background
logotype
image1 image2 image3

Bilol ibn Raboh

Hazrati Umar (r.a.) Hazrati Abu Bakrni (r.a.) eslaganida shunday der edi: "Abu Bakr sayyidimiz va sayyidimizni ozod qilgan kishidir". Bunda u Bilol Habashiyni (r.a.) nazarda tutgan. Hazrati Umar (r.a.) "sayyidimiz" deb atagan bu kishi ulug' va aziz insonlardan edi... Ammo qop-qora, ozg'in, bo'ydor, quyuq sochli va tuksiz yuzli bu kishi bunday maqtovlarni bosh egib va ko'zlarini yumgan ko'yi tinglar va shunday der edi: "Asli men habashiyman, kechagina qul bo'lganman!"
Kechagina qul bo'lgan bu habashiy asli kim edi?
U Islom muazzini va but-sanamlarni bezovta etuvchi Bilol ibn Raboh (r.a.) edi. U imon va rostlik mo''jizalaridan biri edi. U buyuk Islomning yorqin siymolaridan edi.
Qur'on nozil bo'la boshlaganidan to bugungacha har o'n musulmondan kamida yetti nafari Hazrati Bilolni biladi. Ya'ni, zamonlaru avlodlar osha yuzmilyonlab insonlar uni taniydilar. Siz hali boshlang'ich ta'lim bosqichlaridan hatlamagan bolakaydan ham, yer yuzining istalgan burchagida yashayotgan musulmon farzandlaridan ham: "Bilol kim, ey bolam?" deb so'rasangiz, u hech ikkilanmay: "Bilol Rasulullohning (s.a.v.) muazzinlari, xojasi dindan qaytarish uchun ustiga og'ir xarsang qo'yib azoblaganida ham "Ahad, Ahad" (Alloh yakkadir) degan sahoba" deb javob qiladi.
Islom Hazrati Bilolga bergan bunday sharafni ko'rib aytamizki, u Islom kelmasidan avval bir hovuch xurmo evaziga xojasining tuyalarini boqib yurgan qul edi. Agar Islom bo'lmaganida uning peshonasidan o'la-o'lgunicha qullik tamg'asi ketmas, bashar izdihomida oyoqosti bo'lar, nomi yo'qlik qa'rida benomu nishon unutilib ketar edi. Lekin rost imoni, inongan buyuk dini unga hayotda va tarixda Islom ulug'lari va valiylari aro oliy maqom va yuksak rutba ato etdi!
Oliynasab, obro'li, nufuzli va mol-dunyo sohibi bo'lgan aksar odamlar habashiy qul Bilol kabi azizlik va martabani qo'lga kirita olmagan. Tani qoraligi, hasab va nasabda nochorligi uni rostligi, imoni, pokizaligi, fidoyiligi erishtirgan yuksak maqomidan mahrum qilolmadi.

