background
logotype
image1 image2 image3

Abu Muso Ashʼariy

Imom Zahabiy (rahmatullohi alayh) aytadi: “Abu Muso Ash’ariy (roziyallohu anhu) ilm, amal va qalb salomatligini jamlagan kishilardan biridir. Hokimlik uni o‘zgartirolmadi, dunyo uni g‘ururlantirolmadi” (“Siyaru a’lamin nubalo”). Bu zot (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan ilm o‘rgandi. Hazrat Umar va Hazrat Usmon (roziyallohu anhum) davrida Basraga voliylik qildi.

Abu Muso Ash’ariy (roziyallohu anhu) bunday hikoya qiladi: “Qavmimdan ellikdan oshiq kishi bilan Najoshiyning huzuriga borish uchun Yamandan chiqdik. Do‘stlarim Abu Ruhm, Abu Amr, shuningdek, Ja’far va uning hamrohlari ham kemada biz bilan birga safar qildilar.

Xaybar fathi kuni Madinaga qaytib keldik. Shunda Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Sizga ikki safar nasib bo‘ldi: “Najoshiyning huzuriga va mening huzurimga safar”, deb marhamat qildilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Abu Muso Ash’ariy va uning qavmdoshlarini juda yaxshi ko‘rardilar. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Ertaga oldingizga Islomga ko‘ngillari sizdan ko‘ra moyilroq bir qavm keladi”, dedilar. Ko‘p o‘tmay ash’ariylar kelishdi. Ular yaqinlashayotganida bunday derdilar: “Yaqinda bizga suyukli bo‘lgan Muhammad (alayhissalom) va uning sahobalari bilan ko‘rishamiz...”. Yetib kelishgach, qo‘l berib ko‘rishdilar. Birinchi bor qo‘l berib salomlashishni joriy qilgan shular bo‘ladi” (Imom Ahmad).

Iyoz Ash’ariy (roziyallohu anhu) aytadi: “...Alloh shunday bir qavmni keltirurki, ularni Alloh sevadigan va ular ham Uni sevadigan...” (Moida, 54) oyati nozil bo‘lgach, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Abu Muso, ular sening qavmingdir”, deb ularga ishora qildilar” (Imom Hokim).

Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning sahobalari orasida Abu Muso (roziyallohu anhu)ga teng keladigan ovoz sohibi topilmasdi. Uning o‘zi bunday hikoya qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Abu Muso, darhaqiqat, Dovud kabi senga ham xush ovoz berilgan”, deb marhamat qildilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim).

Abu Muso(roziyallohu anhu)-ning ovozi juda ham shirali edi. Bir kuni kechasi u turib namoz o‘qidi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ahllari uyg‘onib, uni tinglay boshlashdi. Tong otganda unga: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xonadonidagilar bu kecha seni tinglashdi”, deb aytildi. Bu xabarni eshitgan Abu Muso (roziyallohu anhu): “Agar bu haqda bilganimda edi, ularni bundan ham ko‘p shodlantirgan, bundan ham ko‘p zavqlantirgan bo‘lardim”, dedi (Ibn Sa’d, “Tabaqot”).

Abu Usmon Nahdiy (rahmatullohi alayh) bunday deydi: “Abu Muso Ash’ariy (roziyallohu anhu) ovozida nayda ham, tanburda ham sajda bo‘lmagan bir shira bor edi. U imomlikka o‘tgan payti go‘zal qiroatini ko‘proq eshitishni o‘ylab Baqara surasini o‘qisaydi, derdik” (Ibn Asokir).

* * *

Abu Muso Ash’ariy (roziyallohu anhu) hadis rivoyat qilishga katta e’tibor qaratdi. Undan Burayda ibn Husayb, Abu Umoma Boxiliy, Abu Said Xudriy, Anas ibn Molik, Toriq ibn Shihob, Said ibn Musayyib, Asvod ibn Yazid, Abu Usmon Nahdiy, Abu Voil va boshqa sahoba va tobeinlar hadis rivoyat qildilar. Muhaddislar Abu Muso (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan 355 ta hadisni kitoblariga kiritishgan.

* * *

Solih ibn Muso Talhiy (rahmatullohi alayh) otasidan rivoyat qiladi: “Ash’ariy o‘limi oldidan ibodatga shiddat bilan kirishdi. Unga: “O‘zingizni buncha qiynamang”, dedilar. U: “Poygada marraga yaqinlashib qolgan ot o‘zidagi bor kuchni ishga soladi. Mening vaqtim esa bundan ham oz qoldi”, deb javob berdi” (Ibn Asokir).

Imom Zahabiy (rahimahulloh) aytadi: “Abu Muso Ash’ariy qirq to‘rtinchi yili vafot etdi”.

Jahongir Ne’matov tayyorladi| Hidoyat.uz

Buyuk sahobiy Abu Muso roziyallohu anhuning to‘liq ismi Abdulloh ibn Qays ibn Sulaym ibn Hazzor ibn Harb Ash’ariy bo‘lib, Yamanda tug‘ilgan. Onasi Zobya binti Vahb musulmon bo‘lgach, Madinada olamdan o‘tgan.

