background
logotype
image1 image2 image3

Valid ibn Valid ibn Mug‘ira

Valid ibn Valid ibn Mug‘ira ibn Abdulloh, nasabi Payg‘ambarimiz bilan Murra ibn Ka’bda tutashadi. Mashhur sahobiy Xolid ibn Validning ota bir ukasi.

Otasi Valid ibn Mug‘ira johiliyat davrida Makka raislaridan bo‘lib, boy zodagon edi. U haj mavsumida qirq kun mobaynida hojilar uchun har kuni o‘ntadan tuya so‘ydirgani, karvonlari ko‘pligidan Makkaning barcha darvozalaridan bir vaqtda kirgandagina bir joyga to‘planishi, bir darvozadan kirsa, sig‘may qolishi haqida rivoyatlar aytiladi. Ka’ba ustiga yopiladigan ka’bapo‘shni bir yili butun Quraysh, ikkinchi yili esa Valid ibn Mug‘iraning bir o‘zi tayyorlatar edi. Da’vatni boshlaganlarida Valid ibn Mug‘ira Payg‘ambar (a.s.)ni sehrgar deb e’lon qilgan, shunda u haqda “Muddassir” surasining oyatlari nozil bo‘lgan. Hijratning uchinchi yili 95 yoshida Makkada vafot etgan.

Valid ibn Valid (r.a.) Badr jangida mushriklar tomonida jangga kirib, Abdulloh ibn Jahsh tomonidan asirga olinadi. Uni garov puli to‘lab ozod qilish uchun ikki akasi – ota-ona bir akasi Hishom ibn Valid va ota bir akasi Xolid ibn Valid Madinaga keladi.

Rivoyatda kelishicha, Nabiy (s.a.v.) Abdulloh ibn Jahshga: “Uning garov puliga otasi Validning aslahasidan boshqasini olmagin”, deb tayinladilar. Aslaha esa keng sovut, qilich va dubulg‘adan iborat edi. Xolid bu taklifni rad etdi, ammo Hishom rozi bo‘ldi, chunki Valid ibn Valid uning ota-ona bir birodari edi. Aslahalar baholanib, garov evaziga Abdulloh ibn Jahshga berildi. Ayirboshlashdan so‘ng makkaliklar Valid ibn Validni olib yo‘lga tushdilar. Zulhulayfaga yetganlarida Valid ibn Valid (r.a.) ajralib chiqib Nabiy (s.a.v.)ning huzurlariga qaytdi va islom dinini qabul qildi. Shunda Xolid undan: “Shu narsa ko‘nglingda bor ekan, nega tovon puli to‘lanishi va otamizning aslahalari qo‘ldan chiqishidan oldin Muhammadga ergasha qolmading?” deb so‘radi. U bunday javlb berdi: “Qavmimdagi boshqalarga garov puli to‘lanayotgani singari menga ham garov puli to‘lanmagunicha islomga kira olmas edim. Toki Quraysh ahli garov pulidan qochib Muhammadga ergashdi deyishmasin”. Keyin uchovlon yana Makka tomon yo‘l olishdi. Makkagacha unga tegishmadi, u yerga yetib olgandan so‘ng Banu Maxzum urug‘idan islomni qabul qilgan Ayyosh ibn Abu Robia va Salama ibn Hishom bilan birga uni ham qamab qo‘yishdi. Bu ikkovi Habashistonga hijrat qilgan muhojirlardan edi. Uchovlon haqiga Rasululloh (s.a.v.) uch yil davomida: “Alloh, O‘zing Valid ibn Valid va boshqa mo‘min bechoralarga najot bergin”, deb duo qildilar.

Valid ibn Valid (r.a.) bir amallab tutqunlikdan qochib Madinaga kelganda, Rasululloh (s.a.v.) undan Ayyosh ibn Abu Robia va Salama ibn Hishom haqida so‘radilar. Valid (r.a.) ular tutqunlikda azoblanishayotganini va bir-birining oyog‘iga bog‘lab qo‘yilganini aytdi.

Rasululloh (s.a.v.) unga dedilar: “Makkaga borib, temirchinikiga tush, u islomni qabul qilgan. Unikida berkinib turib, Ayyosh va Salamani qutqarishga yo‘l qidir. Sen borganda Rasulullohning elchisi bo‘lib kelganingni ayt va yo‘lga chiqishlarini tayinla”. Valid ibn Valid bu ishni qoyilmaqom bajardi. Uchovi Madinaga eson-omon yetib keldilar.

