background
logotype
image1 image2 image3

Toif aholisiga yozilgan maktub

Payg'ambar alayhis-salom Toif aholisiga qarata xat yozib, elchilardan berib yubordilar:

"Bismillahir rohmanir rohim. Ollohning elchisi Muhammad payg'ambardan mo'minlarga: "Vaj*dagi daraxtlarni kesish, hayvonlarni ovlash haromdir. Bunga amal qilmagan odamning kiyimini yechib darra uriladi".

Islom dini oldin xalqimizning qalbiga tuzukroq o'rnashib olsin va nodon xotin-xalajlarning esxonasi chiqib ketmasin, degan o'yda rasulullohdan saqifliklar cho'qinadigan butni yo'qotishni bir oyga kechiktirishni iltimos qilishdi. Payg'ambar alayhis-salom ularning bu iltimosiga rozilik berdilar.

Elchilar yo'lga chiqqanlaridan keyin Usmon o'z hamrohlariga yuzlanib: "Men saqifliklarni yaxshi bilaman, biz hozircha musulmon bo'lganimizni ulardan sir tutaylik, birovlar bilan urushishning, nohaq qon to'kishning yomonligini aytib qo'rqitaylik. Ularga: "Muhammad bizni mashaqqatli ishlarga da'vat etgan edi, ko'nmay bosh tortdik, u butlarimizni parchalashni, zino qilmaslikni, aroq ichmaslikni, sudxo'r bo'lmaslikni talab qildi, deymiz", dedi. Hamrohlari uning taklifini ma'qul ko'rib, yurtiga yetib kelishgach, qabiladoshlariga: "Biz qurol bilan qarshi chiqqan odamlarni yengib, o'z diniga kirgizgan o'ta zolim odamning yonidan keldik", deya yuqoridagi kelishilgan gaplarni aytishdi. Bu gaplarni eshitgan Saqif aholisi Muhammad alayhis-salomga hargiz itoat etmaslikka ahd qilishdi. Elchilar: "Unday bo'lsa, qurol-yarog'ingizni shaylab, qo'rg'onlaringizni puxtalab urushga tayyorgarlik ko'ring", deyishdi. Odamlar jangovar tayyorgarlikni boshlab yuborishdi, biroq oradan ikki-uch kun o'tgach, Olloh taolo ularning dillariga qo'rquv, vahima soldi. Ular kengasha-kengasha elchilarni chaqirib kelishdi. "Biz har qancha tayyorgarlik ko'rmaylik, baribir, Muhammad bilan urushib yengolmaydiganga o'xshaymiz. Yaxshisi borib, u da'vat etgan ishlarni qabul qilinglar", deyishdi. Shundan keyingina elchilar sirni ochib, allaqachon musulmon bo'lishganini, faqat ularning jaholatidan xavfsirab shunday yo'l tutishganini aytishdi. Qabiladoshlari ajablanib: "Buni bizdan yashirishning nima hojati bor edi?" deb so'rashdi. "Tabiatingizda shayton kibri bor, u sizlarni doim vasvasga solib turadi, shu narsa yo'qolmaguncha musulmon bo'lganimizni sir tutishga qaror qildik o'sha paytda sizlardan har qanday yomlnlikni kutish mumkin edi", deyishdi elchilar. Shu kundan e'tiboran Saqif aholisi imon keltirib, musulmon bo'lishdi.

*Vaj - Toifdagi bir jilg'aning nomi.

LOTNING PARCHALANISHI

Bu xushxabarni eshitgan payg'ambar alayhis-salom Abu Sufyon bilan Mug'ira ibn Shab'a Saqafiyni Saqif qabilasining Toifdagi Lot degan butini yo'qotishga yubordilar. Ular butni parchalab, o'rnini tep-tekis qilib tashlashdi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.