background
logotype
image1 image2 image3

Abdulloh ibn Huzofa as-Sahmiy

Payg‘ambarimizning (alayhissalom) mashhur sahobalaridan Abdulloh ibn Huzofa as-Sahmiy (roziyallohu anhu) zimmasiga Fors diyorining kisrosi (podshohi) Xusrav va Rum mamlakatining qaysari Hiraql bilan uchrashish va bularning birinchisiga Islom davlati rahbarining nomasini topshirishday ulug‘ va mas’uliyatli vazifa tushdi. Abdulloh ibn Huzofa bu topshiriqni chiroyli va o‘rinlatib bajara oldi. Abdullohning forslar shohi bilan uchrashuvi hijriy ikkinchi yili, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ajam yurtlari rahbarlariga Islomga kirish taklifi bilan maktub yozib, ba’zi ashoblarini ularga elchi qilib jo‘natgan yili ro‘y berdi.
Payg‘ambar alayhissalom bu ishning nihoyatda xatarli ekanini yaxshi bilardilar. Chunki elchilar oldida olislardagi mutlaqo notanish o‘lkalarga safar qilish vazifasi turardi. Bu yurtlar bilan hech qanday aloqalar o‘rnatilmagandi. Maktubni olib boruvchilar na yerli aholi tilini va urf-odatlarini, na podshohlarining fe’l-atvoriyu tabiatlarini bilishardi. Buning ustiga sahobalar o‘sha nomdor podshohlarni ota-bobolari topingan dinni tark etishga, obro‘-shuhratlariyu dabdabalardan voz kechib, kechagina qo‘l ostlarida bo‘lgan xalq dinini qabul qilishga chorlashlari lozim edi.
Bu safar haqiqatan xatarli, ayni paytda o‘ta muhim edi. Elchilik vazifasiga tayinlangan kishi jonini garovga qo‘ygan bilan barobar edi, hatto bu safardan eson-omon qaytib kelishning o‘zi katta baxt sanalardi. Shuning uchun Rasululloh solllallohu alayhi va sallam ashoblarini to‘pladilar. Ular yig‘ilgach, Allohga hamdu sano, so‘ng shahodat kalimasini aytib bunday dedilar:
– Sizlardan ba’zilaringizni ajam yurtlari podshohlari oldiga elchi qilib yubormoqchiman. Bani Isroil qavmi Iso ibn Maryamga itoatsizlik qilganiday sizlar ham menga nofarmon bo‘lmanglar.
– Har bir amringizga so‘zsiz itoatda bo‘lamiz, – deyishdi sahobalar, – xohlagan joyingizga jo‘natavering, bizlar tayyormiz!
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) maktublarni eltish uchun sahobalardan olti kishini tanlab oldilar. Ular orasida Abdulloh ibn Huzofa as-Sahmiy (roziyallohu anhu) ham bor edi. Payg‘ambar alayhissalom maktublarini Fors kisrosiga eltish uning chekiga tushdi.

* * *

Abdulloh ibn Huzofa safar anjomlarini tayyorladi, xotini va o‘g‘li bilan xayrlashdi. So‘ng hayotidagi eng sharafli vazifani bajarish maqsadida qir-adirlar osha olis yo‘lga chiqdi. Hamrohi yo‘q edi, yolg‘iz Allohning O‘zi unga yo‘ldosh edi. Abdulloh Fors diyoriga yetib kelib, to‘g‘ri podshoh saroyiga bordi. A’yonlardan hukmdor huzuriga kirishga izn so‘radi. Kisro qasr ayvonini bezashga buyurdi, doim elchilarni qabul qilishda ishtirok etadigan aslzodalarni to‘pladi. Shundan keyingina Abdullohning kirishiga ruxsat berdi.
Abdulloh hukmdor qabuliga sahroyi arablarga xos holatda kirib keldi: egnida oriq tanasiga yopishib turgan yupqa ko‘ylak, ustidan qo‘polgina to‘qilgan to‘n kiyib olgan  edi. Biroq qaddi tik, ko‘zlari aqlli boqar, qalbi imon bilan to‘la edi. Uning bu holatidan Kisro jirkangandek bo‘ldi. Elchini o‘ziga yaqinlashtirmaslik uchun mulozimlariga "uning qo‘lidan maktubni olinglar" ishorasini qildi.
Ammo Abdulloh maktubni bermadi, uni bag‘riga bosib:
– Yo‘q, Rasuli akram xatni faqat podshoh qo‘liga topshirishni buyurganlar, men Nabiy ko‘rsatmalaridan chetga chiqmayman, – dedi.
– Uni o‘z holiga qo‘yinglar, mayli kelaqolsin, – dedi Kisro mulozimlariga.
Abdulloh maktubni hukmdor yonida turgan tarjimonga uzatdi. U yozuvni o‘qiy boshladi:
"Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan. Allohning elchisi Muhammadddan Fors podshohi Kisroga. Hidoyat yo‘liga ergashganlarga salomlar bo‘lsin!..."
Maktubning ilk jumlasini eshitiboq Kisroning g‘azabi qaynab ketdi. Yuzlari qizardi, bo‘yin tomirlari bo‘rtdi. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) xatni o‘z nomlari bilan boshlaganlari Kisro jahlini chiqargan edi. U tarjimon qo‘lidan maktubni tortib oldi hamda parcha-parcha qilib yirtib tashladi va:
– Menga tobe’ bo‘laturib bunday andishasiz so‘zlarni bitishga qanday haddi sig‘di uning? – deya baqirdi. So‘ngra Abdullohni qabulxonadan quvib chiqarishga farmon berdi.

