background
logotype
image1 image2 image3

Ali ibn Abu Tolib

Ali ibn Abu Tolib Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning amakilari Abu Tolib xonadonida tavallud topdi. Bu paytda Rasulullohning yoshlari o‘ttiz ikkida edi.
Hazrati Alining otasi Abu Tolib Qurayshning ulug‘ va atoqli shaxslaridan bo‘lib, Nabiy sallallohu alayhi vasallamga Quraysh mushriklari aziyat yetkazganda himoya qilgan, Islomni qabul qilmagan bo‘lsada dinga juda katta foydasi tekkan fozil kishi edi.
Abu Tolib jiyani Nabiy alayhissalomni eng qiyin va og‘ir vaqtlarda. ahvollari tang bo‘lib qolganda himoya qilardi. Abu Tolib serfarzand kishi edi. Rasuli Akram payg‘ambarlik yuborilmasdan ilgari amakisi Hamza ibn Abdulmuttolib bilan kelishgan holda uning ismi farzandini o‘z qaramog‘iga olishgan edi. Abbos Hamzaning Ali esa Muhammad sallallohu alayhi vasallamning hujralarida ulg‘aya boshladi.
Hazrati Alining ranglari bug‘doy rang, tepakal va faqat boshining orqa qismidagina sochlari bo‘lgan. Soch va soqollari oq tus bo‘lgan. Ko‘zlari qop-qora, yelkalari keng, kaftlari dag‘al, qorindor, to‘lalikka yaqin, o‘rta bo‘yli, tishlari ko‘rinib turadigan va chiroyli yuzli, agar yursa, gavdalarini ko‘tarib yuradigan kishi bo‘lgan. Ota-onasining hamma ishlarida yordam berardi.
Bolalardan birinchi bo‘lib Payg‘ambarimiz (s.a.v.) keltirgan dinni qabul qiladi.
Ali yoshligidan johiliyatning har xil nopok odamlaridan yiroq bo‘lib voyaga yetdi. U islomni qabul qilganida o‘n yoshda edi. Bir kuni otasi Abu Tolib Alini Makka daralaridan birida Muhammad (s.a.v.) bilan birga namoz o‘qiyotganini ko‘rdi va o‘g‘lidan so‘radi:
- Ey o‘g‘ilcham, sen ham amaking keltirgan dinga iymon keltirdingmi?
Ali aytdi:
- Ey ota, men amakim Muhammad (s.a.v.) Allohning payg‘ambari ekaniga iymon keltirdim va tasdiqladim. Hozir ko‘rganingizdek Alloh uchun namoz o‘qib, u kishiga ergashdim.
Abu Tolib dedi:
- U seni yaxshilikka boshlagan bo‘lsa. uni lozim tut. Ali amakisi Muhammadni yaxshi ko‘rar, hurmat qilar va ba’zi ishlarida yordam berardi. Abul Qosim sallal-lohu alayhi vasallam Makkadan chiqib ketadigan hijrat kechasida o‘z joylariga Alini yotqizib ketgan edilar.

* * *
Hazrati Ali Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Makkai Mukarramadan Madinai Munavvaraga qilgan hijratlarini qo‘yidagicha eslaydi:
- Rasululloh Madinaga hijrat qilgach, menga Makkada qolishni tayyinladilar. Chunki men Rasululloh (s.a.v.)ning qurayshliklarga berishi kerak bo‘lgan omonatlarini yetkazishim zarur edi. Quraysh qabilasi Nabiy alayhissalomni "Amin" kunyasi bilan sifatlardi. Men Qubays tog‘iga chiqib uch marta: "Kimning Muhammadga omonati bo‘lsa, kelib olib ketsin, deb e’lon qildim. Omonatlarni ado etib bo‘lganimdan so‘ng Rasululloh alayhissalom orqalaridan yo‘lga chiqdim. U zot qo‘nim topgan Amr ibn Avf uyiga yetib kelib, Gulsum ibn Xidomning xovlisiga joylashdim.
Rasululloh alayhissalom Madinaga kelganlaridan so‘ng masjid qurilishi boshlanib ketdi. Birinchi bo‘lib Nabiy alayhissalom, keyin Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhular navbat bilan g‘isht qo‘yishdi. Musulmonlarning kuch qudrati va ahilligi bilan masjid qisqa muddatlarda qurib bitkazildi. Shundan so‘ng Payg‘ambarimiz (s.a.v.) muhojirlar va ansorlarni bir-birlari bilan birodar bo‘lishga chaqirdilar. Nabiy alayhissalomning o‘zlari Ali ibn Abu Tolib bilan birodarlik rishtasini bog‘ladilar.