* * *

Umayya ibn Xalaf alam va g'azabdan quturib, ko'kragiga mushtlar va tinmay qichqirar edi:
— "Qanday falokat seni bizga yo'liqtirdi, ey baxtiqora qul?! Lot va Uzzoga qasamki, seni qul va xoja munosabatlarida zarbulmasalga aylantirib yuboraman!
Bilol mo'min imoni, valiy buyukligi bilan javob qilardi:
— "Ahad... Ahad!"
Hakamlikni bo'yniga olgan yana bir kishi bu savdoga aralashib, shunday derdi:
— Ey Umayya, uni o'z holiga qo'y! Lotga qasamki, bundan keyin u seni qiynamaydi. Bilol bizdan, onasi joriyamiz bo'lgan. Endi u ortiq o'z Islomi bilan bizlarni Qurayshga gap-so'z va masxara mavzui qilmaydi!
Bilol kazzob va makkor yuzlarga qaraydi va tabassum qilganida old tishlari tong yog'dusiday yarqiraydi. Ularni dahshatdan qaltirashga majburlaydigan ajab sokinlik bilan:
— Ahad... Ahad..., — deydi.
Tong otadi, tush yaqinlashadi. Bilolni jazirama issiqqa yetaklashadi. U esa hamon sabrli, toqatli, matonatli, sabotli!
Uni azoblayotgan paytda Abu Bakr Siddiq ularning oldiga keladi va:
— Rabbim Alloh! degan kishini o'ldirasizlarmi? — deya qichqiradi. So'ng Umayyaga yuzlanib, deydi:
— Narxidan oshig'iga sot-da, uni ozod qil!
Bu gap go'yoki cho'kayotgan Umayyaga najot qayi-g'ini topganday ta'sir qildi. Abu Bakr ozodlik narxini so'raganida ko'ngli xush bo'lib, sevindi. Chunki u qulni bo'ysundira olishdan batamom umidini uzgan, bu takabbur xoja "qiynalib" ketgan edi. Buning ustiga, Umayya savdogar bo'lib, qulni sotish uni o'ldirishdan foydaliroq ekanini yaxshi bilardi.
Qulni Abu Bakrga sotishdi. U esa zudlik bilan Bilolni ozod qildi. U hur kishilar orasidan o'rnini egalladi. Abu Bakr Siddiq (r.a.) Bilolning qo'ltig'idan olib, erkinlik sari yetaklayotgan paytda Umayya unga:
– Ol uni, Lot va Uzzoga qasamki, agar uni bir dirhamga olaman deganingda ham sotib yuborgan bo'lardim, — dedi.
Uning so'zlarida umidsizlik alamiyu ko'ngil sovish achchig'i bor edi. Abu Bakr javob berishni ma'qul ko'rmadi. Ayni choqda xojaning kinoyali so'zlarida birodar bo'lib qolgan bu aziz insonning izzat-nafsiga tegish, tahqirlash ohanglari ham bor edi. Shu bois Umayyaga javoban:
— Allohga qasamki, uni yuz dirhamga sotganingda ham, to'lardim, — dedi.
U birodarining ozodlikka chiqqanini aytish uchun Rasulullohning (s.a.v.) huzurlariga yo'l oldi. Bu voqea katta bayramga aylandi.

* * *

Rasululloh (s.a.v.) va musulmonlar Madinaga hijrat qilib, u yerda qaror topganlaridan keyin Payg'ambar (s.a.v.) namoz uchun azonni mashru' qildilar. Har kuni besh mahal namoz uchun kim azon aytadi? Ufq uzra kimning takbir va tahlillari yangraydi? Bu baxtli inson Bilol bo'ldi! O'n uch yil oldin azob-qiynoqlar tahdid qilgani va vujudini kuydirgani holda "Allohu Ahad... Ahad..." deya takrorlagan Bilol!
Rasulullohning (s.a.v.) Islom ilk muazzinini tanlashdagi ixtiyorlari Bilolda to'xtadi. U qalblarni imonga, quloqlarni dahshatga to'ldirgan kuchli, o'tkir va g'amgin ovozi bilan nido qilardi:
Allohu akbar, Allohu akbar!
Allohu akbar, Allohu akbar!
Ashhadu an la ilaha illalloh!
Ashhadu an la ilaha illalloh!
Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh!
Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh!
Hayya 'alas-solat, hayya 'alas-solat!
Hayya 'alal-falah, hayya 'alal-falah!
Allohu akbar, Allohu akbar,
La ilaha illalloh!

