background
logotype
image1 image2 image3

Hafsa binti Umar ibn Hattob r.a.

 Hazrati Hafsa (roziyallohu anhu) bilimli, yuksak axloqli, irodasi mustahkam, sadoqatli bir sayyida ayol edi. U hijratning uchinchi yili Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) oilalariga qo‘shilib, mo‘minlarning onasi bo‘lish sharafiga erishdi.

* * *

Hafsa (roziyallohu anhu) payg‘ambarlik kelishidan besh yil oldin Makkada tug‘ildi. Otasi Islom tarixida adolati bilan mashhur bo‘lgan ikkinchi xalifa Hazrati Umardir (roziyallohu anhu). Onasi Zaynab Usmon ibn Maz'unning singlisi edi. Hafsa otasi bilan birga Makkada musulmon bo‘ldi. Ashobdan Hunays ibn Hazofa (roziyallohu anhu) bilan oila qurdi. Ilk musulmonlar safidan joy olgan bu baxtiyor oila Habashistonga, keyinroq Madinaga hijrat qildi.

Hunays (roziyallohu anhu) Abdulloh ibn Hazofaning qardoshidir. Badr va Uhud janglarida ishtirok etgan. Har ikki jihodda ham mardonavor jang qildi. Uhudda qattiq yaralandi. Madinaga qaytgach, shahodat sharbatini ichdi. Hazrati Hafsa juda yosh tul qoldi.

Hazrati Umar (roziyallohu anhu) qizining beva qolishini xohlamas edi. Bir ota o‘laroq, qizini solih bir kishiga uzatishni orzu qilardi. U bu masalani juda ko‘p o‘yladi va Hazrati Hafsaning iddasi tugagach, Hazrati Usmonga (roziyallohu anhu) nikohlash maqsadida uning oldiga bordi. Hazrati Usmon (roziyalohu anho) ham bu paytda yolg‘iz qolgan edi. Zavjasi Payg‘ambarimizning(sollallohu alayhi va sallam) qizlari Ruqayya vafot etgan edi. Abdulloh ibn Umar otasi va Hazrati Usmonning uchrashuvini otasidan shunday naql etadi:

"Usmon ibn Affonning oldiga bordim. Juda g‘amgin kayfiyatda ekan. Ko‘nglini ko‘tarib, tasalli berish uchun unga Hafsadan so‘z ochdim. Xohlasang, Hafsani senga nikohlab beray, dedim. Usmon darhol javob bermadi. Bu haqda o‘ylab ko‘rish uchun muhlat so‘radi. Oradan bir necha kun o‘tganidan so‘ng u bilan yana uchrashdim. Usmon hozircha uylanmasligini aytib, uzr so‘radi".

Hazrati Umar Abu Bakrga (roziyallohu anhu) ham shunday taklif qilmoqchi bo‘ldi. Hazrati Umar:

- Ey Abu Bakr, agar istasang senga qizim Hafsani nikohlab beray, - dedi.

Hazrati Abu Bakr (roziyallohu anhu) indamadilar. Hatto bir og‘iz so‘z ham aytmadi. Bu holatdan Hazrati Umar (roziyallohu anhu) ranjidilar.

Hazrati Umar ikki samimiy do‘stidan ijobiy javob ololmagach, yuragi siqilgancha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kirib, shunday dedi:

- Yo Rasululloh! Men Usmonga hayronman. Hafsani unga nikohlamoqchi bo‘ldim, u esa rozi bo‘lmadi. Abu Bakr ham shunday...

Ikki jahon quyoshi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) tabassum qilib:

- Yo Umar! Hafsa Usmondan, Usmon ham Hafsadan xayrliroq bo‘lgan birisi bilan oila quradi, - dedilar.

Hazrati Umar bugunlay o‘y-xayol ichida qoldi. Usmondan ham xayrli kuyov kim bo‘lishi mumkin? Shu tariqa bir necha kunni o‘tkazdi. Bir kuni Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Hafsani o‘zlariga so‘rab, Hazrati Umarga:

- Sen qizing Hafsani menga nikohla. Men esa qizim Ummu GulsumniUsmonga nikohlayman, - dedilar.

