background
logotype
image1 image2 image3

Ummu Salama Hind Binti Abu Umayya r.a.

 Alloh taolo: «Mo‘minlar orasida Allohga bergan ahdu paymon-lariga sodiq bo‘lgan kishilar bordir. Bas, ulardan (ayrim) kishilar o‘z ahdiga vafo qildi, ya'ni (shahid bo‘ldi). Ulardan (ayrim)kishilar esa (shahid bo‘lishga) intizordir. Ular (munofiklarga o‘xshab Allohga bergan ahdu paymonlarini) o‘zgartirganlari yo‘q» (Ahzob, 23), deb buyurdi.

Abu Salama laqabi bilan tanilgan Abdulasad o‘g‘li Abudulloh al-Mahzumiy oyatda aytilgan birinchi guruhga mansub edi. U Allohga bergan so‘ziga vafo qildi. Uning yo‘lida sabr etib, mukofotini Undan kutib, jang kildi va shahid bo‘ldi.

 

Uning zavjasi Ummu Salama (roziyallohu anho) Alloh taoloning qazo va qadarini kutgani uchun ikkinchi guruhga doxil bo‘ldi.

Er-xotin eng og‘ir qiyinchilik va mashaqqatlarni boshidan kechirdilar, lekin azimiyatlari sinmadi, matonatlarini yo‘qotmadilar va aslo zulmga bo‘yin egmadilar.

Boshlariga shunday ulkan balo va qayg‘ular keldiki, agar bu balolar bir tog‘ning ustiga tushganida, u tog‘ni yiqitardi. Agar mustahkam qoyalarga tushganida, eritib, kul qilardi. Ularning Alloh taologa ishonchlari va Uning arqoniga bog‘lanishlari fitna balosidan ham kuchli edi. Chunki Alloh va Rasulining sevgisi ular uchun dunyo va undagi barcha narsadan qimmatli edi.

Suhayl al-Mahzumiy

Suhayl ibn Mug‘ira qavmining sayyidi va eng boy kishisi edi. Jo‘mardligi, karami va jasorati bilan mashhur edi. Suhayl al-Mahzumiy «Yo‘lovchilarning ozig‘i» laqabini olgan edi. Safarga chiqqanida hamrohiga oziq-ovqat oldirtirmas, aksincha, hammaning ehtiyojini o‘zi ta'minlar edi. Agar do‘stlari biror yegulik olib kelsa, jahli chiqardi.

Ummu Salama nomi bilan tanilgan Hind ana shu jo‘mard kishining sulubidan tug‘ildi. Otasidan olgan yuksak axloqiy sifatlar uning taqdirlanishi va hurmat ko‘rishiga sabab bo‘ldi. U Abdulasad o‘g‘li Abdulloh al-Mahzumiy bilan turmush qurdi. Soliha, vafoli va itoatli ayol bo‘lgani uchun u bilan baxtli umr kechirdi.

Musulmon oila

Abu Salama Islom da'vatidan xabar topgach, Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) imon keltirdi. Zavjasi Ummu Salama ham u bilan birga musulmon bo‘ldi. Shunday qilib, ular Alloh yo‘lida mujodala va fidokorliklari tufayli Islom da'vati yuksaltirgan ilk insonlardan bo‘ldilar. Islom nuri ulardek fidokorlar bilan butun olamni oydinlatdi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Habashistonga hijrat uchun izn berganlaridan so‘ng Abu Salama bilan Ummu Salama ham hijrat qildilar. Alloh taolo nasib etgan muddatgacha Habashistonda bo‘ldilar. Yana Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) go‘zal yuzini ko‘rish, totli suhbatlarini tinglash orzuida Makkaga qaytdilar.

* * *

Ilk musulmonlar kurayshiylarning zulm va qiynoqlariga bardosh berib, bir qancha vaqt Makkada qoldilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) madinaliklar Alloh diniga yordam berish uchun bay'at etganlaridan so‘ng, hijratga izn berdilar.

