background
logotype
image1 image2 image3

Abdulloh ibn Zubayr

Abdulloh ibn Zubayr 622 yilda Madina yaqinidagi Qubo qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Zubayr ibn Avvom Asharai mubasharradan biri, onasi Asmo hazrati Abu Bakr (r.a.)ning qizlari.

Madinada muhojirlar oilasida dunyoga kelgan ilk chaqaloq Abdulloh ibn Zubayrdir. U tug‘ilgach, yahudiylarning yolg‘oni fosh bo‘ldi – o‘sha paytda ular “muhojirlarni sehrladik, endi ular farzand ko‘risholmaydi”, deya fitna qo‘zg‘amoqchi bo‘lib yurishgandi. Shu sababli ham Zubayr ibn Avvom oilasida dunyoga kelgan chaqaloq musulmonlarga quvonch baxsh etdi. Bu xabarni Rasululloh (s.a.v.)ga yetkazishganida, go‘dakni duo qildilar, ismini Abdulloh, kunyasini Abu Bakr qo‘ydilar.

Sahobalarning tafsir, hadis va fiqhni yaxshi biladiganlaridan biri Abdulloh ibn Zubayr edi. U yoshligidanoq ko‘p ibodat qilishga odatlangan, kunduzlari ro‘zador, kechalari bedor bo‘lardi. Namozga shu qadar kirishardiki, qiyom va sajdada uzoq-uzoq qolib ketardi. Otasi Zubayr ibn Avvom u haqda: “Odamlar orasida Abu Bakrga eng ko‘p o‘xshagani”, degandi.

Abdulloh to‘g‘riso‘z, jasur va mustahkam imon sohibi edi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Habashiston podshosi hadya qilgan harba (kichik nayza)ni doim o‘zlari bilan olib yurardilar. Keyinchalik to‘rt xalifaning hamrohi bo‘lgan bu nayza, Abdullohga nasib qildi. Abdulloh ham uni to umrining oxirigacha – shahid qilinguniga qadar yonida olib yurdi.

Abdulloh ibn Zubayr bevosita Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan, shu bilan birga, otasi, to‘rt xalifa, Oisha onamiz, Sufyon ibn Abu Zuhayrlardan ham hadis rivoyat qilgan. Undan ukasi Urva, Abu Zibon, Ato, Tovus, Amr ibn Dinor va boshqa ko‘plab yirik olimlar hadis rivoyat qilishgan. U rivoyat qilgan hadislardan 33 tasi “Sahihayn”dan joy olgan.

Abdulloh ibn Zubayr 684 yili Abdulmalik ibn Marvonning zolimligi bilan dong taratgan qo‘mondoni Hajjoj (Yusuf as-Saqafiy) tomonidan shahid etilgan.

Alloh u zotni rahmatiga olgan bo‘lsin!

Shoakmal Akbarzoda tayyorladi

“Irfon” taqvimining 2010 yil, 2-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.