background
logotype
image1 image2 image3

As’ad ibn Zurora

As’ad ibn Zurora (r.a.) Rasululloh (s.a.v.) bilan Aqabada bay’atlashgan ilk madinalik sahobalardan. To‘liq ismi Abu Umoma As’ad ibn Zurora ibn Udas bo‘lib, ansoriylar va Hazraj qabilasining yetakchilaridan biridir. Islomning Madinada yoyilishida munosib xizmat ko‘rsatgan As’ad hijratdan biroz vaqt o‘tib, Badr jangidan avvalroq shavvol oyida vafot etdi.

Madinalik arablar yahudiylar bilan yonma-yon yashaganlari bois payg‘ambarlik borasida ozmi-ko‘pmi bilimga ega edilar. Yahudiylar tez orada so‘nggi payg‘ambar kelishi va barcha unga ergashishini aytishar, bu tashrifni intiqlik bilan kutishardi. Binobarin, As’ad ham payg‘ambarni kutib olishga ma’nan va ruhan tayyor edi. Hatto ba’zi manbalarda uning haniflardan ekanligi aytiladi. Xususan, Ibn Sa’dning aytishicha, As’ad Tangri bir ekanligini gapirib, do‘sti Abul Haysam bilan tavhid borasida bahs-munozara qilardi.

As’ad Rasululloh (s.a.v.) bilan ilk marotaba ko‘rishganida nubuvvatning o‘n birinchi yili, haj mavsumi edi. U besh nafar hazrajlik hamrohlari bilan birga Rasululloh (s.a.v)ni Aqabada uchratdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ularning kimligini bilgach, suhbatlashishni istadilar. Madinaliklar u zot (s.a.v.)ga quloq tutishdi. Rasululloh (s.a.v.) dastavval ularga o‘zlarini tanitdilar, so‘ngra Qur’ondan bir-ikki oyat o‘qib berdilar. Zukko madinaliklar bu inson yahudiylar aytgan so‘nggi payg‘ambar ekanligiga ishonch hosil qilib: «Unga ergashishda yahudiylar bizdan ildamlik qilishmasin», dedilar va musulmon bo‘ldilar. Xayrlashayotib bir yildan keyin xuddi shu joyda ko‘rishishga va’dalashdilar.

Madinaga qaytishgach, As’ad dastlab do‘sti Abul Haysamni islomga chaqirdi. Do‘sti ham ortiqcha taraddudsiz musulmon bo‘ldi. Oz muddatda Hazraj va Avs qabilalaridan bir necha kishi islomni qabul qildi.

Va’daga muvofiq bir yildan so‘ng Aqabada Rasululloh (s.a.v.) bilan uchrashuv bo‘ldi. O‘tgan yilgidan farqli o‘laroq, madinalik oltovlonning yonida yana yetmish olti kishi bor edi. Ular Rasululloh (s.a.v.)ga bay’at qilishdi. Ushbu voqea tarixga birinchi Aqaba bay’ati bo‘lib kirdi. Oradan bir yil o‘tib xuddi shu yerda yana Rasululloh (s.a.v.) bilan bo‘lgan uchrashuv ikkinchi Aqaba bay’ati deya nom oldi. Bu gal ham ilk bay’at qilgan odam As’ad ibn Zurora edi. Ayni shu kuni makkaliklarning Madinaga hijrat qilishi kelishib olindi.

Hijratning to‘qqizinchi oyida, Masjidi Nabaviy qurilishida vafot etgan As’ad Baqi’ qabristoniga qo‘yilgan ilk ansoriy sahoba bo‘ldi (ba’zi rivoyatlarda ilk musulmon). Ya’ni, vafotidan so‘ng ham birinchi bo‘lish an’anasini davom ettirdi. U, zotan, Madinada ilk juma namoziga imomlik qilgan inson ham edi. Garchi hijratdan keyin uzoq yashamagan bo‘lsa-da, fidokorlik va ixlos bobida barchaga o‘rnak bo‘larli edi hayoti.

As’ad ibn Zuroradan Kabsha, Habiba va Faria ismli qizlar qolgan.

Alloh u zotdan rozi bo‘lsin!

“Irfon” taqvimining 2009 yil, 2-sonidan olindi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.