background
logotype
image1 image2 image3

Ka’bul Ahbor

Ulug‘ olim Ka’b ibn Moti Himyariy Yamaniy mashhur tobeinlardan biri bo‘lib, u Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) davrlarida yashagan, lekin o‘zlarini ko‘rmagan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan keyin musulmon bo‘lgan va Yamandan Madinaga Umar (roziyallohu anhu) davrida kelgan.
U sahobalardan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlarini o‘rganib, yetuk olimlardan biriga aylandi. Umar, Suhayb va boshqalardan (roziyallohu anhum) hadis rivoyat qildi.
Ka’b ibn Moti yahudiy kitoblarini juda yaxshi bilar, xatosidan to‘g‘risini ajrata olardi.
Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Ka’bul Ahbordan so‘radim: "Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Tavrotda qanday sifatlangan?" U shunday javob berdi: "Muhammad ibn Abdulloh Makkada tug‘iladi, Tobaga hijrat qiladi. Mulki Shomda bo‘ladi. Yomonlikka yomonlik qaytarmaydi, balki kechiradi. Ummati ko‘p hamd aytuvchidir, har yaxshilik uchun Allohga hamd aytadilar. Har tepalikda Allohni ulug‘laydilar. A’zolarini yuvadilar. Bellarigacha kiyim kiyadilar. Namozlarida saf tortadilar. Masjidlaridagi ovozlar asalari tovushidek. Nido qiluvchilarining saslari osmon uzra eshitiladi" (Imom Dorimiy).
Ka’b ibn Moti rivoyatlari Abu Dovud, Termiziy va Nasoiylarning hadis to‘plamlaridan joy olgan. Olimlar uning ilmi ko‘p va ishonch¬li ekaniga ittifoq qilishgan.
Abu Nu’aym "Hulyatul avliyo" asarida Ka’bul Ahborning ba’zi hikmatlarini keltiradi:
"Uylaringizni Alloh zikri bilan nurafshon qiling, namozlaringizdan uylaringiz uchun ham nasiba ajrating";
"Kam gapirish hikmatdir. Sukutni lozim tuting, u yaxshi taqvo, kam yuk, gunohlardan yengillikdir. Sukutli va sabrli bo‘ling. Alloh taolo sababsiz ko‘p kuluvchini, maqsadsiz ko‘p yuruvchini yomon ko‘radi. Cho‘pon kabi g‘amxo‘r, raiyatidan xabarsiz qolmaydigan voliyni yaxshi ko‘radi";
"Qur’on hikmat nuri, ilm bulog‘i va Rahmon tushirgan so‘nggi Kitobdir";
"Ikki rakat nafl namozidagi savobini bilganingizda edi, uning mustahkam tog‘lar kabi ekanini ko‘rgan bo‘lardingiz. Farz namozi esa Alloh huzurida biror kishi sifatlay olmaydigan darajada ulug‘dir".
Ka’b ibn Moti umrining so‘ngini Shomda o‘tkazdi. Usmon (roziyallohu anhu) davrida, 34 hijriy yili Himsda 104 yoshida olamdan o‘tdi.
 

Jamshid Shodiyev tayyorladi.
"Hidoyat" jurnalidan olindi.

 


2004-2017 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.