background
logotype
image1 image2 image3

Furayha binti Molik

Fazilatli xonadon qizi

Bu ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallam suhbatlaridan bahramand bo‘lish sharafiga erishgan, ikki dunyo saodatini qo‘lga kiritgan, Allohga bergan ahdiga umr bo‘yi sodiq qolgan ulug‘ sahobiyalardan edi. Uning nasl-nasabi mashhur, o‘zi ansoriylardan edi. Ansoriylar makkalik muhojirlarni sevib qabul qilgan, ular muhtoj bo‘lib turishganida o‘zlaridagi bor narsani ular bilan baham ko‘rgan, uyining to‘ridan joy bergan, og‘zidagi luqmasini tutgan, hatto kasbi-koriga o‘rgatgan madinalik musulmonlar edi. Iymon bilan sharaflanishganidan so‘ng Alloh taolo ularni qalblariga suyumli bir nom – «ansoriylar» (Alloh yo‘lida yordam beruvchilar) laqabi bilan taqdirladi.

Ansoriylar Makkada birinchi bo‘lib Islomni tanigan, buning orqasidan katta xo‘rlik-mashaqqatlar chekkan hamda ona-shaharlari, yaqinlari, mol-mulklarini tashlab Madinaga hijrat qilgan muhojirlardan fazlda keyinda turishsa-da, ammo ularning dindoshlariga ko‘rsatgan fazlu karami, mehr-shafqati, xayrixohligi va fidoyiligi tillarda zarbulmasal bo‘lib ketgan edi. Muhojirlar ham o‘z navbatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatmalariga binoan yaxshilik va karam bulog‘i bo‘lmish ansoriylarning haqqiga duolar qilib, ularning xizmatini mukofotlashni Alloh taoloning O‘ziga havola etishgan edi. Bizning qahramonimiz sahobiya Furayha binti Molik roziyallohu anho ham ana shu maqtovga sazovor qavmga mansub edi.

Furayha binti Molik ibn Sinon al-Ansoriy al-Xudriya roziyallohu anho  hamma yerda barcha yaxshilikni birinchi bo‘lib bajaradigan mashhur xonadonlardan birida ulg‘aydi. Va Islom tarixi mana shu ayolning barakotidan ezgulik to‘lib-toshgan voqea-hodisalar bilan boyidi. Furayra o‘sgan oilaning Islom dinini yoyish sohasidagi xizmatlari o‘zi alohida kitoblarga mavzu bo‘lg‘usidir.

Sahobiyaning otasi Hazrati Molik ibn Sinon ibn Ubayd al-Ansoriy al-Xazrajiy al-Xudriy roziyallohu anhu  jannat bilan bashoratlangan buyuk sahobiylardan edilar. Suyukli Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam uning haqida: «Kim jannat ahlidan bo‘lgan kishini ko‘rmoqchi bo‘lsa, mana bunga qarasin», deb Molik ibn Sinonga ishora qilganlar. Uning tug‘ishgan akasi mujohidlar imomi, Madina muftiysi, Abu Said Xudriy kunyasi bilan mashhur bo‘lib ketgan Sa’d ibn Molik ibn Sinon roziyallohu anhu  edi. Abu Said Handaq g‘azoti qahramonlaridan, Rizvon bay’ati haqida eng bilimdonlardan, Payg‘ambar alayhissalomdan 1170 ta hadis rivoyat qilgan ulug‘ sahobiy, mujtahid faqihlardan edilar.

Furayhaning ona bir akasi esa mujohidlar amiri, ulug‘ sahobiy Qatoda ibn No‘‘mon al-Ansoriy al-Zafariy roziyallohu anhu  edi. Bu zot Badr g‘azotining eng ko‘zga ko‘ringan qahramonlaridan bo‘lgan, Uhud kuni jangda yangilik kiritgan, Payg‘ambar alayhissalom bilan birga barcha g‘azotlarda qatnashgan edi. U oz sonli kamonchilardan bo‘lib, Uhud jangida bir ko‘zi oqib tushdi. U shu holatda Rasululloh huzurlariga boradi. Payg‘ambarimiz muborak qo‘llari bilan ko‘zini joyiga qo‘yib, silab qo‘yadilar. Uning ko‘zi tuzalib, avvalgidan ham o‘tkir nazar bo‘lib qolgan.

Sahobiyaning ona bir opasiga kelsak, Ummu Sahl binti No‘‘mon al-Ansoriya az-Zafariya roziyallohu anho  hech ikkilanmay iymonga kelib, Hazrati Rasulullohga bay’at qilgan saodatmand ayollardan edi. Xullasi, hikoyamiz qahramoni Furayha binti Molik ana shunday ulug‘ va sharafli bir xonadonning farzandi bo‘lgan.