* * *

Musulmonlar bilan Quraysh qo'shini o'rtasida ayovsiz jang boshlandi. Harb shiddatli, shaf- qatsiz va vahshiyona davom etardi. Musulmonlar birinchi bor kirishgan urush — Badr g'azotida, Payg'ambar (s.a.v.) shiori "Ahad... Ahad" bo'lishini buyurgan ma'rakada Bilol ot o'ynatib jang qilardi. Mana shu g'azotda Quraysh eng qadrli odamlarini jangga tashlagan, qavmning barcha ashroflari urush maydoniga chiqqan edi.
Bilolga xoja bo'lgan, uni vahshiylarcha azoblagan Umayya ibn Xalaf bu urushda qatnashmoqchi emasdi. Agar do'sti Uqba ibn Abu Muoyt uning qo'rqoqligi haqidagi gap-so'zlarni eshitib, qo'lida bir necha tosh ko'tarib kelmaganida, bu fikrida qat'iy turgan bo'lardi. Uqba uning oldiga kelganida Umayya qavmi bilan o'tirardi. Uqba qo'lidagi toshlarni uning oldiga tashlab:
— "Ey Abu Ali, mana bu toshlar bilan ketingni artib ol, sen ham ojiza ekansan!" — dedi. Umayya esa unga:
— Tangri seni va keltirgan narsangni ezgulikdan yiroq qilsin", — dedi. So'ng urushga chiqishdan boshqa iloji qolmay jangchilar safiga qo'shildi.
Qadarning qandayin sir-asrorlari bor-a! Uqba ibn Abu Muoyt do'sti Umayyani Bilol va u kabi ojiz musulmonlarni azoblashga eng ko'p gijgijlagan kishi edi. Bugun esa, halokati kutib turgan Badr g'azotiga chiqishga ham Uqbaning o'zi undayapti. Uqbaning o'zi ham Badrda o'lim topishiga nima deysiz? Agar do'sti kinoyali ta'na-malomatlar qilmaganida Umayya bu harbda qatnashishdan o'zini tiyganlar qatorida bo'lardi.
Lekin Alloh amrini oxiriga yetkazuvchidir. Umayyani urushga chiqardi. Axir, u bilan Alloh bandalaridan birining eski hisob-kitobi bor. Masalani bir yoqli qilish onlari yaqin edi. Day-yon (hisob-kitob qiluvchi — Alloh) o'lmaydi. Qilmishingga yarasha albatta jazoingni olasan!
Darhaqiqat, qadar berahmlarni masxaralashni o'rniga qo'ygan, mo'minlarni azoblashga tezlagan Uqbaning o'zi Umayyani o'limga ham haydab borgan edi. Yana bu o'lim kimning qo'li bilan amalga oshirildi deng? Bilolning, habashiy Bilolning qo'li bilan! Bir paytlar Umayya osgan zanjirlar ezib tashlagan, xojaning kaltak-azoblari og'ritgan qo'llar bilan! Ana shu qo'llar endi Badr g'azotida, qadar vaqtini qo-yillatib belgilagan fursatda mo'minlarni shaf-qatsizlarcha va qahr-g'azab bilan xorlagan Quraysh jallodi bilan uchrashib turardi!
Ikki guruh o'rtasida jang qizib turgan paytda musulmonlar tarafidagi ma'rakaning bir tomoni: "Ahad!.. Ahad!.." shiori bilan chayqalardi. Umayyaning yuragi qinidan chiqib ketay derdi. Kechagina bir qul qiynoq va tahdid ostida takrorlagan ushbu so'z bugun butun bir dinning, yangi bir ummatning shioriga aylanib ulgurgan edi!
Shunchalik shiddat, shuncha katta tezlik bilan-a?! Musulmon jangchilar guruhi Umayya bilan uning quraysh tomonida jang qilayotgan o'g'lini o'rab olishdi. Ularni hech kim, hech narsa, hatto olomon maydalab tashlagan sovutlari ham himoya qilolmadi.
Bilol Umayyaning qilichlar tig'i ostida yiqilgan jasadiga uzoq tikilib turdi. So'ng shitob bilan undan yuz burib, bor ovozi bilan:
— "Ahad!.. Ahad!..", — deya hayqirdi...