Ummu Salama bu hijrat haqida shunday hikoya qiladi: «Abu Salama Madinaga ketishga qaror qildi va tuyasini hozirladi. Meni mindirdi. O'g‘lim Salamani ham quchog‘imga berdi. So‘ngra tuyaning no‘xtasidan ushlab, yo‘lga tushdi. Mening qavmimdan bo‘lgan Mug‘iyra o‘g‘illaridan bir necha kishi uning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lishib:

- O'zingniku bizdan qutqararsan, lekin xotining ham sen bilan ketishiga izn berishadi, deb o‘ylayapsanmi?! - dedilar va tuyaning no‘xtasini qo‘lidan tortib oldilar. Meni ham tuyadan tushirdilar. Shu payt Abdulloh o‘g‘illari, ya'ni, Abu Salama qavmining bu gapdan jahllari chiqdi.

- Agar siz bu ayolni eridan ajratsangiz, biz ham o‘g‘limizni uning oldida qoldirmaymiz, - dedilar Abdulasad o‘g‘illari.

O'g‘lim Salamani o‘zaro talashib, nihoyat, qo‘lini sindirishdi. Abdulasad o‘g‘illari uni olib ketdilar. Mug‘iyra o‘g‘illari esa meni qamab qo‘yishdi. Abu Salama Madinaga yo‘l oldi. O'g‘lim, erim va meni bir-birimizdan ayirdilar.

Har tongda Abtohga chiqib o‘tirar va oqshomgacha yig‘lar edim. Shu holda bir yil o‘tdi. Bir kun Mug‘iyra o‘g‘illaridan bo‘lgan amakimning farzandlaridan biri yonimga keldi. Ahvolimni ko‘rib, menga achindi. So‘ng Mug‘iyra o‘g‘illariga:

- Bu bechorani hanuz qo‘yib yubormadingizmi? Eri va o‘g‘lidan ayirganimiz yetmaydimi?! - dedi.

Shundan so‘ng Mug‘iyra o‘g‘illari:

- Istasang, eringaning yoniga ket, - deb meni qo‘yib yubordilar. Abdulasad o‘g‘illari ham o‘g‘limni qaytarib berdilar.

Tuyamga mindim. O'g‘limni quchog‘imga olib, Madinadagi erimga yetishish maqsadida yo‘lga chiqdim. Yolg‘iz edim. Tan'im degan joyga kelganimda Usmon ibn Talhani uchratdim. U Abduddor o‘g‘illarining birodari edi. Menga:

- Ey Abu Ummayyaning qizi, qaerga ketyapsan? - dedi.

- Madinada yashayotgan erimning oldiga.

- Yoningda biror kishing bormi?

- Alloh va shu farzandimdan boshqa hech kim yo‘q.

- Vallohi, seni yolg‘iz qoldirmayman.

So‘ng u tuyamning no‘xtasidan tutib, men bilan yo‘lga tushdi. Alloh taologa qasamki, undan qadrliroq boshqa biron kishi bilan aslo orqadosh bo‘lmadim. Kunoqlaydigan joyga kelganimizda tuyani cho‘ktirar, o‘zi orqaga o‘tib turardi. Men tushganimdan so‘ng, tuyani bir daraxtga bog‘lardi. Mendan uzoqroq bir joyga, bir daraxtning tagiga borib yotardi. Yana yo‘lga chiqadigan paytimizda tuyamni hozirlab, uzoqroqqa borib turar va «Min!» der edi. Men tuyaga minib, o‘rnashib o‘tirib olganimdan so‘ng kelib, tuyaning no‘xtasidan tutardi. Madinaga yetib borgunimizcha shunday qilishda davom etdi. Amr ibn Avf o‘g‘illarining Kubodagi qishlog‘i ko‘ringach:

«Ering Abu Salama shu yerda qo‘noqlagan edi, uni shu qishloqdan topasan, senga Allohning barakoti bo‘lsin», deb Makkaga qaytib ketdi.

Alloh yo‘lida tarqalib ketgan oila yana jamuljam bo‘ldi. Abu Salama o‘g‘li va zavjasini quvonch bilan qarshiladi. Anchadan beri oila ustida suzib yurgan qora bulutlar tarqalib, ularning o‘rnini sevinch va xursandchilik keltiruvchi rahmat bulutlari eshgladi.

