background
logotype
image1 image2 image3

Muoviya ibn Abu Sufyon

Muoviya roziyallohu anhu sahobalarning ulug‘laridan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vahiy kotiblari, mo‘minlar amiri edi. To‘liq ismlari Muoviya ibn Abu Sufyon ibn Abdushshams ibn Abdumannof. Onasi Hind binti Utba ibn Rabi’adir.

Aytishlaricha, Muoviya otasidan oldin, Qazo umrasida Islomni qabul qilgan, lekin Madinaga hijrat qilmagan. Makka fathi kuni musulmonligini oshkor etgan. Ibn Abuddunyo va boshqalar eslashicha, Muoviya baland bo‘yli, oq yuzli, chiroyli kishi bo‘lgan.

Abdurahmon ibn Abu Umayrdan qilingan rivoyatga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoviyaga qarata: «Allohim, uni hidoyatga boshlagin, hidoyatlanganlar safiga qo‘sh va u bilan hidoyat qilgin», deganlar.

Abu Idris Havloniy bunday deydi: «Umar ibn Xattob Umayr ibn Sa’dni chetlatib, o‘rniga Muoviyani Xums voliyi qilib tayinladi. Shunda ba’zi odamlar: «Umayrni bo‘shatib, Muoviyani voliylikka tayinladi», deb gap qilishganida hazrati Umar ularga: «Muoviyani faqat yaxshilik bilan eslanglar, men Rasulullohning: «Allohim, u bilan hidoyat qilgin», deganlarini eshitganman», dedi.

Irboz ibn Sariya  roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Allohim, Muoviyaga yozishni, hisobni bildirgin va uni azobdan asragin», deganlarini eshitganman». Umar ibn Xattob uni Shomga ham voliy qildi, hazrati Usmon buni iqror etdi.

Muoviya qavmiga suyukli kishi edi. Yigirma yil Shomda noib bo‘lib ishladi. Uning xalifalik davri ham yigirma yil bo‘ldi. Davlatida hech bir kishi uni ayblamadi. Balki ummat unga bo‘ysundi. U arab hamda ajamga hokim bo‘ldi. Uning saltanati ikki haram shaharlari (Makka va Madina), Misr, Shom, Iroq, Xuroson, Fors, Jazira, Yaman, Mag‘rib va boshqa davlatlarni ham qamrab olgan edi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoviyaga vasiyat qilganlar. Bu haqda Imom Ahmadning «Musnad»ida bunday rivoyat keltiriladi: «Muoviya tahorat idishini olib, uni ko‘targanicha Rasulullohga ergashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga yuzlanib: «Ey Muoviya, agar bir ishga voliy (bosh) bo‘lsang, Allohga taqvo qil va adolatli bo‘l», dedilar.

Muoviya aytadi: «Men o‘shanda Rasulullohning gaplari amaliga yo‘liqaman, deb hech o‘ylamagan edim, ammo yo‘liqdim».

Mujolid Sha’biydan, u kishi Xorisdan, u esa Ali ibn Abu Tolibdan rivoyat qiladi: «Muoviyaning amirligini yomon ko‘rmanglar. Agar uni yo‘qotsalaringiz, gardanlaridagi vazifalaridan qochib qutulgan amirlarni ko‘rasizlar».

Alloh taoloning diniga malomat toshlarini otuvchilar Islomga zarba berish maqsadida hazrati Ali bilan Muoviya o‘rtalarida kechgan ziddiyatlarga batamom tayanib olishadi. Ular bu bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining niyatlarini shubha ostiga olishni maqsad qilishadi. Ularning ishini o‘zgartirib ko‘rsatishadi. Buning oqibatida fahmlar adashadi, qadamlar toyiladi. Ma’lum kishilarning adashuviga esa ularning din haqidagi tushunchalari sayozligi va musulmonlarni aldash, ongini zaharlash uchun tarix qatlariga pinhona suqib yuborilgan rivoyatlar sabab bo‘ldi.

Bu ixtilof haqida musulmon ulamolar va millatning fuqaholari nimalar deyishgan?