* * *

Oylar, yillar o'tdi...
Makka fath bo'ldi...
Rasululloh (s.a.v.) o'nminglarcha musulmonlar bilan shukr qilgan va takbir aytgan holda shaharga kirib keldilar. Lashkarga bosh bo'lib Ka'ba sari yurdilar. Bu muqaddas makonni quraysh mushriklari yil kunlarining adadicha but-sanamlarga to'ldirib tashlagan edi.
Haq keldi. Botil ketdi.
Shu kundan boshlab Uzzo ham, Lot ham, Hubal ham yo'q. Bugundan keyin inson boshini tosh va butlarga egmaydi. Odamlar endi butun vujudlari bilan Vohidul-Ahad, Kabirul-Mutaal, o'xshashi, tengi yo'q zot — Allohgagina ibodat qilishadi!
Rasululloh (s.a.v.) yonlariga Bilolni olib Ka'baga kirdilar. Kiraverishdayoq cho'plar bilan fol ko'rayotgan Ibrohim, alayhissalom, timsolidagi haykalga yo'liqishdi. Rasululloh (s.a.v.) g'azablanib shunday dedilar:
"Alloh ularni yakson etsin! Shayximiz cho'plar bilan fol ko'rmas edilar... Ibrohim (alayhissalom) yahudiy ham, nasroniy ham bo'lmaganlar, balki hanif musulmonlardan edilar. Va mushriklardan ham emasdilar!
So'ng Bilolga masjid ustiga chiqib, azon aytmoqni buyurdilar. Bilol azon aytdilar. Zamon, makon va munosabat qandayin go'zal! Makkadagi hayot harakatdan to'xtadi. Minglarcha musulmon sokin nasim kabi Bilol ortidan azon kalimalarini xushu' bilan pichirlagancha takrorlab turdi.
Mushriklar uylarida turib, sira ishonolmayotgan edilar: "Kechagina bu diyordan quvilgan Muhammad va uning kambag'al do'stlarimi shular? U bilan o'nminglab musulmonlarning birga kelishgani ham haqiqatmi? Bizlar quvib solgan, qarshi urushgan, eng suyumli va yaqin kishilarini o'ldirgan odamlar nahotki shular bo'lsa?! Erkimiz qo'lida bo'lib qolganida esa: "Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!" deya olgan kishi ham shu — Muhammad ekani haqiqatmi?"
Quraysh ulug'laridan uch kishi Ka'ba hovlisida o'tirardi. Bilolning oyoqlari bilan sanamlarni toptashi va azon aytib, bahorning muattar bo'yi kabi ovozini Makka ufqlariga baralla qo'yib yuborishi ularni yondirardi.

* * *

Bilol juda ko'p voqea-hodisalarga guvoh bo'lib yashadi. Namozga azon aytib, o'zini zulmatdan nurga, qullikdan hurlikka chiqargan buyuk dinning marosimlarini ado etib, himoya qilib, Allohning Rasuli (s.a.v.) bilan birga yashadi.
Islomning sha'ni yuksaldi. U bilan birga musulmonlarning ham mavqe-martabalari ko'tarildi. Har bir o'tgan kun Bilolning Rasululloh (s.a.v.) qalblariga yaqinligini shu qadar ziyodalashtirdiki, uni "jannat ahlidan bo'lgan kishi" deb tavsifladilar. Lekin Bilol odatdagiday kamtar, sertavoze' holida qoldi. U o'zini "kechagina qul bo'lgan kishi" deb hisoblardi.
Bir kuni o'zi va inisiga sovchi bo'lib ikki ayolnikiga bordi va ularning otasiga shunday dedi:
— Men Bilolman, bu esa inim, habashlik bo'lgan ikki qulmiz. Zalolatda edik, Alloh hidoyat qildi. Qullar edik, Alloh ozod qildi. Agar qizlaringizni bersangiz, Allohga hamdlar bo'lsin! Agar xohlamasangiz, Alloh ulug'dir!..

