background
logotype
image1 image2 image3

Tabuk g’azoti

Payg'ambar alayhis-salomga Rumliklar musulmonlar bilan urushishga tayyorgarlik ko'rishayotgani haqidagi xabar yetib keldi. Bu ayni qahatchilik hukm surayotgan, haddan tashqari issiqdan odamlar qanday jon saqlashni bilmay qolgan, tirik jonning hammasi o'zini soya-salqinga urgan, odamlar pishgan mevalar bilan jon saqlayotgan kunlar edi. Payg'ambar alayhis-salom musulmonlarga jangga tayyorgarlik ko'rishni buyurdilar. Dushmanga qo'qqisdan zarba berish maqsadida avvalgi g'azotlarning vaqti, borilajak manzili sir tutilar, hatto elchilarning soni ham aniq aytilmasdi. Bu safar mashaqqatliligi, yo'l haddan tashqari olisligi, g'animning soni behad ko'pligi hisobga olinib, odamlar puxta tayyorgarlik ko'rishlari uchun maqsad oshkora aytildi. Makkaga va boshqa joylarga elchilar yuborilib, harbiy safarbarlik e'lon qilindi.

Boylarga kambag'allarni yetarli oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta'minlash buyurildi. Usmon ibn Affon bu harbiy yurishga o'n ming dinor pul, barcha anjomlari bilan uch yuz tuya, ellikta ot iona qildi. Bundan quvongan payg'ambar alayhis-salom: "Ey Olloh, Usmondan rozi bo'lgin, men undan mingdan-ming roziman", deya duo qildilar. Abu Bakr Siddiq to'rt ming dirhamlik bor mol-mulkini xudo yo'liga atadi. Payg'ambar alayhis-salom undan: "Bola-chaqalaringa biron narsa qoldirdingmi?" deb so'ragan edilar. Abu Bakr: "Ularga Olloh bilan uning payg'ambarini qoldirdim" deya javob berdi. Umar ibn Xattob mol-mulkining yarmini keltirib topshirdi. Abdurahmon ibn Avf yuz uqiyya oltin, Abbos bilan Talha ham bor bisotining talay qismini, Osim ibn Adiy yetmish tuya xurmo iona qildi. Ayollar barcha zeb-ziynatlaridan voz kechishdi. Shariat ahkomlarini mukammal egallagan yetti faqih kelib payg'ambar alayhis-salomdan safarga chiqishlari uchun kerakli narsalar berishlarini o'tinishdi. Rasululloh ularga yordam berolmasliklarini aytganlarida faqihlar qo'llari kaltaligidan o'kinib, ko'zlari jiqqa yoshga to'lib qaytib ketishdi. Ulardan uch kishini Usmon, ikki kishini Abbos, ikki kishini Yomin ibn Amr kerakli narsalar bilan ta'minlab yo'lga otlantirishdi.

Barcha tayyorgarlik tugagach, payg'ambar alayhis-salom Madinada Muhammad ibn Maslamani oilalariga qarashga Ali ibn Abu Tolibni qoldirib, o'ttiz ming kishilik qo'shin bilan yo'lga chiqdilar. Abdulloh ibn Ubay boshchiligidagi bir talay munofiqlar g'azotda qatnashishdan bosh tortishdi. Ular: "Muhammad issiqda qiynalib, olisdagi rumliklar bilan urushmoqchi. Yaxshi qurollangan, harbiy jihatdan qudratli rumliklar bilan to'qnashish hazil fahmlayapti shekilli. Ular sahobalar bilan hali jangga kirmay turib, oyoq qo'liga arqon tushib bandi bo'lishadi", deyishdi, Munofiqlar payg'ambar alayhis-salom bilan sahobalar haqida turli-tuman bema'ni gaplarni tarqatishdan uyalishmadi. Munofiqlarning aljirashlaridan xabar topgan rasululloh bu gaplarning qanchalik rost-yolgonligini aniqlab kelishga Ammor ibn Yosirni jo'natdilar. Munofiqlar darrov niqobini o'zgartirib Ammorga: "Biz hazillashib, so'z o'yini uchun har-xil gaplarni gapirganmiz, lekin ko'nglimizda hech qanday xusumat yo'q", deyishdi.