Hofiz ibn Kasir rahimahulloh bunday deydi: «Usmon roziyallohu anhuning o‘limidan so‘ng Ali bilan Muoviya o‘rtasidagi narsalar ijtihod va ra’y yo‘liga ko‘ra bo‘lgandir. Ular o‘rtasida jang bo‘lib o‘tgan, haq va to‘g‘rilik Ali tarafida edi, Muoviya esa salaf va xalaf ulamo nazdida uzrlidir».

Sahih hadisda sobit bo‘lishicha, Ali, keyinchalik Ali o‘ldirilgach, Muoviya bosh bo‘lib, o‘n to‘rt yil bir o‘zi harakat qildi. Har yili yoz va qish faslida ikki martadan Rumga g‘azot qilardi. Qavmidan bir kishini amir tayinlab, odamlar bilan haj qilishga buyurar edi. O‘zi elliginchi, o‘g‘li Yazid esa ellik birinchi yili haj qilishdi. Xuddi shu yili o‘g‘li Yazidni Rum shahriga g‘azotga yubordi. Unga hamroh bo‘lib borgan ko‘pgina ulug‘ sahobiylar yordamida Qustantaniya qurshab olindi. Sahih hadisda «Qustantaniyaga avval g‘azot qilgan qo‘shin uchun mag‘firat bor»ligi sobitdir.

Hofiz Zahabiy rahimahulloh bunday deydi: «Muoviya zulmlari ustidan adolatlari ustun kelgan podshohlarning eng yaxshilaridandir. Uning kamchiliklari ham bor edi. Alloh taolo uni kechirsin!»

Muoviya roziyallohu anhu o‘lim soati yaqinlashgach, oxiratdagi hisobi yengil bo‘lishini o‘ylab, molining yarmini Baytullohga (davlat xazinasiga) topshirishni vasiyat qildi. Tunda ahvoli og‘irlashgach, o‘ziga o‘zi: «Eh, qurib ketgur dunyo, senga qirq yil podshohlik qildim, yigirma yil amir, yana shuncha yil xalifa bo‘ldim. Ammo hech narsa vafo qilmadi. Dunyoni yaxshi ko‘ruvchilarning holiga voy bo‘lsin!» dedi.

Muhammad ibn Sirin bunday deydi: «Muoviyaga o‘lim kelgach, yuzini yerga qo‘ydi. So‘ng boshqa yuzini yerga surib yig‘ladi va: «Allohim, «Albatta, Alloh o‘ziga (biron narsaning) sherik qilinishni kechirmas. Shundan boshqa gunohlarni o‘zi xohlagan bandalari uchun kechirur» (Niso, 48), deb marhamat qilgansan. Allohim, meni o‘zing kechirishni istagan bandalaring qatorida qilgin!» dedi».

«Ihyoi ulumid din» kitobida keltirilishicha, Muoviya ibn Abu Sufyon o‘limi yaqinlashganida: «Meni o‘tqazinglar», dedi. Uni o‘tqazib qo‘yishdi. Shunda u Alloh taologa tasbeh aytdi va Parvardigorni zikr qilayotib, ko‘ziga yosh oldi va: «Ey Muoviya, keksayib, munkillab qolganingda Robbingni eslayapsan-a! Eh, shunday bo‘lib qoldi. Yoshlik o‘tdi-ketdi», dedi. Shundan so‘ng baland ovozda ho‘ngrab yubordi va: «Ey Robbim, zolim qalbli osiy qariyaga rahm qil! Allohim, toyilishni yo‘q qilgin, xatoni kechirgin va Sendan o‘zgaga suyanmagan va Sendan o‘zgaga umid qilmagan kishiga hilming ila rahm etgin!» dedi.

Abul Ali ibn Maymun ibn Mihrondan, u otasidan rivoyat qiladi: «Muoviya bunday vasiyat qilgan: «Rasululloh alayhissalomni tahorat oldirdim. Egnilaridagi kiyimlarini yechib, menga kiydirdilar. Men uni asrab qo‘yganman. Vafotimdan so‘ng jasadimga Rasulullohning ko‘ylaklarini kiydiringlar. Shoyad, Alloh taolo buning barakotidan menga rahm qilsa… ».