* * *

Rasululloh (s.a.v.) rozi holda va rozi bo'lingan holatda Rafiqul A'loga rihlat qildilar. Keyin musulmonlarning ishiga Abu Bakr Siddiq bosh bo'ldi.
Bilol Rasulullohning (s.a.v.) xalifalari huzuriga borib:
— Ey Rasulning xalifasi, men Rasulullohning: "Mo'min amalining afzali Alloh yo'lidagi jihoddir", deganlarini eshitganman», dedi. Abu Bakr:
— Nima xohlaysan, ey Bilol? — deb so'radi. Bilol:
— To o'lgunimcha Alloh yo'liga aloqadorlikni istayman — deb javob qildi. Abu Bakr Siddiq so'radi:
— Unda bizga azonni kim aytadi?
Bilol ko'zlari jiqqa yoshga to'lib, javob qildi:
— Men Rasulullohdan keyin hech kimga azon aytmayman!
Abu Bakr:
— Qolib, bizga azon aytib turgin, ey Bilol, — deya iltimos qildi. Shunda Bilol aytdi:
— Agar meni o'z nafsing uchun ozod qilgan bo'lsang, sen istagandek bo'laqolsin. Agar Alloh uchun ozod etgan bo'lsang, unda men va Uning uchun ozod qilingan Zot o'rtasidagi ishga aralashma!
Abu Bakr Siddiq (r.a.) javob qildi:
— Seni Alloh uchun ozod qilganman, ey Bilol!
Bilol qolgan umrini Islom chegaralarida o'rnashib o'tkazdi. Alloh va Rasuliga yo'liqquniga qadar Alloh va Payg'ambarimiz yaxshi ko'radigan amallarda g'ayrat ko'rsatdi.
Uning kuchli, o'tkir va g'amnok ovozi azon aytib boshqa yangramadi. Sababi shuki, u azon aytarkan: "Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh" jumlasiga kelganida xotiralardan qiynalib, ovozi bo'g'ilib qolar, kalima va iboralarga qo'shilib ko'zlaridan yosh jalasi quyilaverar edi.
Bilol so'nggi marta Hazrati Umar (r.a.) Shomni ziyorat qilgan kunlari azon aytdi. Musulmonlar Bilolni bir martagina namozlariga azon aytib berishiga ko'ndirish uchun mo'minlar amirini vasila qilishdi. Hazrati Umar Bilolni yoniga chorladi. Namoz vaqti kirganida undan azon aytib berishini iltimos qildi.
Bilol mezanaga ko'tarildi va azon aytdi... U azon aytar ekan, Rasulullohni (s.a.v.) ko'rgan sahobalar yig'lab yuborishdi. Yig'laganlarida ham oldin hech qachon ko'rilmaganidek qattiq ko'zyosh to'kishdi. Eng qattiq yig'lagan Hazrati Umar bo'ldi...

* * *

Hazrati Bilol xohlaganidek, o'zini Alloh yo'liga bag'ishlab, Shomda vafot etdi. Bugun Damashq zaminida aqida va imon tarafida sabr va jasorat bilan turib berishda bashar erlarining eng ulug'laridan bo'lgan kishining jasadi yotibdi...

Arabchadan Mubashshir Ahmad tarjimasi | "Hidoyat" jurnalining 2004-yil, 5-sonidan

Jazirama issiq kunlardan biri. Tirik jon borki, Allohdan panoh tilab, soya-salqinga qochgisi kelib turgan palla. Zamin issiqligidan qaynaydi go‘yo. Arabiston qumliklarida olov uchqunlari yaltirab turadi. Inson u yoqda tursin, qurt-qumursqayu qushlargacha in-iniga kirib ketgan.

Jahannam o‘tidek yonib turgan shu qumlikda bir qul yigit qo‘l-oyog‘i zanjirlangan holda, qaynoq qumga chalqancha yotqizib qo‘yilgan edi. ko‘kragida ikkita yirik-yirik tosh. Zolim xo‘jayini, qo‘lida qamchi tutib boshida turibdi. Vaziyatdan zulmning miqyosini hamda qulning aziyatini tasavvur qilish qiyin emas. Og‘ir-og‘ir toshlar tanasini bosib turganidan qulning terilari shilinib-kuyib ketgan. Og‘ir zanjir esa, biron-bir harakat qilishga yo‘l bermas, o‘lganning ustiga tepgandek, goh-goh qamchi yeb qolar edi.