* * *
Rasululloh (s.a.v.)ning qizlari Fotima 18 yoshga to‘lganidan so‘ng sovchilar keti uzilmay qoldi.
Abu Bakr va Umar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlarida hurmati baland kishilar bo‘lib, Payg‘ambar alayhissalomga nasab jihatidan yaqin bo‘lishni xohlardi. Bu borada Usmon ibn Affon har ikkovidan o‘tib ketdi. Hazrati Usmon Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning qizlari Ruqiyaga uylanish baxtiga musharraf bo‘ldi. Badr jangidan keyin Ruqiya vafot etgandan so‘ng Nabiy alayhissalom Usmonga ikkinchi qizlari Ummu Gulsumni nikohlab berdilar.
Bir kuni Abu Bakr Nabiy alayhissalomning oldilariga kelib:
- Ey Rasululloh, mening islomda samimiyatim va ibratimni yaxshi bilasiz, men... men... - dedi va tili boshqa so‘zga aylanmay qoldi.
Nabiy alayhissalom nima demoqchi ekanini tushunmasdan aytdilarki:
- Nima bo‘ldi? Siddiq aytdi:
- Fotimaga uylansam degandim.
Abu Bakrning taklifidan Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning yuzlarida norozilik alomatlari ko‘rinib turardi. Hattoki yuzlarini burib oldilar. Shundan so‘ng Abu Bakr Umarning oldiga borib bo‘lgan voqeani aytib berdi:
- Ey Umar, tamom bo‘ldim. Umar so‘radi:
- Nima bo‘ldi?
- Men Rasulullohdan qizlari Fotimani o‘zimga so‘radim. U kishi mendan yuz o‘girdi.
Umar ibn Xattob aytdi:
- Siz qilgan ishni men oxiriga yetkazaman. Siz so‘ragan narsani men ham so‘rayman.
Shundan so‘ng Umar masjidga qarab jo‘nadi. Nabiy sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib: "Ey Rasululloh, mening islomda samimiyatim va ibratimni yaxshi bilasiz, men... men...", dedi-yu uning ham tili boshqa so‘zga aylanmay qoldi.
Muhammad sallallohu alayhi vasallam so‘radilar:
- Nima bo‘ldi? Umar aytdi:
- Fotimaga uylansam degandim
Xotamul anbiyo sallallohu alayhi vasallam undan ham yuzini burdilar.
Umar Abu Bakrning oldiga kelib bo‘lgan voqeani aytib berdi.
- Albatta, u zot Allohning bu xususdagi hukmini kutyapti. Alining oldiga boraylik, biz Rasulullohdan so‘ragan narsani u ham so‘rab ko‘rsin.
Ikkalalari Alining oldiga borishdi. U xurmo shoxlarini butayotgan edi. Hazrati Abu Bakr Siddiq: "Amaking qiziga uylansang, yaxshi bo‘lardi", deb taklifini bildirdi.
Siddiq bilan Foruq uni uylanishga da’vat qildi. U ham Abu Bakr va Umar bilan bo‘lgan voqeani eslab biroz ikkilandi. So‘ngra tavakkal qilib yo‘lga chiqdi. Nabiy sallallohu alayhi vasallamnichg quzurlariga borib o‘tirdi va:
- Ey Rasululloh, islomdagi ibratimni yaxshi bilasiz, men... men...- dedi-yu, uning ham tili boshqa so‘zga aylanmadi.
Nabiy alayhissalom undan so‘radilar:
- Nega kelding, ey Ali?
Ali: "Fotimani menga bering", dedi. Rasululloh alayhissalom Alidan so‘radilar:
- Senda biror narsa bormi? Ali ibn Abu Tolib aytdi:
- Yo‘q.
Xotamul anbiyo (s.a.v.) aytdilar:
- Zirhli qalqoning qaerda? Ali ibn Abu Tolib aytdi:
- O‘zimda.
Nabiy alayhissalom:
- Uni sotgin, - dedilar.
Ali ibn Abu Tolib qalqonini 480 dirhamga sotib, pulini Payg‘ambar alayhissalomning oldilariga keltirib qo‘ydi. U kishi puldan bir qism olib, Hazrati Bilolga berdilar:
- Ey Bilol, bu pulga yaxshi narsalardan keltir. Rasululloh (s.a.v.) Fotimani to‘yga yasantirishni buyurdilar. Bo‘lg‘usi kelin uchun bitta to‘shak, xurmo po‘stlog‘i solinib, teri bilan qoplangan yostiq, tagiga qum to‘shalgan uyni berdilar. So‘ng Aliga aytdilarki:
- Sen uni nikohlab olguncha unga hech narsani aytmagin. Rasululloh (s.a.v.)ning qizlari Fotima Ummu Ayman bilan birga kelganidan so‘ng hazrati Aliga nikohlandi.
Alloh taolo Aliga Rasulullohning nevaralari Hasanni ato etdi. Shundan so‘ng Hazrati Alini Abul Hasan deb chaqiradigan bo‘lishdi. Undan keyin Alloh Husaynni ham hadya qildi.
Hazrati Ali payg‘ambarimiz bilan juda ko‘p safarlarda birga bo‘lgan. Uhud g‘azotida va Xandaq kunida ishtirok etgan. Arab suvoriysi Amr ibn Abdu Vudni o‘ldirgan. Abul Hasan (r.a.) Hudaybiya sulhi imzolangan kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Suhayl ibn Amr o‘rtasidagi bo‘lib o‘tgan kelishuv shartlarini yozib turgan.
Abul Hasan metin irodali, gavdasi baquvvat, shijoatli va nafsi ustidan g‘olib bo‘lgan kishi edi. Hazrati Ali Badr kuni, Uhud va Xandaq janglarida jang qilgan. Agar jangga kirsa ildam qadam tashlab kirar, dushmanlardan qo‘rqmas va dovyurakligiga hamma qoyil qolardi.
Xaybar kunida Sodiqul masduq aytdilar:
- Ertaga ertalab bu bayroqni bir kishiga beraman. U Alloh yo‘lida fath qiladi. U Alloh va Uning rasulini yaxshi ko‘radi. Alloh va Uning rasuli ham uni yaxshi ko‘radi.
Musulmonlar uyquga yotishlaridan avval Rasululloh ertaga bayroqni kimga berar ekanlar, deb uyqulari kelmay yotdilar. Hazrati Abu Bakr Siddiq oladimi? Yoki Umar ibn Xattob oladimi? Bahs - munozara bayroq berilguncha davom etdi.
Odamlar bayroq kimga nasib etar ekan deb Rasulullohning oldilariga kelishdi. Shu yerga hozir bo‘lgan har bir sahobiy bayroqni olishga umid qilar edi. Rasululloh (s.a.v.) bashorat qilgan baxtli kimsa kim ekan? Bayroqni olgan kishi Alloh va Uning rasulini yaxshi ko‘radi. Alloh va Uning rasuli ham uni yaxshi ko‘radi.
Haq so‘zni aytuvchi sallallohu alayhi vasallam so‘radilar:
- Ali ibn Abu Tolib qaerda?
Sahobalar uning ko‘zi og‘rib yotganini aytishdi. Rahmat nabiyi alayhissalom aytdilar:
- Unga odam yuboringlar, kelsin.
Abul Hasan u kishining oldiga kelganida shifo topishi uchun duo qildilar. Allohning izni va Rasululloh (s.a.v.)ning barakotlari bilan Alining ko‘zlari tuzaldi.
Xotamul anbiyo sallallohu alayhi vasallam bayroqni Aliga berdilar. Abul Hasan aytdiki:
- Men ular bilan haq yo‘lga yurmagunlaricha urishaman. Imomul xayr bo‘lgan zot aytdilar:
- Ularning oldiga elchilarni yubor, Islomga da’vat qil. So‘ng ularga vojib bo‘lgan Allohning haqlarini tanit. Allohga qasamki, ulardan birini sen tufayli Alloh hidoyatga boshlasa, sen uchun dunyo va barcha narsalardan yaxshiroqdir.
Xotamul anbiyo sallallohu alayhi vasallam chiqqan g‘azotlarda Hazrati Ali har doim birga bo‘lgan. Faqat Tabuk g‘azotida Payg‘ambarimiz Alini ahliga va musulmonlarga voliy etib ketganlar. Ali roziyallohu anhuda Alloh yo‘lida jang qilishga rag‘bat kuchli ekanini ko‘rgach, Nabiy alayhissalom Aliga taskin-tasalli berib, shunday degan edilar:
- Sen men uchun Musoga Horun qanday bo‘lsa shundaysan.
Faqatgina mendan keyin payg‘ambar kelmaydi.

