background
logotype
image1 image2 image3

Safvon ibn Umayya

Safvon ibn Umayya Jumahiy Quray­shiy Kinoniy. Makkada tug‘ilgan. Otasi Umayya ibn Xalaf musulmonlarga ashadiy dushmanlik qilgan Quraysh boshliqlaridan biri edi.

Bir kuni Safvon ibn Umayya amakivachchasi Umayr ibn Vahb bilan (musulmon bo‘lishlaridan ilgari) Badr kunidagi qurbonlarni eslashdi. Safvon qalbida musulmonlarga kek va adovat saqlardi. Chunki jangda otasi va akasidan ayrilgan edi. Keling, ikki do‘stning suhbatini Urva ibn Zubayr roziyallohu anhudan eshitamiz:

«Umayr: “Aza tutishni bas qilgin endi”, deb do‘stiga taskin berishga urindi. Safvon: “Allohga qasam, ulardan so‘ng yashashning ham qizig‘i qolmadi”, dedi yanada ko‘proq kuyinib. Umayr: “Agar qarzim bo‘lmaganda, oilamning qiynalib qolishidan qo‘rqmaganimda, Muhammadning oldiga borib, uni o‘ldirardim. Madinada hech kim mendan shubhalanmaydi. Chunki qo‘llarida o‘g‘lim asir turibdi”, dedi. Shunda Safvon: “Aytganlaring chinmi? Agar shunday qilsang, qarzingni men to‘layman, oilangga ham g‘amxo‘rlik qilaman. Qo‘limdan kelgan yaxshilikni ayamayman. Hech narsaga zoriqmay yashashadi”, deb taklif bildirdi. Umayr: “Unday bo‘lsa gap oramizda qolsin”, dedi kelishuvga yakun yasab. “Shunday-kuya, lekin u yerdan qanday sog‘ chiqmoqchisan?” so‘radi Safvon ajablanib. Umayr: “Dushmanni yengishdan ko‘ra, o‘zining qutulishi haqida qayg‘uradigan odam shijoat talab etadigan ishlarga yaqinlashmagani ma’qul. Xavotir olma, Muhammad bilan yolg‘iz qolishning chorasini topib, zaharli qilichimni unga sanchaman. Qasosimni olaman”, deb Madinaga ravona bo‘ldi.

* * *

Safvon ibn Umayya Makka ko‘chalarida faxrlanib yurar, kaftlarini ishqalab, g‘urur bilan: “Bir necha kundan so‘ng Badr kunini unuttiradigan xabardan xursand bo‘lasiz”, derdi.

Safvon har tong karvondagi yo‘lovchilarga uchrar va: “Madinada biror ish sodir bo‘ldimi?” deb so‘rardi. Odamlar u istamagan javobni berishardi. Chunki Madinada arzirli voqea yuz berganini hech kim ko‘rgan yo eshitgan emasdi.

Safvon kutishda davom etdi. Nihoyat, bir kuni musofir uning savoliga: “Ha, ulkan ish sodir bo‘ldi”, deb javob berdi. Safvonning yuzi yorishdi, dunyodagi eng quvonchli xabarga yuzma-yuz turardi go‘yo. Shoshib so‘radi: “Qanday ish sodir bo‘ldi?! Aytsang-chi!” Musofir javob berdi: “Umayr ibn Vahb musulmon bo‘ldi, hozir dinni o‘rganyapti, Qur’ondan ta’lim olyapti”. Bu gapdan Safvon chaqmoq urgandek silkinib tushdi. Xabar uning bor umidini parchalab tashladi.

* * *

Makka fathi kuni o‘z jonini saqlash maqsadida Safvon ibn Umayya quli Yasor bilan dengiz tomon qochdi. Umayr ibn Vahb roziyallohu anhu sobiq do‘stini unutmadi. Bor imkonini ishga solib, uni shaytonning yo‘lidan qaytarishga qaror qildi. Rasulullohning huzurlariga kelib: “Ey Allohning rasuli, Safvon ibn Umayya – qavmining ulug‘i. O‘zini dengizga otish uchun sizdan qochib ketdi. Unga omonlik bering”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “U omonda”, dedilar. Umayr: “Ey Allohning rasuli, omonlik berganingizni bildirib turadigan biror belgi bering”, dedi. U zot alayhissalom Makka fathi kuni kiyib kelgan sallalarini berdilar.

Umayr Safvonning ortidan yetib oldi. U sohilda turardi. Umayr: “Ey Safvon, ota-onam senga fido bo‘lsin… Ey Xudoyim! Nima balo, o‘zingni halok qilmoqchimisan?! Bu Payg‘ambarimiz alayhissalomning omonlik berganlari belgisi. Uni senga olib keldim”, deya qo‘lidagi sallaga ishora qildi. Safvon: “Yonimdan ket, aslo gapirma!” dedi baqirib. Umayr: “Ey Safvon! Allohning rasuli insonlarning eng afzali, eng halimi va eng yaxshisidir. Uning izzati – izzating, sharafi sharafingdir”, deb tushuntirishda davom etdi. Nihoyat, Safvon do‘stining so‘zlarini qabul qildi. So‘ng ikkovi Rasululloh alayhissalomning yonlariga qaytishdi. Safvon Payg‘ambarimiz alayhissalomga: “Umayr men­ga omonlik berganingizni aytdi”, dedi. Rasu­lulloh alayhissalom: “U rost aytibdi”, dedilar. Safvon: “Menga ikki oy muhlat bering”, deganida Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Senga to‘rt oy muhlat”, dedilar.

