background
logotype
image1 image2 image3

Jobir ibn Abdulloh

JOBIR ibn ABDULLOH, to‘liq ismi Jobir ibn Abdullo ibn Amr ibn Harom al-Xazrajiy al-Ansoriy as-Sulamiy (? - 697) - sahoba. Otasi Abdullo ibn Amr va uning o‘zi Rasululloh (sav)ning xizmatlarida bo‘lgan.
Jobir ibn Abdulloh Rasululloh bilan birga 19 ta g‘azotda ishtirok qilgan. Umrining oxirida Madinada, Masjidi Nabaviyda halqa tashkil qilib dars bergan. "Sahih al-Buxoriy" va "Sahih Muslim" kitoblarida uning rivoyatida 1540 ta hadis keltirilgan.

Islom ensiklopediyasidan

* * * * * * *

Jobir ibn Abdulloh ibn Amr Ansoriy (r.a.). Kunyasi Abu Abdulloh, Abu Abdurahmon, Abu Muhammad.
Otasi Abdulloh ibn Amr ibn Harom ibn Ka’b ibn G‘anm ibn Salma Ansoriy. U kishi madinalik ulug‘ sahobiy bo‘lib, Uhudda shahid ketgan va ansoriy do‘sti Amr ibn Jamuh bilan bir qabrga ko‘milgan edi. Keyinchalik Jobir suv toshgan qabrni ta’mirlash uchun ochganida otasi soqolining yerga tekkan joyigina o‘zgargan, qolgan joyi o‘zgarmagani ma’lum bo‘lgan. Rasululloh (s.a.v.) u kishi bilan Alloh pardasiz gaplashgani haqida bashorat berganlar.
Jobir ibn Abdulloh madinalik ilk olti musulmondan biri. Mazkur olti kishi birinchi marta Payg‘ambar (a.s.) bilan “Aqaba” oldida ko‘rishgan. Bir yildan so‘ng yana shu joyda ular sababli musulmon bo‘lgan yetmish uch nafar madinalik bilan birga bay’at qilgan. Tarixda bu voqea “Aqaba bay’ati” nomini oldi. U zot ikkinchi “Aqaba bay’ati”da ishtirok etganlar ichida eng oxirgi vafot etgan kishidir.
Badr va Uhudda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, keyingi o‘n to‘qqizta g‘azotda qatnashgan. Yana “Bay’atur-Rizvon”da ishtirok etgan. Rasululloh (s.a.v.) sahobiylariga qarata: “Sizlar Yer yuzidagi eng yaxshi odamlarsiz”, deganlar.
Payg‘ambar (a.s.) Jobirni e’zozlar, betob bo‘lib qolsa, shaxsan o‘zlari ziyoratga borar edilar. Bu haqda Jobir aytadi: “Rasululloh mening oldimga xachir ham, barzuvon ham minmay keldilar”. Yana bir hadisda rivoyat qiladi: « Rasululloh (s.a.v.) bilan Abu Bakr (r.a.) o‘zimni bilmay yotganimda Banu Salamaga yayov kelib, meni ko‘rgani kiribdilar. U zot suv keltirib tahorat qilibdilar. Yuzimga suv sepib hushimga keltirdilar. Men: “Molimni (merosimni) qanday taqsimlay, yo Rasululloh?” dedim. Shunda “Alloh farzandlaringizga (meros taqsimida) bir o‘g‘il uchun ikki qiz ulushi barobarida (berishni) buyuradi. Agar(merosxo‘rlar) ikkidan ortiq ayol bo‘lsa, ularga (marhum) qoldirgan narsaning uchdan ikkisi, agar yakka qiz bo‘lsa, unga (merosning) yarmi berilur” (Niso, 11) oyati tushdi». Jobirning savoliga Qur’oni karimda oyat nozil qilingani ham uning darajasi ulug‘ligini namoyon etadi.
U zotda o‘zidan ko‘ra boshqalarni afzal ko‘rish xislati kuchli edi. Otasi Abdulloh (r.a.) Uhudda shahid bo‘lgach, to‘qqiz sing¬lisining tarbiyasi Jobir zimmasiga qoldi. Singillariga yaxshi tarbiya berish niyatida bokira qizga uylanish o‘rniga oldin turmush ko‘rgan ayolga uylandi. Bu amali tufayli Rasululloh (s.a.v.)ning baraka tilab qilgan duolariga ham musharraf bo‘ldi.
