background
logotype
image1 image2 image3

Amr ibn Oss

Abu Abdulloh Amr ibn Oss ibn Voil as-Sahmiy roziyallohu anhu ulug‘ sahobalardan bo‘lganlar. Yasribga ko‘chish voqeasidan ellik yil oldin Makkada tug‘ilganlar, Quraysh qabilasidan. Muoviya, Mug‘iyra, Zayd kabi arablarning to‘rt buyuk daholaridan biri edi. Amr Islomga kirmasidan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ashaddiy dushman bo‘lgan. Biroq Handaq g‘azotidan keyin bu kishida keskin o‘zgarish sodir bo‘ldi. Makka fathidan yarim yil avval Xolid ibn Valid, Usmon ibn Talha bilan Madinaga ko‘chib bordilar. Rasuli akram huzurlarida shahodat kalimasini aytib, avvalgi gunohlari avfini so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga bir necha vazifalarni ishonib topshirdilar. Makka fathidan so‘ng O‘rdun hukmdori oldiga elchi qilib jo‘natdilar. U kishi Payg‘ambarimiz vafotlarigacha o‘sha yerda voliy (hokim) bo‘ldilar.  Misr egallangach, unga voliy etib tayinlandilar. Rasuli akramdan 39 ta hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 43 (milodiy 664) yili Misrda vafot etganlar, qabrlari Jabali Muqattamda.

Amrning otasi Oss ibn Voil Sahmiy Quraysh qabilasi ichidagi eng obro‘li Bani Sahm urug‘ining ko‘zga ko‘ringan arboblaridan edi. «Fil hodisasi»dan to‘rt yil o‘tganda uning xotini Nabig‘a binti Xarmala o‘g‘il tug‘di. Unga Amr deb ism qo‘yishdi. Amr Quraysh zodagonlaridan biri farzandi sifatida yaxshi tarbiya topdi. Oss ibn Voil qabilasining yuqori martabali kishilaridan bo‘lishiga qaramay, unda johiliyat jamiyatining turli yomonliklari keragicha bor edi.

Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Payg‘ambar etib yuborganida Oss ibn Voilning barcha razilliklari yuzaga chiqdi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga va Islomga tish-tirnog‘i bilan qarshi turdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘g‘il farzandlari turmaganini ro‘kach qilib, Oss ibn Voil va uning sheriklari musulmonlar rahbariga tuhmat qilishdi, bu bilan Islom obro‘sini to‘kishga urinishdi. «Muhammadning orti kesik, ishini davom ettiradigan o‘g‘il farzandi yo‘q. U vafot etganidan so‘ng hammaning yodidan chiqib ketadi», deyishgacha borishdi. Ana shunda Alloh taolo O‘z habibiga tasalli berib, dushmanlarga raddiya sifatida Kavsar surasini nozil qildi: «Albatta, Biz Sizga Kavsarni ato etdik. Bas, Robbingiz uchun namoz o‘qing va qurbonlik qiling. Albatta, g‘animingizning o‘zining orti kesik».

Islomga ashaddiy dushmanlardan birining o‘g‘li sifatida Amr ham Islomga g‘anim bo‘lib o‘sdi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam Payg‘ambar bo‘lganlarida Amr ibn Oss o‘ttiz olti yoshda edi. U Makka mushriklari zulmidan qochib, Habashistonga borgan musulmonlarni Habashiston poshohiga yomonlab, qaytarib kelish uchun yuborilgan ikki Quraysh elchisining biri bo‘ldi. Amr ibn Oss keyin ham o‘z ishlari bilan tez-tez Habashistonga borib turdi. U har borganida Najoshiy bilan ko‘rishib, suhbat qurar edi. Oxirgi borishida ularning suhbati Muhammad sollallohu alayhi vasallamga borib taqaldi. Shunda Habashiston podshohi Amrdan nega Allohning haq Rasuliga ergashmay yurgani haqida so‘radi. Bunga Amr: «U shunday ergashiladigan kishimi?» degan savol bilan javob berdi. Podshoh:«Ha, Amr, sen unga itoat qil, ergash! Allohga qasam, u haq ustidadir! Albatta, u o‘ziga qarshilik qilganlardan ustun keladi!» dedi.

Bu gaplar Amrga qattiq ta’sir qildi. U shoshib yurtiga jo‘nadi. Alloh taolo Amr qalbiga Islom muhabbatini solib qo‘ygan edi. U to‘g‘ri Madinai munavvaraga yo‘l oldi. Yo‘lda o‘ziga o‘xshash yana bir arab ulug‘i Xolid ibn Validga duch keldi. U ham musulmon bo‘lish uchun Madinaga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga ketayotgan ekan. Ularga Usmon ibn Talha ham qo‘shildi. Uchovining Madinaga kelayotganini eshitgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nihoyatda xursand bo‘ldilar.