Jad ibn Qaysga o'xshash bir guruh odam qo'shindan ajrab qolayotgani uchun payg'ambar alayhis-salomga turli bahonalarni ro'kach qilib, uzr aytishmoqchi bo'lishdi. Ular: "Ey rasululloh, bizning qolishimizga ijozat bergin. Bizning ehtirosimiz zo'r, rumliklarning ayollarini ko'rsak o'zimizni tutolmay gunoh ish qilib qo'yishimiz mumkin", deyishdi. Bir guruh arobiylar ham o'zlarini ojizligini va yo'l xarajatiga qurblari yetmasligini aytib safarda qoldirilishini o'tinishdi. Payg'ambar alayhis-salom ularning talabini qondirdilar. O'z uzrini aytgan munofiqlar ham safardan qoldirildi. Olloh taolo bu ishlari uchun payg'ambar alayhis-salomni koyib, Tavba surasining 43-oyatini nozil qildi: "Olloh seni kechirdi. Rost so'zlaguvchilar bilan yolg'onchilarning gapi aniqlanmaguncha (ularga) nega ruxsat berding?" Shundan keyin parvardigori olam ushbu suraning 46-oyatida munofiqlar haqida bunday deydi: "Sendan faqat Ollohga, oxirat kuniga ishonmaydiganlar va dillarida shubhasi borlar ruxsat so'rashadi. Ular o'z gumoni bilan arosatda yurishadi". Olloh taolo munofiqlarning uzri yolg'onligini yuqoridagi oyatning davomida fosh etadi: "Agar ularning gazotga chiqish niyati bo'lsa, albatta tayyorgarlik ko'rishardi, biroq Olloh ularning bu safarda ishtirok etishlarini istamay qaytardi, ularga ojizu notavonlar bilan birga qolinglar, deyildi. Munofiqlar qolib ketishganidan musulmonlar xafa bo'lmasligi uchun Olloh taolo Tavba surasining 4-oyatida: "Agar ular sizlar bilan birga borishsa yuragingizga faqat g'ulg'ula solishardi, fitna-fasod urugini sochishga uringan bo'lishardi. Orangizda ularning gapdonlari bor, Olloh zolimlarni juda yaxshi biladi".

Madinada Ka'b ibn Molik, Hilol ibn Umayya, Mirora ibn Robi'a va Abu Xaysama singari imoni mustahkam bir guruh musulmonlar qoldirildi. Payg'ambar alayhis-salom Alini qoldirganlarida munofiqalar uning ustidan kulib, landovur, qo'lidan ish kelmaydigan bo'lgani uchun, olib ketishmadi, deya gap tarqatishdi. Bu gaplardan izzat-nafsi haqoratlangan Ali Rasulullohning huzurlariga borib, arz qildi. Payg'ambar alayhis-salom uning gaplarini eshitgach, miyig'ida kulib: "Horun payg'ambar Muso payg'ambarga qanchalik yaqin bo'lsa, sen ham menga shunchalik yaqinligingdan quvonmaysanmi?" dedilar.

Payg'ambar alayhis-salom boshchiligidagi qo'shin yo'lga tushdi. Lashkarning katta bayrog'i Abu Bakr Siddiqqa tutqazildi. Rasululloh umrlaridagi eng so'nggi g'azotda a'lamni Abu Bakr Siddiqqa tutqazib, oilasiga qarashga Ali ibn Abu Tolibni qoldirishlarida chuqur hikmat bor edi; bu narsada Islom davlatining kelajagiga ishora, payg'ambar alayhis-salomning o'zlariga xos bashoratlari yaqqol ko'zga tashlanardi. Sarvari olam muhojirlarning bayrog'ini Zubayrga, Avs qabilasining a'lamini Usayd ibn Huzayrga, Xazraj qabilasining a'lamini Xubob ibn Munzirga tutqazdilar. Qo'shin Samud qavmining yurti Hijir degan joydan o'tayotganida rasullulloh sahobalar Ollohning buyuk qudratidan qo'rqib, ta'sirlanishlari uchun: "Halok bo'lgan kofirlarning yeriga yig'i-sig'i bilan kiringlar", dedilar. Yer-ko'kni odamlarning qiy-chuvi bosib ketdi.

Abu Bakr qo'shinga imom qilib tayinlandi. Ibod ibn Bishr esa soqchilikka qo'yildi. Ular Tabukka yetib kelganda bu joylar butunlay vayron bo'lgan, odam yashaganining nishonasi yo'q edi. Payg'ambar alayhis-salom tikon bosib yotgan fayzsiz joylarga o'ychan tikilganlaricha Muoz ibn Jabalga: "Umring yetsa, sen bu yerlarning yana obod bo'lib, bog'-bo'stonga aylanganini ko'rasan", dedilar. Chindan ham u kishining bashoratlari ro'yobga chiqib, Tabuk eng xushmanzara maskanlardan biriga aylandi. Qo'shin Tabukda dam olayotganda Abu Xaysama yetib keldi. Uning issiq kunda aziyat chekib bu yerga yetib kelishining sababi bor edi. Abu Xaysama uyiga kelsa, ikki xotini orom olishi uchun bog'da salqin joy hozirlab, muzdek suv, lazzatli taomlarni tayyorlab qo'yishgan ekan. Kun haddan tashqari issiq, har bir tirik jon soya-salqinga o'zini urib, orom olishni ko'zlaydigan payt edi. Abu Xaysama: "Mana shu issiq kunda rasululloh jonlarini qiynab yo'l yursalaru men daraxt soyasida, chiroyli xotinlarimning bag'rida muzdek suv ichib, rohatlanib yotamanmi, deya xayoldan kechirdi va vijdoni qiynalib, huzur-halovatdan voz kechdi. "Ollohning nomi bilan qasam ichamaiki, hech qaysingizning pashshaxonangizga kirmay, rasulullohniig orqalaridan quvib yetaman. Yo'lga yegulik tayyorlab beringlar" dedi. To xotinlari yo'l tadorikini ko'rguncha qilichu nayzasini olib, tuyasini mindi va issiq zabtiga olib turganiga qaramay qo'shinning orqasidan yo'lga tushdi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.