* * *

Abu Salama Alloh yo‘lida jang qiluvchilar safidan joy oldi. Badrda qahramonlarcha jang qildi. Uhud tuprog‘iga toza qoni to‘kildi. Juda og‘ir yaralangan edi. Biroq Alloh taolo unga shifo berdi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Asad o‘g‘illari ustiga yuborilgan lashkarga uni amir qilib tayinladilar. Ular musulmonlarningUhudda yo‘qotgan azamat va haybatlarini qaytarib olish bilan birga ko‘plab ashyo va g‘animatlarni ham qo‘lga kiritib, muzaffar bo‘lib qaytishdi.

Ammo bu jangda Abu Salamaning eski jarohati ochilib ketdi. Ko‘p qon yo‘qotib, ahvoli og‘irlashib qoldi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bosh tarafida turganlarida jon taslim etdi.

Ummu Salama bu o‘limni imon to‘la qalb va sabr bilan, Alloh taoloning amriga bo‘ysunib, eriga Alloh taolo shahidlikni ehson etganiga shukr qilaroq qarshi oldi.

Vafoli zavja

Abu Salamaning (roziyallohu anhu) vafotidan to‘rt oy o‘tganidan keyin Hazrati Abu Bakr Ummu Salamani (roziyallohu anho) so‘rab keldilar. Jihod va sharaf maydonlarida o‘lgan buyuk kishilarning tul zavjalariga uylanib, ularning nomuslarini ta'minotga olish va shu orqali ularga yordam berish arablarning urf-odatlaridan edi. Lekin Ummu Salama bu taklifni qabul etmadi. Shunday niyat bilan Umar (roziyallohu anhu) keldilar. Uni ham rad etdi.

Bir kuni uyda yolg‘iz o‘tirganlarida eri bilan o‘rtalarida bo‘lgan suhbatni esladi. Ummu Salama shunday degan edi:

«Eshitishimcha, jannat ahlidan bo‘lgan bir kishi o‘lib, jannat ahlidan bo‘lgan ayoli boshqa bir kishi bilan turmush qurmasa, Alloh taolo u xotin bilan erini jannatda birga qilar ekan. Xuddi shu kabi, ayol o‘lsa va eri uylanmasa ham, jannatda birga bo‘lishar ekan. Kel, sen bilan ahdu paymon qilamiz: Mendan keyin sen uylanma, sendan keyin men turmushga chiqmayman», dedi.

Abu Salama (roziyallohu anhu): «Men o‘lsam, sen turmush qurgin», dedi va: «Allohim! Mendan keyin unga mendan ham xayrliroq bir er nasib et, u eridan hech aziyat, xafalik ko‘rmasin», deb duo qildi.

Abu Salamadan xayrli zot

Ummu Salama shularni o‘ylab o‘tirarkan, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ichkariga kirish uchun izn so‘radilar. Unga taskin va tasalli bermoqchi edilar. «Bu musibatda Alloh taoloning senga ajr va ehson berishi va xayrliroq bir er nasib etigshini Allohdan tila...» deb buyurdilar.

Har doim bugun g‘am-qayg‘usini eri bilan baham ko‘rgan mahzun beva Ummu Salama yig‘ladi. Erini juda sevardi. Ko‘p kishilar uning qo‘lini so‘rab keldilar. Ular orasida Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) ikki do‘sti Abu Bakr va Umar (roziyallohu anhum) ham bor edi. Lekin u barcha kelganlarga rad javobini berdi.

Ummu Salama Rasulullohga(sollallohu alayhi va sallam) shunday dedi: «Abu Salamadan ham xayrliroq kim bo‘lishi mumkin, ey Allohing Rasuli!..»

Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) uning bu so‘zlarini o‘ylay boshladilar va bu ayolni g‘am-qayg‘u ichida yolg‘iz qoldirmaslik lozimligini angladilar. Natijada Allohdan unga bir ikrom bo‘lishi, darajasining yuksalishi va tasalli topishi uchun Nabiyga (sollallohu alayhi va sallam) Ummu Salamani ham mo‘minlarning onalari safiga olish amri keldi.

