background
logotype
image1 image2 image3

Toif g'azoti

Saqif va Hovozin qabilalaridan qochganlar Toif shahriga borib olishgan edi. Payg'ambar alayhis-salom ularga qarshi otlangan qo'shinga Xolid ibn Validni sarkarda etib tayinladilar-da, o'zlari ham sahobalar bilan birga yo'lga chiqdilar. Yo'lda keta turib Avf ibn Molik Nasriyning qal'asidan o'tayotganlarida sahobalarga uni buzib tashlashni buyurdilar. Saqiflik bir kishining bog'i yonidan o'tishayotganda bog'bon musulmonlarga itoat etishdan bosh tortib yashirinib oldi. Rasululloh unga odam yuborib, agar yaxshilikcha chiqmasa bog'iga o't qo'yib yuborilishini ayttirdi. Bog' egasi bosh tortgach, boqqa o't qo'yib yuborildi.

Musulmonlar ko'zlangan manzilga yetib kelgach, g'animlarning bir yilga yetadigan oziq-ovqatni g'amlab shahar qo'rg'oniga yashirinib olishganini bilishdi. Musulmonlar o'zlari; uchun qulay joyni topib qo'r tashlashdi, lekin hali nafas rostlab ulgurishmay shahar devoriga chiqib olgan g'animlar qattiq o'qqa tutishdi. Musulmonlardan juda ko'p odam yaralandi. Abdulloh ibn Abu Bakrning jarohati og'ir bo'lib eng omilkor tabiblarning muolijalari ham naf bermadi, oxiri otasi xalifalik taxtiga o'tirganda shu jarohat azobidan vafot etdi. Abu Sufyon ibn Harbning bir ko'zi oqib tushdi, ikki kishi shahid bo'ldi.

Payg'ambar alayhis-salom dushman yomg'irdek o'q yog'dirayotganini, ajal xavfi kamayish o'rniga battar zo'rayotganini ko'rgach, Toifdagi hozirgi masjid o'rniga rafiqalari Ummu Salama bilan Zaynab uchun ikkita chodir tiktirdilar. Muhosara o'n sakkiz kun davom etdi. Xolid ibn Valid dushmanni muborazaga (yakkama-yakka olishishga) chaqirdi. Lekin uning taklifiga hech kim javob bermadi, aksincha o'q yomg'iri battar kuchaydi. Saqif qabilasining oqsoqoli Abduyolil esa sarkardani mazax qilib: "Ey Xolid, xomtama bo'lmay qo'ya qol, sening oldingga hech kim chiqmaydi, biz qal'ada tinchgina o'tiraveramiz. Bir necha yilga yetadigan oziq-ovqatimizni g'amlab olganmiz. To yeguligimiz tugaguncha muhosara qilsang ixtiyoring. Hech vaqomiz qolmagandan keyin chiqib so'nggi nafasimizgacha olishib o'lamiz", dedi.

Muhosara cho'zilib ketgach, payg'ambar alayhis-salom manjaniqni ishga solishni buyurdilar: istehkomni portlatish uchun bir nechta sahoba dabbobalar ichiga kirdi, lekin dushman musulmonlarning urinishini chippakka chiqardi: tepadan qizdirilgan temirlarni tashlab, hujum qilayotganlarni orqaga chekintirdi. Payg'ambar alayhis-salom dushmanning tok va xurmo daraxtlarini kesib tashlashni buyurdilar. Musulmonlar shu zahoti ishga tushib ketishdi. Qal'adagilar rasulullohga murojaat etib: "Ollohning va qarindosh-urug'chilikning haqqi-hurmati dov-daraxtlarni kestirma", deya yolborishdi. Payg'ambar alayhis-salom: "Mayli, Olloh bilan qarindosh-urug'chilikning haqqi-hurmati daraxtlarni kestirmayman", dedilar va kim qal'adan chiqsa omonlik berilishini, uning joniga ham, mol-mulkiga ham dahl qilinmasligini aytdilar.

Qo'rg'on devoridan o'ntacha odam osilib tushdi. Yaxshi qurollangan dushmanning qattiq qarshilik ko'rsatishi sababli muhosara uzoqqa cho'zilib ketishi mumkinligidan tashvishlangan payg'amoar alayhis-salom Navfal ibn Muoviya Daylini chaqirib, qamalni davom ettirish kerakmi yoki orqaga qaytgan ma'tsulmi deya maslahatlashdilar. Navfal: "Ey rasululloh, iniga bekinib olgan tulkini poylab turaversang, oxiri tutib olasan, bordiyu tashlab ketsang, u senga biron ziyon-zahmat yetkazmaydi", dedi. Uning gapi ma'qul tushib rasululloh qo'shinni chekintirishga buyruq berdilar. Ajablangan ba'zi sahobalar saqifliklarni duoibad qilishni so'rashdi. Lekin sarvari olam parvardigorga yolborib: "Ey Olloh, saqif xalqini hidoyat qilgin, ular ham musulmon bo'lib, huzurimga kelishsin", deya yaxshi tilak tiladilar.

