background
logotype
image1 image2 image3

Uvays al-Qaraniy

Islom olamida Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) g‘oyibona oshiq bo‘lganlarning sardori sifatida mashhur bu zot «Abu Amr» kunyasi bilan tanilgan. Rivoyatlarga ko‘ra, uning otasi Omir yamanlik bo‘lib, Murod qabilasining qarn urug‘iga mansub edi . Hazrati Uvays “muhazramlar”dan edi. Hadis istilohiga ko‘ra, “muhazram” johiliya davrini ko‘rgan, Payg‘ambarimizning hayotlik davrlariga yetishgani holda, u zot bilan ko‘risha olmay, g‘oyibona imon keltirgan kishidir.
Sahobai kiromning ko‘plari bilan ko‘rishgan Hazrati Uvays tobeinlarning ulug‘laridan. Chunonchi Hazrati Umar ibn Xatgobdan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ora-sira Yaman tarafga yuzlarini burib, bunday der edilar: “Yaman tomondan rahmat shabadalari esmoqda. Ehson va ezgulikda tobeinlarning eng yaxshisi Uvays Qaraniydir”.
Oradan yillar o‘tdi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) hayotlari so‘ngida muborak hirqalarini yechib, Hazrati Umar bilan Hazrati Aliga berdilar va: “Buni Uvays Qaraniyga beringlar!” dedilar.
Bu voqea haqida “Hilyatul avliyo” kitobida uzun bir naql keltirilgan. Unda aytilishicha, Hazrati Uvays Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan keyin haj qilish uchun Makkaga keladi. Hazrati Umar ham Uvays bilan ko‘rishishni orzu qilib yurardi. Chunki Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Uvays haqida ilgari xabar bergan edilar. Yamanliklar haj qilish uchun kelishganida Hazrati Umar Abu Qubays tepaligiga chiqadi va baland ovoz bilan Yaman hojilariga murojaat qilib, oralarida Uvays ismli kishi bor-yo‘qligini so‘radi. Yamanliklardan uzun soqolli keksa kishi o‘rnidan turib: “Ey Umar, siz aytayotgan Uvaysni tanimayman. Ammo hech kim bilan gaplashmaydigan, bozorlarda yurmaydigan amakimning o‘g‘li Uvays bor oramizda. U tuyalarimizga qo‘riqchilik qilib o‘tiradi. Kechki paytlari unga ovqatini olib borib beramiz”, dedi. Hazrati Umar darhol: “O‘sha odamni menga ko‘rsating!” deya yonlariga Hazrati Alini olib, Uvays turgan joyga qarab ketdi.
Ular Uvaysning bir daraxt soyasida namoz o‘qiyotganini ko‘rib, tugatishini kutib turishdi. Namozini bitirgan Uvaysga salom berishdi. Uvays alik olgach, undan: “Kimsiz?” deb so‘rashdi. Uvays: “Haq olib ishlaydigan cho‘ponman”, deb javob berdi. Undan ismini so‘rashganida esa “Abdulloh” ekanini aytdi. Biroq Hazrati Umar e’tiroz bildirib: “Hammamiz Abdulloh (Allohning bandasi)miz. Onangiz qo‘ygan ismni ayting”, deganlarida: “Uvaysman”, deya javob berdi.
So‘ngra ikki buyuk sahobiy Hazrati Uvays bilan bir oz suhbatlashib, muborak omonatni — hirqai sharifni unga topshirishadi va haqlariga duo qilishini so‘rashadi. Uvays ham ularning Hazrati Umar bilan Hazrati Ali ekanini bilib, juda sevinadi va haqlariga duo qiladi.
Keyinroq bu hirqa qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, Usmonli sultonlari tomonidan Turkiyaga olib ketiladi. Hozir u Turkiyada saqlanmoqda.
Hazrati Umar ko‘rsatgan ehtirom tufayli Uvays Qarnda ovoza bo‘lib ketadi. Shuning uchun ortiq bu yerda tura olmay, Kufaga ketadi. Imom Muslim bunday rivoyat qiladi:
“Kufaliklar Hazrati Umarning huzurlariga kelishdi. Oralarida Uvaysni ermak qiladigan bir odam bor edi. Hazrati Umar kelganlarga Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam): “Sizga Yamandan Uvays degan bir odam keladi. Yamanda onasidan boshqa hech kimi yo‘q. Uning tanasida oqlik bo‘ladi. Duo qilgach, Alloh undan oqlikni ketkazadi. Faqat bir dinor yoki bir dirhamchalik joyi qoladi. Sizlardan kimunga yo‘liqsa, sizlar uchun istig‘for ayt(ishini so‘ra)sin”, mazmunli hadisi shariflarini aytib berdilar va ularga Uvaysning hurmatini joyish qo‘yishni tayinladilar.
Kufaliklar yurtlariga qaytishgach, Uvaysni ermak qiluvchi odam odatiga xilof ravishda uyiga kirmay, to‘g‘ri Uvaysning oldiga bordi va undan duo qilishini so‘radi. Uvays boshqa ermak qilmaslik va Hazrati Umardan eshitganlarini birovga aytmaslik sharti bilan uni duo qildi.
Uvays Qaraniy Alloh taologa tavakkuli bilan mashhur edi.
Haram ibn Hayyon Uvays Qaraniyga shogird tushgan va undan bir necha nasihat olish bilan kifoyalangan oshiqlardan edi.
Bir kuni Haram ibn Hayyon Uvays Qaraniydan so‘radi:
— Qaerda istiqomat qilishimni tavsiya etasiz?
— Shomda, — dedi Uvays. 
Haram so‘radi:
— U yerda tirikchilik qalay?
Uvays aytdi:
— Tavakkulsiz qalblarga o‘git foyda bermaydi.
Imom Sha’roniy “Tabaqot”ida Uvaysning shamoyilini bunday ta’riflaydi: “Uvays o‘rta bo‘yli, yelkalari keng, ko‘zlari katta-katta, yuzi bug‘doyrang, sochi qizg‘ish edi. Jag‘i doim ko‘ksiga yopishib turar, ko‘zlari faqat yerga boqar edi”.
Payg‘ambarimizni (alayhissalom) ko‘rmay turib, u zotdan Hazrati Uvays fayz olganlari uchun ustozni ko‘rmay undan fayz olish “uvaysiylik” deyiladi.
Hazrati Uvays odamlar bilan ko‘p muloqotda bo‘lishni xush ko‘rmaganidan uncha ko‘p hadis rivoyat qilmagan. Faqat Hazrati Umar va Hazrati Alidan qilgan rivoyatlarini Abdurahmon ibn Abu Laylo va Bashir ibn Amr kitoblarida keltirishgan.
Hazrati Uvaysning vafoti haqida kelgan rivoyatlarning barchasida uning hijriy 37 yili Siffin jangida shahid bo‘lgani aytiladi.
Alloh taolo Hazrati Uvaysga bergani kabi bizning qalbimizga ham Rasulullohga xolis muhabbatni jo qilsin, qiyomatda shafoatlaridan nasibador aylasin...