* * *
Sahobalar va tobe’inlar Abul Hasanni fiqh, fatvo va hukm masalasida yetakchi bo‘lganiga ijmo’ qilishgan.
Avvalgi xalifa Abu Bakr, amirul mo‘minin Umar va uchinchi xalifa Usmon qiyin va mushkul masalalarni hal qilishda Aliga murojat qilishgan. Foruq Ali xususida shunday der edi:
- Ali bizning qozimiz.
Abul Hasansiz biron masalani hal qilishda Allohdan panoh tilardi. Buni Umarning qo‘yidagi so‘zlari ham isbotlaydi:
- Agar Ali bo‘lmasa, Umar halok bo‘lardi.
Qur’on tarjimoni degan sharafga erishgan Abdulloh ibn Abbos aytadi:
- Ilmning o‘ndan to‘qqiz qismi Ali ibn Abu Tolibga berilgan, qolgan bir qismini u boshqalar bilan bo‘lishib olgan.
Bir kishi Abu Hafsaning oldiga kelib so‘radi:
- Ey mo‘minlar amiri, umra qaerdan boshlanadi?
- Alidan so‘ra.
Mo‘minlar onasi Oisha onamiz so‘radi:
- Kim sizlarga Ashuro kuni ro‘za tutish haqida fatvo berdi?
- Ali ibn Abu Tolib, - deyishdi. Avlodlar muallimasi Oisha (r.a.) aytdilar:
- U sunnatni boshqalardan ko‘ra yaxshi biladi. Buyuk sahobiy Abdulloh ibn Mas’ud aytadi:
- Madinada faroizni(meros taqsimlash ilmini) bilguvchirog‘i Ali ibn Abu Tolibdir.
Abul Hasan (r.a.) aytardiki:
- Mendan so‘rayveringlar, .Allohga qasamki, mendan bir narsani so‘rasanglar, uning xabarini beraman. Mendan Allohning kitobi haqida so‘ranglar. Men har bir oyatni qay vaqt - kechasi nozil bo‘lganmi yoki kunduz, vodiy yoki tog‘da nozil bo‘lganmi, hammasini bilaman.

