background
logotype
image1 image2 image3

Abdulloh ibn Salom

Payg‘ambar alayhissalom sahobalari orasida Abu Yusuf Abdulloh ibn Salom ibn Horis al-Isroiliy al-Ansoriyning (Alloh rozi bo‘lsin) alohida maqom-martabasi bor. Bu kishi madinalik yahudiylarning taniqli olimlaridan, nasabi Yusuf ibn Ya’qub alayhissalom avlodlariga borib tutashadi.
Abdulloh Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Madinaga hijrat qilib kelganlaridan keyin u zot huzurlarida Islomga kirgan. Mufassirlar rivoyat qilishlaricha, Qur’oni karimning Ra’d va Ahqof suralaridagi oyatlar shu kishi haqida nozil bo‘lgan. Rasuli akramdan yigirma beshta hadis rivoyat qilgan. Ba’zi Islom tarixchilari uni Handaq va shundan keyingi g‘azotlar ishtirokchilari qatoriga qo‘shishadi. Hazrati Umar bilan birga Baytul-Maqdis va Al- Jobiyah fathlarida qatnashgan. Hazrati Usmonga qarshi fitnada u zot tarafida turgan.
Siyrat kitoblarida keltirilishicha, Islomdan avval Husayn ibn Salom ismli bu kishi Yasribda nomi chiqqan yahudiy olimi edi. Uni faqat dindoshlarigina emas, qavmi, nasabi va dinidan qat’i nazar hamma baravar hurmatlar edi. U o‘zining adolatliligi, to‘g‘riso‘zligi va taqvodorligi bilan mashhur edi. U yaqin orada yangi payg‘ambar chiqishi haqidagi xabarni Tavrotdan bilgach, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib, Islomini e’lon qildi. Rasuli akram unga Abdulloh deb ism qo‘ydilar. Shundan keyin Payg‘ambar alayhissalom Abdullohning maslahatiga ko‘ra uning qavmini imtihondan o‘tkazdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Abdullohni bir xonaga yashirib qo‘ydilar hamda yahudiylarning boshliqlari va oqsoqollarini huzurlariga chorlab, Islomni qabul qilishni taklif etdilar. Ulardan rad javobi olganlaridan so‘ng: «Orangizda Husayn ibn Salomning martabasi qanday?», deb so‘radilar. «U bizning diniy rahnamoyimiz va qabilamiz boshlig‘ining o‘g‘li. U diniy ishlarimizda yo‘lboshchi va ilohiyot olimi hamdir, uning otasi ham shunday rahbar va olim sanaladi», deb javob qilishdi yahudiylar.
Shundan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ulardan: «Agar uning musulmon bo‘lganini eshitsangiz, sizlar ham Islomga kirasizmi?», deb so‘radilar. Yahudiy oqsoqollari: «Xudo panoh bersin, u Islomni qabul qilishi mumkin emas… Parvardigor uni musulmon bo‘lishdan asragan», deyishdi.
Biroq Ibn Salom yashiringan joyidan chiqib, qabiladoshlariga musulmon bo‘lganini e’lon qilganida ular jazavaga tushib baqira boshlashdi: «Sen yolg‘onchisan! Xudoga qasamki, sen boshimizga kelgan balosan va baloning bolasisan! Sen johilimizsan va johilning bolasisan!» Keyin ular Ibn Salomni barcha xato-gunohlarda ayblay boshlashdi.
Bu misol orqali Alloh taolo O‘z Payg‘ambariga va musulmonlarning keyingi barcha avlodlariga iymonsizlar va iymonga chorlanganida qaysarlik ko‘rsatadiganlar Islom haqiqatini tan olmaslik uchun har qanday yolg‘on, aldov, makr va ikkiyuzlamachilikka tayyor ekanliklarini ko‘rsatib qo‘ydi.
Bu voqeada musulmonlar fikr yuritishlari zarur bo‘lgan nuqtalar bor. Islom haqiqatini tan olishni istamaydigan qaysar va gumroh kimsalarning tabiati haqidagi Alloh taolo kalomi va Uning Rasuli ko‘rsatmalari haqligi har bir tarixiy bosqichda isbotini topaveradi.