* * *

Abdulloh ibn Huzofa (roziyallohu anhu) saroydan chiqib ketar ekan, Alloh unga qanday yoziqlar bitganidan bexabar edi… "O‘ldirisharmikin yo to‘rt tomoning qibla, deb qo‘yib yuborisharmikin?" deb o‘ylardi. Ora-sira: "Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) topshiriqlarini bajardim, asosiy ish bitdi, endi boshimga nima kun solishsa ham parvo qilmayman", deb o‘ziga o‘zi tasalli berar edi.
O‘ylay-o‘ylay elchi yo‘lga chiqishga qaror qildi. Kisro g‘azabi pasaygach Abdullohni huzuriga olib kirishlarini so‘radi. Ammo u g‘oyib bo‘lgan edi. Chor atrofni axtarib, hamma narsaning tit-pitini chiqarib tashlashdi, ammo uning izini ham topa olishmadi.
Bu paytda Abdulloh Kisro saroyidan juda olislab ketgan, arab sahrosiga eltuvchi yo‘lga tushib olgan edi. U Madinaga qaytib kelib, Kisro bilan qanday uchrashgani, uning maktubni yirtib tashlagani haqida gapirib berganida Rasululloh solllallohu alayhi va sallam: "Alloh uning saltanatini parchalasin", dedilar.

* * *

Abdulloh ibn Huzofa Rum qaysari bilan Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) rahbarlik qilgan davrda uchrashdi. Hijriy o‘n to‘qqizinchi yili Umar ibn Xattob Rumga qarshi qo‘shin yubordi. Uning safida Abdulloh ham bor edi. Rum qaysari musulmon lashkarining jasurligi va shavkati, askarlarning imoni va aqidasi kuchli ekani haqida ko‘p eshitgandi. Bu gaplarning nechog‘li chin-yolg‘on ekanini tekshirish uchun u jangchilariga musulmonlardan asir tushsa o‘ldirmay tiriklay keltiringlar, deb buyurgan edi. Ittifoqo, Abdulloh Rum askarlariga asir tushib qoladi. Uni podshoh huzuriga keltirishadi. Shunda tarix kitoblarida ko‘p marta zikr etilgan ajoyib bir voqea sodir bo‘ladi.
Rum qaysari Abdullohga uzoq tikilib turgach:
– Agar nasroniy diniga kirsang, seni ozod qilib, ko‘p izzat-ikromlar ko‘rsataman, – dedi.
Abdulloh bunga ko‘nmadi. Hukmdor uni sinashda davom etdi:
– Agar taklifimga ko‘nsang, saltanatimning yarmini beraman.
Abdulloh bunga ham rozi bo‘lmadi.
– Unda seni o‘ldiraman, – deb qo‘rqitdi podshoh.
– Xohishing, – dedi Abdulloh.
Bu bilan ham mag‘rur asirni yenga olmagan Rum qaysari endi boshqacha yo‘l tutadi:
– Agar peshonamdan bitta o‘pib qo‘ysang, seni ozod qilib yuboraman.
Shunda Abdulloh:
– Boshqa musulmon asirlarni ham ozod qilasanmi? – deb so‘radi.
– Ha, – dedi Rum qaysari.
Abdulloh qaysarga yaqinlashib, uning peshonasidan o‘pdi. Rum podshohi so‘zi ustidan chiqib, barcha musulmon asirlarini tutqunlikdan bo‘shatdi.

* * *

Abdulloh ibn Huzofa (roziyallohu anhu) bo‘lib o‘tgan voqeani Hazrati Umarga so‘zlab berganida, u zot nihoyatda quvondi. Ozod qilingan asirlarni ko‘rganida esa:
– Abdulloh ibn Huzofaning peshonasidan o‘pib qo‘yish har bir musulmon zimmasidagi vazifadir. Buni o‘zim birinchi bo‘lib bajaraman, – dedi va o‘rnidan turib Abdullohning peshonasidan asta o‘pib qo‘ydi.

Ahmad Muhammad tarjimasi


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.