background
logotype
image1 image2 image3

Abu Jandal ibn Suhayl

Bu sahobiy Islomning avvalgi davridayoq Makkada musulmon bo‘lgan edilar. Otalari o‘g‘lim hijratga ketib qolmasin, deb zanjirband qilib qo‘ygani uchun hijrat qila olmay Makkada qolib ketgan edilar. Hudaybiyya sulhiga imzo chekilganidan keyin Abu Jandal musulmonlar tomoniga o‘tib ketdilar.

Bu zotning musulmonlar tomoniga o‘tishlari katta g‘avg‘oga aylanib ketdi. Chunki bu musulmonlar va mushriklar o‘rtasida tuzilgan sulh shartnomasiga zid bo‘lib, Hudaybiya sulhida musulmonlardan kim mushriklar tomoniga o‘tsa qaytarilmasligi, lekin mushriklar tomonidan biror kishi o‘tsa, qaytarib berilishi ko‘zda tutilgan edi.

Abu Jandal ming mashaqqat bilan tutqunlikdan qutulib, zanjirlarini sudraganicha musulmonlardan panoh so‘rab kelganlarida ota o‘g‘lining qaytarilishini Rasululloh sollalllohu alayhi vasallamdan  qattiq talab qilib turib oldi: «Sulh shartlariga muvofiq sizdan birinchi bo‘lib so‘raydiganim shudir, agar berilmasa, sulh buziladi». Rasuli akram sulh hukmidan Abu Jandalning istisno qilinishini xohlagan edilar. Biroq otasi Suhaylning qaysarligini ko‘rib sulhni qutqarib qolishni o‘yladilar va valiysining istagiga ko‘ra Abu Jandalni topshirishga rozi bo‘ldilar. Bechora Abu Jandal bu holdan qattiq qayg‘urib, xafa bo‘lib qoldilar:

– Men musulmon bo‘lganim uchun shunday zulmlarga, azoblarga uchragan edim. Yana meni qaytadan zulm ichiga otmoqchimisizlar? Yana mushriklar qo‘liga topshirmoqchimisizlar? – U titrab-qaqshab hammaga javdirab qarar, badanidagi yaralarni ko‘rsatib, iztirobli ahvolini tushuntirmoqchi bo‘lar, musulmonlarning marhamatidan umidvor edi.  Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga tasalli berishga urinib ko‘rdilar. «Biz shu narsaga bitim tuzganmiz. Bu bitimni bajarishga majburmiz. Sen sabr qilgin, Allohdan umidingni uzma, Alloh O‘zi yaqinda seni va sen kabilarni ro‘shnolikka chiqaradi», dedilar. Abu Jandal Yana o‘sha kishanlar ichida Makkaga qaytishga majbur bo‘ldilar.

O‘sha paytda vaziyat o‘ta nozik, asablar taranglashgan edi. Abu Jandalga tatbiq qilingan muomala musulmonlarni g‘alayonga keltirdi. Abu Jandalning takroran zolimlar qo‘liga topshirilishi chidab bo‘lmas bir manzara edi. Hatto Hazrati Umar ham bu holga chiday olmadilar. Rasuli akramning huzurlariga borib:

– Siz Allohning Payg‘ambari emasmisiz, da’voyingiz haq da’vo emasmidi, bu zalolatni nega qabul qilyapsiz, – deya ta’na qilishgacha bordilar.  Shunda Payg‘ambar alayhissalom unga:

– Muhaqqaq, men Allohning Payg‘ambariman. Allohga isyon qilganim ham yo‘q. Bizdan ularga ketganlarni (ya’ni Islomdan chiqqanlarni) Alloh bizdan uzoq qilsin. Ulardan bizga kelganlar uchun esa Alloh, albatta, biror chora yaratadi, – dedilar.

