background
logotype
image1 image2 image3

Fotima binti Yamon

Fotima binti Yamon Haybar va Tayma mavzelari orasida yashagan Bani Abs qabilasiga mansub. Otasining ismi Husayl. Akasi Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning sirdosh do‘stlari Huzayfa ibn Yamon.

Aynan Huzayfa singlisining Islomga kirishiga sababchi bo‘lgan. Bu quyidagicha yuz bergan. Bani Abs qabilasidan bir nasroniy olim so‘nggi payg‘ambar kutilayotganini qabila a’zolariga so‘zlab bergan, barcha so‘nggi din va elchini kutayotgan edi. Rasululloh (s.a.v.)ning faoliyatlari boshlanganini eshitgan bir guruh bani absliklar Madinaga kelib, u zot bilan uchrashishdi va musulmon bo‘lishdi. O‘sha guruhda Huzayfa ibn Yamon ham bor edi. Huzayfa ortga qaytgach, so‘nggi payg‘ambar xushxabarini oilasidagilarga ham yetkazdi. Bir oz muddat o‘tgach, u otasi va boshqa oila a’zolarini Rasululloh (s.a.v.)ning oldilariga olib keldi va barchalari musulmon bo‘lishdi.

Shundan keyin Fotima Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni tez-tez ziyorat qilib, suhbatlariga qatnashadigan va u zotning o‘zlaridan ilm oladigan bo‘ldi.

Fotima juda g‘ayratli va tirishqoq ayol bo‘lib, Pay­g‘ambarimiz (s.a.v.)dan eshitgan hadislarini atrofdagilarga yetkazishga harakat qilar, musulmon bo‘lishni istagan ayollarga dalolat qilib, Rasululloh (s.a.v.)ning huzurlariga boshlab kelardi.

Fotima binti Yamon haqida, afsuski, ko‘p ma’lumot yo‘q. Xususan, uning qaerda va qachon vafot etgani tarix kitoblarida qayd etilmagan.

Alloh rozi bo‘lsin! 

Shoakmal Akbarzoda tayyorladi

“Irfon” taqvimining 2011yil, 1-sonidan olindi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.