O'LJALARNING TAQSIMLANISHI

Payg'ambar alayhis-salom Ji'ronaga qaytib, g'animalarning hisobini olgach, teng beshga bo'ldilar. Islom dini hali diliga butunlay em bo'lib ulgurmagan kishilarning ko'nglini ovlash uchun ularga ko'proq ulush berdilar. Hali imon keltirmagan odamlarni musulmonchilikka moyil qilish uchun bir talay narsa ulashdilar. Oldingi safda turgan Abu Sufyonga qirq uqiyya oltin bilan yuzta tuya berildi. Abu Sufyonning o'g'illari Muoviya bilan Yazidga ham shuncha narsa ulashildi. Abu Sufyon: "Ey rasululloh, ota-onam sadag'ang ketsin, sen tinch-totuv paytida ham, urushda ham bir xilda madad ekansan", dedi. Payg'ambar alayhis-salom Hakim ibn Hizomga ham Abu Sufyonga berganchalik narsa ajratdilar. Hakim yana shuncha narsa berishni so'ragan edi, payg'ambar alayhis-salom o'ylab o'tirmay rozi bo'ldilar. Hakim bunga ham qanoat qilmay yana shuncha so'radi, rasululloh hech ikkilanmay uning talabini qondirganlaridan keyingina: "Ey Hakim, mol-mulk degan ko'zga chiroyli ko'rinadigan, shirin narsa. Ko'zi to'qlik bilan olsa barakasi bo'ladi, ochko'zlik bilan olsa, barakasi bo'lmaydi. Mol-mulkka o'ch odam yeb to'ymas ochopatga o'xshaydi. Beruvchi qo'l oluvchi qo'ldan yaxshiroq", dedilar. Hakim dastlab berilgan yuz tuyani olib, qolganini qaytardi. "Seni haq payg'ambar qilib yuborgan Ollohning nomi bilan qasam ichamanki, sendan keyin to dunyodan o'tganimcha birovdan sariq chaqalik narsa olmayman" dedi. Chindan ham Hakim so'zining ustidan chiqdi. Rasulullohdan keyin o'tgan halifalar Hakimga xazinadan keragicha mol-dunyo olishni taklif etishganda u qat'iyan bosh tortgan.

Ibn Hisnga, Aqra ibn Hobisga, Abbos ibn Mirdosga ham yuztadan tuya berildi. Safvon ibn Umayyaga bir darani to'ldirib turgan chorva hadya etildi. U mollarga ilgariroq qiziqsinib qaraganini sezgan payg'ambar alayhis-salom: "Bu mollar ko'zingga yaxshi ko'rinyaptimi?", deb so'radilar. Safvon bosh irg'ab iqror bo'lib qo'ya qoldi. - Unday bo'lsa olaqol, hammasini senga berdim." "O'sha paytda hech kim menchalik sevingan emas" deya eslaydi Safvon. Uning Islom diniga kirishining sababi ham shu edi. Payg'ambar alayhis-salomning bu tarzda saxovat bilan qo'li ochiqlik qilishlaridan ko'zlangan maqsad odamlarning qalbini yumshatib Islom diniga kiritish sovg'a-salomga qiziqtirish yo'li bilan bo'lsa ham Ollohning haqiqatini anglatish edi. Zakotning bir qismi ham odamlarning Islom diniga rag'batlantirish uchun sarflanardi. Payg'ambar alayhis-salom ulashgan sovg'a-salomlar keyinchalik juda katta foyda keltirdi. Dastavval musulmonchilikda to'la barqaror bo'lib ulgurmagan Safvon ibn Umayya Muoviya ibn abu Sufyon, Horis ibn Hishom singari zotlar o'sha paytda berilgan hadya tufaylimi yoki boshqa sababdanmi, keyinchalik Islom dini uchun juda katta naf yetkazadigan mashhur shaxslarga aylanishdi.

