background
logotype
image1 image2 image3

Qusam ibn Abbos

Qusam ibn Abbos nomi tarixning to‘zonli sahifalari orasida qolgan, u to‘g‘rida ko‘p ham ma’lumot mavjud bo‘lmagan sahobiydir. Holbuki, bu zot Rasululloh (s.a.v.)ning yaqinlaridan bo‘lib, qabri bizning zaminimizda, Samarqandda joylashganligi ko‘pchilikka ma’lum.

Qusamning otasi Rasululloh (s.a.v.)ning amakilari Abbos, onasi Maymuna onamiz (r.a.)ning singillari Luboba binti Horis al-Hilaliyya. Bu Qusam ibn Abbosning payg‘ambarimiz bilan ham ota, ham ona tomonidan qarindosh bo‘lganligini ko‘rsatadi. Manbalarda aytilishicha, hazrati Xadicha (r.a.)dan keyin islomni qabul qilgan birinchi ayol Qusamning onasidir.

Qusam ibn Abbosning tug‘ilgan yili haqida aniq ma’lumot yo‘q. Ammo 626 yil, 11 yanvarda (hijriy 4 yil, 5 sha’bon) tug‘ilgan hazrati Husayn bilan emikdosh bo‘lgani hisobga olinsa, 626 yil deb taxmin etish mumkin.

Bu sahobiyni Payg‘ambar (a.s.) juda yaxshi ko‘rar edilar. Bir marta Arafotdan qaytayotib ulovlarining oldiga uni, orqasiga akasi Fazlni mingashtirganlar. Yana bir gal tengdoshlari bilan o‘ynab turgan kichkina Qusamni shu yerdan o‘tib borayotib ulovlariga mindirib olganlar.

Abdulloh ibn Abbosdan qilingan rivoyatga ko‘ra, Qusam Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning muborak jasadlarini yuvib, dafn etishda qatnashgan va unda asosiy vazifani bajargan. U zot (a.s.) tuproqqa qo‘yilgach, eng oxiri qabrdan chiqqan, binobarin, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni so‘nggi bor ko‘rgan u edi. Garchi yoshi kichik bo‘lgani uchun uch roshid xalifalar davrida biror vazifaga tayinlanmagan bo‘lsa-da, hazrati Ali (r.a.) zamonida Makka voliysi bo‘lgan. Bu paytga kelib Qusam o‘ttiz ikki yoshlar atrofida edi. Uning Makkaga voliyligi 42 h./662 m. yilgacha – hazrati Muoviya Xolid ibn Osni uning o‘rniga tayinlaguniga qadar davom etdi.

Qusam hazrati Muoviya davrida, 56 h./676m. yilda Said ibn Usmon qo‘mondonligidagi qo‘shin safida Movarounnahr safarida ishtirok etdi. Umaviylar bilan munosabatlari yaxshi bo‘lmagani uchun bu yurishda Qusam oddiy askar sifatida qatnashdi. Chunki u hazrati Ali va hazrati Muoviya o‘rtalaridagi tortishuvda hazrati Ali tarafida turgan hamda uning Makkadagi voliysi bo‘lgandi. Said ibn Usmon garchi umaviylardan bo‘lsa-da, qo‘shini safidan joy olgan Qusamga izzat-ikrom ko‘rsatdi, yonidan ayirmadi.

O‘ta tavozeli, kamtarin va qanoatli zot bo‘lgan Qusam Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga yaqinman deb o‘zini boshqalardan ustun tutmasdi. Chunonchi, bir rivoyatda Said ibn Usmon: “Qo‘lga kiritilgan o‘ljadan sizga ming hissa ajratilsinmi?” – deya so‘raganida, u zot: “Yo‘q, besh hissa”, deb javob bergan. Keyin yana: “Oldin boshqalarning hissalarini bering, undan keyin menikini o‘ylab ko‘ramiz”, degan ekan.