Lekin u bu azoblarga qaramasdan – sabr-toqatiga va irodasiga tasannolar bo‘lsinki –  hech qanday dod-faryod qilmas, tilida faqat bir so‘zni takrorlar edi: “Ahad, Ahad”, ya’ni, “Alloh birdir, Alloh birdir”, der edi, xolos. Zolim xo‘jayin har gal bu so‘zni eshitganida battar quturib ketardi. Chunki u butlarga sig‘inardi. Zotan, qanday ham bardosh qilsin, quli uning hamma butlarini inkor etib, yagona Allohga imon keltirgan bo‘lsa?!

Darhaqiqat, bu irodali qul kufrdan va shirkdan bezor bo‘lgan edi. u Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning da’vatlarini eshitgan vaqtda u zotga imon keltirdi. Chin dili bilan yolg‘iz Allohga ibodat qila boshladi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga ergashdi. Bu g‘ayratli, jasoratli yigit o‘zining Parvardigoriga bo‘lgan imonini yashirib o‘tirmadi., xo‘jayiniga ochiq-oydin aytdi. Mushrik xo‘jayinning jazavasi ham ayni shu boisdan edi. qulni dindan qaytarish uchun to‘xtovsiz iskanjaga olar, Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan aloqani uzishga majbur etmoqchi bo‘lar edi. Ammo quli unga taslim bo‘lmadi. U shunday e’tiqod qilar ediki, dunyoning besh kunlik azob-uqubati hech qanday ahamiyatga ega emas. Haqiqiy hayot oxiratda davom etadi. U islomni qabul qilgan kundan boshlab, xo‘jayini uni har kuni azoblar, dindan qaytarish uchun vahshiyona usullarni qo‘llar edi. Biroq bu mo‘min qul uning vahshiyona, razilona harakatlariga javoban to‘xtamasdan “Alloh bir, Alloh bir”, degan so‘zni qaytarar edi.

Ana shunday azob-uqubatlar bo‘layotgan kunlarning birida Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu bu yerdan o‘tib qoldi. Qulning sabru matonatini ko‘rib, dilida tasannolar aytdi. Islomning birinchi darajali dushmani bo‘lgan zolim mushrikdan qulni sotib olib, uning jabru sitamlaridan ozod qildi. Tog‘dek kuch-quvvatga va undan ham katta irodaga ega bo‘lgan bu qul kim edi?

Albatta, u – Hazrati Bilol roziyallohu anhu edi!

Hazrati Bilol roziyallohu anhu ozodlikka chiqishi bilan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning xizmatlariga hozir bo‘ldi hamda qolgan hayotini Islom uchun baxshida qildi. U kishi asli habash qavmidan bo‘lib, Makkaga yaqin bir joyda tug‘ilgan, tug‘ilishidan qul edi. Xo‘jayini ismi Umayya ibn Xalaf Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga va Islomga ashaddiy dushman edi.

Bilol roziyallohu anhu Islomni birinchilardan qabul qildi, balog‘atga yetgan kishilar orasida Hazrati Abu Bakrdan keyin imon keltirgan ikkinchi odam bo‘ldi.