Imom Muslim Amr ibn Oss roziyallohu anhuning musulmon bo‘lishi haqida uning o‘zidan quyidagilarni rivoyat qiladi: «Mendan ko‘ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yomon ko‘radigan, agar qo‘limga tushsalar, o‘ldirmay qo‘ymaydigan odam bo‘lmasa kerak, deb o‘ylardim.  Alloh taolo qalbimga Islomni solib qo‘yganida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oldilariga borib: «Qo‘lingizni bering,  ahd-paymon qilay», dedim. U Zot qo‘llarini uzatdilar, shunda qo‘limni tortib oldim. U Zot: «Senga nima bo‘ldi, ey Amr?!» dedilar. «Shart qo‘ymoqchi bo‘ldim», dedim. «Nimani shart qo‘yasan?» dedilar. «Mag‘firat qilinishimni», dedim. «Islom o‘zidan oldingi narsani yuvib yuborishini, ko‘chish o‘zidan oldingi narsani yuvib yuborishini va haj o‘zidan oldingi narsani yuvib yuborishini bilmasmiding?»dedilar. Shu soatdan boshlab menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sevimliroq odam bo‘lmay qoldi. Men uchun u Zotdan ulug‘roq biror odam yo‘q edi. U Zotni shunchalar ulug‘laganimdan yuzlariga tik qarashga botinmas, shuning uchun ta’riflarini qilib bera olmas edim». Amr ibn Ossning musulmon bo‘lishi sakkizinchi hijriy sanada, Hudaybiya sulhidan keyin, yana ham aniqrog‘i, Haybar voqeasidan so‘ng bo‘ldi.

Amr ibn Oss roziyallohu anhu Islomga kirganidan boshlab doimo Payg‘ambar sollalohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lishga harakat qilardi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Makkani fath qilishga otlanganlarida Amr ibn Oss ham u Zot bilan birga edi. Olamlar Sarvari Baytullohdagi mashhur butlardan Suvo’ni buzishni unga topshirdilar. U buni qoyillatib bajardi. Amr ibn Oss Payg‘ambar alayhissalom huzurlarida borgan sari yuqori martabaga ko‘tarila bordi. Rasuli akram Ummon podshohini Islomga targ‘ib qilib, maktub yubormoqchi bo‘lganlarida bu o‘ta muhim vazifani ham aynan Amr ibn Ossga ishonib topshirdilar. Ummonga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam elchisi bo‘lib kelgan Amr ibn Oss u Zotning Ummon diyoridagi  voliylari (hokim) bo‘lib qoldi. Keyin u Yarmuk jangida, rumliklar mag‘lub bo‘lgan Ajnodayn voqeasida, Misr fathida katta jasorat va tadbirkorlik ko‘rsatdi.

Amr ibn Oss roziyallohu anhu Islomga kech kirgan va musulmon holida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga atigi uch yilcha birga yurgan bo‘lsa ham, u Zotning tahsinlariga sazovor bo‘ldi. Yigirma yil davomida Islomning ashaddiy dushmani bo‘lib yurgan odamning birdaniga Islom fidokoriga aylanishi va oxirzamon Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallamdan maqtovlar eshitishi haqiqatda Islom mo‘‘jizasi edi. Bunga bir necha hadisi shariflar dalildir:

Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan Imom Termiziy rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : «Odamlar musulmon bo‘lishdi, Amr esa mo‘min bo‘ldi», dedilar». Chunki o‘shanda ko‘pchilik Islom ustun kelganidan so‘ng qo‘rqib, noilojlikdan Islomga kirgani holda, Amr ibn Oss butun vujudi bilan haqiqatni anglab yetib, chin qalbdan iymon keltirgan edi. Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan Imom Termiziy rivoyat qilgan boshqa bir hadisda Payg‘ambar alayhissalom: «Albatta, Amr ibn Oss Qurayshning solihlaridandir», deganlar. Ibn Adiy keltirgan rivoyatda Jobir roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Ey Allohim, Amr ibn Ossni mag‘firat qil», deya uch marta ayta turib, «Men uni sadaqa keltirishga chaqirsam, olib kelar edi», deganlarini eshitganman», deydi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Amr ibn Ossni Shom fathiga yuborayotib, uning ulovi yonida yurib borarkan, unga bunday nasihat qilgan edi: «Ey Amr, ichingda ham, tashingda ham Allohdan qo‘rq! U Zotdan hayo qil! Chunki U Zot seni ham, amalingni ham ko‘rib turuvchidir. Men seni sendan ko‘ra peshqadam kishilardan ham, sendan ko‘ra haqliroqlardan ham ustun qo‘yganimni ko‘rib turibsan. Sen oxirat uchun amal qiluvchilardan bo‘l va amaling bilan Alloh roziligini istovchilardan bo‘l. O‘zing bilan birga ketayotganlarga xuddi otadek bo‘l. Odamlarning ichki sirini ochma, ularning tashi bilan kifoyalan. Ishingda jiddiy bo‘l. Agar dushman bilan to‘qnashsang, sobit tur, qo‘rqma. Haddan oshadiganlardan ehtiyot bo‘l va ulardan himoyalan. Sheriklaringga va’z qiladigan bo‘lsang, qisqa qil. Agar o‘zing solih bo‘lsang, odamlaring ham solih bo‘lishadi».

Misr fathi chog‘idagi voqea hozirgacha tarixchilarni va umuman, insonlarni hayratga solib keladi. Amr ibn Oss roziyallohu anhu boshliq lashkarlar Misrga kirib borgach, u Misr xalqiga sulh taklif qilib, quyidagi ahdnomani yozib bergan: «Bismillahir rohmanir rohim! Ushbu Amr ibn Ossning Misr ahli jonlari, mollari, millat (din)lari, cherkovlari, xochlari, quruqliklari va suvlari uchun bergan omonligidir. Ularning mazkur narsalariga biror aralashuv bo‘lmaydi, kamsitilmaydi va ular bilan nubiylar (Nuba vodiyidagi qoratanli qavm) birga yashamaydi .Misr ahli, agar ushbu sulhga binoan jizya (soliq) berishga kelishishsa, daryolari to‘la bo‘lib turganida ellik ming dirham to‘lashadi. O‘g‘rilari qilgan jinoyat ham ular zimmasida bo‘lur. Agar ulardan kimlardir buni qabul qilishdan bosh tortadigan bo‘lsa, jizyadan o‘shalar miqdoricha kamaytiriladi. Kim bosh tortsa, u bizdan soqit bo‘ladi. Agar daryolari suvi ozayadigan bo‘lsa, o‘shaning miqdoricha ulardan (jizya) kamaytiriladi. Rumliklardan va nubiylardan kim ushbu sulhga kirsa, unga ham ushbu imtiyoz va majburiyatlar joriy bo‘lur. Kim sulhdan bosh tortib, boshqa tomonga ketishni iroda qilsa yoki saltanatimizdan chiqmoqchi bo‘lsa, u xavfsiz joyga yetib olgunicha bizning omonligimizdadir. Ularga (misrliklarga) vojib bo‘lgan narsaning uchdan biri o‘shalarga ham vojib bo‘lur. Ushbu yozilganlarga Alloh ahdi va zimmasi, Uning Rasuli zimmasi, mo‘minlar amiri zimmasi va mo‘minlar zimmasi bordir. Yordam berishga rozi bo‘lgan nubiyliklarga jang qilmasliklari, ichki va tashqi tijoratdan man qilinmasliklari sharti ila bir necha bosh ot va chorva mollari beriladi. Bunga Zubayr va uning ikki o‘g‘li Abdulloh va Muhammad guvoh bo‘lishdi. Vurdon yozdi».

Ushbu hujjatdagi jizyani hisoblab chiqqan ulamolar uning miqdori har bir odamga yiliga bir dinorning o‘ndan biricha to‘g‘ri kelganini ta’kidlashadi. Shunda musulmonlar Amrning fustoti, ya’ni chodiri atrofiga o‘z fustotlarini o‘rnata boshlashadi. Shu tariqa hozirgacha nomi saqlanib kelayotgan Qohiraning Fustot tumani paydo bo‘ladi. Amr ibn Oss ko‘p yillar Misr voliyi bo‘lib turdi.

Ibn Abdul Hakam Lays ibn Sa’ddan rivoyat qiladi: «Umar ibn Xattob roziyallohu anhu rahbarligi davrida Madinada qattiq ocharchilik bo‘ldi. Shunda Hazrati Umar Misrdagi Amr ibn Ossga bunday maktub yozdi: «Allohning bandasi, mo‘minlar amiri Umardan Osiy ibn Osiyga. Salom! Ammo ba’d, umrim ila qasam, ey Amr, o‘zing va sen bilan bo‘lganlar to‘q yurishsa-yu, men va men bilan bo‘lganlar halokatga uchrasa ham, ishing yo‘qmi?! Yordam! Yordam!»