Mashhur sahoba Anas ibn Molik roziyallohu anhu ash’ariylarning Madinaga kelishlarini shunday xotirlaydi: "Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasalam: "Ertaga oldingizga Islomga sizlardan ko‘ra ko‘ngli yumshoqroq bo‘lgan bir qavm keladi", dedilar. Ko‘p o‘tmay ash’ariylar keldi. Ularning ichida Abu Muso Ash’ariy ham bor edi. Madinaga yaqinlashganlarida "Yaqinda do‘stlarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) va uning jamoasi bilan ko‘rishamiz..." deya she’r aytishardi. Yetib kelishgach, qo‘l berib ko‘rishdilar. Ular qo‘l berib salomlashishni joriy qildilar..." (Imom Ahmad rivoyati).

Abu Muso Ash’ariy Madinaga kelgan kunidanoq Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan doimo birga bo‘lishga intilardi. U zotning har bir ko‘rsatmalarini astoydil bajarardi. Payg‘ambar alayhissalom ham uning bunday itoati va muhabbatini qadrlar: "Ey Alloh, Abdulloh ibn Qaysning gunohlarini kechirgin va uni qiyomat kuni mukarram o‘rin (jannat)ga kiritgin", deya haqqiga duo qilardilar. Ayniqsa, Nabiy alayhissalom uning ixlos bilan qilayotgan ibodatini ko‘rib qolsalar, juda quvonardilar. Burayda roziyallohu anhu bu haqda shunday hikoya qiladi: "Bir kecha masjiddan chiqayotsam, Nabiy sollallohu alayhi va sallam eshik oldida turgan ekanlar. Bu payt ichkarida bir kishi xushu’ bilan namoz o‘qiyotgan edi. U zot: "Ey Burayda, uni riyo qilyapti deb o‘ylaysanmi?" dedilar. Men: "Alloh va Uning Rasuli biladi", dedim. Shunda u zot: "Yo‘q, uning ibodati riyodan xoli, u ko‘p tavba-tazarru qiluvchi mo‘min bandadir. Unga Oli Dovudning ohangidan berilgandir", dedilar. Men masjidga qaytib kirib, e’tibor berib qarasam, namoz o‘qiyotgan kishi Abu Muso ekan. Unga bo‘lgan voqeani aytib berdim".

Darhaqiqat, Abu Muso boshqa sahobalardan shirali ovozi bilan ajralib turardi. Payg‘ambarlar ichida Dovud alayhissalom xushovozligi bilan mashhur bo‘lganlar. Rivoyat qilishlaricha, u zot Tavrotni tilovat qilganlarida uchib ketayotgan qushlar ham mahliyo bo‘lib to‘xtab qolar ekan. Abu Muso Ash’ariy Qur’on tilovat qilganida esa uning oldidan o‘tib ketayotgan har qanday inson yurishdan albatta to‘xtab, qiroatini maroq bilan tinglardi. Shu bois Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va salam: "Unga Oli Dovudning ovozidan berilgan", deya marhamat qilganlar.

Umar roziyallohu anhu esa Abu Musoni ko‘rganlarida yonlariga chaqirib: "Ey Abu Muso, Rabbimizning kalomidan tilovat qilib, bizlarni shavqlantir", derdilar.

Tobeinlardan Abu Usmon Nahdiy ushbu sahobani shunday yodga olardi: "Abu Musoning ovozida sanjda ham, tanburda ham, nayda ham bo‘lmagan bir shira bor. U imomlikka o‘tgan paytlari go‘zal qiroatini ko‘proq eshitishni istab Baqara surasini o‘qisaydi, derdik".

U ulkan ilmi, tinimsiz ibodati, taqvosi, hayosi va zohidligi bilan tanilgan edi. Safvon ibn Sulaym "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam zamonlarida masjidda turib Umar, Ali, Muoz va Abu Musodan boshqa hech kim fatvo bermasdi", degan. Mashhur tobein Sha’biy esa: "Bu ummatning qozilari Umar, Ali, Zayd va Abu Musodir", degan. Asvad ibn Yazid Abu Musoning Kufadalik davrini: "Kufada Ali va Abu Musodan ko‘ra olimroq kishini ko‘rmadim", deya eslagan.

Abu Muso katta ilm zaxirasiga ega bo‘lsa-da, ilm yo‘lida hamisha bardavom edi. Madinaga keldi deguncha, Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ilmiy majlislariga oshiqar, u zotning nasihatlarini eshitib, qattiq ta’sirlanardi.

Hazrat Umar roziyallohu anhu xalifalik davrlarida Abu Muso Ash’ariyni shar’iy ilmlardan ta’lim berish uchun Basraga yubordilar. U zot Basraga kelib, o‘ziga xos ilmiy maktabga asos soldi. Ko‘p vaqtini Qur’oni karim va shar’iy ilmlarni o‘rgatishga sarfladi. Har gal namozdan so‘ng insonlarga yuzlanib, ularga birma-bir Qur’on o‘qitdi. Yillar o‘tib, tinimsiz harakatlari samara bera boshladi. Basrada ham Qur’oni karimni mukammal yod olgan qorilar soni ko‘paydi. Xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu taqdirlash maqsadida Qur’on hofizlarining ismlarini so‘raganlarida Abu Muso Ash’ariy Basraning o‘zida uch yuzdan ortiq qori borligini yozib yuborgan.