* * *
Amirul mo‘minin Usmon ibn Affon qatl etilgandan so‘ng ko‘pgina katta sahobiylar Ali ibn Abu Tolibga bay’at bera boshladilar. Bu voqea hijratning 35-yili zulhijja oyida sodir bo‘ldi. Katta sahobiylardan Zubayr ibn Avvom va Talha ibn Ubaydullohlar birinchi bo‘lib bay’at berishgan. Keyin aynan shu ikki sahoba bergan bay’atidan voz kechib, mo‘minlar onasi Oisha onamiz bilan Basraga yo‘l oldi. Bu kishilar Hazrati Alini Zunnuraynning qotillarini jazolashni kechiktirayotganidan, xun talab qilmayotganidan noroziligini bildirishdi. Shu tariqa ikkovi atrofida katta jamoa to‘plandi. Amirul mo‘minin Ali ibn Abu Tolib bu ikkovi bilan uchrashishga majbur bo‘ldi. Qancha urinishlarga qaramasdan musulmonlarning ikki jamoasi orasida ixtilof chiqdi. Bu tarixga Jamal voqeasini olib kirdi.
Rasululloh alayhissalomning tarbiyasini olgan Ali g‘alaba qozondi. Bu jangda ummul mo‘minin Oisha onamiz asir olindi. Lekin Abul Hasan ummul mo‘minin hurmatini joyiga qo‘yib, izzat-ehtirom bilan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning shahriga kuzatib qo‘ydi. Ba’zi ulug‘ sahobiy ayollarni erkak kiyimida Oisha (r.a.) bilan qo‘shib yuboradi.