Molik ibn Sinon  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hali Madinaga hijrat qilmaslaridan turib oila a’zolariga u Zot haqlarida to‘lqinlanib so‘zlab berardi. Chunki u kishi haqlarida madinalik yahudiylardan eshitgan edi. Otasining gaplaridan oila a’zolari, xususan Furayha zehnida Alloh Elchisining muborak siymolari gavdalanar edi. Nabiy alayhissalom Madinaga yetib kelishlari bilan Molik u Zot bilan uchrashuvga oshiqdi. Barcha oila a’zolari, jumladan, qizi Furayha ham, unga hamrohlik qilishdi. Ayniqsa, Furayha Rasuli akram bilan uchrashuvni o‘ylab, hayajonga tushar, niyati u Zotga bay’at qilish edi.

Iymon bilan sharaflangan bu oila Rasululloh nazdlarida baland maqomga erishdi va u kishiga eng yaxshi safdosh bo‘ldi. Ular Alloh va Uning Rasuli roziligi yo‘lida qo‘llaridan kelganicha, qodir bo‘lishganicha ko‘p ishlarni qila olishdi. Bu muborak oiladan jasur jangchi, din fidoyisi, muhaddis, taqvoli obidlar yetishib chiqdi.

Chiroyli sabr

Molik ibn Sinon Badr jangida qatnasha olmagan edi. Chunki Badrda jang bo‘lmaydi, degan xayolga borgandi. Uhud kuni u Allohning roziligi yo‘lida oliy maqomga erishish uchun fursat kelganini tushundi. Mushriklarga qarshi jang oldidan bo‘lgan mashvaratda u oldinga chiqib bunday dedi: «Ey Allohning Rasuli, Allohga qasamki, biz hozir ikki yaxshilik o‘rtasidamiz. Biri – Alloh dushman ustidan biz istagan zafarni berib, uni bizlarga taslim qiladi. Bunda xuddi Badrdagidek bir jang bo‘lib, undan faqat qochoqlargina tirik qolishadi. Boshqasi esa – bizga chiroyli o‘lim ne’matini berib, jonimizni shu jangda  oladi. Bu ikkisidan qay biriga yo‘liqishimning menga ahamiyati yo‘q. Albatta, ularning ikkovida ham yaxshilik bordir».

Hazrati Molik o‘g‘li Abu Saidni ham boshlab olgan edi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam  yoshi kichikligi uchun bir necha yosh bolalar qatori unga ham urushda qatnashishga ijozat bermadilar. Abu Said bundan afsuslanib, ko‘zida jiqqa yosh bilan noiloj uyiga qaytdi. Buni ko‘rib turgan Furayha ukasining ko‘z yoshlarini artar ekan, unga tinmay tasalli berar, o‘zi esa jangga ketgan otasidan xabar kutar edi.

Molik ibn Sinon urush shiddatli tus olgan tahlikali damlarda Nabiy alayhissalom yonlarida mardlarcha jang qildi. U Zot yaralanganlarida muborak yuzlaridan qon oqayotganini  ko‘rib, uni tezda artib-tozalab olgan ham Molik edi. U niyatiga erishdi: ulug‘ muhorabada qahramonlarcha halok bo‘ldi. Alloh bilan qovushayotganida uning yuzida tabassum o‘ynar, holsiz qo‘llari buyuk muhabbat ila sevgani Rasuli akramning yuzlarini ohistagina silar edi.

Abu Said Payg‘ambar alayhissalomning Uhuddan qaytayotganlari xabarini eshitgach, u Zotga peshvoz chiqdi. Rasululloh yigitchaga qarab: «Sen Molikning o‘g‘li Saidmisan?» dedilar. U: «Ha, Allohning Rasuli», deb otda turgan Nabiyning tizzalaridan o‘pdi va: «Ota-onam sizga fido bo‘lsin!», dedi. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: «Otang sababidan Alloh senga ajr bersin!», dedilar. Furayha esa jangda juda ko‘p musulmonlar, ular qatorida sevikli otalari ham halok bo‘lgani tufayli Allohning Rasuliga katta aziyat yetganidan qanchalik qayg‘urgan bo‘lsa, u Zotning salomat qaytganlaridan shunchalik sevindi, Allohga hamdlar aytdi. Ikki farzand otalarining o‘limi tufayli yetgan musibatga chiroyli sabr qilishdi…

Otalari oila a’zolariga hech narsa qoldirmay dunyoni tark etgan edi. Goho ular uyda hatto biror yegulik narsa ham topa olmay qolishardi. Eskirib-to‘zib ketgan kiyimlarini yangilashga ham imkonlari yo‘q edi. Ammo ular Allohning bu sinoviga ham sabr etishar, sadaqa so‘rashdan hayo qilishar, o‘zlarini behojat ko‘rsatishar edi. Shundan so‘ng Alloh ularni boy-badavlat qildi. Chiroyli sabrlari va Rasulullohga ixlos-sadoqatlari barakotidan boshqa ansorlarga qaraganda ham ko‘proq mol-davlatga ega bo‘lishdi.

«Nima deding?»

