background
logotype
image1 image2 image3

Baraka binti Sa’laba


Ummu Ayman (roziyallohu anho) asli habashistonlik bo‘lib, Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) otalari Abdullohning xizmatchisi edi. Asli ismi Baraka binti Sa’laba, oldin Xazraj qabilasidan Ubayd ibn Zayd nikohida bo‘lgan. Ayman ismli o‘g‘li bois uni “Ummu Ayman” deb chaqirishardi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) dunyoga kelganlarida, birinchi bo‘lib quchog‘iga olgan mehribon ayol Ummu Ayman (roziyallohu anho) edi. U muborak chaqaloqni o‘zgacha mehr bilan parvarish qilgan. Halima onamiz yosh Muhammadni onalariga qaytarib berganidan keyin Ummu Ayman u zotga ham xizmatchilik, ham enagalik qildi.

O‘sha yillari hazrat Omina Yasribga borib, eri Abdullohning qabrini va u yerdagi qarindosh-urug‘larini ziyorat qilmoqchi bo‘ldi. O‘g‘li Muhammad bilan xizmatchisi Ummu Aymanni olib yo‘lga chiqdi va bir oycha Yasribda turib qoladi.

Ummu Ayman bunday rivoyat qiladi: «Bir kuni yahudiy olimlaridan ikki kishi yonimga kelib: “Ahmadni oldimizga olib kelgin, bir ko‘raylik”, deyishdi. Men Ahmadni chaqirdim, unga diqqat bilan nazar solib, qarab chiqishgandan so‘ng ulardan biri: “Bu bola kutilayotgan oxirzamon payg‘ambari bo‘lishi mumkin, u keyinchalik bu shaharga hijrat qilib keladi. Olamshumul hodisalar yuz beradi», dedi. Shu voqeadin ke-yin Ummu Ayman boshiga bir xafalik tushmasin, degan tashvishda bu sevimli bolaning yonidan hargiz ayrilmadi.

Qaytish vaqti kelganida uchovlari Makka tomon yo‘lga chiqishdi. Abvo qishlog‘iga yetganlarida hazrat Omina og‘rib qoldi. Shu yerda bir necha kun dam olib, sog‘ayganidan ke-yin yo‘lga chiqmoqchi bo‘lishdi. Lekin hazrat Ominaning kasali kundan kun og‘irlashdi. Ummu Ayman bir tarafdan Ominaga xizmat qilsa, yana bir tarafdan yosh Muhammadga (alayhissalom) qarar, undan ko‘zini uzmas edi. Ikki dunyo­ quyoshi – bo‘lajak Payg‘ambarimiz onasining qiynalayotganini ko‘rib, unsiz yig‘lardilar.

Omina ham dard og‘rig‘ini unutib: “Bolam yetim qoladigan bo‘ldi”, der, sevimli o‘g‘lini o‘ylardi. Dardi yomonlashib, kasali kuchayaverdi. Nihoyat ona: “O‘g‘lim! Har bir jon o‘ladi, har bir yangi narsa eskiradi, har bir gul qurib to‘ziydi, mening ham umrim tugab boryapti”, dedi va o‘g‘lini eng oldin Allohga, so‘ng Ummu Aymanga omonat qilib, foniy dunyodan ko‘z yumdi.

Hazrat Omina dafn qilinganidan so‘ng Ummu Ayman bo‘lajak payg‘ambarni bir tuyaga o‘tqizib, o‘zi boshqa tuyaga minib, cho‘l-sahrolar, tog‘-toshlardan o‘tib, mashaqqat bilan Makkaga yetib keldi, Quraysh ulug‘i Abdulmuttalibning uyiga tushdi.

Ummu Ayman jonidan ham ko‘proq yaxshi ko‘radigan Muhammad (alayhissalom) ulg‘ayib, oilali bo‘lgunlaricha onalaridek mehribonlik, fidokorlik ko‘rsatdi. U zot ham enagalarini hargiz unutmay, har doim yo‘qlab, xabar olib turdilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) uni «ikkinchi onam» deb alohida hurmat qilar, jannat ahlidan ekani xabarini bergan edilar.

Ummu Aymanning (roziyallohu anho) eri vafot etib, tul qoldi. Janobi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir kuni sahobalar bilan o‘tirgan­larida: «Jannat ahlidan bo‘lgan ayol bilan oila qurishni xohlagan kishi Ummu Aymanni nikohiga olsin», dedilar. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) bu taklifini asrab olgan o‘g‘illari Zayd ibn Horisa qabul qildi. Payg‘ambar (alayhissalom) Ummu Aymanni sahoba Zaydga nikohlab berdilar. Ikkovlaridan Islomning eng yosh qo‘mondoni, ulug‘ sahobiy Usoma ibn Zayd­ (roziyallohu anhu) dunyoga keldi.

Ummu Ayman (roziyallohu anho) Alloh taologa tavakkal qiladigan, sabrli inson edi. Eng qiyin vaziyatda ham umidsizlikka tushmas, Alloh taoloning rahmati, madadi kelishiga ishonardi.

Bir kuni Ummu Ayman safarga chiqib, Ravha degan joy yaqinida dam olgani to‘xtadi. Qattiq chanqagan, bir qultum ham suvi qolmagan edi. Shunday holsizlanib turganida, osmondan oq arqonga bog‘langan bir chelak osilib tushganini ko‘rdi. Chelak to‘la muzdek totli suv ekan, qongunicha ichdi. Chanqog‘i bosilib, rohatlandi. Keyinchalik Ummu Ayman bu voqeani bayon qilarkan: «Shu suvdan ichganimdan so‘ng hargiz chanqoq nimaligini his qilmadim», deydi.

Sayyida Ummu Ayman (roziyallohu anho) Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) katta qilgani uchun o‘z bolasidek ko‘rib, o‘rni kelganida koyib ham qo‘yardi. Lekin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning so‘zini hargiz og‘ir olmaganlar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etganlaridan keyin hazrat Abu Bakr bir kuni hazrat Umarga (roziyallohu anhum): “Ummu Aymanni ziyorat qilib kelaylik, Payg‘ambar (alayhissalom) uni ziyorat qilib turardilar”, dedi. Birlashgach Ummu Ayman ularni ko‘rib, yig‘ladi. Abu Bakr va Umar: “Nega yig‘laysiz, Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) Alloh dargohida bo‘lishlari yaxshiroq emasmi?” deb tasalli bermoqchi bo‘lishdi. Ummu Ayman: “Men Rasulullohning (alayhissalom) Alloh taolo dargohida bo‘lishlari yaxshiligini bilmaganim uchun emas, vahiy tushmay qolgani uchun yig‘layapman”, dedi. Uning bu so‘zi Abu Bakr va Umarni (roziyallohu anhum) ham qattiq hayajonga soldi, ular ham yig‘lashdi.

Alloh taolo Ummu Aymanga (roziyallohu anho) uzoq umr ato qildi. U uch ulug‘ sahobiy boshqargan davrlarni ko‘rdi. Hazrat Usmon (roziyallohu anhu) davri boshlangan yili vafot etdi.

Madina Qosimova | “Hidoyat” jurnalining 2011 yil, 8-sonidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.