Amr ibn Oss unga bunday maktub yozdi: «Allohning bandasi, mo‘minlar amiri Umarga Amr ibn Ossdan. Ammo ba’d, labbayka! Yana labbayka! Sizga bir karvon yubordim. Uning boshi sizning huzuringizda, oxiri mening huzurimda. Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu».

Amr katta karvon yubordi. Uning boshi Madinaga yetib borganida oxiri Misrda edi. Tuyalar bir-biriga ulangan edi. Umar Madinadagi har bir uy ahliga bir tuyani va ustidagi taomini berdi. Voliy Abdurrahmon ibn Afv, Zubayr ibn Avvom va Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhumni karvondagi narsalarni odamlarga taqsimlab berish uchun yuborgandi. Ular har bir xonadonga bir tuyani ustidagi taomi bilan berishdi. Ocharchilikka uchragan madinaliklar ovqatni yeyishdi, tuyalarni so‘yib go‘shtidan foydalanishdi, yog‘ini eritib olishdi, terisini poyabzal qilishdi, hatto taom tugilgan matolarni ham ro‘zg‘orda ishlatishdi. Shunday qilib, Alloh taolo odamlarga kengchilik ato qildi». Shu tariqa Amr ibn Oss roziyallohu anhu Islom tarixida birinchi bo‘lib insonparvarlik yordami uyushtirgan edi. U kishi tashkil qilgan bu mislsiz yordam musulmonlarni katta mashaqqat va tanglikdan qutqargan  edi.

Amr ibn Ossning fazilatlari ko‘p edi. Amr ibn Ossni mashhur qilgan xislatlaridan biri uning serma’no, hikmatli so‘zlarni ko‘p aytganidir. Bunga misol tarzida Muoviya ibn Abu Sufyonning roziyallohu anhuning balog‘at, sabr, saxiylik va shijoat haqidagi savollariga u kishi bergan javoblarni keltirish kifoya: Muoviya Amr ibn Ossga: «Balog‘at nima?» dedi.«Kerakli gapni gapirib keraksizini tark qilish» dedi Amr. «Odamlar ichida sabrlisi kim?» «Hamisha fikran havoi nafsiga qarshi bo‘lgani».«Odamlarning saxiyi kim?»«Dini foydasi uchun dunyosini sarf qilgani». «Odamlarning shijoatlisi kim?».«Jahlini hilmi bilan qaytargani».

Amr ibn Oss o‘g‘li Abdulloh roziyallohu anhuga bunday degan ekan: «Ey o‘g‘lim, odil sulton barakali yomg‘irdan yaxshidir. Jilovlangan sher zolim sultondan yaxshidir. Beshafqat, zolim sulton bardavom fitnadan yaxshidir». Amr ibn Oss yaxshi shoir ham bo‘lgan. Tarix va siyrat kitoblarida u kishining ma’nodor, hikmatli she’rlaridan ko‘plab namuna keltirilgan.

Amr ibn Oss roziyallohu anhu sakson yoshdan oshib, 43 hijriy yili  Ramazon hayiti kuni vafot qildi. Hayit namoziga kelgan jamoat uning janozasida ishtirok etdi. Janozasini o‘g‘li Abdulloh o‘qidi va Muqattam qabristoniga dafn etildi. Alloh taolo Amr ibn Ossdan rozi bo‘lsin!

Ahmad Muhammad | Siyrat.uz


 

AMR ibn al-OSS, to‘liq ismi Amr ibn al-Oss ibn Voil al-Sahmiy al-Qurayshiy; kunyasi Abu Abdullo (571-664) - Misrni fath etgan islom sarkardasi, arablarning qabila boshliqlaridan.

Johiliyat davrida islomga qarshi bo‘lgan. Xudaybiya sulhida islomga kirgan. Rasululloh (sav) uni g‘azotga yuborib, yoniga Abu Bakr Siddiq (ra) va Umar (ra)ni qo‘shganlar.

Keyin Amr ibn al-Ossni Ummonga voliy qilib yuborganlar. Umar (ra)ning xalifalik davrida Shom fath qilingach, Amr ibn al-Oss Falastin, so‘ng Misrga katta lashkarga qo‘mondon bo‘lib borgan. 39 ta hadis rivoyat qilgan.

Islom ensiklopediyasidan


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.