Bu xabardan Hazrati Umarning boshi osmonga yetdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu xabar bilan Hafsani o‘zlariga nikohlash  Allohning amri ekanini bildirmoqchi bo‘ldilar. Kisqa fursat ichida to‘y taraddudlari tugallandi. Hijratning uchinchi yili sha'bon oyida Hazrati Hafsa Rasuli Akramga (sollallohu alayhi va sallam) nikohlanib, mo‘minlarning onasi bo‘lish baxtiga erishdi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bu go‘zal tashabbuslari bilan uch ulug‘ sahobalari o‘rtasidagi do‘stlik-birodarlikni, qarindoshlikni yanada mustahkamladilar. Hazrati Oyishani nikohiga olib, Hazrati Abu Bakrning, Hafsani nikohiga olib esa, Hazrati Umarnint ko‘nglini ko‘tardilar. Har ikkisining ham qizlarini mo‘minlarning onalari bo‘lish baxtiga erishtirdilar.

Hazrati Abu Bakr Hazrati Umar (roziyallohu anhum) bildirgan taklifga aniq javob bermagani uchun ich-ichidan ezilib yurgan edi. Chunki u bir sirni bilar, ya'ni, Hazrati Hafsa bilan Rasuli Akramning (sollallohu alayhi va sallam) turmush qurishlari Hazrati Abu Bakrga ma'lum edi. Bu haqqa gapirish omonatga xiyonat bo‘lardi. Shu sababli sukut saqladi. Nikoh o‘qilgach, Hazrati Abu Bakr Hazrati Umarning oldiga kelib, uzr so‘radi va shunday savol bilan murojaat kildi:

- Hafsaga uylanishimni so‘raganingda, javob bermaganim uchun mendan ranjigan bo‘lsang kerak?

- Ha, - dedi Hazrati Umar. Shunda Abu Bakr (roziyallohu anhu) bo‘lib o‘tgan voqeani gapirib berdi:

- Menga bu masala bo‘yicha gap ochganingda, senga javob bermaganimning sababi shuki, Rasululloh Hafsaga uylanishlarini menga aytgan edilar. Albatta, bu sirni senga oshkor qilolmadim, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Hafsaga uylanishdan yuz kechsalar, shubhasiz unga uylanardim, - deya Hazrati Umarga tasalli berdi.

Kanday nazokat!.. Kanday yaxshi adab!.. Kanday sadoqat!.. Mana haqiqiy Islom odobi!.. Omonat bir sir... Sukut bir xazinadir... Omonatga rioya va sukutni ixtiyor etish insonga amniyat va bezakdir...

* * *

Hazrati Hafsa Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) xonadonlariga Savda va Oyisha onalarimizdan keyin kelin bo‘lib keldi. Saodat uyiga kelganida u yigirma yoshlarda edi. Savda onamiz Oyisha kabi uni ham buyuk bir ko‘ngil xotirjamligi ichida qarshi oldi. Har ikkisiga ham xizmat qildi. Hafsa yosh bo‘lishiga qaramay, oqila, otasi kabi bir so‘zli, irodasi mustahkam edi.

Xonai saodatda bu ikki yosh onalarimiz Payg‘ambarimizga ( sollallohu alayhi va sallam) xizmat qilishda, go‘yo musobaqalashayotgandek g‘ayrat qilar edilar. Juda yuksak darajada sevgi-hurmat ko‘rsatar edilar. Rasululloh bu ikki yosh zavjalari ikki aziz birodarlarining qizi bo‘lgani bois ham imkon boricha sabr-toqat bilan munosabatda bo‘lar, ayollik zaifiyatlarini, yoshliklari nihisobga olib, yanada marhamatli, yanada shafqatli muomala qilar edilar. Lekin barchalari ahli bashar emasmi, og‘ir kunlari ham bo‘lib turardi.

* * *

Bir kun Rasuli Akram (sollallohu alayhi va sallam) Zaynab binti Jahshning xonasida asal sharbati ichdilar va biroz ushlanib qoldilar. Bu holat ikki yosh zavjalarining diqkatini tortdi va ikkovlari kelishgan holda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yonlariga borganlarida ul zoti muborakdan sarimsoq hidi kelayotganini aytishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sarimsoq yemaganini, asal sharbati ichganlarini aytdilar va:

- Demak, asalari sarimsoq yalagan ekan, - deb, bundan so‘ng aslo asal sharbati ichmaslikka qasam ichdilar.

Bu voqea sabab bo‘lib Alloh taolo Tahrim surasining ushbu oyatlarini nozil qildi (mazmuni):

"Ey payg‘ambar, nega siz juftlaringizning roziligini istab, Alloh siz uchun halol qilgan narsani harom qilib olursiz?! Alloh mag‘firatli, mehribondir".