Afsuski, qadimda va o‘rta asrlarda bo‘lganiday, hozirgi G‘arbdagi ayrim diniy arboblar hamda siyosatdonlar ko‘pincha Islomga va musulmonlarga  ziddiyat yo‘lini tanlashadi. Ularning faoliyati jamiyat oldida turgan muammolarni musulmonlar bilan birgalikda yechish va ular bilan muloqotga kirishish emas, ko‘proq Islom dinidagilarni o‘zlaridan doimiy chetlatishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Ularning musulmonlarga adovati shunchalik kuchliki, hatto musulmonlar bilan yaqinlashishga qo‘ygan birgina qadami uchun eng yaxshi vakillarini ham badnom qilishga tayyor turishadi.  
Ular o‘zlari sezmagan holda Abdulloh ibn Salom qabilasining oqsoqollari tilidan gapirayotganday bo‘lishadi: «Bizlarning faqat eng yomonlarimiz Muhammadga (s.a.v.) ishonishdi va ergashishdi». Biroq qabiladoshlarining ta’qibi va nafratiga qaramay Haqni tanib, Islomni qabul qilganlar haqida Alloh taolo bunday degan: «Ularning hammasi barobar emas. Ahli kitoblar orasida tuni bilan sajda (ibodat) qiladigan, Allohning oyatlarini tilovat qilib chiqadigan to‘g‘ri jamoa ham bor. (Ular) Allohga va oxirat kuniga imon keltiradilar, yaxshi ishlarga buyurib, yomon ishlardan qaytaradilar va xayrli ishlarga shoshiladilar. Aynan ular solih kishilardandir» (Oli-Imron, 113-114-oyatlar, mazmuni).
Sa’d ibn Abu Vaqqos (Alloh rozi bo‘lsin) rivoyat qiladi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam (Asharai mubashshara olamdan o‘tgach) Abdulloh ibn Salomdan boshqa hozir yer yuzida yurgan biror kishiga jannati ekanini aytganlarini eshitmaganman. Alloh taolo uning xususida «…Bani Isroildan bo‘lgan bir guvoh guvohlik berib…» oyati karimasini (Ahqof, 10) nozil qilgan» (Imom Buxoriy, «Al-Jome’ as-sahih»).
Qays ibn Abbod (Alloh rozi bo‘lsin) rivoyat qiladi: «Men Madina masjidida ekanimda nimadandir qo‘rqqani yuzidan yaqqol sezilib turgan bir kishi (ya’ni, Abdulloh ibn Salom) kirib keldilar. Shunda odamlar: «Bu kishi jannat ahlidandir», deyishdi. U ikki rakat qisqagina namoz o‘qib, masjiddan chiqdi. Men ketidan borib: «Boya masjidga kirib kelganingizda odamlar: «Bu kishi jannat ahlidandir», deyishdi», dedim. U bunday dedi: «Alloh taolo haqqi, biror odam o‘zi bilmagan narsa haqida gapirmasligi kerak. Endi senga nima uchun meni jannati, deyishlari sababaini aytib beray: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hayotlik paytlarida bir tush ko‘rdim. Keyin uni u zotga aytib berdim. Tushimda yam-yashil, bepoyon bir bog‘da turgan emishman. Bog‘ o‘rtasida bir temir ustun bo‘lib, uning bir uchi yerda, ikkinchisi osmonda emish. Uning tepasida bir tugun ham bor ekan. Menga: «Ustunga tirmashib chiq!» deyildi. Men: «Chiqa olmayman», dedim. Shunda bir xizmatkor kelib, kiyimimning yoqasidan ko‘tarib meni ustunga chiqarib qo‘ydi. Uning tepasiga tirmashib chiqdim-da, tugunni ushlab oldim. Menga: «Uni qo‘lingdan chiqarma», deyildi. Tugunni (mahkam) ushlaganimcha uyg‘onib ketdim. Tushimni Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) aytib berganimda u zot: «O‘sha bog‘ Islom bog‘i, o‘sha ustun Islom ustuni (ya’ni Islomning besh rukni yoki faqat kalimai shahodatning o‘zi), tugun esa imondir. O‘zingga kelsak, vafotingga qadar Islomda barqaror bo‘lasan», dedilar» (Imom Buxoriy, «Al-Jome’ as-sahih»).
Har vaqtdagiday Alloh Rasulining bashoratlari haq bo‘ldi: Abdulloh ibn Salom umri nihoyasigacha Islomga sodiq qoldi, o‘zi muhabbat qo‘ygan Payg‘ambardan mag‘ozalar va Qur’on fazilatlari haqidagi hadislarni rivoyat qildi, Allohning sevimli diniga ixlos bilan xizmat ko‘rsatdi. Abdulloh ibn Salom hijriy 43 (milodiy 663) yili Madinada vafot etdi.