* * *
Muoviya ibn Abu Sufyon qo‘shini zaiflashib borayotganini ko‘rgach, hiyla yo‘liga o‘tdi. U Siffin jangi asnosida askarlariga nayza va qilichlari uchiga Qur’onni ko‘tarib olishni buyurdi. Bu fitna xususida Allohning kitobi bilan hukm chiqarishni taklif qildi.
Faqih Abul Hasan Amr ibn Os va Muoviya o‘ylab chiqargan bu fitnani tushunib yetdi va o‘z qo‘shinini bu fitnadan ogohlantirdi. Lekin vaziyat yumshab iroqliklar unga qarshi chiqdi. Ali ibn Abu Tolib bu hukm chiqarishda bir hiyla-nayrang qo‘llanganini sezib qoldi. Bu ish oxir-oqibatda Ali tarafidan Abu Muso Ash’ariy va Muoviya tarafidan esa Amr ibn Osni hakam bo‘lishiga kelishib olish bilan yakun topgandek bo‘ldi.
Ikki tarafning hakami uchrashdi. Bu ikki hakam bir biridan farq qilardi. Chunki Abu Muso Ash’ariy hiyla va quvlikni bilmaydigan, siyosatdan yiroq kishi bo‘lgan. U bu yerda makr-hiyla ishlatilayotganini sezmadi. Amr ibn Os esa hiyla va nayrangda ustasi farang kishi edi. Uning sohibi Muoviya ibn Abu Sufyon ham undan aslo qolishmasdi.
Amr ibn Os Abu Muso Ash’ariyga tuzoq yasab, uni tushirishga shoshilmadi. Amr ibn Os Abu Muso Ash’ariy bilan uchrashganda har ikkalasi o‘z sohibini xalifalikdan bo‘shatishni va bu ishni musulmonlar jamoasiga qo‘yib, kimni xohlasalar, shuni xalifa qilib saylashlariga ixtiyor berishni taklif qildi. Bu taklif Abu Musoga ma’qul tushib jamoat oldiga chiqdi.
Abu Muso Ash’ariy aldandi va uning taklifini bajardi. U arablar hiylagari Amr ibn Osning ichidagi niyati boshqa ekaniga zarracha gumon qilmagandi.
Shuning uchun Abu Muso bu taklifga rozi bo‘lib minbarga ko‘tarildi va o‘z sohibi Ali ibn Abu Tolibni xalifaliqdan bo‘shatganini e’lon qildi. Bunga odamlar shohid bo‘lishdi. Shundan so‘ng Amr ibn Os minbarga chiqdi va Abu Muso bilan kelishib Ali ibn Abu Tolibni xalifalikdan bo‘shatganini quvvatlab, o‘z sohibi Muoviya ibn Abu Sufyonni esa xalifalikda qolganini e’lon qildi.
Hazrati Ali siyosiy muzokarada yutqazdi. Abul Hasan shundan keyin ham harbiy quvatini tiklashga bir necha marta urinib ko‘rdi. Lekin buning uddasidan chiqolmadi.
Alining xalifalik davri fitna va doimiy urushlar ichida kechdi. Abu Bakr Siddiq va Umarul Foruq boshlagan futuhotlarning bir qismini Usmon ibn Affon roziyallohu anhu dastlabki yillarda davom zttirdi. Fath ishlarini Ali ibn Abu Tolib davrida davom ettirish imkoni bo‘lmadi. U ichki nizo va islohat ishlaridan bo‘shamadi.

* * *
Hazrati Ali siyosiy muzokarada Muoviyaga yutqizgandan keyin, qo‘shini o‘rtasida ixtilof chiqdi. Bir guruh musulmonlar qo‘shindan ajralib chiqib o‘zlarini "Xavo-rijlar" deb e’lon qildi. Ular Basra va Ko‘fa aholisidan iborat bo‘lishgan. Xavorijlar xalifa Ali ibn Abu Tolibni qatl qilishdan boshqa chora topolmadilar va bu ishga Abdurahmon ibn Maljamni yollashdi. Abdurahmon ibn Maljam xavorijlardan bo‘lgan o‘ta mutaassib kishi edi. U masjidda Ali roziyallohu anhuning kelishini poylab berkinib turdi. Ali roziyallohu anhu bomdod namozi uchun masjidga chiqqanida u zotga to‘satdan tashlanib, qo‘lidagi qilichi bilan boshlariga qattiq zarba berib qochdi. Ibn Maljamni tutib bog‘lab qo‘ydilar.
Hazrati Ali keyin odamlarga qarab: "Jonga-jon, qonga-qon, agar o‘lib ketsam, uni ham meni qanday o‘ldirgan bo‘lsa shunday o‘ldirib yuboringlar. Agar tirik qol-sam, unda o‘zim nima qilishni o‘ylab ko‘raman. Ey Bani Abdu Muttolib, amiral mo‘mininni o‘ldirdilar, degan bahona bilan musulmonlarning qonini to‘kmanglar. Meni faqat bir qotil o‘ldirdi, xolos. Ey Hasan, mana shu zarba tufayli ajal yetsa, uni ham xuddi shunday zarba bilan qatl qilinglar. Zero, men Rasul alayhissalomdan: "Qiynab o‘ldirishdan saqlaninglar, qutirgan it bo‘lsa ham", deganlarini eshitganman", dedi.
Amirul mo‘minin Ali ibn Abu Tolib hijratning qirqinchi yili ramazon oyining o‘n to‘qqizinchi kechalaridan birida vafot etdi. Bu paytda u kishi oltmish uch yoshda bo‘lgan. U kishi uch yarim oy kam besh yil xalifalikni boshqardi.