Jobirning uyi masjiddan uzoqda joylashgan edi. Shuning uchun hovlisini sotmoqchi bo‘ldi. Rasululloh (a.s.) uni bundan qaytarib: “Albatta, sizga har bir qadamingiz uchun daraja, ajr-savob bordir”, dedilar.
Jobir tarixda “Laylatul-ba’ir”, ya’ni “tuya kechasi” nomini olgan va Rasululloh mo‘’jizalaridan biri zohir bo‘lgan voqeaning asosiy qahramonidir. Bu haqida uning o‘zi hikoya qiladi: «Rasululloh (s.a.v.) bilan Zotur-Riqo’ g‘azotiga chiqdim. Men mingan tuya nimjon edi. Rasululloh qaytishga amr qilganlarida men orqada qola boshladim. Shunda Payg‘ambar (a.s.): “Senga nima bo‘ldi, ey Jobir?” deb so‘radilar. “Mana bu tuya yurishimni sekinlashtiryapti”, dedim. Shunda u kishi: “Uni engashtir”, dedilar. Men aytganlarini qildim. U zot o‘zlari ham egilib: “Menga qo‘lingdagi tayoqni ber”, dedilar. Berdim. U bilan tuyani bir necha bor niqtab, “Min”, dedilar. Allohga qasamki, shundan so‘ng tuya barchadan o‘zib keta boshladi. Rasululloh: “Uni menga sotmaysanmi?” dedilar. “Sizga hadya qilaman”, dedim. U kishi: “Yo‘q, sotaqol”, dedilar. “Uni baholab bering”, dedim men. “Uni bir dirhamga olishim mumkin”, dedilar. “Narxini past aytib yubordingiz”, dedim. “Ikki dirham”, dedilar. “Yo‘q!” dedim. Narxni bir uqiyaga ko‘targunlaricha “Yo‘q!” deb turaverdim. Shundan so‘ng: “Rozimisiz, yo Rasululloh?” dedim, “Ha”, dedilar. “U sizniki”, dedim men».
Mazkur kechada Rasulullohning Jobir haqiga yigirma besh marta istig‘for aytganlari mashhurdir.
Ibn Mardavayhdan rivoyat qilinadi: «Tolq ibn Habib aytadi: “Men shafoatni qattiq inkor qilar edim. Bir kuni Jobir ibn Abdullohga ro‘baro‘ kelib, do‘zax ahli jahannamda abadiy qolishi haqida Qur’ondan bilgan barcha oyatlarimni o‘qib berdim. Shunda u: “Ey Tolq, o‘zingcha Alloh kitobini va Rasululloh sunnatlarini mendan ko‘ra yaxshi bilaman, deb o‘ylaysanmi? Sen qiroat qilgan oyatlardagi do‘zax ahllari mushriklardir. Ammo, anavilar gunoh qilib, azoblanib, so‘ngra do‘zaxdan chiqarilganlardir”, dedi va ikki qo‘li bilan qulog‘ini ushlab turib: “Agar Rasulullohdan do‘zaxga kirganlaridan keyin chiqarilurlar, deganlarini eshitmagan bo‘lsam, manavilar kar bo‘lsin! Biz ham sen o‘qigan narsani o‘qiganmiz”, deb aytdi».
Jobir Misr va Shom, ayniqsa, Madinada ko‘p odamlarga ilm berdi, o‘z davrida Madina muftiysi bo‘ldi.
Jobir eng ko‘p hadis rivoyat qilgan sahobiylar ichida oltinchisi bo‘lib, undan 1540 ta hadis rivoyati yetib kelgan. Ikki shayx (Buxoriy va Muslim) 85 tasiga ittifoq qilganlar. Buxoriy uning 26 ta, Muslim esa 120 ta hadisini o‘z to‘plamiga kiritgan.
U zot 74/693 yil Madinada vafot etdi. Janozasini Abon ibn Usmon o‘qidi.
Alloh bu sahobiydan rozi bo‘lsin!

Salohiddin Siddiqov
"Irfon taqvimi"dan


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.