background
logotype
image1 image2 image3

Nuaym ibn Mas’ud

Nuaym ibn Mas’ud (Alloh undan rozi bo‘lsin) xassos qalbli, zakovatli, tadbirli va dono yigit bo‘lgan. Hech qanday muammo uni tashvishga sololmas, har qanday qiyinchilik qarshisida dovdirab ham qolmas edi. Alloh taolo topqirlik, uddaburrolik va sog‘lom fikr ato qilgan chin sahro o‘g‘loni edi.
Biroq uning bitta kamchiligi bo‘lgan: u o‘yin-kulgini haddan ziyod sevar, dunyo lazzatlarini hamma narsadan afzal ko‘rardi. Har safar ko‘ngli orombaxsh qo‘shiq yo maftunkor musiqa istab qolsa, u Najdni tark etib Yasribga jo‘nar, ko‘ngilxushliklari uchun pulini ayamas edi. Nuaym mana shu sababga ko‘ra Yasribga ko‘p kelar, bu yerdagi yahudiylar bilan, ayniqsa Bani Qurayza qavmi bilan osh-qatiq bo‘lib ketgan edi.
Alloh O‘z Payg‘ambarini haq din bilan to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun insoniyatga yuborganida va Makkaning hamma burchaklarini Islom nuri bilan munavvar etganida Nuaym ibn Mas’ud avvalgiday dunyo lazzatlariga bo‘lgan istagini jilovlay olmay yurgan kezlar edi… Nuaym odatiy xursandchilik va lazzatlardan mahrum qilishi mumkin bo‘lgan yangi dinga qattiq qarshi chiqdi. Uning bu kayfiyatidan xabardor bo‘lgan Islom dushmanlari yigitni musulmonlarga qarshi kurashga chorlashdi. U Abu Sufyon ibn Harb boshchiligidagi makkalik mushriklar va Najdning G‘atafon qabilasi jangchilariga qo‘shilib, madinalik musulmonlar ustiga bostirib kelganlardan biri edi. Musulmonlar esa dushmanni shahar atrofiga chuqur handaqlar qazib kutib olishdi.
Handaq to‘qnashuvi oldidan Nuaym to‘shagida to‘lg‘onib, o‘zi bilan o‘zi bahslashib-tortishib chiqdi: "Esingni yig‘, Nuaym, seni bu yerga olis Najddan nima yetaklab keldi? Haq din olib kelgan Payg‘ambar va uning tarafdorlari bilan urushish uchun qanday bahona topasan? Hech bir sababsiz qon to‘kishning kimga keragi bor?" Uzoq davom etgan vijdon qiynog‘ining yakuni hamma uchun yaxshi bo‘ldi.
Yarim tunda Nuaym qo‘shinni tark etib, Payg‘ambar (alayhissalom) huzurlariga keldi. Uni ko‘rib Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ajablandilar:
– Nuaym ibn Mas’udmi?
– Ha, ey Allohning Rasuli, – javob qildi Nuaym.
– Yarim tunda seni bu yerga nima boshlab keldi? – so‘radilar Sarvari olam.
– Men Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, siz Uning bandasi va elchisi ekaningizga, siz olib kelgan narsa esa haq dinligiga guvohlik bergani keldim, – dedi Nuaym. – Islomni qabul qildim, ammo qabiladoshlarim buni bilishmaydi. Nima istasangiz, menga buyuring…
– Sen bizlarga xaloskor bo‘lding, odamlaring oldiga qaytib bor, agar ko‘ndirolsang, ularni bizga qarshi urushishdan qaytar. Axir urushda hiyla ham bo‘ladi-ku, – dedilar Faxri koinot.
Shundan keyin Nuaym ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) qabiladoshlari oldiga qaytib borib, ularni o‘zgalar manfaati yo‘lida, hech bir sababsiz urush olib borishdan qaytardi. Alamzada qabilalarga ham haqiqiy ahvolni tushuntirib, musulmonlar bilan jang qilishning befoydaligini tushuntirdi. Nuaymning topqirligi va uddaburroligi natijasida qon to‘kilishi oldi olindi. Dushman jang maydonini tashlab ketishdan o‘zga chora topolmadi.
Shundan keyin Nuaym ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) eng yaqin safdoshlaridan biriga aylandi. Sarvari olam unga katta mansablar berdilar, eng mas’uliyatli vazifalarga yubordilar, qo‘shinlarga qo‘mondon qilib tayinladilar.
Makka fathi kuni Abu Sufyon ibn Harb musulmonlar qo‘shinini kuzatib turar ekan, G‘atafon qabilasi bayrog‘ini ko‘tarib kelayotgan kishini ko‘rib qolib so‘radi:
– Anavi kim bo‘ldi?
– Nuaym ibn Mas’ud, – deb javob qilishdi.
– U Handaq jangida bizlarga shunaqangi katta zarar keltirgan edi-ki! – xitob qildi Abu Sufyon. – Qasam ichib aytamanki, u Muhammadning ashaddiy dushmani edi… Endi esa uning qo‘shinida o‘z qabilasi bayrog‘ini ko‘tarib ketyapti…
Alloh taolo tadbirli va zakiy sahobiy Nuaym ibn Mas’udni O‘z rahmati bilan chulg‘ab olsin!

Ahmad Muhammad tayyorladi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.