background
logotype
image1 image2 image3

Abu Talha Ansoriy

"Ummu Sulaym” laqabli Rumayso binti Milhonning eri vafot etib, beva qolgani xabari Abu Talha Zayd ibn Sahlan-Najjoriy qulog‘iga yetganida ko‘nglida birnima g‘imirladi. Ummu Sulaym axloq-odobda ibratli, aqlli-zakovatli, qo‘li gul ayollardan edi. Bunday ayol uzoq vaqt beva qolmasligini o‘ylab, Abu Talha unga sovchi qo‘ydi. Talabgorlari ko‘p bo‘lsa ham, negadir ayol uning taklifini rad etmasligiga ishonardi. Chunki Abu Talha Yasrib erkaklarining sarasi, obro‘-martabasi ulug‘, boy-badavlat, buning ustiga, Najjor qabilasining pahlavoni, atoqli mergani edi.

Abu Talha Ummu Sulaym (roziyallohu anho) uyiga yo‘l oldi. Borarkan, ayolning Muhammad ibn Abdullohga (alayhissalom) imon keltirganini eslab qoldi. Bir oz ikkilanib turgach, o‘ziga tasalli berdi: “Nima bo‘pti, axir o‘lgan eri ham ota-bobolari dinida qolgan, Muhammad chaqirig‘idan yuz o‘girgan edi-ku!”

* * *

Abu Talha Ummu Sulaym uyiga kelib, kirishga izn so‘radi. Ostona hatlaboq nima uchun kelganini aytdi. Ayolning javobi esa boshqacha bo‘ldi:

– Ey Abu Talha, yaxshi bilaman, sen so‘zi yerda qol­maydi­­gan odam­san,­ ammo men senga turmushga chiqolmayman. Chunki imonga kel­magansan...

Abu Talha “Bu ayol mendan ham boyroq va obro‘liroq boshqa odam topganga o‘xshaydi, shu bois bahona qilyapti” degan xayolga bordi va:

– Bilishimcha, menga tegishingga to‘siq bo‘layotgan narsa bu emas, – dedi.

Unda nima ekan? – qiziqsinib so‘radi ayol.

– Sariq va oq tosh (ya’ni, tilla va kumush)lar...

Bu so‘zni eshitgan ayol bunday dedi:

– Ogoh bo‘l, ey Abu Talha, Allohga imon keltirsang, aytaman: hech qanday tilla-
kumushsiz senga tegishga roziman.

Bu gapni eshitib, Abu Talha o‘ylanib qoldi. Kavmidagi boylar odatiga ko‘ra qimmatbaho yog‘ochdan yasalgan butini esladi. Aqlli ayol uning ko‘p o‘ylashiga fursat bermay, temirni qizig‘ida bosdi:

– Allohni qo‘yib, sig‘inayotgan narsang yerdan unib chiqqan bir yog‘och ekanini
bilmaysanmi?

– Bilaman, – deb javob berdi Abu Talha.

– Sen daraxtning bir shoxidan iloh yasab, unga sig‘inib yursang-da, boshqa birov qolgan shoxlarini o‘choqqa qalasa...

Abu Talha o‘ylanib qoldi, so‘ng yuzi yorishib ketdi va imon kalimasini qaytardi:

– Ashhadu alla ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh.

So‘ng Abu Talha (roziyallohu anhu) aqlli sahobiya Ummu Sulaymga uylandi. Yasrib ayollari ularning nikohi fazilati haqida ancha vaqtgacha gapirib yurishdi.

* * *

O‘sha kundan boshlab Abu Talha Ansoriy (roziyallohu anhu) Islom dini ravnaqi yo‘lidagi xizmatini ayamadi. U Aqoba kechasida Rasuli akramga (sollallohu alayhi va sallam) sadoqat izhor etgan yetmish kishining biri bo‘ldi. O‘shanda xotini Ummu Sulaym ham yonida edi. Payg‘ambar (alayhissalom) Yasrib musulmonlariga o‘n ikki naqib (boshliq) tayinlaganlarida bu vazifaga Abu Talhani ham munosib ko‘rdilar.

Abu Talha Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga barcha ma’rakalarda ishtirok etdi. Ayniqsa, Uhud kuni u ko‘ksini qalqon qilib, Sarvari koinotni dushman hamlasidan himoya qildi.

* * *

Abu Talha sahobalar o‘rtasida saxiy, olihimmat kishi sifatida ham tanilgan edi. Uning xurmozor va uzumzor bir bog‘i bor edi. Bunday go‘zal, mevasi shirin, zilol suvli bog‘ kam topilar edi. Bir kuni shoxlar orasida sayrayotgan patlari yashil, tumshug‘i qizil, oyoqlari ham rangli bir qush daraxt soyasida namoz o‘qiyotgan Abu Talha e’tiborini tortdi. U shoxdan shoxga o‘tib raqs tushganday sakrab-sakrab sayrardi. Bu manzaraga mahliyo bo‘lgan Abu Talha necha rakat namoz o‘qiganini unutdi, har qancha tirishsa ham eslayolmadi.

Namozni tugatib, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) huzurlariga bordi. Bog‘da xayolini o‘g‘irlagan daraxtlar, sayroqi qush haqida shikoyat qildi va:

– Guvoh bo‘ling, ey Allohning elchisi, shu bog‘imni Alloh yo‘lida sadaqa qildim, – dedi.

* * *

Abu Talha toat-ibodatga g‘ayratli, dinga xizmat qilib charchamaydigan inson edi. Keksayib qolganida ham safarlarga chiqishdan qolmasdi. Sarvari olam (alayhissalom) vafotlaridan o‘ttiz yildan so‘ng dengiz o‘rtasida suzib borayotgan kemada, oilasidan, Vatanidan yiroqda vafot etdi...

Abdurrahmon Ra’fat Posho asari asosida Ahmad Muhammad tayyorladi.

 “Hidoyat” jurnalining 2011 yil, 9-sonidan olindi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.