 «Rasululloh atrofidagi odamlar» kitobidan Bushro tarjimasi | Siyrat.uz

Ushbu sahobaning to‘liq ismi Muoviya ibn Abu Sufyon ibn Soxr ibn Harb ibn Umayya ibn Abdushams ibn Abdulmannof ibn Qusay ibn Kilob bo‘lib, kunyasi Abu Abdurohmandir. Nubuvvatdan besh yil oldin Makkada tug‘ilgan. Bo‘yi uzun, oqdan kelgan, ko‘rkam, haybatli bo‘lgan. Ota-onasi farzandini kelajagiga katta umid bog‘lardi. Kunlarning birida otasi Abu Sufyon o‘g‘liga qarab: “Bu farzandimning boshi katta, u qavmiga boshliq bo‘lishi uchun yaratilgan”,– dedi. Shunda ayoli Hind: “Faqat qavmiga emas barcha arablarga yetakchilik qilsin”, – dedi. Otasi Abu Sufyon ham qavmining yetakchisi bo‘lgan. Onasi Hind binti Utba esa qabilaning ko‘zga ko‘ringan ayollaridan bo‘lgan”.

Muoviya roziyallohu anhu otasi va akasi bilan birga fath kuni islomni qabul qilishgan.

Muoviya roziyallohu anhu Allohning sakinati tushgan Hunayn g‘azotida Payg‘ambar alayhissalom va mo‘minlar bilan birga ishtirok etgan sahobalardan hisoblanadi. Alloh bu borada:

“Sizlardan (Makka) fath bo‘lishidan ilgari ehson qilgan va (kofirlarga qarshi) urushgan kishilar (fathdan keyin ehson qilgan va urushganlar bilan) barobar bo‘lmagay. Ular keyin ehson qilgan va urushgan kishilardan ulug‘roq martabadadirlar. Barchalariga Alloh go‘zal (mukofot – jannat) va’da qilgandir. Alloh qilayotgan (barcha) amallaringizdan xabardordir”.

Muoviya roziyallohu anhu ham Alloh go‘zal mukofot–jannat va’da qilinganlardan edi. Zero, Alloh yo‘lida Hunayn va Toifda jang qilgan va ehson qilganlardan hisoblanadi.

Payg‘ambar alayhissalom ham uning haqqiga: “Alloh Muoviyani insonlarni yaxshilikka dalolat qiluvchi hamda o‘zini yaxshilik ustida qil va hidoyatlantir”, yana “Alloh unga kitobat va yozishni o‘rgat, hamda do‘zax azobidan asra”– deb duo qilganlar.

Imom Buxoriy Ummu Haram binti Milhon roziyallohu anhodan: “Payg‘ambar alayhissalomni: “Ummatim ichida birinchilardan bo‘lib dengizda jang qiladiganlari bor, ularga jannat vojib bo‘ladi”–deganlarini eshitdim shunda men “Men ham ular ichida bo‘lamanmi?”-dedim, “Sen ular ichida bo‘lasan”,– dedilar. Muhallib bu hadis ta’liqida: “Bu hadisda Muoviya roziyallohu anhu nazarda tutilgan, chunki birinchilardan bo‘lib dengizda g‘azovot qilgan”,– deydi.

Muoviya roziyallohu anhu Makka fathidan so‘ng 18 yoshidan boshlab, doim Payg‘ambar alayhissalom bilan birga bo‘lib, 163 ta hadislar rivoyat qilgan. Imom Buxoriy u sahobiydan to‘rtta hadis, Imom Muslim beshta hadis rivoyat qilishgan.

Masalan, Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhudan: “Payg‘ambar alayhissalom: “Alloh biror bandaga yaxshilikni iroda qilsa, bas uni dinda faqih qilib qo‘yadi”,–dedilar, kabi hadislar rivoyat qilingan.

Shu bilan birga u Payg‘ambar alayhissalomning bojasi va kotibi bo‘lgan.

Po‘latxon Kattayev| islaminstitut.uz


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.