No‘mon Abdulmajid | “Hidoyat” jurnalining 2008 yil 5-sonidan olindi.
 

Ushbu satrlar qahramoni Uvays al Qaroniy roziyallohu anhu yamanlik solih kishi bo‘lganlar. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga u Zotning hayotliklarida iymon keltirganlar. Ammo u Zotni ko‘ra olmaganlar. Shuning uchun sahobiy bo‘la olmay, tobe’in bo‘lganlar.

Umar ibn Xattobdan rivoyat qilinadi:

«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Albatta, tobe’inlarning yaxshisi Uvays deb ataladigan kishidir. Uning volidasi bor. Unda oqliq bor edi. Unga amr qilinglar. Sizlarga duo qilsin», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ko‘rmagan odam haqida axborotlar berishlari mo‘‘jizadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarga Uvays al Qaroniy roziyallohu anhuning duolarini olishga targ‘ib qilishlari u kishining fazllariga dalolat qiladi.

Usayr ibn Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Ahli Ko‘fa Umarning oldiga hay’at bo‘lib keldilar. Ularning ichida Uvaysni masxara qiladigan bir kishi bor edi. Bas, Umar: «Bu yerda qaroniylardan birorta bormi?» dedi. Haligi odam keldi. Bas, Umar unga: «Batahqiq, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, sizga Yamandan bir odam keladi. Uni Uvays deydilar. Yamanda bittagina onasidan boshqani qoldirmagan bo‘ladi. Unda oqlik bor edi. Bas, Allohga duo qilgan edi. Undan o‘shani ketkazdi. Faqat bir dinorcha yoki dirhamcha joy qoldi, xolos. Sizdan kim unga yo‘liqsa, bas, u sizlarga istig‘for aytishini so‘rasin, dedilar», dedi».

Muslim rivoyat qilgan.

Uvays al Qaroniy roziyallohu anhu xokisor odam bo‘lgan ekanlar. U kishi o‘zlarini juda ham kamtarona tutganlaridan ko‘pchilik e’tibor ham bermas ekan. Ba’zi birlar esa masxara ham qilar ekan. Ushbu rivoyat ham o‘sha Uvays al Qaroniy roziyallohu anhuni masxara qiladiganlardan birining sababidan vorid bo‘lgan ekan.

«Ahli Ko‘fa Umarning oldiga hay’at bo‘lib keldilar. Ularning ichida Uvaysni masxara qiladigan bir kishi bor edi». Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xalifaliklari vaqtida u kishining oldilariga turli viloyatlarning hay’atlari kelib turar edi. Mana, Ko‘fadan o‘sha hay’atlardan biri Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning qabullariga kirdilar.