Hadis kitoblarida bu sahobiydan bitta hadis rivoyat qilingan. Valid ibn Valid Rasululloh (s.a.v.)ga: “Yo Rasululloh, men uyqumda qo‘rqib chiqaman”, deb aytdi. Shunda Nabiy (a.s.) dedilar: «Uxlash uchun yotadigan bo‘lsang, “Bismillahi, Allohning so‘zlari bilan Uning g‘azabi, iqobi, bandalarining yomonligi, shaytonlarning vasvasalari va mening huzurimga kelishlaridan panoh so‘rayman”, degin. Shunday qilsang, senga zarar yetmaydi, hattoki yaqinlashmaydi». Valid shunday qildi va qo‘rquvdan qutuldi.

Uning Madinada vafot etgani aytiladi, ammo vafot vaqti manbalarda turlicha ko‘rsatilgan. Ayrimlarida hijrat qilib Madinaga yetganda vafot etgan, deyilsa, ayrimlarida esa Rasululloh bilan qazo umrasini ado etgani haqida ham ma’lumotlar uchraydi.

"Irfon taqvimi"dan

Valid ibn Valid ibn Mug‘iyra ibn Abdulloh ibn Amr Mahzumiyning otasi Valid ibn Mug‘iyra Qurayshning obro‘li va eng boy kishilaridan edi. Uni “Yagona” va “Quraysh rayhoni”, deyishardi. Onasi Luboba binti Horisa mo‘minlar onasi Maymuna binti Horisa (roziyallohu anho)ning opasi. Akasi Xolid ibn Valid (roziyallohu anhu). Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yo Alloh, Valid ibn Valid ibn Mug‘iyraga va musulmonlarning zaiflariga najot ber”, deb duo qilganlar.

*** 

Haj mavsumi yaqinlashar, ziyoratga keladigan arablarning yangi dinga ergashib ketish xavfi tobora ortmoqda edi. Makka mushriklari qattiq tashvishga tushgan shunday kunlarda Valid ibn Mug‘iyra Muhammad  (alayhissalom)ni odamlarga “sehrgar” deb tanishtirishni maslahat berdi. Hamma rozi bo‘ldi.

Valid ibn Mug‘iyra Quraysh sayyidlariga bergan maslahati haqida o‘g‘li Validning fikrini so‘radi. Oqil farzand: “Otajon, meni bir narsa hayron qoldiryapti. Qanday qilib o‘zingizga o‘zingiz qarshi chiqyapsiz? Axir, Qur’onni go‘zal sifatlagan siz emasmi? Hatto Muhammadning ashoblari ham u haqda sizdan oshirib gapirolmaydi. Shundan keyin ham odamlarga Qur’onni “to‘qilgan”, “sehr”, deb aytasizmi?! Uning nimasi to‘qilgan? Men tuhmatdan xalos bo‘lishingizni xohlayman. Bugun qavm gapingiz sabab Islomni botil deb ishonmoqda. Muhammaddan eshitganlaringizni haj mavsumida keladigan arablar ham eshitadi. Ularning ham biz kabi aql, quloq, ko‘zlari bor. Ana shundan keyin arablar Muhammad haqida aytganlaringiz yolg‘on ekanini ilg‘ab olishadi. O‘zingiz bilgan narsalarni odamlarga ham ayting”, deb uni gunohdan saqlashga urindi.

***

Abu Jahl Islomni qabul qilishgani uchun ukalarini kishanladi. Validning qarindoshlik mehri jo‘shib, yaqinlariga yashirincha taom berdi. Qilmishi haqida otasiga xabar berishdi. Otasi kechirim so‘rashini talab etganda o‘g‘li Valid bunday dedi: «Ota, ular (musulmonlar) qavmidan ajragani yo‘q. Faqat eski din va amallarini tashlashdi, xolos. Johiliyat millatchiligini yo‘q qilib, silai rahm o‘rnatishmoqda. Chunki yaxshilik qilishda eng birinchi haqdorlar yaqinlardir. Sahobalarning: “Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ham zolim ham mazlum birodarimizga yordam berishimizni buyurdilar. Mazlumga yordam berish ma’lum. Zolimga yordam berish esa uni zulmdan to‘xtatish bilan bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitganman. To‘g‘ri hali Islomga kirmadim. Lekin adolat qildim. Musulmonlarning xulqi, fikri, adolat mezonlari havasimni keltirdi. Men Abu Jahlning ukalariga mehr ko‘rsatdim xolos…»

***

Valid ibn Valid Badrga chiqdi. Chunki akasi Xolid ibn Valid (musulmonlikni qabul qilishidan ilgari) majburlab: “Valid ibn Mug‘iyraning farzandlari qo‘rqoq deyishlarini xohlaysanmi? Axir bu orku! Qasam ichamanki, albatta jangga chiqasan”, degan edi. Valid unga javoban: “Qasamingni poklash uchun ham boraman. Lekin keyin afsus chekasan”, deb aytdi.