Payg'ambar alayhis-salom qolgan g'aiimatlarning hisobini olib, g'oziylarga bo'lib berishni Zayd ibn Sobitga topshirdilar. Biroq arobiylar ungacha sabr qilmay ulushimizni ber, deb rasulullohni o'rtaga olib, bir daraxt tagiga surib kelishdi. Sarvari olamning ridosi (yaktagi) daraxtning butog'iga ilinib, orqaga tislanishlariga imkon bermadi. Shunda u kishi: "Ey jamoat, ridoimni qo'yib yuboringlar. Xudo haqqi agar qo'limda Tuhomaning daraxtlaridek behisob mol-mulk bo'lsa o'zimga hech narsa qoldirmay sizlarga bo'lib berardim. Men qo'rqoq, baxil, ko'zi och odam emasman, - dedilar va borib tuyalarining bitta tukini yulib, oldilar-da, - ey, odamlar, menga g'animatning beshdan biridan tashqari mana shunchalik ham narsa tegmaydi. Menga berilgan ulush ham sizlarga qaytariladi, sizlarning ehtiyojingiz uchun ishlatiladi. G'animatda ninachalik narsa olib qolmay o'rtaga tashlanglar. G'animatga xiyonat qilganlar bu dunyoda uyatga qoladi, qiyomat kuni esa rasvo bo'lib, azobga uchraydi", dedilar. Qo'li egrilik qilib g'animatni o'g'irlab olganlar hamma narsani qaytarib berishdi. Payg'ambar alayhis-salom shundan keyingina g'animatlarni taqsimlab, piyodalarga to'rttadan tuya, qirqtadan qo'y, otliqlarga esa uch hissa ortiq narsa berdilar. Lekin munofiqlardan biri norozi bo'lib: "Olloh rozi bo'ladigan taqsimot qilinmadi", dedi. Payg'ambar alayhis-salomning jahllari chiqib, qizarib ketdilar. - Seni qara-yu, agar men odil bo'lmasam bu dunyoda kim odil bo'ladi", dedilar. Har qancha achchiqlaigan bo'lsalar-da, munofiqdan o'ch olishdan o'zlarini tiydilar. U kishi bunday qusurdan xoli edilar. O'zlarini bosib, yotig'i bilan pand-nasihat qildilar. Payg'ambarga tuhmat qilishning oqibati nimaga olib kelishini aytib ogohlantirdilar. Umar bilan Xolid ibn Valid: "Ey rasululloh bu yaramasning kallasini olaylik", deyishdi. Payg'ambar alayhis-salom: "Yo'q u namoz o'qishi mumkin" deya ularni qaytardilar. Xolid: "Dili boshqa, tili boshqa namoz o'qiydiganlar ko'p-ku", dedi. Rasululloh unga tanbeh berib: "Men odamlarning ichini yorib ko'rishga buyurilmaganman", dedilar.

G'animatdan quraysh va boshqa hamma qabilalarga ulush berildi, faqatgina ansorlarga hech narsa tegmadi. Bundan norozi bo'lgan ayrim ansorlar: "Tavba, galati-ku! Kechagina safimizga qo'shilgan qurayshlarga g'animat beriladi-yu, qilichimizni qonga bo'yagan biz quruq qolaveramizmi?" deyishdi. Bu gapdan xabar topgan payg'ambar alayhis-salom ansorlarni bir joyga to'plab va'z aytdilar: "Ey ansorlar jamoasi, eshitishimcha mendan norozi bo'libsizlar. Ilgari gumroh edinglar, Olloh men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Kambag'al edinglar, Olloh men orqali sizlarni boylikka erishtirmadimi? Bir-biringlarga dushman edinglar, Olloh mening vositamda sizlarni do'stlashtirmadimi? Qurayshlar endigina kufurdan xolos bo'layotgan, boshiga musibat tushgan xalq. Men ularga mol-dunyo berib ko'ngillarini ovlashga intildim. Ey ansorlar jamoasi, ularning ko'nglini ko'tarib musulmon qilish uchun berilgan arzimas narsaga mendan ranjidinglarmi? Men sizlarni imoni mustahkam, har qanday vaziyatda og'ishmaydigan deb bilganim uchun hech narsa berganim yo'q. Odamlar uyiga tuya, qo'y haydab borishsa, sizlar Ollohning elchisini olib qaytasizlar. Nahotki bu sharafdan norozi bo'lsanglar? Xudo haqqi, agar hijrat qilinmasa men ansor bo'lardim, agar hamma odamlar bir yo'lga yurib ansorlar boshqa tomonga ketishsa, men shubhasiz ularga ergashardim. Ey robbim, ansorlarga rahmat qil! Ularshshg bola-chaqalaridan rahmatingni darig' tutma!"

Payg'ambar alayhis-salomning chin yurakdan kuyunib aytgan gaplarini eshitgan ansordarving diydasi yumshab, ko'z yoshlaridan soqollari ho'l bo'ldi va bir ovozdan nasibamiz rasululloh bo'lishiga mingdan ming rozimiz, deyishdi.