Hay’t a’zolari bilan tanisha turib:
«Bas, Umar: «Bu yerda birorta qaroniylardan bormi?» dedi. Haligi odam keldi».
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning savollaridan keyin haligi Uvays al Qaroniy roziyallohu anhuni masxara qilib yuradigan odam keldi.
«Bas, Umar unga: «Batahqiq, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, sizga Yamandan bir odam keladi. Uni Uvays deydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelajakda bo‘ladigan narsadan xabar bergan ekanlar. U Zot Uvays al Qaroniy roziyallohu anhuni Yamandan Hijozga kelishlarini avvaldan aytib qo‘ygan ekanlar. Bu Uvays al Qaroniy roziyallohu anhuning fazllaridan dalolatdir.

«Yamanda bittagina onasidan boshqani qoldirmagan bo‘ladi». Demak, Uvays al Qaroniy roziyallohu anhu onasidan boshqa hech kimi yo‘q zot ekanlar. Qarindosh-urug‘, bola-chaqa degan gaplar yo‘q ekan.

«Unda oqlik bor edi. Bas, Allohga duo qilgan edi. Undan o‘shani ketkazdi. Faqat bir dinorcha yoki dirhamcha joy qoldi, xolos». Bundan Uvays al Qaroniy roziyallohu anhuda pes kasali bo‘lgani chiqadi. Ammo u kishi duosi qabul bo‘ladigan kishilardan edilar. Shuning uchun duolari bilan hatto tuzalmas kasallardan bo‘lgan pes kasali ham tuzalgan ekan. Faqat ozgina joyi Alloh iroda qilgan hikmatga binoan qolgan ekan.

«Sizdan kim unga yo‘liqsa, bas, u sizlarga istig‘for aytishini so‘rasin, dedilar». Uvays al Qaroniy roziyallohu anhuning fazllari shu yerda yana bir bor namoyon bo‘lmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Uvays al Qaroniy roziyallohu anhudan duo so‘rashga amr qilmoqdalar.
Usayr ibn Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Umar qachon unga Yamandan madad kuchlari kelsa: «Ichingizda Uvays ibn Omir bormi?» deb so‘rar edi. Oxiri u Uvaysni topdi va: «Sen Uvays ibn Omirmisan?» dedi.
«Ha», dedi.
«Muroddan, keyin Qarondanmisan?» dedi.
«Ha», dedi.
«Senda peslik bo‘lib, undan tuzalgansan-u, faqat bir dirhamcha joy qolganmi?» dedi.
«Ha», dedi.
«Volidang bor-a?» dedi.
«Ha», dedi.
«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning, sizlarga Yaman ahlining madad kuchlari ichida Uvays ibn Omir keladi. U Muroddan, keyin Qarondandir. Unda peslik bor edi. Undan tuzalgan-u, faqat bir dirhamcha joy qolgan. Uning volidasi bor. Unga yaxshilik qiladi. U agar Allohga qasam ichsa, U Zot uning qasamini bajo qiladi. Agar undan senga istig‘for aytishini so‘ray bilsang, undan istig‘for aytishini so‘ra, deganlarini eshitgan edim. Menga istig‘for ayt», dedi.
Bas, u istig‘for aytdi. Umar unga: «Qaerga borishni istaysan?» dedi. «Ko‘faga», dedi. «U yerning omiliga maktub yozib beraymi?» dedi. «Zaifhol odamlar ichida bo‘lmog‘im men uchun mahbubdir», dedi. Kelasi yili ularning ashroflaridan bir kishi hajga keldi. Umar undan Uvays haqida so‘radi.
«Uni uyi sochilgan, matohi oz holda tark qilib keldim», dedi. Umar unga mazkur hadisni eshittirdi. Haligi odam qaytgandan so‘ng Uvaysning oldiga bordi va: «Menga istig‘for ayt», dedi. «Sen endigina solih safardan kelding. Sen menga istig‘for ayt», dedi. «Menga istig‘for ayt», dedi.
So‘ngra bir oz turib: «Umarga uchradingmi?» dedi. «Ha», dedi. Shunda Uvays unga istig‘for aytdi. Odamlar uning kimligini bilib qoldilar. Shunda u boshini olib chiqib ketdi».
Muslim rivoyat qilgan.
Haqiqiy valiylar shundoq bo‘ladilar. Ular o‘z fazllarini ommadan berkitadilar. Uvays al Qaroniy roziyallohu anhu ham o‘shalardan edilar. Odamlar u zotning valoyatlarini bilib qolganlaridan keyin boshlarini olib, cho‘lu sahrolarga chiqib ketganlar.

Alloh taolo Uvays al Qaroniy roziyallohu anhudan rozi bo‘lsin!

savollar.islom.uz


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.