background
logotype
image1 image2 image3

Mug‘iyra ibn Shoʻba

Mug‘iyra ibn Shoʻba taxminan milodiy 600 yilda Toifda tug‘ilgan, Saqif qabilasining Ahnaf urug‘iga mansub. To‘liq ismi Ibn Abu Omir ibn Mas’ud ibn Muattibdir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uni Abu Iso kunyasi bilan chaqirganlar. Abu Mas’ud uning qo‘ng‘ir va sariq sochli, old tishlari yo‘qligi sabab lablari biroz burishib, ichkariga kirgan, boshi kattaroq, qo‘llari yo‘g‘on, baland bo‘yli, yelkador, juda aqlli va shijoatli inson bo‘lishi bilan bir qatorda, hiyla qilishga ustaligini aytadi. U “Rizvon” bay’atida qatnashgan. Yarmuk kuni bir ko‘zi shikastlanib, yaxshi ko‘rolmaydigan bo‘lib qolgan.

Rivoyatlarga ko‘ra, u Bani Molik urug‘iga mansub bir necha qabiladoshlari mast holda yotishganida o‘ziga ma’lum sabablar bilan o‘ldirgach, yurtidan qochib, Hudaybiya sulhidan bir muddat oldin Madinaga kelgan va Islomni qabul qilgan. O‘ldirgan odamlarining xunini Toifning ulug‘laridan biri, Mug‘iyra otasining amakisi Urva ibn Mas’ud to‘lagan.

Mug‘iyra o‘ldirgan kishilarining mollarini o‘zi bilan olib kelib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga bermoqchi bo‘lganida u zot aytdilar: “Islomingni qabul qilamiz, lekin ularning mollaridan hech narsa olmaymiz. Chunki sening bu qilgan ishing xiyonatdir. Xiyonatda yaxshilik yo‘q!” dedilar. Mug‘iyra: “Bu ishni qavmim dinida ekanligimda qilib, keyin sizning oldingizga musulmon bo‘lib keldim”, dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, Islom o‘zidan oldingi ishlar (gunohlar)ni o‘chiradi”, dedilar. Ammo baribir molini olmadilar.

Shundan so‘ng, Mug‘iyra Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)dan ayrilmadi. Ilk bor u zot bilan Hudaybiyaga safar qildi. U yerda tuzilgan sulhda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning xos qo‘riqchilari bo‘ldi.

Toif xalqi musulmon bo‘lgach, Payg‘am­bari­miz (sollallohu alayhi va sallam)ning topshiriqlariga ko‘ra, Mug‘iyra Abu Sufyon bilan Toifdagi Lot butini yiqitdi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) vafot etganlarida u zot bilan eng oxiri vidolashganlardan biri Mug‘iyra (roziyallohu anhu) edi. Sha’biy uning o‘zidan rivoyat qiladi: “Men Rasululloh bilan eng oxiri vidolashish sharafiga muyassar bo‘lganlardan biriman; Rasululloh dafn qilinayotganlarida Ali ibn Abu Tolib qabrdan chiqdi. Men qabrga tuproq tortilishidan oldin uzugimni uning ichiga otib, Aliga buni aytdim. Ali: “Qabrga tushib, uni ol”, dedi. Men shu bahonada qabrga tushib, qo‘lim bilan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak kafanlarini silab, xayrlashib chiqdim”.

Mug‘iyra (roziyallohu anhu) hazrat Abu Bakr (roziyallohu anhu)ning davrida Rid­da urushlarida qatnashdi. So‘ng yolg‘onchi Musaylamaga qarshi Yamoma yurishida, Yarmuk safarida ishtirok etdi.

Hazrat Umar (roziyallohu anhu) zamonida Qodisiya jangidan oldin Eron shohi Yazdijardga yuborilgan hay’at tarkibidan ham joy oldi, Eron bosh qo‘mondoni Rustam bilan o‘tkazilgan muzokaralarda qatnashdi.

Mug‘iyra (roziyallohu anhu) boshqaruv­chilik qobiliyati bilan ham boshqalardan yaqqol ajralib turar edi. Jumladan, uni Umar (roziyallohu anhu) avval Bahraynga, so‘ng Basraga hokim etib tayinlaganlar. Sahobiy (roziyallohu anhu) Basrada uch yil hokimlik qilgan. Hijriy 23-yilda fath qilingan Ozarboyjonga ham hokim bo‘lgan. Kufa shahrida ham hokimlik qilib, u yerda ko‘plab islohotlarni amalga oshirgan.

Mug‘iyra ibn Shoʻba Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning kotib­laridan edi. Undan bir yuz o‘ttizdan ortiq hadis rivoyat qilingan. Shulardan to‘q­qiztasini Imom Buxoriy va Imom Muslim birgalikda rivoyat qilishgan bo‘lsa, bittasini faqat Imom Buxoriy, ikkitasini faqat Imom Muslim rivoyat qilgan.

Islom tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk sahobiy, arab daholaridan biri Mug‘iyra ibn Shoʻba (roziyallohu anhu) milodiy 670 yili, hijriy 50-yilning Sha’bon oyida, 70 yoshida vabodan vafot etdi.

Abdulbosit Orifjonov | Hidoyat.uz

MUG'AYRA ibn SHU'BA (? - 666) -sahobalardan. Kufadaga saqafiy qabilasidan. Umar (ra) uni Basra hokimi etib tayinlaydi. Yarmuk jangida bir ko‘zidan ayrilgan, Nihovand va Qodisiyya janglarvda ishtirok qilgan.

Keyin Kufa hokimi bo‘lib, shialar va xorijiylar orasida yuz bergan fitnalarni bostirgan.

Islom ensiklopediyasidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.