Bu buyuk shaxs vafot etgan joy borasida turli ma’lumotlar mavjud. Uning Samarqandda vafot etgani va qabri ham o‘sha yerda ekani haqida juda ko‘p ishonchli manbalar, jumladan, Buxoriy o‘z asarida guvohlik beradi. Hatto uning akasi Abdullohning: “(Ukamning) tug‘ilgan va vafot etgan joyi bir-biridan naqadar uzoq! Makkada tug‘ildi, ammo Samarqandda o‘ldi”, degani rivoyat qilinadi. Bundan tashqari, tafsir asari muallifi Abu Solihning: “Biz hech bir ota-onaning bolalari qabrini Abbos va Ummu Fazlning farzandlari qabrichalik bir-biridan uzoq bo‘lganini ko‘rmadik. Fazl Shomda, Abdulloh Toifda, Ubaydulloh Madinada, Qusam Samarqandda, Ma’bad esa Afrikada vafot etishdi”, degan so‘zi mashhurdir.

No‘mon Atabayev | “Irfon” taqvimining 2010 yil, 2-sonidan

Qusam ibn Abbos ibn Abdulmuttalib ibn Hoshim ibn Abdumanof (roziyallohu anhu) – Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning amakivachchalari, u zotga qiyofasi juda o‘xshash besh sahobaning biri, Hasan yoki Husayn (roziyallohu anhu)ga emikdosh. Taxminan hijriy 4 (626 milodiy) yili tavallud topgan.

Qusam (roziyallohu anhu)ning otasi Abbos ibn Abdulmuttalib Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning amakilari bo‘lgan. Onasi Ummu Fazl nomi bilan mashhur Luboba Kubro binti Horis ibn Xazan Hiloliyadir. U Xadicha (roziyallohu anho)dan so‘ng islom dinini qabul qilgan ikkinchi ayol hisoblanadi. Mo‘minlar onasi Maymuna binti Horisning singlisidir.

Ibn Mojadan naql etilgan rivoyatda aytilishicha, bir kuni Ummu Fazl Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga dedi: «Yo Rasululloh, tushimda oila a’zolaringizdan biri uyimdaligini ko‘rdim». U zot dedilar: «Yaxshilikni ko‘ribsan, Fotima farzandli bo‘ladi va sen uni emizasan». O‘shanda Hasan yoki Husayn (roziyallohu anhu) dunyoga keldi. Ummu Fazl Qusamga qo‘shib ulardan birini emizdi. Ummu Fazl dedi: «Bir kuni Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning oldilariga kichkina Qusamni olib bordim va tizzalariga o‘tkazdim. Qarasam, Qusam u zotning tizzalarini ho‘llab qo‘yibdi, men uning orqasiga urdim. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh rahm qilgur, bolamga ozor berding-ku», dedilar.

Ummu Fazlning olti o‘g‘li ham Islom dinini yoyish uchun dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan edi. Mashhur mufassir Abu Solih Ummu Fazlning oilasi haqida bunday yozadi: «Ummu Fazl o‘g‘illarichalik qabri tavallud joylaridan buncha uzoqda joylashgan odamni ko‘rmadik: katta o‘g‘li Fazl – Shomda (639 yil), Abdulloh – Toifda (688 yil), Ubaydulloh – Madinada (705 yil), Qusam – Samarqandda Shohi Zinda maqbarasida (677 yil), Ma’bad (Ma’ruf) – Afrikada dafn etilgan». Oltinchi o‘g‘li Abdurahmon o‘z yurtida vafot topgan.

Manbalarda Abdumanof urug‘idan Ja’far ibn Abu Tolib, Hasan ibn Ali, Abu Sufyon ibn Horis ibn Abdulmuttalib, Soib ibn Ubayd va Qusam ibn Abbos Rasulullohga juda o‘xshash bo‘lgani qayd etiladi. Ba’zi rivoyatlarda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qusam haqida: «Odamlar ichida Qusam menga xilqat va xulq jihatidan eng o‘xshashidir», deganlar. Qusam ibn Abbos har bir ishida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga o‘xshashga harakat qilar edi. Masjidga boradigan bo‘lsa, sepib olgan atrining xushbo‘yidan odamlar uning qaysi yo‘ldan o‘tganini bilar edilar.

Qusam ibn Abbos (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning eng yosh sahobalaridan bo‘lgan. Shuningdek, Rasulullohni eng oxirgi ko‘rgan sahoba ham aynan Qusam ibn Abbos edi. Zero, Rasululloh vafot etib, qabrga qo‘yilganlarida, qabr ichiga tushganlarning eng kichigi bo‘lgani va qabrdan eng oxiri chiqqani rivoyatlarda mashhur. Shunda Qusam 8 yoshlarda bo‘lgan deb aytiladi.