Faxri Koinot Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) zavjalaridan ayrilib, xilvatga yuz burdilar. Bu tadbir bilan yosh zavjalarini tarbiyalamoqchi bo‘ldilar. Biroq ashob orasida Rasululloh zavjalari bilan ajrashibdilar, degan so‘z tarqaldi. Hazrati Umar bu xabarni eshitgach, qizi Hafsadan biror xato o‘tdimikin deb darhol hujrai saodatga yo‘l oldi. Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) ichkari kirishga izn olgach, ko‘ngilga taskin beruvchi shu so‘zlarni aytdi:

- Yo Rasululloh! Zavjalaringiz sababli qanchalik qayg‘u chekyapsiz. Shoyad, ular bilan ajrashsangiz, Alloh ham, farishtalari ham Siz bilan birgadir. Men ham, Abu Bakr ham, mo‘minlar ham Siz bilan birga...

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tabassum kildilar. Guldek yuzlaridan nur sochildi.

- Zavjalarim bilan ajrashganim yo‘q, faqat xilvatga kirdim, - deya Hazrati Umarning qalbiga orom beruvchi va mo‘minlarni sevintiruvchi so‘zlarni aytdilar.

Hazrati Umar masjidga keldi va musulmonlarga vaziyatni tushuntirib berdi.

* * *

Hazrati Hafsa tabiatan biroz qattiqqo‘l edi. Hazrati Oyisha uni shunday tavsif etadi: "Hafsa tom ma'noda otasining qizidir. Mustahkam irodasi bor. Bir so‘zli va qat'iyatlidir".

Bir kuni Rasuli Akram Hafsa onamiz oldida Hudaybiyada bay'at etgan ashobni eslab:

- Inshaalloh, Hudaybiyada bay'at etgan ashobim jahannamga kirmaydi, - deb marhamat qildilar.

Hafsa (roziyallohu anhu) esa: "Sizlardan har biringiz unga (jahannamga) tushguvchidirsiz. (Bu)Parvardigoringiz (amriga binoan) vojib bo‘lgan hukmdir", (Maryam, 71) oyatini o‘kidi. Payg‘ambarimiz ham unga: "So‘ng taqvodor bo‘lgan zotlarni (undan) qutqarurmiz va zolim kimsalarni tiz cho‘kkan hollarida (jahannamda) qoldirurmiz", (Maryam, 72) oyatini o‘qib, javob berdilar.

Hazrati Hafsa onamiz ibodatda mustahkam edi. Ko‘p namoz o‘qir va nafl ro‘za tutardi. Uning hayoti ham boshqa onalarimiz kabi faqirlikda o‘tdi. Yotoq o‘laroq foydalanadigan birgina sholchasi bor edi. Yoz kunlari uni tagiga to‘shar, qishda esa bir tarafini ostiga to‘shab, bir tarafini ustiga yopardi. Ko‘pincha yeyishga non topolmas edi. Shunday bo‘lsa ham sira shikoyat qilmas, doim shukr qilib yashardi.

U Rasuli Akramga (sollallohu alayhi va sallam) sadoqat va muhabbat bilan bog‘langan edi. O'ziga hadya qilingan narsalarni yeb-ichmay, Rasulullohga iqrom qilardi. Ul zotni doimo o‘z nafsidan yuksak va afzal bilardi. Bir kuni Hazrati Hafsaga bir tulum asal tortiq qilishdi. Rasuli Akram uning xonasiga kirganlarida, Hafsa o‘sha asaldan ikrom etardi.

* * *

Hazrati Hafsa Faxri Koinotning (sollallohu alayhi vasallam) dorulbaqoga irtixollaridan so‘ng ham muhim xizmatlarni ado etdi. Hazrati Abu Bakr davrida Qur'oni karim oyatlari bir yerga to‘planib, Mushaf holiga keltirilgan edi. Bu yagona nusxa Hazrati Abu Bakrda turardi. Vafotidan so‘ng Hazrati Umarning nazoratiga berildi. Hazrati Umar ham yaralanib, shahid bo‘lgach, qizi Hazrati Hafsa onamizga topshirildi. Hazrati Hafsa uni sadoqat bilan muhofaza qildi. Hazrati Usmon davrida bu nusxa ko‘paytirildi.

* * *

Hazrati Hafsa onamiz oltmishga yaqin hadis rivoyat qilgan. Hijratning 45-yili Hazrati Muoviyaning xalifaligi davrida oltmish yoshida vafot etdi. Janoza namozini Madina voliyi Marvon ibn Hakam o‘qidi. Baqi' qabristoniga, mo‘minlar onalari oldiga, abadiy istirohatgohiga qo‘yildi. Alloh taolo Hazrati Hafsa onamizni rahmatiga olgan bo‘lsin. Omin.

 «Qahramon mo'mina ayollar» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) olindi.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.