Islomning dastlabki pallalarida musulmonlarning holati juda og‘ir, Makka mushriklari Islomga kirganlarni nihoyatda og‘ir qiyin-qistovlarga olar edi. Hammasidan ham Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga yetkazilayotgan aziyatlar o‘tib tushardi. Islomni qabul qilish o‘ziga musibat va zulm keltirishdan boshqa narsa emas edi. Xususan, Biloldek qullar misli ko‘rilmagan azob-uqubatlarga solinar edi. U davrlarda xo‘jayinlar qullar ustidan to‘liq haq-huquqli bo‘lganidan, ko‘ngillari tusagan ishni qilishardi. Hech kim ularga e’tiroz qilmasdi. Hazrati Bilol ham bu holdan xabardor edi. Ammo uning qalbida Payg‘ambarning sollallohu alayhi vasallamga muhabbat hamda Islomning buyukligi o‘rnashib qolgani uchun bu sinovlardan qo‘rqmadi. Imonida mustahkam turdi, insoniyatga misli ko‘rilmagan darajada namuna qoldirdi.

Hazrati Bilol roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam xizmatlarini qilishni o‘zi uchun baxt va ibodat deb bildi. Bora-bora u shu darajada ishonch qozondiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam to dunyodan ketgunlariga qadar uni o‘zlariga omborchi qildilar.

Hijratning birinchi yillarida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam namozxonlarni bir joyga jam qilish uchun azon aytishni hazrati Bilolga yukladilar. Shu bois u kishini ko‘plar “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muazzini” deb ulug‘lashardi. Bilol roziyallohu anhu ba’zi sabablarga ko‘ra, “ashhadu”ni “ashadu” deb aytar edi. Lekin uning dinga bo‘lgan mehru muhabbati, ixlosi hamda fidokorlik tuyg‘usi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga xush kelar edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dunyodan ko‘z yumgunlariga  qadar Madina va atrofidagi osmonlarda Bilolning roziyallohu anhuning ovozi jaranglab turdi. Makka fath qilinganda u yerdagi ilk azonni Hazrati Bilol aytdi.Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning amrlari bilan Ka’ba tomiga chiqib, aytilingan bu azon shundan dalolat berdiki, o‘sha kundan e’tiboran bu uy faqat Allohga ibodat qilinadigan maxsus joyga aylangani hamda butun Arab yarim orollarida Islom dini g‘alaba qozonganidan dalolat berdi. Bunday sharafli vazifa Bilol roziyallohu anhuga nasib qildi.

Islom insoniyat dunyosiga tenglik-barobarlik huquqini olib keldi. Masalan, Bilol roziyallohu anhu asli habash qabilasidan, qora tanli va tug‘ilishidan qul edi. U davrda arablarning hamma qabilasi, xususan, Quraysh qabilasi eng oliy nasabli qabilalardan hisoblanardi. Arabdan boshqa xalqlarga past nazar bilan qarab, odam o‘rnida ko‘rishmasdi hatto. Lekin Bilolga roziyallohu anhuga shunday ulug‘ maqom berildiki, Qurayshning eng ulug‘ kattakonlariga ham bu maqom nasib bo‘lmagan. Hazrati Bilolni qul deb emas, balki bizning ulug‘imiz, deb chaqirar edilar. Chunki Islom insonning nasl-nasabiga, rangi-ro‘yiga va vataniga qarab baho bermaydi, balki uning taqvosiga qaraydi.

Hazrati Bilol hamisha Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘ldi. Barcha g‘azotlarda Payg‘ambarni sollallohu alayhi vasallamni himoya qilib turdi. Shu boisdan ham bo‘lsa kerak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyodan ko‘z yumganlarida Hazrati Bilol roziyallohu anhu g‘amga botib, ruhan nochor ahvolga tushib qoldi. Azon aytishni ham tark etdi. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ajralganlik tuyg‘usi uning qalbini titratardi. Muayyan muddat bu g‘am-qayg‘uni boshidan o‘tkazgandan keyin Islom lashkarlari bilan Shom tomonga yo‘l olib, jihodga hissa qo‘shdi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam vafotidan so‘ng Hazrati Bilol roziyallohu anhu ikki marta azon aytdi.