Abu Jandal ko‘p o‘tmay makkalik mushriklar iskanjasidan qutuldilar. Madinaga borsam, yana mushriklar janjal ko‘taradi, degan fikrda o‘ziga o‘xshab mushriklar tazyiqidan qochib yurgan Abu Basir  izidan Makka va Shom yo‘li oralig‘idagi Is degan joyda o‘rnashib qoldilar. Bu yer betaraf va xavfsiz bir chegara bo‘lib, qurayshiylarning Shom tijorat karvoni shu yerdan o‘tar edi.

Lekin Abu Jandalga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tiriklik paytlarida g‘azotga chiqish nasib qilmadi. Keyinchalik u kishi Shom shahriga mujohid bo‘lib chiqib ketdilar. Va Avomis vabosi sababli hijratning 18-yili o‘sha yerda vafot etdilar.

Ahmad Muhammad tayyorladi | Siyrat.uz

 

Abu Jandal ibn Suhayl ibn Amr. Oliynasab oila farzandi. Birinchilardan bo‘lib Islomni qabul qilgan, biroq e’tiqodini yashirib yurgan.

Suhayl ibn Amr (musulmon bo‘lishidan oldin) Habashiston hijratidan qaytgan o‘g‘li Abdullohni qamab qo‘ydi. Bunda kichik o‘g‘lidan, u bilmagan holda, foydalandi. Abu Jandal: “Akam oldida uyatga qo‘ydingiz. Meni nayza qilib, akamni ovladingiz!” dedi achchiqlanib. Ota aytdi: “Tilingni tiy, yo‘qsa seni ham qamayman! Muhammad diniga qiziqishimizni Abdullohga borib ayt deganimda, yuzingda xursandchilik alomatini ko‘rdim. Shundaymi?!”. Abu Jandal: “To‘g‘ri, akam yolg‘iz emas. Men ham uning dinidaman. Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Muhammad Uning bandasi va elchisi ekaniga guvohlik beraman”, deb Islomga kirganini baralla aytdi. Otasi uni ham kishanlab qo‘ydi.

Oradan vaqt o‘tib, Habashistonga hijrat to‘xtaganda, Suhayl hijrat qilmaslik sharti bilan bolalarini qo‘yib yubordi.

* * *

Mushriklarning musulmonlarga aziyati kuchayavergach, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Yasrib ahli bilan bay’at tuzdilar. Shundan so‘ng Madinaga hijrat boshlandi. Suhayl o‘g‘illarini yana qamab qo‘ydi. Bir kuni hibsda o‘tirgan aka-ukaga qo‘shin to‘planayotgani xabari yetdi. Otalari: «Do‘stingiz Muhammad Abu Sufyon karvonini qurshovga olib, bizga urushishdan ixtiyor qoldirmadi”, dedi. Abu Jandal: “Ota, siz ham qo‘shin safidamisiz? Men Muhammad (alayhissalom)ni o‘ldirishingizdan yoki o‘zingiz halok bo‘lishingizdan qo‘rqaman. Musulmonni o‘ldirsangiz, gunohga qolasiz. Kofir holda o‘ldirilsangiz, do‘zaxga kirasiz. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga g‘alaba tilab, Allohga duo qilaman. Sizga esa hidoyat va najot so‘rayman», dedi.

Abdulloh esa fikrini o‘zgartirganini, mushriklar safida kurashmoqchiligini aytib qoldi. Aslida Abdulloh musulmonlar tarafiga o‘tib ketishni reja qilgandi. Ukasiga asl maqsadini bildirdi va unga ham shuni taklif etdi. Lekin Abu Jandal: “Otam bilan jangda to‘qnashishga yoki bo‘yniga qilich solishlariga chidab turolmayman. Yaxshisi, Alloh kenglik berguncha shu holatga sabr qilaman”, dedi.