Nazira Muhammad qizi tayyorladi.

“Kimni jannat ahlidan bo‘lgan bir kishiga qarash xursand qilsa, Abdulloh ibn Salomga qarasin”.

Husayn ibn Salom Yasrib yahudiylarining olimlaridan edi. Madina ahli dini va millati boshqaligiga qaramay, uni ulug‘lab hurmat qilar edi. U taqvodorligi va insonlar orasini isloh etishi bilan tanilgan, to‘g‘rilik va rostgo‘ylik bilan sifatlangan edi.

Husayn osuda umr o‘tkazar, hayoti mazmunli va foydali edi. U o‘z vaqtini uch qismga taqsimlagan edi: kanisada va’z o‘qir va ibodat qilar; bog‘idagi xurmo daraxtlarini parvarish qilar; Tavrot o‘qir edi.

Har safar Tavrotni o‘qiganda Makkada zohir bo‘ladigan so‘nggi payg‘ambar bashorati berilgan xabarni uzoq mushohada etib qolar edi.

Kelishi yaqin bo‘lgan bu payg‘ambarning sifatlari va alomatlarini puxta o‘rganar va sevinchdan qattiq ta’sirlanar edi. Chunki Tavrotda yozilgan bashoratlarga qaraganda, yangi payg‘ambar o‘z  shahridan ko‘chib Yasribga hijrat qilardi.

Har qachon bu xabarlarni o‘qiganda yoki xayolidan o‘tkazganda, payg‘ambarning chiqishiga guvoh bo‘lgungacha umrini uzaytirishini va u bilan uchrashib baxtli bo‘lishini, unga imon keltirganlarning avvalgisi bo‘lishini Allohdan so‘rar edi.

Alloh taolo Husayn ibn Salomning duosini qabul qildi. Hidoyat va rahmat payg‘ambari yuborilgunga qadar umrini uzun qildi. Payg‘ambar bilan uchrashish, suhbatlashib rohatlanish va Payg‘ambarga nozil qilingan haqqa imon keltirish nasib etdi. Islomga kirish qissasini Husayn roziyallohu anhuning o‘zlaridan eshitamiz.

“Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam zohir bo‘lganini eshitganimda ismi, nasabi, sifati, vaqti va maskani haqida surishtira boshladim. Payg‘ambarning vasflari bilan bizning kitoblarimizdagi payg‘ambar vasflarini solishtirdim, toki, muvaffaqiyatga ishonib, da’vatining rostligini bilgunimcha. So‘ng bu ishlarni yahudiylardan bekitdim va tilimni u haqda gapirishdan tiydim. Toki, Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga chiqqan kungacha. Yasribga kelib Quboga tushganlarida oldimizga bir kishi kelib u zotning insonlar orasida kelganliklarini ovoza qila boshladi. Men ana shu soatda bog‘imdagi xurmoning ustida edim. Ammam Xolida binti Horis quyida edi. Xabarni eshitgan zahoti: “Alloh buyukdir” “Alloh buyukdir” deb qichqirdim. Mening takbirimni eshitgan ammam; “Alloh umidingni puchga chiqarmasin, Allohga qasam, agar Muso ibn Imronning kelganini eshitganingda bundan ortiq hech nima qilmagan bo‘lar eding”, dedi. Men unga aytdim: “Ey amma, u, albatta, Imron o‘g‘li Musoning birodaridir va uning dinidadir. Darhaqiqat Muso yuborgan narsa bilan yuborilgandir. Ammam sukut qilib turib: Albatta, u o‘zidan avvalgi narsani tasdiqlovchi va Robbining risolatini yetkazuvchi deb sizlar xabar bergan payg‘ambarmi?” deb so‘radi. Men: “Ha, xuddi shunday”, dedim.