Birinchisi, Hazrati Umar roziyallohu anhu xalifalik davrida Baytul Muqaddasga kelganida Biloldan azon aytishni iltimos qildi. Hazrati Bilol uzr aytib turib oldi. Lekin Umar roziyallohu anhu ko‘p iltimos qilganidan so‘ng, noiloj azon aytishga turdi. Bilolning roziyallohu anhu aytgan azonidan yeru ko‘k larzaga keldi. Uning og‘zidan chiqqan har bir so‘z eshituvchilar qalbini go‘yoki sehrlab qo‘yganday, behush holatga keltirar edi. O‘z vaqtida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurida bo‘lgan sahobalar u azonni eshitib, xuddi avvalgi davrga qaytib kelganday his qilishdi o‘zlarini. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ayrilganlik his-tuyg‘usi qaytadan tiklanib, yig‘lamagan odam qolmadi. Hazrati Umar roziyallohu anhu tog‘dek irodali odam edi, u kishi ham beixtiyor o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.

Ikkinchisi: Hazrati Bilol roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qabrlarini ziyorat qilish uchun Shomdan Madinaga kelganida kishilar undan Payg‘ambar alayhissalom masjidida azon aytib berishni iltimos qilishdi. Hazrati Bilol rad etdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sevimli nabiralari bo‘lmish Imom Hasan va Imom Husayn iltimos qilganidan so‘ng ularning iltimosini rad etishga jur’at etolmasdan yana azon aytdi. Masjidi nabaviyda Hazrati Bilolning roziyallohu anhu ovozi jaranglaganida Madinaning musaffo osmonida qayg‘u-alam uchqunlari keng yoyilib ketdi. Ovozining ta’sir kuchi shunchalik yuqori ediki, eshitgan kishi beixtiyor masjid tomon yo‘l olardi. Madinaga payg‘ambarlik zamonasi qaytib kelganday tuyulardi.

Hazrati Bilol roziyallohu anhuning hayoti nihoyatda muborak edi, har bir lahzasi Alloh va Rasulining muhabbati va itoatida kechdi hamda dini Islomning rivoji uchun sarflandi. Bunday bir ixlos va jonkuyarlik uni shunday ulug‘ maqomga yetkazdiki, u maqomga dunyoning manaman degan podsholari ham yetolmagan, yetolmaydi ham.

Hazrati Bilol buyuk bir mujda bilan sharaflangan zotdir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Me’rojga chiqqanlarida jannatda uning qadam tovushini eshitganlar. So‘ngra undan: “Ey Bilol, sen qanday amal qilasanki, qadaming tovushini men jannatda eshitdim”, deb so‘raganlarida, Bilol roziyallohu anhu: “Men tahoratsiz yurmayman, tahorat olgan zahotim darhol ikki rakat namoz o‘qib olaman”, deb javob bergan.

Muslim.uz

 

BILOL, to‘liq ismi Abu Abdullo Bilol ibn Raboh al-Habashiy (? - 641) - islom tarixvdagi birinchi muazzin. Baland, shirali, ta'sirli ovozga ega bo‘lgan. Asli habashistonlik, Makkada islomni birinchilardan bo‘lib qabul qilgan qullardan.

Xojasi Umayya ibn Halaf islomdan voz kechishni talab etib, Bilolga toqat qilib bo‘lmas azoblarni bergan. Abu Bakr Siddiq (ra) Bilolni Umayyadan sotib olib, ozodlikka chiqargan.

Payg‘ambar (sav) bilan Madinaga hijrat qilgan. 622 yil Madinada ommaviy azon aytish joriy etilganda u birinchi bo‘lib baland ovozi bilan musulmonlarni namozga chorlagan va bir necha yil davomida Muhammad (sav)ga muazzinlik qilgan.

Payg‘ambar (sav) vafotidan so‘ng Shomda yashagan va hazrat Husayn iltimosiga ko‘ra Madinaga kelganida bir bor bomdrd namozi azonini aytgan, degan rivoyat bor. Qabri Damashq shahrida.

Islom ensiklopediyasidan


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.