bo'lib: "Ey Muhammad, suyunchi ber, men Jabroilman, sen esang Ollohning bandalariga yuborgan elchisisan!" dedi va shundan keyin: "O'qi!" deya amr etdi. Rasululloh: "Men o'qishni bilmayman", dedilar. Chindan ham u kishi o'qishni, yozishni bilmas edilar. Jabroil payg'ambar alayhis-salomni quchoqlab qattiq qisdi, rasulullohning oyoq-qo'llaridan mador ketib, bo'shashib qoldilar. Jabroil qo'yib yuborib yana: "O'qi!" dedi. Payg'ambar alayhis-salom tag'in: "Uqishni bilmayman", deya javob qaytardilar. Jabroil yana u kishini qattiq qisib, qo'yib yubordi-da, "O'qi!" deb buyurdi. Rasululloh tag'in: "O'qishni bilmayman", deya javob qaytardilar. Jabroil u kishini uchinchi marta qattiq quchoqlab qo'yib yuborgach: "Insonni quyuq qondan yaratgan robbingning nomi bilan o'qi. Robbing benihoya hurmatga sazovordir. U qalam bilan yozishni o'rgatdi, insonga bilmagan narsalarini bildirdi", dedi. (Alaq surasining 1-5-oyatlari)
Payg'ambar alayhis-salom farishta bilan ilk bor uchrashuvdan qattiq vahimaga tushib, uyga shoshildilar. Qo'rquvdan paydo bo'lgan titroqni bosolmay Xadichaga: "Meni o'rab qo'yinglar, yaxshilab o'rab qo'yinglar!" deb buyurdilar. Xadicha u kishini o'rab-chirmab, titroqlari bosilguncha tepalarida o'tirdi. Rasululloh yuz bergan voqeani bayon etib: "O'zimdan xavfsirab qoldim!", dedilar, chunki u kishi Jabroil haqida hech qanday
tasavvurga ega emasdilar. Shu bois farishta quchog'iga olib, qattiq qisganda qo'rquv va og'riqdan jonlari halqumlariga kelib qoldi. Xadicha umr yo'ldoshlariga tasalli berib: "Olloh qarindosh-urug'lariga rahm qiladigan, ojizu notavonlardan marhamatini ayamaydigan, yo'qsillarning holidan xabar oladigan, mazlumlarga yordam qo'lini cho'zadigan, mehmonlarni ochiq chehra bilan kutadigan sizdek odamni hargiz yomon ahvolga solib qo'ymaydi. Yaratgan egam sizga shaytonni ro'baro' qilib, vasvasaga solmaydi. Imonim komilki, Olloh xalqingizni hidoyat qilish uchun sizni tanlabdi", dedi. Xadicha o'z fikrini isbotlash uchun ilohiy kitoblarni o'qigan, avvalgi payg'ambarlarning tarjimai holidan xabardor olimlarga uchrashishni ko'ngliga tugib, rasulullohni amakisining o'g'li Varaqa ibn Navfalning huzuriga olib bordi. Varaqa johiliyat davrida nasroniy diniga kirgan, ibroniy yozuvini puxta egallab, bu yozuvda Injidga juda ko'p sharhlar yozgan, yoshi o'tib, ko'zi o'tmaslashib qolgan mo'tabar olim edi. Muhammad alayhis-salom u kishiga ko'rgan-kechirganlarini bir boshdan gapirib berdilar. Varaqa: "Olloh Muso payg'ambarga yuborgan shariati mana shu", dedi. Bu zot Jabroilning Xudo tomonidan o'z payg'ambarlariga yuboriladigan elchisi ekanidan xabardor edi, "Koshki yosh yigit bo'lsam, - dedi Varaqa afsus-nadomat bilan. - Qavming ota-bobosi e'tiqod qilib kelgan dinini o'zgartirishni targ'ib etganing uchun seni yomon ko'rib, dushmanlik qilishadi, tug'ilib o'sgan yurtingdan haydab chiqarishadi". Rasululloh bu gapdan hayratga tushdilar, chunki u zot husni xulq, rostgo'y bo'lganliklari uchun qabiladoshlari yaxshi ko'rib, Muhammad amin, ya'ni ishonchli Muhammad, deyishardi. Varaqa: "Payg'ambarlik sharafiga erishgan odamning dushmani bo'ladi", dedi. Qur'oni karimdagi Ibrohim surasining 13-oyatida bu haqda to'xtalib: "Kofirlar payg'ambarlarga: "Sizlarni yo tuprog'imizdan haydab chiqaramiz, yo dinimizga qaytishinglar kerak, deydi", deb Xudo o'z elchilarining boshiga tushadigan ishlardan ogoh etadi. Umri poyoniga yetib qolganini sezgan Varaqa Muhammad alayhis-salomning payg'ambarligiga astoydil ishonib: "Sen odamlarni dinga da'vat etganingda tirik bo'lsam qo'limdan kelganicha yordam berardim", dedi. Chindan ham oradan ko'p o'tmay rasulullohga suyanchiq bo'lishi mumkin bo'lgan bu odam olamdan o'tdi.