HOVOZIN QABILASINING ELCHILARI

Oradan o'n kun o'tgach, payg'ambar alayhis-salomning huzurlariga Hovozin qabilasining elchilari tashrif buyurishdi. Ular asir olingan ayollarini ozod etishni, aks holda nomusdan bosh ko'tarib yurolmasliklarini aytib, tavallo qilishdi. Zuhayr rasulullohga: "Ularning orasida sut onalaring, ammalaring, oq yuvib, oq taragan tarbiyachilaring bor", dedi va u zoti muborakning ko'ngillarini eritish uchun quyidagi. she'rni o'qidi:

Kechirgin ey rasululloh, qilib sen marhamat bizga,
Kutarmiz iltifotingni umidvorlik bilan har dam.
Oq sutini ko'kka sog'magan onalarga qil shafqat,
Ularning mehri-la bo'lding Ollohga suyumli, hamdam.
Aytajakmiz tashakkurlar sening bu iltifotinga,
Muhr bo'lib bosilgusi bir umrga unutilmay noming ham.
Umidvormiz erishgaymiz sening shafqat, iltifotingga,
Qancha ko'p avf etsang senga shuncha nusrat bo'lur hamdam.
Seni oq sut berib boqqan ayollarni kechirgaysan,
Rasulnnig bag'ri keng albat, saxovati beadad har dam.
Payg'ambar alayhis-salom: "Men rost gapni yaxshi ko'raman, ikki-narsadan birini tanlanglar: yo bola-chaqangazni, yo mol-holingizni olib ketasizlar. Yo'lingizga ko'z tikib charchadim, endi kelmasanglar kerak deb o'ylagan edim", dedilar. Elchilar bu gapdan quvonib ketishdi. Biz uchun zurriyotlarimiz hamma narsadan a'lo. Xotinlarimiz bilan bolalarimizni qaytarib bersang bo'lgani, mol-mulkimiz haqida gaplashnb ham o'tirmaymiz. Bola-chaqadan ham ortiq davlat bormi", deyishdi ular.

Payg'ambar alayhis-salom: "O'zim bilan Abdulmuttalib jamoasi qo'lidagi asirlarni qaytarib beraman. Peshin namozidan keyin xalqqa musulmon bo'lganinglarni aytasizlar. Rasululloh orqali musulmonlardan, musulmonlar orqali rasulullohdan shafoat tilaymiz, deb diniy qarindosh ekaninglarni el-yurtga bildirasizlar", dedilar. Elchilar u kishining aytganlarini bajo keltirishdi. Payg'ambar alayhis-salom o'z sahobalariga yuzlanib: "Diniy qarindoshlaringiz tavba qilib kelishibdi, men ularning bola-chaqalarini qaytarib bermoqchiman. Istagan odam menga o'xshab ish tutsin, istamagan odam esa asirniig badaliga narsa olib ozod qilsin", dedilar. Muhojirlar bilan ansorlar barobariga: "Qo'limizdagi hamma asirlarning ixtiyori rasulullohda", deyishdi. Faqat Aqra' ibn Hobis, Uyayna ibn Hisn, Abbos ibn Mardos kabi bir guruh odam asirlarni qaytarib berishdan bosh tortdi. Payg'ambar alayhis-salom ulardan asirlarni qarzga olib, egalariga qaytardilar. Payg'ambar alayhis-salom bu urushda Hovozin qabilasi bilan boshqa mushriklar qo'shiniga sarkardalik qilgan Molik ibn Avf Nasriyning oila a'zolarini Makkadagi ammalari Ummu Abdulloh ibn Abu Umayya bilan bir joyga qamab qo'yishni buyurdilar. Elchilar: "Ular bizning kattamiz-ku", deyishgan edi, rasululloh: "Mening ularga yomonlik qilish niyatim yo'q", dedilar va Molikning qayerdaligini so'radilar. Uning Saqif bilan birga qochib ketganini aytishdi. Payg'ambar alayhis-salom: "Molikka aytinglar, agar u mening huzurimga musulmon bo'lib kelsa, xotin bola-chaqasidan tashqari yuzta tuya ham beraman", dedilar. Bu gapdan xabar topgan Molik qal'adan yashirincha chiqdi-da, Ji'ronaga kelib rasulullohning huzurlarida islom diniga kirdi. Payg'ambar alayhis-salom uni Hovozin qabilasidagi imon keltirgan musulmonlarga bosh qilib tayinladilar.


2004-2018 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.