Shuningdek, Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalom sunnatlarini o‘rganish va hadislarni rivoyat qilishga ham katta e’tibor qaratgan. Undan Burayda ibn Husayb, Abu Umoma Bohiliy, Abu Said Xudriy, Anas ibn Molik, Toriq ibn Shihob, Said ibn Musayyib, Asvod ibn Yazid, Abu Usmon Nahdiy, Abu Voil va boshqa ko‘plab sahoba va tobeinlar hadis rivoyat qilganlar. Muhaddis ulamolar u  rivoyat qilgan 355 ta hadisni o‘z kitoblariga kiritishgan. ilm egallash va unga amal qilishda butun ummatga go‘zal o‘rnak bo‘lgan ushbu sahobadan Allohning O‘zi rozi bo‘lsin.

Abdulatif Tursunov| Muslim.uz


ABU MUSO Al-ASH'ARIY, to‘liq ismi Abdulloh ibn Qays al-Ash'ariy (taxminan 601 - taxminan 665, Quddus) - ashobi kiromning faqihlaridan, zohid va fozil bir zot. Hijratdan avval qabilaning aholisi va o‘z birodarlari bilan Makkaga kelib musulmon bo‘lishgan.

Ilmu fazli, zuxdu taqvosi bilan hazrati Payg‘ambar (sav)ning tavajjuhlarini qozongan. Rasuli Akram tomonidan Zobit va Adan tomonlarga valiy qilib tayinlangan.

Umar (ra) Abu Musoni Basraga voliy qilib tayinlagan. Askariy qo‘mondon sifatida Ehvaz (Efes) va Isfahon taraflarni fath etgan. Usmon (ra) zamonida Kufada voliy bo‘lgan. Siffinda ham hokimlik qilgan.

Qur'oni karimni go‘zal bir sado bilan tilovat etar, tinglovchilarni hayajon va tug‘yonga solar edi. Ushbu jihatdan ham Rasuli Akramning madhu sanosiga sazovor bo‘lgan. 360 hadis naql etgan.

Islom ensiklopediyasidan

Abu Muso Al Ash'ariy r. anhu. Ismlari Abdulloh. Abu Muso kunyasi bilan tanilaganlar. Otalarini ismi Qays, onalariniki esa Toyyiba binti Vahb ibni Oq. Vahiy kelmasdan avval Yaman ning Zabid hududida tug’ilganliklari rivoyat qilinadi. Ammo tarihi aniq emas. 42 hijrida Kufada yana boshqa bir rivoyatda Makkai Mukarramada vafot etganlar.

O’zlari musulmon bo’lganliklarini shunday ta’riflaydilar: Biz Yamandalik vaqtimizda Rosul Akramning habarlari bizga keldi. Men va ikki akam(Abu Burda va Abu Ruham) va Ash’ariy qabilasidan 52 yoki 53 kishi bir kemaga chiqdik va Rosulallohni ko’rmoqlik uchun yo’lga chiqdik. Ammo kemamizni shamol Habashiston tomonga olib borib tashladi. U yerda Ja’far ibni Abu Tolib r.anhu bilan ko’rishdik va musulmon bo’ldik. Ja’far “ Bizni Rosulalloh s.a.v bu yerga jo’natdilar va bu yerda ma’lum muddat qolmoqligimizni amr qildilar. Sizlar ham biz bilan bu yerda qoling” dedi. Biz ham u yerda qoldik.

Keyin Rosul Akramning murojaatlariga binoan Habashiston hukumdori bizlarni ikki kemaga chiqarib Madinaga jo’natdi. Biz Madinaga kelganimizda Rosul Akram Haybar fathida edilar. Bu urushda qatnashmaganlarga ulush berilmagani holda bizga ulushda berdilar…” 

Rosulalloh s.a.v zamonlarida Zabid, Adan va Yaman voliligini bajardi. Hz. Umar davrlarida Kufa va Basra voliysi bo’ldi. Bu yerda voliylik qilgan vaqtida Ahvaz, Isfahon va Nusaybin fath edildi. Hz. Usmon vaqtida ham Basra va Kufa voliylik ishlarini bajardi. Hz. Ali vaqtida Kufaga voliylik qildi. Jamal voqeasida qatnashmadi. Ammo Siffiyn muhorabasidan keyin sulh uchun Hz. Alining vakillari bo’ldilar. Hz. Muoviya davrida vafot etdilar.

Abu Muso al Ash’ariy r.anhu Qur’oni Karimning to’la yod olganlardan edilar. Hz. Abu Bakr vaqtlarida Qur’oni Karimni to’plagan hay’atning a’zosi edi.

Islom taqvimini yozilarida ilk bor qo’llagan zot bu kishidir.  


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.