* * *

Badrda Suhayl ibn Amr asir olindi. Bundan xabar topgan yaqin do‘sti Mikraz ibn Xafs Abu Jandalni kishandan bo‘shatdi va otasi uchun to‘rt ming dirham to‘lov to‘lashini tayinladi. Abu Jandal: “Otam meni hijratdan to‘sdi, ketmaslikka va’da oldi. Va’damga sodiq qolaman. Otamni kishanlangan holda ko‘rishga ham toqatim yetmaydi. Shuningdek, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bilan hijratdan qolib, endi otam uchun to‘lov to‘lashga borishdan or qilaman derdi.

* * *

Badr va Uhud voqealaridan so‘ng musulmonlar bilan qurayshliklar o‘rtasida Hudaybiya sulhi tuzildi. Shart bo‘yicha qurayshliklardan qochib borgan musulmonlarni qaytarib berish, musulmonlardan mushriklar tomonga o‘tganlarni esa qaytib olmaslikka kelishildi.

Abu Jandal mushriklardan qochib kelgandi. Otasi Suhayl ibn Amr: “Shartga amal qilishni shu o‘g‘limdan boshlayman”, deb uni sudrab ketdi. Abu Jandal: “Ey musulmonlar jamoasi, meni mushriklarga berib yuborasizmi?!” deb faryod ko‘tardi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Abu Jandal, sabr qil! Allohdan savob umid et! Alloh senga va sen kabi boshqa zaiflarga kenglik beradi. Biz qavm bilan sulh tuzdik. Bergan ahdimizga xiyonat qilmaymiz”, dedilar.

* * *

Ota-o‘g‘il Makkaga qaytishgach, Suhayl: “Endi senga kishanning keragi yo‘q”, deb o‘g‘lini qo‘yib yubordi. Alamdan qizishib turgan Abu Jandal: “Otajon, siz qurayshliklarga ko‘p narsa berdim deb o‘ylaysizmi?! Ayting-chi? Qancha musulmon dinidan qaytdi-yu, qancha qurayshliklar shu kungacha Islomga kirdi? Aslida odamlaringiz sizga xiyonat qilishidan qo‘rqasiz! Ammo Nabiy (alayhissalom) ashoblaridan xavfsiramaydilar. Bularning barchasi yo‘lingiz botil, Muhammad (alayhissalom) yo‘li haq ekaniga e’tirofingizdir”, dedi. Suhayl: “Hech bo‘lmaganda, bundan keyin Muhammadning bizdan bo‘lgan ashoblari ko‘paymaydi!” deganda Abu Jandal aytdi: “Odamlarni shu shart bilan hijratdan to‘ssangiz ham, Islomdan qaytara olmaysiz. Ular uyingiz ichida sizga qarshi bo‘ladi. Musulmonlar ichkaridan ham, tashqaridan ham hujum qilishadi. Natijada, Makka sizga tor keladi. Kuting, ey Suhayl ibn Amr, men ham kutaman”.

* * *

Hudaybiya sulhidan so‘ng qurayshliklar asirlarini qo‘yib yuborishdi. Fursatdan foydalangan Valid ibn Valid, Ayyosh ibn Robi’a, Salama ibn Hishom va Abu Jandal kabi sahobalar Makkadan tashqariga chiqib, Abu Basir atrofida birlashishdi. Qurayshliklar karvonidagi mollarni o‘lja ola boshlashdi. Tang ahvolda qolgan mushriklar Hudaybiyadagi qurayshdan qochib borgan musulmonlarni qaytib olish shartidan voz kechishdi. Keyin Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Abu Basir boshchiligidagi bu to‘dani tarqatib yubordilar.

* * *

Abu Jandal Makka fathidan so‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga borib qo‘shildi. Lekin biror g‘azotda qatnashmadi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) vafotlaridan so‘ng Shom fathida ishtirok etdi.

* * *

Abu Jandal ibn Suhayl ibn Amr (roziyallohu anhu) hijratning sakkizinchi yili Urdundagi Amvos vabosida vafot etdi.

Yulduz Komilova tayyorladi | “Hidoyat”jurnalidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.