* * *

Hunayn yurishiga tayyorgarlik ko‘rayotgan Payg‘ambarimiz alayhissalomga Safvon ibn Umayyada sovut va qurollar borligini aytishdi. O‘shanda Safvon hali Islomni qabul qilmagan edi. Unga: “Ey Abu Umayya, qurol-aslahalaringni berib tur? Ertangi jangdan so‘ng ularni qaytaramiz”, deyishdi. Safvon: “Ey Muhammad, shunday qilishga ixtiyorlimanmi yoki majbur?” deb so‘radi. Nabiy alayhissalom: “Ixtiyorlisan. Berib tursang, hammasini qaytarib beramiz. Yo‘qolganlarining o‘rnini to‘ldiramiz”, deb aytganlaridan so‘ng Safvon yuzga yaqin qilich va sovut berdi.

Safvon ibn Umayya Hunayn va Toifga yurishda mushrik holda qatnashdi. Ba’zi qurol-aslaha­lariga talofat yetgandi. Payg‘ambarimiz alay­hissalom: “Istasang, jarima to‘layman”, dedilar. Safvon: “Ko‘nglim bundan ko‘ra Is­lomga moyilroqdir”, deb javob berdi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Hu­nayndan tushgan o‘ljalarini taqsim­layot­ganlarida Safvonning tuya, qo‘y va cho‘­ponlar bilan to‘la daraga hayratlanib qa­rayotganining guvohi bo‘ldilar. So‘ng undan: “Bular senga yoqdimi?” deb so‘radilar. Saf­vondan: “Ha”, degan javobni eshitgan Pay­g‘ambarimiz alayhissalom: “Ular seniki”, dedilar. Shunda Safvon ibn Umayya: “Bunday saxovatni faqat Payg‘ambar ko‘rsata oladi. Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga Iloh yo‘q. Muhammad uning quli va elchisidir”, deya shu yerning o‘zida musulmon bo‘ldi.

Insonlar qalbini Islomga moyil qilish uchun berilgan hadya Qur’oni karim oyati bilan sobit bo‘lgandi: “Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir (Tavba surasi, 60-oyat). (Bu ko‘rsatilgan kishilarga zakot, xiroj, fitr va ushr kabi sadaqotlar berilishi kerak. Keyinroq Abu Bakr roziyallohu anhu xalifaligi davrida sahobalar ijmosi bilan oyatdagi “dillari oshna qilinuvchilar”ning hukmi bekor qilingan.)

 Payg‘ambarimiz alayhissalomning Saf­vonga hadya berishdan maqsadlari uning qalbini dunyo muhabbatidan Islom muhab­batiga moyil etish edi. Imon muhabbati qalbini rom etgandan so‘nggina uning lazzatini his eta olardi. Ushbu qissada Nabiy alayhissalomning hikmatlari, olija­nobliklari, odamlarning Islomni qabul qilishlariga harisliklari, hatto dush­manlarni ham eng go‘zal suratda kechi­rib yuborishlari namoyon bo‘lmoqda. Bir ta­savvur eting-a, mushrik odam u zot alayhis­salomni o‘ldirish niyatida keldi. Lekin Pay­g‘ambarimiz alayhissalom bilan bir bor suhbatdan so‘ng esa butunlay fikri yaxshi to­monga o‘zgardi. Endi yer yuzida uning uchun Na­biy alayhissalomdan ko‘ra mahbubroq inson yo‘q. Bu ham Payg‘ambarimiz alayhissalomning dushmanni kechira olishlari hamda butkul yaxshi munosabatda bo‘lishlarining namunasidir.

* * *

Mana shu voqealardan so‘ng Safvon ibn Umayya roziyallohu anhu umrining qolgan qismini Islomda, eng go‘zal suratda o‘tkaza boshladi. Ochlarni to‘ydirgani uchun odamlar uni: “Vodiyning qo‘riqchisi”, deb atay boshlashdi. Yana u yaxshi notiq ham edi. Undan o‘g‘li Abdulloh, opasining o‘g‘li Hamid, Said ibn Musayyab, Tovus, Abdulloh ibn Horis ibn Navfal, Ato ibn Abu Rabohlar hadis rivoyat qilishdi.

Hazrat Umar va Usmon roziyallohu anhumo zamonlarida barcha janglarda mardonavor qatnashdi. Yarmukda ishtirok etdi. Kardusga yuborilgan qo‘shinga qo‘mondonlik qildi.

Safvon ibn Umayya hijratning 42-yili Makkai mukarramada, Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu xalifaligi zamonida olamdan o‘tdi.

Yulduz Asqar qizi tayyorladi| “Hidoyat” jurnalidan 

SAFVON al-JUMAHIY, Abu Vahb Safvon ibn Umayya ibn Xalaf ibn Vahba al-Jumahiy al-Qurayshiy al-Makkiy (? - 661) -sahobalardan. Johiliyatda ham, islomda ham kuraysh qabilasining ulug‘laridan edi.

Makka fathidan so‘ng islomga kirgan. Yarmuk g‘azotida qatnashgan. Makkada vafot etgan. 13 ta hadis rivoyat qilgan.

Islom ensiklopediyasidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.