U kishi: «Unday bo‘lsa u o‘sha ekan», dedi. So‘ng men Rasulullohning oldilariga yugurib bordim. Insonlarni u zotning eshiklari oldida to‘plangan holda ko‘rdim. Men ham izdihomga qo‘shildim, hatto oldilariga borib qoldim, U kishidan eshitgan narsalarimning avvalgisi ushbu so‘zlardir: “Ey insonlar, salomni oshkora qiling, ochlarni taomlantiring, tunda insonlar uyqudaligida namoz o‘qing – shunda jannatga salomat kirasiz”.

Men u zotni diqqat bilan kuzatdim va doimo birga bo‘ldim, albatta, yuzlaridan yolg‘onchi emasliklariga ishondim. So‘ngra yaqinlashib bordim-da: «Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning elchisidir», deb guvohlik berdim. So‘ng men tomonga qarab: «Isming nima?» dedilar: “Men Husayn ibn Salom” dedim. Balki «Abdulloh ibn Salom», dedilar. So‘ng huzurlaridan uyimga kelib ahlim va bolalarimni islomga chaqirdim. Ularning barchasi islomga kirdi. Qari bo‘lishiga qaramay, ammam Xolida ham islomga kirdi.

«Toki, izn bermagunimcha mening va o‘zingizning islomga kirganingizni yashiringlar», dedim. Ular «xo‘p», deyishdi, So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib u zotga: «Yahudiy qavmi bo‘htonchi va yolg‘onchi qavmdir. Yahudiylarning boshliqlarini chaqirib meni bir xonaga yashirishingizni, islomga kirganimni bilishlaridan avval ularning orasidagi mavqeim haqida so‘rashingizni va ularni islomga chaqirishingizni xohlardim. Shubhasiz, ular islomga kirganimni bilishsa, meni ayblashadi, meni har xil kamchiliklar bilan haqoratlashadi va menga tuhmat qilishadi», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni bir xonaga kiritdilar. So‘ng ularni chaqirdilar-da islomga va iymonga da’vat eta boshladilar. O‘zlarining kitoblaridagi xabarlarni bildirdilar. Ular Rasululloh bilan haq to‘g‘risida tortisha boshladi. Men eshitib turgan edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning iymonga kelishlaridan noumid bo‘lganlaridan so‘ng ulardan: Husayn ibn Salomning orangizda mavqei qanday?» deb so‘radilar. Ular: “U bizning sayyidimiz va boshlig‘imizning o‘g‘li va bizning olimimiz va olimimizning o‘g‘li”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U islomga kirsa siz ham islomga kirasizmi?» deb so‘radilar.  Ular: “Alloh asrasin, islomga kirishi mumkin emas, Alloh uni islomga kirishidan saqlagan” deyishdi. Ularga chiqib aytdim; «Ey yahudiylar jamoasi. Allohdan qo‘rqing, Muhammad sollallohu alayhi vasallam sizlarga olib kelgan dinni qabul qiling. Allohga qasamki, u Allohning Rasuli ekanini bilasiz, ismi va sifatlari yozilgan manbani topgansiz. Men guvohlik beraman, albatta, u Allohning Rasulidir va unga imon keltiraman. Uni tasdiq etaman, uni e’tirof etaman”. Ular: “Yolg‘on gapirding. Allohga qasam, albatta, sen bizning eng yomonimizsan va yomonimizning o‘g‘lisan va johilimizsan va johilimizning o‘g‘lisan” deyishdi. Meni ayblamagan biror ayb qolmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim: “Sizga aytmaganmidim, yahudiylar bo‘htonchi va yolg‘onchi qavmdir, albatta. ular aldovchi va buzuqlik ahlidir”.

