background
logotype
image1 image2 image3

Habib ibn Zayd al-Ansoriy

Bu uyning har burchida imon va xotirjamlik hukm surar edi. Xonadon sohiblarining har biri din yo‘lida fidokorlik ko‘rsatadigan chin imonli kishilar edi. Habib ibn Zayd al-Ansoriy (Alloh undan rozi bo‘lsin) ham xuddi shu saodatmand xonadonda ulg‘aydi.
Habibning otasi Zayd ibn Osim Yasribning ilk musulmonlaridan edi. U xotini va ikki o‘g‘li bilan Aqobada Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) bay’at qildi va Aqobada qatnashgan yetmish sahobiyning biri bo‘ldi. Onasi Ummu Amora Nasiba al-Moziniya Alloh dini va Payg‘ambarini dushmanlardan himoya etishda qatnashgan jasur ayollardan edi. Ukasi Abdulloh Uhud kuni Payg‘ambar alayhissalomni qattiq himoya qilgan o‘g‘lonlardan edi. Koinot faxri bu mashhur xonadon haqqiga Allohning rahmati va barakasini tilab duo qilgan edilar.

* * *

Habib ibn Zayd qalbiga tushgan ilohiy nur uning butun hayotini charog‘on qilib yubordi. U otasi, onasi, xolasi va akasi bilan birga Makkaga borib, Islom tarixida chuqur iz qoldirgan muhim voqeada ishtirok etganini yaxshi eslaydi. O‘shanda tun zulmati qo‘ynida jajji qo‘lchasini Alloh Rasuliga uzatib, u zotga sodiq bo‘lishga bay’at qilgan edi. O‘sha kundan boshlab Payg‘ambar alayhissalom Habibga ota-onasidan ham suyukli, u zot targ‘ib qilayotgan din hayoti mazmuni bo‘lib qoldi.

* * *

Habib yoshi kichikligi uchun Badrda qatnashmadi, hali bola bo‘lgani uchun Uhudda ham ishtirok etolmadi. Ammo shundan keyingi barcha muhorabalarda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga bo‘ldi, u zotga sodiq va fidokor ekanini har qadamda isbotladi. Ayniqsa uning soxta payg‘ambar Musaylima Kazzobga Payg‘ambar alayhissalom maktublarini olib borgani voqeasi tarix sahifalaridan munosib joy olgan.
…Hijriy to‘qqizinchi yili Islom qaddini rostlab, oyoqqa turib oldi, shon-shuhrati atroflarga tarqadi. Arab jazirasining turli burchaklarida yashovchi qabilalar vakillari Yasribga beto‘xtov qatnashar, Allohning Payg‘ambariga imonlarini izhor etib, u zotga itoat qilishga bay’at berishar edi. Najd vohasida yashovchi Bani Hanifa qabilasidan ham vakillar kelishdi. Ular tuyalarini Madina tashqarisida qoldirib, ularga qarab turishni Musaylima ibn Habib al-Hanafiy ismli kishiga tayinlashdi. O‘zlari Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga borib, qabiladoshlarning bari Islomga kirganini e’lon qilishdi. Payg‘ambar alayhissalom Bani Hanifa vakillarini izzat-ikrom bilan kutib oldilar, hammalariga hadya berdilar, hatto tuyalarga qarab qolgan Musaylimani ham esdan chiqarmadilar.

* * *

Vakillar Najdga yetib ulgurmaslaridan Musaylima ibn Habib Islomdan qaytdi. Qaytibgina qolmay, o‘zini payg‘ambar deb e’lon qildi. Odamlarga: "Men ham payg‘ambarman, Alloh Muhammad ibn Abdullohni Quraysh qabilasiga Rasul qilib yuborgani kabi meni Bani Hanifaga elchi qildi", deb gapira boshladi. Qavmdoshlaridan ba’zilari unga ergashishdi, buning asosiy sababi mahalliychilikka borib taqalar edi… Musaylima atrofidagi kishilarni o‘ziga bo‘ysundirib, ancha kuch to‘plab olgach, payg‘ambarlik da’vosi bilan hatto Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) maktub yuborishga jur’at qildi. 
* * * 
Musaylimaning buzg‘unchiligi va yolg‘onchiligi kuchayib ketganidan keyin Rasululloh (alayhissalom) uni zalolatdan qaytarish uchun maktub tayyorlatdilar. Choparlik vazifasiga Habib ibn Zaydni tanladilar. O‘sha paytda Habib boshidan oyog‘i uchigacha imon bilan to‘lgan baquvvat va tadbirli yigit edi. U Payg‘ambarimiz maktublarini Bani Hanifa makon tutgan Najd o‘lkasiga olib bordi va Musaylimaga topshirdi. Noma bilan tanishib chiqqan Musaylimaning dilidagi g‘arazi va adovati yanada kuchaydi, odamlariga aytib Habibni kishanlashni olishni buyurdi. 

* * *

Ertasiga Musaylima to‘plangan olomon oldiga Habib ibn Zaydni keltirishni buyurdi. U g‘azab bilan Habibdan so‘radi:
– Muhammadning Alloh elchisi ekaniga guvohlik berasanmi?
– Albatta, – dedi Habib, – Ashhadu anna Muhammadan Rasululloh!
– Mening Alloh elchisi ekanimga-chi?!
– Bilasanmi, qulog‘im vazminroq, nima deganingni eshitolmadim…
Masxara ohangida berilgan javobdan Musaylima g‘azabga minib, ilon kabi to‘lg‘ona boshladi. Odamlariga Habibni qiynab halok qilishni buyurdi. Holsizlanib kuchdan qolgan choparning lablari orasidan chiqqan oxirgi so‘z "Muhammadur Rasululloh" kalimasi bo‘ldi.

* * *

O‘g‘lining fojiali o‘limi haqida onasi Nasiba al-Moziniyaga xabar berishganida u bunday dedi: "Men uni shunday o‘lim topishini sezgandim… Ajrini Allohdan umid qilaman. O‘g‘lim kichikligidayoq Rasulullohga bay’at bergan edi, katta bo‘lganida unga vafo qildi… Agar Alloh menga Musaylima bilan uchrashish imkoniyatini bersa, uning qasosini albatta olaman". Nasiba orzu qilgan kun o‘zini ko‘p kuttirmadi. Madinada Abu Bakr Siddiq Musaylimaga qarshi kurashga safarbarlik e’lon qilganida qo‘shin safida Nasiba va uning o‘g‘li Abdulloh ibn Zaydlar ham bor edi. Ayol intilgan narsasiga erishdi, to‘qnashuv chog‘ida halok etilgan soxta payg‘ambarning qoniga belanib yotgan jasadini ko‘rib ko‘ngli taskin topdi…

"Payg‘ambar sahobiylari tarixi" kitobi asosida
Ahmad Muhammad tayyorladi


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.