Furayha Sahl ibn Rofe’ ibn Bishr al-Xazrajiy degan kishiga turmushga chiqqan edi. U bilan bir muddat yashagach, eridan ajrab qoldi. Sahl qochib ketgan qullarini izlab yo‘lga chiqqanida qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqqan qullar uni Madina yaqinida o‘ldirib ketishdi. Unga erining o‘limi haqida xabar kelganida u eriga Allohdan savob umid qilib sabr etdi. Yolg‘iz va yordamchisiz qolgan ayol uyiga, yaqinlari oldiga qaytishni o‘yladi. Ammo o‘z rejasidan ko‘nglida noxushlik sezib, bu haqda Rasulullohdan maslahat so‘rashni dilladi.

Imom Molik «Muvatto»larida bu voqeani Zaynab binti Ka’b ibn Ujradan sanad bilan bunday rivoyat qiladilar: «Furayha binti Molikning Zaynab binti Ka’bga so‘zlab berishicha, u Rasululloh huzurlariga kelib, eri qochib ketgan qullarini qidirib, ularga Qodim tarafda yetib olganida qullar erini o‘ldirishgani xabarini ma’lum qiladi. Furayha eri uysiz-joysiz, nafaqasiz qoldirib ketganini tufayli bani Xudradagi ota xonadoniga qaytsam bo‘ladimi, deb ijozat so‘raydi.

Payg‘ambar alayhissalom uning qaytishiga izn beradilar. Furayha aytadi: «Men ortimga qaytib, uyimga yetay deganimda Rasululloh chaqirayotganlari xabarini yetkazishdi. Huzurlariga borsam: «Boya nima deding?» deb so‘radilar. U kishiga erim bilan bog‘liq voqealarni gapirib berdim. Shunda u Zot: «To iddang tugamagunicha uyingda o‘tirgin», dedilar. Uyimda to‘rt oyu o‘n kun iddada o‘tirdim». Yana Furayha bunday degan: «Usmon ibn Affon xalifaligi davrida meni chaqirtirdi va bu haqda so‘radi. Unga Rasulullloh gaplarini yetkazdim. U bu xabarga ergashdi va u bilan hukm qildi».

Furayra Nabiy alayhissalomning amriga bo‘ysunib, erining uyida to‘rt oyu o‘n kun idda saqlab o‘tirdi. Iddasi tugagach, unga Sahl ibn Bishr degan kishi uylandi. U ansoriylarning bani Zafar qabilasidan edi. Furayra murg‘ak Islomning barcha bosqichlarida eriga tobe’ bo‘ldi, din izn bergan hamma ishlarda unga sherik bo‘ldi.

Jannat bashorati

Furayha binti Molik Rasulullohning majlislarida ishtirok etib, nubuvvat madrasasida tahsil olgan baxtiyor sahobiyalardan edi. Kuchli hofiza va sog‘lom tafakkur sohibasi bo‘lgan bu ayol Payg‘ambar alayhissalomdan 80 ta hadis rivoyat qilgan. Undan esa Zaynab binti Ka’b ibn Ujra rivoyat qilgan. Eri o‘lgan ayolning iddasi haqidagi yuqorida tilga olingan hadis ham ana shu ikki sahobiya rivoyati orqali bizgacha yetib kelgan. Furayha rivoyat qilgan hadislarni Misr, Iroq, Shom, Hijoz va Madina faqihlari qabul qilib, undan hukm chiqarishgan.

Furayha jannat bashorati ila sharaflangan sahobiyalar sirasiga kiradi. U hijratning oltinchi yilida Hudaybiyada, daraxt ostida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bay’at qilgan bir guruh sahobiyalar safida bo‘lgan. Bu voqea mushriklar musulmonlarni Makkai mukarramaga kirishdan to‘sib qo‘ygan paytda sodir bo‘lgandi. Ana shu bay’atda ishtirok etganlarning barchasi ahli jannatdan hisoblanadi. Chunki Alloh taoloning bunday oyati karimasi bor: «(Ey Muhammad, alayhissalom), darhaqiqat Alloh mo‘minlardan ular daraxt ostida sizga bay’at qilayotgan vaqtlarida rozi bo‘ldi. U Zot ularning dillaridagi narsa (sadoqat va vafo)ni bilib, ularga sakinat – orom tushirdi…» (Fath, 18).

Nabiy alayhissalom Furayha va u bilan birga bay’atda hozir bo‘lgan sahobiyalarga jannat bashoratini berdilar. Ummu Mubashshir al-Ansoriyadan rivoyat qilinishicha, u kishi Rasulullohning Xafsa huzurida bunday deganlarini eshitgan: «Inshaalloh, daraxt ostida bay’at qilganlarning hech biri do‘zaxga kirmaydi».

Ahmad Xolid Juma’ning «Jannat ila bashoratlangan ayollar» kitobidan Yulduz Komil qizi tarjimasi | Siyrat.uz


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.