Atloh taolodan Ummu Salamaga uylanish amri kelganidan so‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Xatib ibn Baltaani (roziyallohu anhu) uning uyiga sovchilikka yubordilar. Ummu Salama: 

«Rasulullohga salom bo‘lsin.. Ammo unga mening yoshim o‘ttanligini, yetim go‘daklarim borligini, qolaversa, juda rashkchi ekanimni so‘yla», dedi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shu gaplarni aytib, yana elchi yubordilar:

«Yoshi o‘tganiga kelsak, mening yoshim unikidan kattaroq. Kishining o‘zidan yoshi ulug‘rog‘i bilan turmush qurishi ayb emas. Yetimlar esa Alloh taologa va Rasuliga oiddir. Juda rashkchiligi xususida men Alloh taologa undan bu hisni olishi uchun duo qilaman».

Ummu Salamaning valiyi Umar ibn Abu Salama edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga mahr o‘laroq o‘n dirham qiymatida mol berdilar. Bular ichida xurmo yaprog‘i solingan bir ko‘rpa, qozoncha, tovoq va tegirmon bor edi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xufton namozidan so‘ng Ummu Salamadan boshlab, zavjalarining huzurlariga kirardilar. Zero, Ummu Salama mo‘minlar onalarining eng yoshi ulug‘i edi. Ummu Salamaning xonasiga birinchi kirishlari unga bir ikrom edi.

Soliha ayol

Ummu Salama voqealarni g‘oyatda chuqur o‘ylab, juda to‘g‘ri qarorlar beradigan aqlli ayol edi. Shu sababli Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) boshqa zavjalari bilan juda oson til topishib ketdi.

Bundan tashqari Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) yonlarida uning yuksak mavqei bor edi. Hudaybiya kuni bir voqea sodir bo‘ldi:

Kuraysh elchilari bilan tinchlik sulhi tuzilgach, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ashoblariga qurbonliklarni so‘yish va sochlarini oldirishni amr etdilar. Ashob shartlarini og‘ir deb bilgan bu sulhning vaxiy bilan bekor qilinishiga umid bog‘lab, Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) aytganlarini qilmadilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uch marta takrorladilar, lekin hech kim bajarmagach, xafa bo‘lib, Ummu Salamaning oldiga kirdilar. Ahvolni unga tushuntirdilar. Ummu Salama:

«Yo Rasululloh, ashobingiz bu vazifani bajarishini istaysizmi? Chiqing, hech kimga gapirmasdan qurbonlikni so‘ying, sartaroshni chaqiring, sochingizni olsin», dedi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) u ishorat etgan fikrni to‘g‘ri deb topdilar. Bunday qilish insonlarni harakatga tushirish uchun bir fe'liy tashviq bo‘lar edi. Allohning Rasuli o‘rnidan turib, Ummu Salamaning (roziyallohu anho) oldidan chiqdilar va u aytganidek qildilar. Buni ko‘rgach, ashob ham o‘rnilaridan turib, qurbonliklarini so‘ydilar, sochlarini oldirdilar.

Bu voqeaga o‘xshash ko‘p holatlarda Ummu Salama juda to‘g‘ri va foydali fikrlar berardi. U Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) aytgan so‘zlarini eslab qolib, hadislar rivoyat qildi. Ummu Salama (roziyallohu anho) xotirasi kuchli tinglovchi va ishonchli roviy edi.

Mo‘minlarning nasihatgo‘yi

Mo‘minlar onasi Ummu Salama Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan so‘ng sodir bo‘lgan voqealarni diqqat bilan kuzatib bordi. Insonlar, xususan, ularni idora etuvchi xalifa va voliylarning to‘g‘ri yo‘ldan adashmasligi uchun harakat qildi.

Tarixchilarning yozishicha, bir kuni Ummu Salama xalifalikni olgan Usmon ibn Affon huzurga kirdi va unga nasihat qilib, shunday dedi:

«Ey o‘g‘lim, menga nima bo‘lyaptiki, odamlarning sendan uzoqlashib, himoyangdan chiqayotganini ko‘ryapman. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) sevgan yo‘lidan boshqa bir yo‘lda xayr qidirma. U o‘chirgan o‘tni yoqma. Do‘stlaring Abu Bakr va Umarning (roziyallohu anhum) yo‘llaridan yur. Ular ishni mahkam ushladilar va aslo zulm qilmadilar. Bir ona sifatida nasihat qilyapman. Bu mening haqqim, vazifam. Sen ham itoat etishing lozim».

Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu): «Albatta, sen aytding, men tingladim. Sen tavsiya etging, men ham qabul etgim», dedilar.

* * *

Oyisha (roziyallohu anhu) Jamal voqeasiga qo‘shilmoqchi bo‘lganida Ummu Salama unga shunday bir maktub yozdi: "Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) zavjasi Ummu Salamadan mo‘minlar onasi Oyishaga! O'zidan boshqa iloh bo‘lmagan Allohga hamd bo‘lsin. Sen Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) zavjalari va ummati orasiga tortilgan pardani yirtding. Qur'on sening etagingni tobladi, sen uni kengaytirma, haddingni bil. Alloh sening tuyangni ushlab qoldi, uni sahroga solma. Agar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ayollarining jihod yukini ko‘tara olishlarini bilganlarida, senga vasiyat etardilar. U zot seni dinda haddan oshishdan qaytarganini unutdingmi?! Agar dinning ustuni egilsa, xotinlar bilan tiklanmaydi, yiqilsa, ular bilan qaddi rostlanmaydi. Xotinlar qiladigan jihod ko‘zlarini haromdan to‘sish, etaklarini yigish va dunyo sevgisini kamaytirishdir. Agar sen bu cho‘llarda Alloh Rasuli bilan yuzma-yuz kelib qolsang, nima qilarding? Ertaga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan uchrashasan. Allohga qasamki, agar menga: «Ey Ummu Salama,jannatga kir», deyilganida, men u zot ustimga yopgan pardani yirtgan holda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan uchrashishdan hayo qilaman. U yoping‘ichni ustingga ol. Uning hovlisi sening qal'angdir. Sen bu ummatning birlashishi uchun nasihat qilishing lozim bo‘lgan paytda, ularga yordam berishdan orqada qolyapsan. Agar men Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) eshitganim bir hadisni senga aytsam, yuz-ko‘zingai tirnar eding.

Vassalom».

* * *

Hazrati Muoviya ibn Abu Sufyon xalifa bo‘lgach, insonlarni o‘ziga bayat kildirish uchun Busr ibn Abu Ertani Madinaga yubordi. Busr:

«Jobir kelmagunicha hech bir Bani Salamalikning bay'atini qabul qilmayman», dedi.

Yoshi ulugligiga qaramay, Ummu Salama Jobirga:

«Bay'at qil, men bu bay'atning yomonligini bilsam ham birodarimning o‘g‘li Abdulloh ibn Zam'aga qoni va molini saqlab qolish sharti bilan bay'at qilishini amr etdim», dedi.

* * *

Minbarlarda Hazrati Aliga (roziyallohu anhu) la'nat aytish amr etilganida, Ummu Salama Muoviyaga kishi yuborib, shunday dedi:

«Siz Ali ibn Abu Tolib va uni sevganlarni la'natlash bilan minbarlaringizda turib Alloh va Rasulini la'natlayotganingizni biling. Men shahodat etamanki, Alloh taolo va Rasuli uni sevadi».

Vafoti

Ummu Salama mo‘minlarning onasi edi. Tili bilan ularni zulmdan saqlashga urinar, imkon boricha davlat odamlarini zulm qilishdan qaytardi.

Hijratning 59-yili Zulqa'da oyida behuzur bo‘la boshladi va Alloh taolo undan, u ham Alloh taolodan rozi bo‘lib, jon taslim qildi. Janozasini Abu Hurayra(roziyallohu anhu) o‘qidilar. Baqi' qabristoniga dafn etildi. Vafot etganida 84 yoshda edi.

U vafodor zavja, sabrli mujohida, buyuk olim, ishonchli roviy, xullas, Haq yo‘lida bayroqdor inson edi.

Alloh taolo Ummu Salama onamizdan rozi bo‘lsin. Omin.

 «Qahramon mo'mina ayollar» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) olindi.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.