background
logotype
image1 image2 image3

Urva ibn Zubayr

 Makkai mukarramada 4 nafar yosh bolakaylar - Hazrat Abu Bakr Siddiqning nevaralari Abdulloh ibn Zubayr, Urva ibn Zubayr, Mus’ab ibn Zubayr hamda ummaviylardan Abdulmalik ibn Marvon Baytullohda o’tirib, “kelinglar, shu yerda bir duo qilishaylik, zero Ka’batullohdagi duolarni Alloh qabul qilar ekan” deb maqsadlarini bayon qilishibdi. 
Mus’ab ibn Zubayr aytibdi: “Alloh menga imkoniyat bersa-yu, Iroqqa hokim bo’lsam...”
Abdulloh ibn Zubayr aytibdi: “Alloh menga imkoniyat bersa-yu, Makkaga hokim bo’lsam...”
Abdulmalik ibn Marvon aytibdi: “Sizlarning himmatingiz past ekan. Men butun dunyoga xalifa bo’lishni so’rayman”.

Urva ibn Zubayr aytibdi: “Alloh menga shunday ilm bersaki, odamlar kelib Kalomullohni mendan o’rgansinlar”.

Alloh taolo ularning duolarini qabul qildi. 
Haqiqatan ham Abdulmalik dunyoga xalifa bo’ldi. Abdulloh ibn Zubayr Makkada hokim bo’ldi. Urva ibn Zubayr esa, Madinaning eng katta yetti faqihidan biri bo’ldi.

MA’SUM OYOQ

 

Urva ibn Zubayr Madinada faqihlik qilgan vaqtlarida xalifa Valid ibn Abdulmalik Suriyaga ziyoratga chaqirtiribdi. Urva u yerga kichik o’g’illari bilan birga boribdilar. Faqih xalifa bilan suhbatda ekan, otlarga qiziquvchan o’g’illarini otxonada ot tepib o’ldirib qo’yibdi. Urva o’gillarini ko’mib bo’lmayoq, qorason kasalligiga duchor bo’libdilar. Qorason tobora kengayib borar, tabiblar oyoqni kesib tashlash kerakligini aytishibdi. Urva rozilik bergach, tabiblar: 
- Ozroq aroq ichkazsak-da, uning ta’sirida og’riqni sezmay turasiz, tezda kesib olamiz.
- Alloh taolo menga ato etgan salomatlik ne’matini saqlab qolish uchun u harom qilgan aroqni ichmayman. 
Tabib avval katta pichoq, so’ng suyakni kesdigan arrani u zotning oldiga qo’yib, so’ng 3-4 kishini chaqiribdi. Shunda Urva so’ragan ekanlar:
- Bu odamlarni nima qilasiz?
- Ular sizning oyoq-qo’llaringizni bosib turishadi. 
- Ularning o’rniga men xizmat qilaman. Allohni zikr qilib turaman. Siz esa kesavering.
Hazrat “La ilaha illalloh” deb zikrga tushishi bilan ishga kirishishibdi. Kesib bo’lingach qonni to’xtatish uchun oyoqlarini qaynab turgan yoqqa solishibdi. Shunda u zot xushlarini yo’qotibdilar.
Urva ibn Zubayrning odatlari kunduz kuni 8 pora, kechasi 2 rakaat naflda yana 8 pora Qur’onni umr bo’yi tark qilmagan ekanlar. U kishing odatlari faqatgina shu kuni tark bo’lgan ekan.
Xushlariga kelib so’raganlari: “Oyog’im qani?” – bo’lgan ekan. Kesilgan oyoqlarini olib kelib berishsa, u zot uni o’pib shunday der ekanlar:
“Ey oyog’im, kechalari seni ustingda meni masjidga yurgizgan Allohga qasamki, men seni hargiz haromga bosmaganman. Mendan rozi bo’lgin”.



MUSIBAT USTIGA MUSIBAT

 

Huzuriga tashrif buyurgan paytdagi Urvaning musibatlaridan ko’zlari yoshlangan xalifa yana mehmon qabul qilibdi: bir ko’r kishi. Undan musibati sababini so’raganda, ko’r kishi shunday hikoya qilibdi:
“Men shahrimdagi eng boy odam edim. Eng bola-chaqasi ko’pi ham men edim. Alloh har jihatdan menga ne’matni komil ato etgan edi. Bir shahardan ikkinchisiga ko’chish maqsadida mollarni tuyalarga yuklab keta boshladik. Bir joyda bola-chaqalarim dam olish uchun to’xtashimni iltimos qilishdi. O’sha yerga chodir tikib, mollarni tushirib dam oldik. Bilmagan ekanman, u yer selning yo’li bo’lib, kechqurun sel kelib hamma narsamni yuvib ketdi. Teparoqqa beshikka ilingan bolam va bir tuyadan boshqa hech nima qolmabdi. Tuyadan ham ajrab qolmay deb uni quvsam, qochib ketdi. Shunda bolam chinqirab qoldi. Tuyadan kechdim deb bolamning oldiga borsam, uni bo’ri g’ajib qo’yibdi. Boladan ajrab, endi tuyani tutib olay deb yugursam, tuya orqa oyog’i bilan tepib ko’zimni ko’r qildi. Bir soatning ichida bola-chaqa, mol-dunyo va sog’ligimdan ajraganman.”
Shunda xalifa: “Bu kishini Urva ibn Zubayrning oldiga olib boringlar. Zero, Urvaning musibati oldida bu kishiniki hech narsamas” – debdi.



JANNATDAGI IFTORLIK

 

Xalifa Urva ibn Zubayrni uylari Madinaga kuzatibdi. Urva uylari eshigini taqillatar ekan, shunday debdilar:
- Ayolim, eshikni ochma, toki senga bir gapni aytib olay. Ochganingdan so’ng ko’rganing seni qo’rqitmasin. Menga to’rtta o’gil berib, bittasini olgan Allohimga hamd bo’lsin! Menga 4 taraf (ikki qo’l, ikki oyoq) berib, endi bittasini olgan Allohimga maqtovlar bo’lsin! 
Butun Madina xalqi u kishiga ta’ziya bildirib, aytgan gaplari quloqlariga kirmas ekan-u, illo Muhammad degan bir zotning fikrlari u kishiga taskin bergan ekan:
“Ey, Urva! Bashorat, xursandliklar sizga bo’lsinki, siz shunaqangi baxtli insonsizki, sizning 1 o’g’lingiz bilan, bir a’zoingiz sizni jannatda kutib o’tirsa... Umidim borki, kesilgan bir oyog’ingiz, jannatda ikkinchisi bilan birlashadi”.
Kasalliklari avjiga chiqqan mahalda ham u zor ro’zador ekanlar. Shunda qizlari shunday degan ekan:
- Alloh taolo bandaning toqati yetmaydigan narsaga da’vat qilmaydi. Nega ro’za tutyapsiz? 
- Ey qizim, umidim borki, iftorlikni havzi kavsarning bo’yida hurlar bilan qilsam...
O’g’illari bizga so’nggi bor nasihat qiling, deb so’raganda, u zot shunday degan ekanlar:
- Ey o’g’lim, dunyodagi hech bir ifloslik beilm qarib qolishga teng kelmaydi.
Shu kuni asrdan so’ng Urva ibn Zubayr vafot etgan ekanlar. Alloh u kishidan rozi bo’lsin!

 

Yorqinjon qori ma’ruzalari asosida tayyorlandi.

2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.