background
logotype
image1 image2 image3

Umraning qazosi

Xudaybiya shartnomasiga binoan bir yil to'lgach payg'ambar alayhis-salom o'z o'rnilariga Abozarr G'iforiyni tayinlab, o'tgan yilgi umraning qazosini ado etish uchun sahobalarni olib Makkaga otlandilar. Qurbonlik uchun oltmish tuya oldilar hamda qurayshlarning xiyonat qilishi mumkinligini o'ylab, ehtiyot shart qurollanib yo'lga chiqishni buyurdilar. Bashir ibn Sa'd boshchiligidagi yuz sipohiy Madina masjididan ehrom bog'lab ular bilan safarga otlandi. Zul xulayfa degan yerga yetganda silohiylar oldinga o'tkazib yuborildi. Ba'zi sahobalar: "Ey rasululloh, sulhda qurol taqmaslik shart qilingan edi, biz qurollanib ketyapmiz-ku", deyishdi. "Masjidi haromga qurol bilan kirmaymiz, - dedilar rasululloh. - Qurollarimizni yaqin joyda qoldiramiz, mabodo makkaliklar hujum qilib qolishsa, ishlatamiz".

Musulmonlar Marru Zahron degan yerga borganlarida quraysh qabilasining bir necha vakili ularning jangovor holatda kelayotganidan o'takasi yorilgudek bo'lib, darrov Makkaga xabar yetkazishdi. Qurayshlarning bir guruh yoshlari kelib: "Ey Muhammad, Xudo haqqi, sen bolaligingdanoq xiyonat nimaligini bilmasding. Biz hech narsa qilmay turib nega bunday alfozda kelding?" deyishdi. "Biz Masjidi haromga qurol bilan kirmaymiz", dedilar rasululloh. Musulmonlar yetib kelishgach, makkaliklar ularning Baytullohni qanday tavof qilishlarini ko'rmaslik uchun shahardan chiqib ketishdi. Payg'ambar alayhis-salom boshchiligidagi musulmonlar qurol-yarog'ini taqqan holda Kada' tepaligi orqali Makkaga kirib borishdi. Abdulloh ibn Ravoha rasulullohning oldiga tushib: "Yolg'iz Ollohdan boshqa hech bir iloh yo'qdir. Olloh va'dasida turib o'z payg'ambariga yordam berdi, ahli Islomni g'olib va muzaffar qildi, mushriklarni mag'lub etdi", deb yuborardi.

Payg'ambar alayhis-salom Ka'bani tuyadan tushmay tavof qildilar, qo'llaridagi uchi egri tayoq bilan Hajarul-asvadni istilom etdilar (ushladilar). Mushriklarga bardam-baquvvat ko'rsatish uchun sahobalarga Ka'bani zudlik bilan uch marta tavof qilishni buyurdilar. Mushriklar Madinaning og'ir havosi adoyi tamom qilgan musulmonlarning Ka'bani qanday ziyorat qilishlarini bir ko'raylik, deyishgan edi. Payg'ambar alayhis-salom: "Mushriklarga o'zini kuchli ko'rsatgan odamga Ollohning rahmati bo'lsin", dedilar. U zoti muborak ham o'zlarini o'ktam ko'rsatish uchun ridolarining bir yengini kiymagan edilar. Sahobalar ham u kishiga taqlidan ish tutishdi. Rasulullohning tushlarida ayon bo'lgandek musulmonlar Baytullohni bemalol tavof qilishdi.

RASULULLOHNING MAYMUNAGA UYLANISHLARI

Payg'ambar alayhis-salom Makkada turgan vaqtlarida Horis Hiloliyning qizi, Uhud urushida shahid bo'lgan amakilari Hamzaning tul qolgan xotini Maymunani nikohlariga oldilar. Maymuna rasulullohning eng oxirgi xotinlari edi. Payg'ambar alayhis-salom Makkadan chiqib, shahar tashqarisida ot-ulovlarga qarab qolganlarni Ka'bani tavof etishga jo'natdilar. Shundan keyingina rasululloh xursand bo'lib, tushini o'ngidan keltirgan parvardigorga shukronalar aytib, Madinaga yo'l oldilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.