Abdulaziz Shanaviyning "Rasululloh (s.a.v.)ning izdoshlari" kitobidan olindi.

* * *

ALI ibn Abu Tolib (karramallohu vajhahu) (taxminan 600-661.21.1, Ko‘fa) - "xulafoi roshidin" yoxud "choryorlar" deb ataluvchi dastlabki to‘rt xalifaning to‘rtinchisi, Muhammad (sav)ning amakivachchalari va kuyovlari (Fotimaning eri).

Otasi - Abu Tolib ibn Abdulmuttalib, onasi - Fotima binti Asad ibn Hoshim. 9 yoshidan Muhammad (sav)ning tarbiyasida bo‘lgan. Laqabi - Haydar.

Islomda vujudga kelgan shialik harakati bevosita Ali (karramallohu vajhahu) ismi bilan bog‘liqdir. 7-asr o‘rtalarida xalifa Usmon (ra) siyosatidan norozilik ommaviy tus oldi. Muhammad (sav)ning barcha yurishlarida ishtirok etgan, qo‘rqmas va sodiq jangchi, o‘ta taqvodor inson, mohir notiq Ali (karramallohu vajhahu) xalifalikka munosib  nomzod sifatida ko‘pchilikka ma'qul edi.

656 yil iyunida Usmon (ra) o‘ldirildi va Ali (karramallohu vajhahu) xalifa deb e'lon qilindi. Ammo sahobalardan Talha va az-Zubayr hamda Ali (karramallohu vajhahu)ga nisbatan adovatda bo‘lgan payg‘ambar (sav)ning bevasi Oisha (ra) tarafdorlari unga qarshi bosh ko‘tardilar.

Qatl etilgan Usmon (ra)ning qarindoshi Suriya hokimi Muoviya ham Ali (karramallohu vajhahu)ga qarshi urush e'lon qildi. 657 yil Furot daryosi o‘ng qirg‘og‘idagi Siffin degan joyda yuz bergan jangda Ali (karramallohu vajhahu) qo‘li baland kelgan bo‘lsa-da, u raqiblari bilan kelishishga ko‘ndi.

Bundan norozi bo‘lgan Ali (karramallohu vajhahu) askarlaridan 12 ming kishi jang maydonini tark etdilar va xorijiylar deb atalgan diniy-siyosiy oqimni tashkil qildilar. Xorijiylar raqiblariga nisbatan yakka terror usulini qo‘llay boshladilar.

661 yil 19 yanv.da A. (karramallohu vajhahu) Abdurahmon ibn Muljam as-Sorimiy degan shahs tomonidan Kufa masjididan chiqish paytida jarohatlanadi va ikki kundan so‘ng vafot etdi. Jasadi ana shu masjid yaqiniga dafn etilgan, keyinchalik Najaf qasabasiga ko‘chirilgan.

Rasulullohdan 586 ta hadis rivoyat etgan.

Islomda Ali (karramallohu vajhahu) shahsiga munosabat turlichadir. Xorijiylar unga o‘ta salbiy munosabat bildirgan bo‘lsalar, shialar aksincha uni ilohiylashtirib yuborganlar. Ahli sunna Ali (karramallohu vajhahu) shahsiga mo‘tadil va to‘g‘ri baho beradi. Ali (karramallohu vajhahu) tarafdorlari keyinchalik islomdagi shialik (arab. - "shia" - guruh, bu o‘rinda "Ali tarafdorlari" mazmunida) oqimini tashkil etganlar.

Ali (karramallohu vajhahu) shialarning 1-imomi va shia imomlari shajarasini boshlab beruvchi hisoblanadi. Shia yo‘nalishining ba'zi ashaddiy firqalari Ali (karramallohu vajhahu) shahsini ilohiylashtirib, uni Muhammad payg‘ambardan ham yuqori qo‘yadilar.

O'rta Osiyo, xususan, O'zbekistonda bir necha qadamjo va mozorlar Ali (karramallohu vajhahu) nomi bilan bog‘lanib, muqaddaslashtirilgan. Haqiqatda esa Ali (karramallohu vajhahu) O'rta Osiyo va Eronda hech qachon bo‘lmagan.

Islom ensiklopediyasidan


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.