Qusam ibn Abbos Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning kuyovlari Ali (roziyallohu anhu)ga sodiq yordamchi bo‘lgan. Jamal, Siffin va Nahravon janglarida ishtirok etgan. Ali (roziyallohu anhu) xalifaligi davrida Qusamni Makka amiri etib tayinlaganlar. Shunday qilib, Qusam ibn Abbos Makka fath etilganidan keyingi 17-amir bo‘lib, milodiy 655–661 yillarda muqaddas shaharga rahbarlik qilgan. Bu vaqtda u o‘ttiz yoshlarda bo‘lgan. Manbalarda Qusam ibn Abbosdan farzand qolmagani aytiladi.

Qusam ibn Abbosdan rivoyat qilingan hadislar juda kam. Honi’ ibn Honi’ va Abdulmalik ibn Muhammad ibn Amr undan hadis naql qilganlar. Rivoyat qilishlaricha, Qusam ibn Abbosdan: «Qanday qilib Ali (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan sizlardan ko‘ra ko‘proq (ilm) o‘zlashtirgan?» yoki «Nima uchun Abbos (roziyallohu anhu)ning darajasidan ko‘ra Ali (roziyallohu anhu)ning darajasi ulug‘roq bo‘lgan?» kabi savollarga «U (ya’ni Ali (roziyallohu anhu) oramizda (Rasulullohga) eng yaqin yurgan va ergashgan zot edi», deb javob berardi.

Qusam ibn Abbos Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu)ning o‘g‘li Said ibn Usmon bilan Muoviya (roziyallohu anhu) xalifaligining oxirlarida Xurosonga, u yerdan esa Amudaryoni kechib o‘tib, Movarounnahrga keladi. Samarqand yaqinidagi janglarning birida 57/677 yilda og‘ir yarador bo‘ladi, ko‘p o‘tmay vafot etadi. Said ibn Usmon (roziyallohu anhu) Qusamning janozasini qo‘shin bilan birga o‘qiydi.

Samarqandda Qusam ibn Abbosning qabri Shohi Zinda majmuasida bo‘lib, qadimdan bu joy mahalliy xalq tomonidan qadamjo sifatida e’zozlanadi. Mustaqillik yillarida bu maskan yanada obod bo‘ldi.

Salohiddin Siddiqov | Hidoyat.uz

QUSAM ibn ABBOS, ibn Abdulmuttalib ibn Xoshim al-Qurayshiy (taxminan 624-677) - sahobalardan. Muhammad (sav)ning amakivachchalari.

Otasi - Abbos ibn Abdulmuttalib - Rasululloh (as)ning amakilari. Onasi - Rasululloh (as)ning zavjalaridan bo‘lgan Maymunaning singlisidir.

G'iyosiddin Javhariyning yozishicha, hazrat Qusam payg‘ambar (as) vafot etganlaridan so‘ng ul zotni yuvganlardan biridir. Rivoyatga ko‘ra, Qusam ibn Abbos bu paytda 8 yoshda bo‘lgan, uning aftu basharasi va qiliqlari butkul payg‘ambar (as)ga o‘xshash edi.

Xalifa Ali ibn Abutolib (karramallohu vajhahu) davri (655-661)da Makka voliysi bo‘lgan. Muoviya davri (661-680)da Xuroson voliysi Said ibn Usmon bilan birga O'rta Osiyoni fath etishda qatnashgan.

"Samariya"da yozilishicha, Said dinni kuchaytirmoq va shariat hukmlarini yurgazmoq tilagida Qusam ibn Abbosni bir necha islom qo‘shini bilan birga Samarqandda qoldirgan. 677 yil sug‘diylar shaharga hujum qilgan. Samarqand shahrining Namozgohida Qusam shahid bo‘lgan. Uni Banu Nojiya qabristonida g‘or yonida (boshqa manbalarda - G'oziylar yonida) dafn etganlar.

Sulton Sanjar Moziy zamonasida (1118 -1157) o‘sha qabristonda "Qusamiya" madrasasi solingan. U Obi mashhad arig‘i yaqinida bo‘lgan Amir Temur davrida ushbu mozor imorat qilinib, turli bezaklar bilan bezatilgan. Xalq orasida Shohi Zinda ("Tirik shoh") nomi bilan mashhur bo‘lgan bu yodgorlik o‘rta asr me'morchiligining eng noyob obidalaridan sanaladi.

Islom ensiklopediyasidan


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.