Abdulloh ibn Salom islomni chanqoq kishi suv ichganidek qabul qildi. U Qur’onga qattiq berilgan edi. Tilovatdan to‘xtamasdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga erta-yu kech ergashib yurardi. O‘zini jannat uchun amal qilishlikka boshladi. Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar orasida xushxabarni aytdilar. Xushxabarni Qays ibn Abbod va boshqalar rivoyat qilgan. Roviy aytdi: “Madinada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidlaridagi ilm xalqalarini birida o‘tirgan edim. Xalqada insonlarni to‘lqinlantiradigan qalblarni rohatlantiradigan shaxs bor edi. Insonlarga yoqadigan ta’sirli hadislar aytardi.

U o‘rnidan turib ketganidan so‘ng qavm aytdi: “Kimni jannat ahlidan bir kishiga qarashi xursand qilsa bu kishiga qarasin”. Men: «Kim bu odam?» dedim. Qavm: “Abdulloh ibn Salom”, dedilar. Men o‘zimga “Allohga qasamki, unga ergashaman”, dedim va ortidan ketdim. U shahar chetigacha bordi va manziligi kirdi. Men kirishga izn so‘radim. Ruxsat berdi. Kirib o‘tirganimdan so‘ng:

– Ey jiyanim, nima hojating bor, – deb so‘radi.

– Masjiddan chiqayotganingizda odamlar siz haqingizda “Kimni jannat ahlidan bo‘lgan bir kishiga qarash xursand qilsa, mana bu kishiga qarasin” deyotganlarini eshitdim. Siz haqingizda bilishni va sizni jannat ahlidan ekaningizni qanday bilganlarini bilish uchun sizga ergashdim, – dedim.

Abdulloh ibn Salom:

– Jannat ahlini Alloh biluvchidir, ey bolam, – dedilar.

Men:

– To‘g‘ri, lekin ular bekorga bunday deyishmayotgandir, –  dedim.

Abdulloh ibn Salom:

– Uning sababini senga aytib beraman, – dedi.

– Men ayting, Alloh sizni mukofotlasin! – dedim.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlik kezlarida bir kecha uxlayotgan edim, oldimga bir kishi kelib: “Tur”, dedi.  Men turdim, qo‘limdan tutdi, chap tomonimda yo‘l bor edi, men undan yurishni xohladim. Kishi menga: “U yoqdan yurma, u sen uchun emas”, dedi. Shu payt o‘ng tomonimda yorug‘ yo‘lni ko‘rdim. Kishi:”Undan yur”, dedi. Go‘zal, yam-yashil keng-mo‘l boqqa borguncha yurdim. Uning o‘rtasida temirdan bo‘lgan ustun bor edi. Ildizi yerda uchi osmonda edi. Uni eng nihoyasida tilladan bo‘lgan halqa bor edi. Menga: “Unga ko‘taril”, dedi. Men: “uddalay olmayman”, dedim. Oldimga xizmatchi kelib meni ko‘tardi, bas, ustun oldiga yetgunimcha ko‘tarildim. Ikki qo‘lim bilan halqani ushladim. Tong otguncha unga osilgan holimda qoldim. Tong otgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga borib u kishiga ko‘rgan tushimni aytib berdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sen chap tomoningni ko‘rgan yo‘ling do‘zax ahlidan bo‘lgan chap tomon egalarining yo‘lidir. O‘ng tomoningda ko‘rgan yo‘ling jannat ahlidan bo‘lgan o‘ng tomon egalarining yo‘lidir. Yashilligi va porloqligi bilan seni zavqlantirgan bog‘ islomdir. Ustun – din, halqa – mustahkam dastakdir, to vafot etgunimga qadar uni mahkam ushlashda bardavom bo‘lasan”, dedilar. Ana shu dastakni, islom ahkomlarini mahkam tutib yashash umrimning mazmunidir, – dedi.

Boqijon Rahimov | muslim.uz

 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.