Badr so‘ngida Valid ibn Valid sahobalarga Makkadagi eng boy xonadon vakili ekanini aytib, asir olishlarini so‘radi. Uni Abdulloh ibn Jahsh (roziyallohu anhu) (bir qavlda Sulayka Mazoniy Ansoriy) asir oldi.

Xolid ibn Valid tovon to‘lab, ukasini qutqarganidan so‘ng: “Allohga qasam, odamlar gapirmaganida seni ozod qilmasdim. Garchi men majburlagan bo‘lsam-da, qurolingni tashlab, asir tushishni o‘zing istading. Qo‘rqoqliging xayolimga kelmabdi”, dedi. Valid: “Men Xolid ibn Validning ukasiman, qo‘rqoq emasman. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga dushmanlik qilmaganman. Qur’onni eshitib, uni go‘zal so‘z deganman. Otam ham Muhammad (alayhissalom)ning gaplarini maqtab kelgan. Shundan keyin ham ular Payg‘ambar (alayhissalom)ga qarshi to‘planishdi. Haqdan ularni faqat kibrlari va qavmdagi martabalari to‘sdi xolos. Qaysi biri ergashishga haqli?! Rost so‘zlaydigan insonmi yoki haqiqatni bila turib, inkor etgan kishimi? Asirlikda musulmonlar xulqi go‘zal ekanini ko‘rdim. Muhammad Allohning Rasulidir va men musulmonman”, deb baralla aytdi. Xolid: “Islomga kirganingni badal to‘lanmasidan oldin aytsang bo‘lmasmidi?!” deb koyib berganda, Valid: “Odamlar, to‘lovdan qochib Islomga kirdi, deyishlarini istamadim”, deya qat’iy javob berdi. Bu voqeadan so‘ng Xolid uni kishanlab qo‘ydi.

***

Oradan vaqt o‘tdi. Hudaybiya sulhi tuzildi. Shart bo‘yicha o‘sha ondan boshlab musulmon bo‘lganlar mushriklarga qaytarib beriladigan bo‘ldi. Abu Jandal, Valid ibn Valid (roziyallohu anhu) kabi bir necha sahobalar endi Muhammad (alayhissalom) huzurlariga borisholmasdi. Ular Abu Basir (roziyallohu anhu) atrofida birlashishdi. Quraysh karvonlarini to‘sib, o‘lja ola boshlashdi. Bu esa mushriklarni tang ahvolda qoldirdi va musulmonlarni qaytarib olish shartidan voz kechishdi. Keyin Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bu to‘dani tarqatib yubordilar.

***

Bir kuni Valid ibn Valid Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ga: “Yo Rasululloh, Men tushimda yolg‘izlikni ko‘rmoqdaman”, dedi. Shunda Payg‘ambarimiz (alayhissalom): «Yotishdan oldin: “Bismillah. Allohning kalimalari bilan Uning g‘azabi va iqobidan, bandalarining yomonligidan, shaytonning vasvasasi hamda hozir bo‘lishidan panoh tilayman”, degin. “Shunda bu tushing senga zarar qilmaydi”, deb aytdilar» (Imom Ahmad rivoyati).

***

Hijratning yettinchi yili Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) umra qilishga kelganlarida Xolid ibn Valid Makkadan chiqib ketdi. Valid akasini topolmagach, unga quyidagi maktubni qoldirdi: «Bismillahir rohmanir rohim, sizning Islom haqida ijobiy fikrda ekaningizdan ajablanmayman. Chunki aqlli odamsiz. Oqil kishi Islomni tan olmasligi mumkin emas. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Xolid qaerda?” deb so‘radilar. “Alloh O‘zi uni keltiradi”, dedim. Shunda u zot (alayhissalom): “Xolid kabi Islomni tushungan kishi yo‘q. Agar u bor kuchini mushriklarga qarshi sarflasa, o‘ziga yaxshi. Uni boshqa musulmonlarga peshqadam qilgan bo‘lardik”, dedilar. Ne’matni qo‘ldan boy bermang, aka, yaxshi ishlardan qolib ketmang». Bu so‘zlardan so‘ng Xolid ibn Valid musulmon bo‘ldi. Madinaga kelganda sahobalar uni quchoq ochib kutib olishdi. Valid (roziyallohu anhu): “Bugun mendan ko‘ra baxtli inson yo‘q. Lekin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizdan ham ko‘proq sevinadilar. Kelishingiz xabarini eshitdim. Allohga hamd bo‘lsin”, deya akasini bag‘riga bosdi.

***

Valid ibn Valid vafotidan oldin akasi Xolid (roziyallohu anhu)ga: “Sizni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga ko‘rganimdan so‘ng menga o‘limni yozgan Allohga hamd bo‘lsin”, dedi. So‘ng kalima keltirib, jon berdi.

Iqbola Narimonova | Hidoyat.uz


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.