background
logotype
image1 image2 image3

Julaybib as-Sahobiy

Julaybib Bani Sa’laba qabilasidan, ansorlarning amirlaridan. Kunlardan bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansoriylaridan bir kishiga: «Ey falonchi, qizingni menga turmushga ber», dedilar. U kishi: «Bosh ustiga», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : «O‘zimga emas, Julaybib uchun so‘radim», degan edilar, u: «Unday bulsa, xotinim bilan maslahatlashib olay», dedi. U xotinining oldiga borib: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizingning qo‘lini so‘rayaptilar», degan edi, xotini: «Bosh ustiga», dedi. Eri: «O‘zlariga emas, Julaybib uchun so‘rayaptilar», dedi. Shunda xotini: «Alloh nomiga qasam, Julaybibga qizimni uzatmayman», dedi. Otasi qizini uzata olmasligini aytgani Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga ketayotganida, qizi parda ortidan: «Menga kim sovchilik qildi?» deb so‘rab qoldi. Otasi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birovga so‘radilar», dedi. Qizi: «Sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning iltimoslarini rad etmoqchimisizlar? Meni Rasululloh talab etgan joylariga uzatinglar, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga xayrli ishni ravo ko‘radilar», dedi. Otasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib: «Ey Allohning Rasuli, qizimni Julaybibga nikohlab qo‘yavering», dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam g‘azotlardan birida: «Ichingizdan biror kishini yo‘qotib qo‘ymadilaringmi?» deb so‘ragan edilar, sahobalar: «Yuq», deyishdi. Mana shu savol-javob bir necha bor takrorlangach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men Julaybibni yo‘qotib qo‘ydim, uni o‘liklar orasidan qidiringlar», dedilar. Ular qidirib, Julaybibning jasadini topishdi. U mushriklardan yetti kishini yer tishlatgach, uning o‘zini ham o‘ldirishgan edi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Julaybib yetti mushrikni o‘ldirdi, keyin uni o‘ldirishdi», dedilar. So‘ng uning jasadini muborak yelkalariga ortmoqlab olib ketdilar-da, nariroqda qabr kavlab, ko‘mdilar. Julaybibning murdasi tobut ko‘rmay, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yelkalaridanoq qabrga tushdi.

Siyrat.uz


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.