VAHIYNING UZILIB QOLISHI
Rasululloh uchun kutilmaganda boshlangan vahiy to'satdan to'xtab qoldi. Vahiy qancha vaqt to'xtagani haqida tarixchilarning fikrlari turlicha, har qalay bu muddat qirq kun bo'lganligi haqiqatga yaqin. Bundan maqsad payg'ambar alayhis-salomni vahiyga ruhan va jisman moslashtirish edi. Biroq qirq kunga cho'zilgan tanaffus sarvari olamga qattiq ta'sir qildi. Olloh ulug' ne'matini bir ko'rsatib, endi msni undan bsnasib etdimikin, degan o'y yuraklarini ezar, biron baland cho'qqiga chiqib o'zlarini tashlab yuborgilari kelardi. Ollohning u kishini o'zi bilan bandalari o'rtasida vositachilikka tanlanganligi ulug' ne'matdir. Rasulullohga farishta ko'rinib: "Sen Ollohning haq payg'ambari", deb aytar va shu bilan vasvasga solayotgan yomon xayollarni aritib, ko'ngillariga farog'at bag'ishlardi. Nihoyat parvardigori olam dunyoni islom nuri bilan munavvar etishni ixtiyor etib, Muhammad alayhis-salomga yana vahiy yo'llay boshladi.
VAHIYNING QAYTA BOSHLANISHI
Muhammad alayhis-salom yo'lda ketayotganlarida g'oyibdan surnay navosidek yoqimli ovoz eshitildi, bosh ko'tarib yer bilan ko'k o'rtasida muallaq o'tirgan tanish farishtani ko'rdilar. Rasululloh farishtaning birinchi marta kelib, Hiro g'orida qanday azob berganini eslab, qo'rqqanlaridan uyiga qarab qochdilar. Uyga kira solib: "Meni o'rab qo'yinglar! Tezroq o'rab qo'yinglar!" dedilar. Olloh shu zahoti u kishiga quyidagi oyatlarni nozil qildi: "Ey o'ranib olguvchi zot, tur, ogohlantir!" - ya'ni odamlar noto'g'ri yo'ldan ota-bobolari topingan butlarga sig'inishdan qaytmasa, Olloh azob berajagini aytib qo'rqit. "Robbingni ulug'la!" - ya'ni faqat Ollohni ulug'la, unga boshqa narsalarni sherik keltirib, ibodat qilishdan saqlan. "Kiyimingni pok tut!" - ya'ni Ollohning huzuriga toza libos bilan kelib, ibodat qil, isqirt bosib, nopok yurish mo'min odamga munosib emas. "Azobga giriftor etadigan ishlardan yiroq bo'l!" - ya'ni Ollohga itoat etib, buyruqlarini so'zsiz bajar. "Ko'p olish niyatida berma" - ya'ni birovga biron narsa hadya etsang undan ko'proq olishni tama qilma. Bu mard odamlarning ishi emas. "Robbing uchun sabrli bo'l!" - ya'ni qavmingni islom diniga da'vat etgan paytingda ulardan yetgan aziyatlarga sabr bilan bardosh ber.
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- 6 diniy kalima
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Tahorat kitobi
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.